ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
159
RAQAMLI AXBOROT MANZILIDA YOSHLARNI AXBOROT XURUJIGA
NISBATAN PSIXOLOGIK TAYYORLASH
Ismoilova Nurjaxon Zuxuriddinovna
Alfraganus universiteti “Pedagogika va psixologiya”
kafedrasi dotsenti, ps. f.d. (DSc)
https://doi.org/10.5281/zenodo.15273041
Bugungi kunda butun dunyoda falsafiy siyosiy madaniyat va mafkuraga oid olib
borilayotgan tadqiqotlarning aksariyati raqamli axborot va media sohasini o‘rganishga
yo‘naltirilgan bo‘lsa, ular orasida dolzarb masalalar qatoridan o‘rin olgan va keng
jamoatchilikning diqqat e’tiboridagi muammolardan biri – bu yoshlarning raqamli axborot
manzillarida joylashtirilayotgan axborotlarni qabul qilishga va ulardan psixologik o‘z o‘zini
himoya qilishga qay darajada tayyor ekanligini o‘rganishdan iboratdir.
Ma’lumki, jamiyatimizda aholining axborotga bo‘lgan talab va ehtiyoji ortib bormoqda.
Zamon bilan hamnafas qadam tashlashga intilayotgan yoshlarimiz esa bugunning eng arzon
mahsulotiga aylanib borayotgan axborotga aholining boshqa qatlamlariga nisbatan ko‘proq
talabgor ekanligi bilan ajralib turadilar. Yoshlar orasida raqamli texnologiyalar va internet
tarmog‘idan foydalanuvchilar soni tobora ortib borayotganligi tabiiy holga aylanib qoldi.
Bunday hol jamiyat rivojlanishining belgisi sifatida bir jihatdan kishini quvontiradi, ikkinchi
tomondan esa ma’lum ma’noda shaxs psixologik himoyasi bilan bog‘liq masalaning bir bo‘lagi
sifatida diqqatni jalb etish lozim bo‘lgan muammoga sifatida tashvishlantiradi. Xalqimiz
orasida azaldan “Yaxshiga ergashsang – yetarsan murodga, yomonga ergashsang – qolarsan
uyatga”, degan xalq maqoli bor.
Darhaqiqat, bugungi kunda ochiq axborot tizimlari – matbuot, radio, OAV, internet
tarmoqlari, norasmiy muloqotlar orqali uzatilayotgan ma’lumotlarning barchasi ham shaxs va
jamiyat uchun foydali deb bo‘lmaydi. Ular orasida shaxs hayoti va tumushi hamda jamiyat
tinchligiga xavf soluvchi ma’lumotlarning ham bo‘lishi mumkinligini bugun jamiyatdagi keng
ilmiy jamoatchilik juda yaxshi fahmlamoqda.
Axborot oqimi bugungi kunda eng arzon va foydalanish imkoniyati ko‘p bo‘lgan,
shuningdek iste’molchisi ham tobora ortib borayotgan tovarga aylanib bormoqda. Ma’lumki,
yoshlar hamisha yangilikka intiladi va bu ehtiyojni axborotlar orqali qondirib boradi - bu
nuqtai nazaridan qaralsa axborotlarning ko‘payishi va tarqatilishi foydali jarayondir.
