SYNAPSES:
Insights
Across the Disciplines
Volume 1, Issue 4
22
Synapses:
Insights Across the Disciplines
MA’RIFATPARVAR ADIB
Urganch Innovatsion universiteti «O’zbek va xorijiy filologiya fakulteti”
o’qituvchisi
Bekchanova Nazokat Ibadullayevna
Annotatsiya:
Maqolada Abdurauf Fitrat faoliyatining oʻzbek adabiyotida tutgan
oʻrni, ilmiy-nazariy qarashlari, badiiy publitsistik faoliyatidagi oʻziga xoslik oʻrganilib,
oʻzbek va jahon adabiyotshunos olimlarining adib haqidagi xulosalari keltirildi.
Yozuvchining ijtimoiy-siyosiy jarayondagi qarashlari talqini tahlilga tortildi.
Kalit soʻzlar:
adabiy meros, adabiyot qoidalari, “She’r va shoirliq”, nazariy
tahlil, adabiy va badiiy meros, “Mijmar”, maorif, taxallus.
Oʻzbek adabiyoti tarixida Abdurauf Fitrat buyuk yozuvchi, shoir, publitsist,
dramaturg, jamoat arbobi sifatida e’tirof etiladi. Fitrat soʻzi dastavval “Navoiy
lugʻati”da “tugʻma iste’dod, yaratilish” degan ma’noni anglatishi qayd etiladi.
Tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida olib borgan faoliyati adabiy
merosimizning gultoji sifatida qadrlanadi. XX asr boshlarida Markaziy Osiyo
ziyolilarining ta’sir doirasi kuchli boʻlgan vakillaridan biri hisoblangan Abdurauf Fitrat
faoliyatini “Mijmar” taxallusida she’rlar yozish bilan boshlarkan, ilk toʻplamini
“Sayha” nomi ostida Istanbulda chop ettiradi.
Adabiyotshunos olim Begali Qosimov Fitrat faoliyati, ijod olamiga kirib kelishi
haqidagi dastlabki ma’lumotlarni Ne’matulla Muhtaram tazkiralaridan bilishimiz
mumkinligini keltirib oʻtadi. Ijodkor yaratgan boy adabiy merosni “Tanlangan
asarlar”da toʻplaydi va bu toʻplamga Fitrat qalamiga mansub darslik va oʻquv
qoʻllanmalar, ilmiy maqola va tadqiqotlarini kiritib oʻtadi. Adabiyotshunos olim
qalamiga mansub “Oʻzbek adabiyoti va adabiy aloqalari tarixi” nomli oʻquv
qoʻllanmasida Turkistonda jadidchilik yoʻnalishining keng quloch yoyishi, “usuli
jadid” maktablarining faoliyati, Fitratning Turkiyadagi tahsil va ijod jarayoni,
zamondoshlari va yozuvchilarning u haqidagi fikrlari hamda ijtimoiy-siyosiy sohadagi
tashabbuskorligi qayd etiladi.
“Tanlangan asarlar” kitobidan adibning adabiyotshunoslikka doir “She’r va
shoirliq”, “Adabiyot qoidalari”, “Oʻquv”, “Eng eski turk adabiyoti namunalari” nomli
tadqiqot ishlari joy olgan boʻlsa, tilshunoslikka doir “Tilimizning abadiyligi”,
“Muqaddimat ul adab”, “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrusida bir tajriba”(“Sarf” va
SYNAPSES:
Insights
Across the Disciplines
Volume 1, Issue 4
23
Synapses:
Insights Across the Disciplines
“Nahv”) hamda ijtimoiy masalalarga doir “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” nomli
asarlari keltirilgan. Shuningdek, manbada Fitrat qalamiga mansub ilmiy-nazariy
xulosalar, ijtimoiy falsafiy qarashlar jamlangan.
Asarning “She’r va shoirliq” qismida “She’rda kishilarning qonini qaynatgʻuchi,
singirlarini oʻynatgʻuchi, miyasini titratkuchi, sezgusini qoʻzgʻatgʻuchi bir kuch,
ma’naviy bir kuch bor. Shunday bir kuchi boʻlmagʻan soʻz vazn va qofiyasi boʻlsun
she’r boʻla olmaydir”
1
fikrlari keltirilganki, bu ijodkorning adabiyotshunoslikka oid
nazariy qarashlari hamda shoirlik ilmi bilan bogʻliq xulosalarini ham bayon etadi.
