Жамият ва инновациялар –
Общество и инновации –
Society and innovations
Journal home page:
https://inscience.uz/index.php/socinov/index
Relations of the Yettishahar state with the Russian Empire
Sardorbek SOBIROV
1
Andijan State University
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received April 2025
Received in revised form
15 May 2025
Accepted 25 May 2025
Available online
15 June 2025
This article analyzes the political and diplomatic relations
between the Yettishahar State and the Russian Empire during
the 1850s–1880s. The study focuses on the formation of the
Yettishar State under the leadership of Yaqubbek and its efforts
to establish ties with Russia, with particular attention given to
the Kaulbars mission (1872), the diplomatic delegation of Mulla
Turob Hoja (1873), and the reconnaissance journey of
Kuropatkin (1876). The article explores the fate of these
relations within the context of Russia’s cautious foreign policy,
its geopolitical rivalry with Great Britain, and the Qing Empire’s
military intervention. The analysis draws on the works of
Russian, British, and Uzbek historians. Additionally, based on
historical sources and scholarly literature related to trade
exchanges and diplomatic privileges, the study examines the
impact of these interactions on political stability and economic
development in the region of Eastern Turkestan.
2181-1415/© 2025 in Science LLC.
DOI:
https://doi.org/10.47689/2181-1415-vol6-iss5/S-pp476-481
This is an open access article under the Attribution 4.0 International
(CC BY 4.0) license (https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru)
Keywords:
Yettishar State,
Russian Empire,
Yoqubbek,
Kaulbars Mission,
Mulla Turob Hoja Embassy,
Eastern Turkestan,
Qing Empire,
Kuropatkin Expedition.
Yettishahar davlatining Rossiya imperiyasi bilan aloqalari
ANNOTATSIYA
Kalit so‘zlar:
Yettishahar davlati,
Rossiya imperiyasi,
Yoqubbek,
Kaulbars missiyasi,
Mulla Turob Ho‘ja elchiligi,
Sharqiy Turkiston,
Sin imperiyasi,
Kuropatkin safari.
Ushbu maqolada XIX asrning 50–80-yillarida Yettishahar
davlati bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik
munosabatlar tahlil qilinadi. Tadqiqotda Yoqubbek boshchiligida
tashkil topgan Yettishahar davlatining shakllanishi, Rossiya bilan
aloqalarni yo‘lga qo‘yishdagi sa’y-harakatlari, Kaulbars missiyasi
(1872), Mulla Turob Ho‘ja elchiligi (1873) va Kuropatkinning
razvedka safariga (1876) alohida e’tibor qaratiladi. Rossiyaning
ehtiyotkorlik siyosati, Britaniya bilan geosiyosiy raqobatdagi
pozitsiyasi hamda Sin imperiyasining harbiy bosqini sharoitida
1
Lecturer, Andijan State University Andijan, Uzbekistan.
Е-mail: sobirov88@adu.uz
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
477
bu aloqalarning taqdiri ochib beriladi. Manba sifatida rus, ingliz,
o‘zbek tarixchilari ishlari tahlil qilinadi. Shuningdek, savdo
almashinuvi va diplomatik imtiyozlar bilan bog‘liq tarixiy
manbalar hamda ilmiy adabiyotlar asosida bu munosabatlarning
Sharqiy Turkiston mintaqasidagi siyosiy barqarorlik va iqtisodiy
taraqqiyotga ko‘rsatgan ta’siri tahlil qilingan.
Отношения государства Йэттишар с Российской
империей
АННОТАЦИЯ
Ключевые слова:
государство Йэттишар,
Российская империя,
Якуб бек,
миссия Каульбарса,
дипломатическая миссия
Муллы Туроб Ходжи,
Восточный Туркестан,
империя Цин,
поездка Куропаткина.
В
статье
анализируются
политические
и
дипломатические
отношения
между
государством
Йэттишар и Российской империей во второй половине XIX
в.
(1850–1880-гг.).