Lekin uning ayrim salbiy tomonlari ham mavjudki, bu hol axborotlardan himoyalanish
muammosini keltirib chiqarmoqda. Axborotlarning salbiy jihatlari nimadan iboratligini keng
jamoatchilik hukmiga quyidagi tarzda havola etishni lozim topdik:
Mamlakatimiz yoshlarining aksariyat qismi internetdan foydalanish imkonini beruvchi
turli xil texnikalar, jumladan kompyuter, telefon, planshet kabilardan kundalik hayotda tobora
ko‘p foydalanmoqda. Bu texnikalardan ular o‘zlarining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish
maqsadida foydalanishyapti, ya’ni o‘zlari uchun zarur ma’lumotlarni izlayaptilar,
o‘zlashtirayaptilar hamda bu ma’lumotlardan jamiyat uchun foydali maqsadlarda
foydalanyaptilar - bu quvonarli hol. Lekin shuni alohida qayd etish lozimki, bugungi kunda
buning aksi o‘laroq, mavjud axborotlarni saralab olishni bilmaydigan, ilmiy atama bilan
ifodalaganda, axborot psixologik immuniteti yetarli bo‘lmagan yoshlar (hatto katta
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
160
yoshdagilar) ham yetarlicha topiladi. Hali hayotiy tajribasi kam bo‘lgan yoshlarimizning
barchasi ham chetdan kirib kelayotgan ma’lumotlarning qay biri foydaliyu, qay biri xavfli
ekanligini tahlil qila oladi, deb ayta olmaymiz.
Turli manbalar orqali tarqatilayotgan axborotlar orasida nafaqat yoshlar uchun
keraksiz, balki jamiyatimiz va uning har bir a’zosi uchun xavfli axborotlarning kirib
kelayotganligi, ularning ba’zi yoshlar (hatto kattalar) tomonidan ham o‘zlashtirilayotganligi,
shunday axborotlar oqimi ta’sirida jamiyat uchun yot g‘oyalar yoki zararli bo‘lgan turli xil
oqimlarga a’zo bo‘lib kirish, jamiyatning ichki strukturasiga qarshi chiqish, o‘zining va oila
a’zolarining hayotiga havf solish kabi holatlarning kuzatilayotganligi kishini tashvishga soladi.
Bunday hol har qanday davlat va jamiyat uchun, qolaversa, shu jamiyatda yashayotgan
aholining ma’naviyati uchun xavf soladi va muammolar tug‘dirishi hech kimga sir emas.
Shuni hisobga olgan holda, aytish mumkinki, keyingi yillarda shaxs, jamiyat va davlatga
tahdidlar orasida eng qo‘rqinchlisi axborot tahdidi bo‘lib qoldi. Bu tahdid shunday universal
xarakterga egaki, u barcha sohalarga jiddiy salbiy ta’sir qila oladi. Jumladan: shaxs
dunyoqarashiga, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, jamiyatning barqarorligiga, davlatning
tinchligiga va oxir oqibat har bir mamlakatning ma’naviy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy
yuksalishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsata oladigan xavfdir.
Salbiy axborotlarning yana bir xavfli jihati shundaki, ularning davlatga, jamiyatga,
qolaversa shaxs ongiga kirib kelishi unchalik ko‘zga tashlanmaydigan jarayon sifatida amalga
oshadi. Shuning uchun hech qaysi davlat, jamiyat va shaxs o‘zi uchun zararli bo‘lgan axborotni
darhol farqlay olmaydi va undan o‘zini himoyalay ham olmaydi. Demak, bugungi kunda har
bir jamiyat o‘zini ochiq axborot tizimlari orqali uyushtirilayotgan axborot xurujidan
himoyalash chora tadbirlarini ishlab chiqishga majburdir.
Yuqorida bugungi kunda axborotga talabgor eng asosiy qatlam yoshlar ekanligi
ta’kidlandi, ayniqsa talaba yoshlar dunyo axborot bozoridagi axborotlarni o‘zlashtirish uchun
keng imkoniyatlarga egaligi bilan ajralib turadi. Shu ma’noda talaba yoshlarda axborot
iste’moli madaniyati hamda axborot psixologik immunitetni shakllantirish bugungi kunda
ta’lim muassasalarining oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri bo‘lmog‘i lozim va bu borada
quyidagilarni alohida qayd etish lozim.