Bundan tashqari, “Adabiyot qoidalari” qoʻllanmasidan san’at va adabiyotga berilgan
muxtasar ta’rif, badiiy asar mavzu va mundarijasi, ifoda uslubi, sochim va tizim,
barmoq va aruz vazni, aruzda rukn va bahrlar, qofiya haqida soʻz yuritarkan, adabiyot
nazariyasining ilk tadqiqotlari xususida ma’lumotga ega boʻlishimiz mumkin. Gʻazal,
qasida, qit’a, masnaviy, ruboiy, mustazod, musammat, tarji’band va tarkibband haqida
ilmiy xulosalarni keltirarkan, she’r ilmida badiiy san’atlarning qoʻllanilishi, ifoda
uslubiga koʻra adabiyot turlari, xalq ogʻzaki ijodi janr xususiyatlariga alohida toʻxtalib
oʻtadi. Klassizm, ratsionalizm, sentimentalizm, romantizm, realizm, simvolizm,
modernizm, naturalizm, futurizm kabi adabiy oqimlarning milliy adabiyotimizda aks
etishi xususida qimmatli ma’lumotlarni qayd etadi.
Futratning Istanbuldagi faoliyatida “Munozara” asarini forsiy tilda chop ettirish
bilan shuhrat qozonarkan, Hoji Muin tarjimasida “Turkiston viloyatining gazeti”da
bosilib chiqadi va unga Mahmudxoʻja Behbudiy soʻzboshi yozadi. Asar haqida
B.Qosimov shunday yozadi: “Yoʻl ocherkini eslatuvchi bu asarda Buxoroning maishiy
siyosiy turmush manzaralari dunyo koʻrgan bir kishining nigohi orqali tasvir etiladi.
Muallif yeri, suvi, havosi betimsol, xalqi gʻoyat mehnatkash, hunarmand bir xalqning
ogʻir turmushidan soʻz ochadi, uning sabablarini tahlil etadi”
2
. Adib ijodidagi eng sara
asarlar yaratilish tarixi, adabiyot va ijod boʻstonidagi oʻziga xos oʻrni haqida ma’lumot
berib oʻtadi. Shuningdek, Fitrat qamoqqa olingan yillardagi adibga qilingan
nohaqliklar, sud-tergov faoliyatidagi yozuvchiga qilingan tuhmatlar, biroz keyin e’lon
qilingan oqlov hukmi toʻgʻrisida ma’lumotlar keltirilgan.
1
Abdurauf Fitrat “Tanlangan asarlar”. T.: Ma’naviyat. 2009. 6-bet
2
B.Qosimov. “Oʻzbek adabiyoti va adabiy aloqalari tarixi”. T.: Fan va texnologiya nashriyoti. 2008. 259-bet.
SYNAPSES:
Insights
Across the Disciplines
Volume 1, Issue 4
24
Synapses:
Insights Across the Disciplines
Adib faoliyati haqida soʻz ketganda adibning xorijdagi tadqiqotchilaridan biri
Tokio davlat universiteti Turkshunoslik markazining rahbari professor Xisao
Koʻmatsuning “Fitratning “Munozara”si xususida qaydlar” tadqiqoti yapon va turk
tillarida chop qilinib turkshunos olimlar e’tiborini tortadi. Olimning Niderlandiyada
e’lon qilingan “Uch jadidchi va oʻzgargan dunyo” maqolasida Fitratning siyosiy
portretini yaratish bilan birga Turkistonda jadidchilik harakatining ilmiy-adabiy
harakat sifatida vujudga kelganini qayd qilib oʻtadi. Adabiyotshunos olim
H.Boltaboyev “Fitrat va jadidchilik” nomli kitobida tadqiqotchi X.Koʻmatsoning
tinimsiz izlanishlari natijasida oʻzbek olimlariga ma’lum boʻlmagan asarlari “Johilona
taassubga misol” hamda “Buxoro vaziri Nasrulloh bey Parvonachi Afandi hazratlarina
ochiq maktub” kabi asarlari topilishiga koʻmak berganini qayd qilib oʻtadi.
Xulosa oʻrnida shuni qayd etish mumkinki, Abdurauf Fitrat faoliyatining oʻzbek
tilshunosligi va adabiyotshunosligida yaratgan badiiy va ilmiy merosi, maorif va
publitsistika sohasidagi yutuqlari asrlar osha xalqimiz ongida abadiyga muhrlanib,
ijodining serqirraligi, oʻziga xosligi yanada keng tahlilga tortiladi. Fitrat shaxsi va chin
insoniy qarashlari yana ming yillar davomida yosh avlodni Vatanga sodiq ruhda
tarbiyalashga munosib hissasini qoʻshadi. Zero, ajdodlar xotirasi – mangu barhayot
tuygʻulardan biridir.
Adabiyotlar roʻyxati:
1.
Abdurauf Fitrat “Tanlangan asarlar”. T.: Ma’naviyat. 2009.
2.
B.Qosimov. “Oʻzbek adabiyoti va adabiy aloqalari tarixi”. T.: Fan va
texnologiya nashriyoti. 2008.
3.
H.Boltaboyev “Fitrat va jadidchilik”. T.: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston
Milliy kutubxonasi. 2007
4.
H.Boltaboyev. “Abdurauf Fitrat”. T.: Yoshlar nashriyot uyi. 2022