Особое
внимание
уделено
формированию
Йэттишарского
государства
под
руководством Якуб-бека, его попыткам наладить контакты
с Россией, а также ключевым событиям: миссии А. В.
Каульбарса (1872 г.), дипломатической поездке Муллы
Туроб-ходжи (1873 г.) и разведывательной экспедиции А.
Н. Куропаткина (1876 г.). На основе исследования
осторожной
политики
России,
геополитического
соперничества с Великобританией и военной кампании
Цинской империи раскрывается дальнейшая судьба этих
отношений. В качестве источников проанализированы
труды русских, английских и узбекских историков. Кроме
того, на основе торговых документов и дипломатических
привилегий рассмотрено, как данные контакты влияли на
политическую стабильность и экономическое развитие
Восточного Туркестана.
KIRISH
XIX asrning 50–80-yillari Sharqiy Turkiston mintaqasi global imperiyalar
o‘rtasidagi geosiyosiy qarama-qarshiliklar markaziga aylandi. “Katta o‘yin” deb nom
olgan bu tarixiy davrda Rossiya imperiyasi Janubiy Sibir va Markaziy Osiyodagi
hududlarini kengaytirishga harakat qilgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya Hindiston shimolidagi
xavfsizlikni saqlab qolish maqsadida harakat qilardi [2. B. 67]. Ana shu strategik bosimlar
fonida Sharqiy Turkiston hududida mavjud bo‘lgan Sin imperiyasining zaiflashuvi va
ichki notinchliklardan foydalangan holda, 1864-yilda Yoqubbek boshchiligida Yettishahar
davlati tashkil topdi.
Yoqubbek dastlab Qo‘qon xonligi nomidan Qoshg‘arga harbiy hokim sifatida
yuborilgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida u o‘zining mustaqil siyosatini yurita boshladi.
1867-yildan boshlab u o‘zini suveren hukmdor deb e’lon qildi va xalqaro aloqalarni
mustaqil shakllantira boshladi [7. B. 115]. Bu holat Rossiya imperiyasining e’tiborini
tortdi va 1872-yilda podpolkovnik A.V. Kaulbars boshchiligida rasmiy diplomatik missiya
Qoshg‘arga yuborildi. Muzokaralar natijasida rus savdogarlariga boj imtiyozlari va
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
478
xavfsizlik kafolatlari berildi, ammo siyosiy jihatdan Yettishahar mustaqil davlat sifatida
tan olinmadi.
Keyingi yili, ya’ni 1873-yilda Yoqubbek o‘zining elchisi Mulla Turob Ho‘jani
Rossiyaga yuborib, siyosiy tan olinishini va harbiy yordam so‘radi. Bu tashabbus
Rossiyaning faqat savdo doirasidagi hamkorlikni afzal ko‘rishi sababli rad etildi, biroq
rus-qoshg‘ar savdo shartnomasi imzolanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Shu orada,
Buyuk Britaniya ham Yettishahar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qildi, lekin Yoqubbek
har ikkala imperiya o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilgan. Rossiya esa bu
vaziyatdan foydalangan holda 1876-yilda general A. N. Kuropatkinni Qoshg‘arga yuborib,
mintaqadagi harbiy-siyosiy holatni chuqur o‘rganishga kirishdi. Uning hisobotlari
Yettishahar armiyasining harbiy jihatdan zaifligini, ichki siyosatning beqarorligini ochib
berdi [6. B. 318-320].
1877-yilda Sin armiyasi Szo Szuntan qo‘mondonligida Yettishaharga bostirib kirib,
Yoqubbek davlatiga barham berdi. Bu bosqindan so‘ng Rossiya harbiy aralashuvsiz,
diplomatik yo‘l bilan Ili vodiysi ustidan o‘z pozitsiyasini mustahkamladi va bu holat
1881-yilgi Sankt-Peterburg shartnomasi bilan rasman mustahkamlandi.