Talabalarda ochiq axborot tizimlarida aylanuvchi axborotlarni baholash uchun zarur
bo‘lgan axborot psixologik immunitetni hosil qilish maqsadida fanlar kesimida imkon
darajasida ma’lumotlarni tahlil qilish ko‘nikmasini hosil qilish uchun mustaqil ta’lim
soatlarida bahs munozalari tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Talabalarda olinayotgan axborotlarga nisbatan oqilona yondoshib, ongli ravishda
munosabat bildira olish madaniyatini tarbiyalash maqsadida ular bilan bu borada turli xil
ma’naviy va madaniy tadbirlarni o‘tkazish yaxshi natija beradi.
Talabalarni u yoki bu axborotdan qanday maqsad ko‘zlangani va u kimning manfaatiga
xizmat qilishini aniq tahlil qilishga hamda belgilashga o‘rgatish maqsadida turli xil trening
mashg‘ulotlari o‘tkazilsa samaradorlik ortishi mumkin.
Aytish mumkinki, bunday ta’limning samarasi natijasi o‘laroq talabalarning aksariyati
hozirgi kunda yoshlar ongiga qanday axborotlar xavf solayotganligi, bu axborotlarni
tarqatuvchilarning maqsadi, axborot xurujining shaxs, jamiyat va davlatga ta’siri, axborotlarni
tahlil qila olish uchun nimalarga e’tibor berish lozimligi va axborot xurujidan himoyalanish
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
161
yo‘llari haqida tasavvurga ega bo‘ldilar va shu asosda ularda axborot psixologik immunitet
shakllandi, rivojlandi, deyish mumkin. Ijobiy va salbiy axborotlarni farqlash, foydali axborotni
o‘zlashtirish va zararlisini rad etish uchun har bir shaxs ongi rivojlangan, o‘zi esa mustahkam
irodali bo‘lishi talab etiladi. Buning uchun ta’lim jarayonida yoshlarimizni aynan shu
yo‘nalishda tarbiyalashga e’tibor qaratishimiz darkor.
Ma’lumki, mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lgan ma’lumotli kishilargina turli xil
talqindagi tazyiqlarga turib bera oladilar. Shuningdek, mana shunday kishilargina jamiyat
himoyasi uchun tegishli ijobiy muhit yarata oladilar va milliy g‘oyalarning darg‘alari
hisoblanadilar. Demak, talabalarni ana shunday shaxs etib tarbiyalash uchun ham ta’lim tizimi
nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Axboroiy kurashga qarshilik ko‘rsatishning bosh omili va mustaxkam fundamenti –
Yangi O‘zbekistonning milliy g‘oyasini yoshlar ongiga chuqur singdirish ekanligini anglagan
holda yoshlar bilan ishlaydigan har bir mutaxassis quyidagilarni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yishi
lozim:
Yoshlarda O‘zbekiston tez orada rivojlangan davlatlarning eng oldi qatorida turishiga
mustahkam ishonch hosil qilish;
Yoshlarga O‘zbekiston - O‘ziga Beklar makoni ekanligi, shu mamlakat fuqarosi sifatida
har bir yosh boshqalarning madaniyatiga, boshqalarning boyligiga qul bo‘lmasdan, o‘z
madaniyati va boyligiga BEK bo‘lib yashashga intilishi lozimligini tushuntirish;
Yoshlarga O‘zbekistonni ota-onasi va yaqinlarini sevgani kabi sevishi hamda uni asrashi
kerakligini anglatish!
Shularni amalga oshirish orqali jamiyat va davlatga bo‘ladigan axborot xurujiga nisbatan
o‘zi ham hissa qo‘shayotganligini anglagan holda faxr tuyg‘usini his etish. Shundagina
O‘zbekistoning gullab-yashnashiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
U. Qodirov. Yoshlar va axboriy-psixologik xavfsizlik. // Zamonaviy ta’lim jurnali. 2014,
4-son, 45-50 b.
2.
N.Ismoilova. Yoshlar ongini axborot xurujidan psixologik himoyalash. // “Uyushmagan
yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish: muammo va istiqbollar”// Resp ilmiy-
amaliy konf.- 2018, 124 -126 b.