MATERIAL VA TAHLIL USULLARI
Ushbu maqolada qo‘yilgan ilmiy muammo “Kasgaria: A Narrative of the Journey to
the Eastern Turkestan”, “Holy War in China: The Muslim Rebellion and State in Chinese
Central Asia, 1864–1877”, “Присоединение Средней Азии к России (60-90 годы XIX
в.)”, “The Great Game: On Secret Service in High Asia”, “Eurasian Crossroads: A History of
Xinjiang” kabi nufuzli manbalar va ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilindi.
Tadqiqot jarayonida tarixiy-xronologik yondashuv, qiyosiy tahlil, obyektivlik
tamoyili, hamda analiz va sintez kabi tarixiy tadqiqot usullaridan foydalanildi. Bu
uslublar yordamida Yettishahar davlatining Rossiya imperiyasi bilan aloqalari
kontekstida har bir voqea bosqichma-bosqich o‘rganilib, ularning o‘zaro bog‘liqligi
aniqlab borildi.
NATIJALAR VA ULARNING MUHOKAMASI
Sharqiy Turkistonda 1860-yillarning o‘rtalariga kelib Sin imperiyasi nazorati
zaiflashgan, ayniqsa musulmon aholining siyosiy va ijtimoiy norozi kayfiyatlari
kuchaygan edi. Ushbu holat mintaqaning turli shaharlarida boshlangan mahalliy
qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘ldi. Bu vaziyat Qo‘qon xonligiga Sharqiy Turkistonda o‘z ta’sirini
kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratdi [8. B. 45]. Qo‘qon xonligi qo‘mondoni
Alimqul 1865-yil bahorida o‘zining harbiy mulozimi Muhammad Yoqubbek Badavlatni 2–
3 ming kishilik qo‘shin bilan Qashg‘arga yubordi. Bu harakatning rasmiy sababi –
musulmon qo‘zg‘olonchilarga harbiy yordam ko‘rsatish va Sin imperiyasi garnizonlarini
hududdan siqib chiqarish edi [5. B. 120–123]. Yoqubbek 1865-yil may oyida Qashg‘ardagi
artilleriya omborini bosib olib, Sin qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratdi; oradan ko‘p
o‘tmay Yangihisor ham uning qo‘liga o‘tdi [7. B. 116].
Ushbu muvaffaqiyatlar Yoqubbek uchun strategik ustunlik berdi. Qisqa vaqt ichida
Yorkend, Ho‘tan, Oqsu, Kucha va Korla kabi shaharlarda ham hokimiyat uning qo‘liga
o‘tdi. Shu tariqa, “Yettishahar” (Yettishar) nomi aynan shu yetti asosiy shaharga nisbatan
ishlatila boshlandi [9. B. 57-60]. Dastlab Yoqubbek o‘zini Qo‘qon xonligining sodiq vakili
sifatida tanitdi.
1870-yillarga kelib, Yettishahar diplomatik maktublarida Qo‘qon xonligini
“do‘stona hamkor” deb atab kelgan bo‘lsa-da, uning siyosiy-ijtimoiy qarorlari to‘liq
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
479
mustaqil tarzda qabul qilinayotgan edi [4. B. 295]. Aynan shu yillarda Yettishahar
davlatining mintaqadagi boshqa yirik imperiyalar – Rossiya, Buyuk Britaniya va Xitoy
bilan aloqalari mustaqil tashqi siyosat darajasiga ko‘tarildi. Shunday qilib, dastlab Qo‘qon
xonligining harbiy-siyosiy yordamiga tayanib vujudga kelgan Yettishahar davlati, atigi
ikki-uch yil ichida murakkab geosiyosiy raqobat markazida de-fakto suveren siyosiy
aktorga aylandi [7. B. 117–119].
1870-yillarning boshida Rossiya imperiyasi Oʻrta Osiyodagi hududiy
ekspansiyasini Turkiston general-gubernatorligi orqali faol davom ettirar ekan, Sharqiy
Turkiston bilan bevosita aloqa oʻrnatish strategik zaruratga aylandi. Ayniqsa, 1871-yilda
Ili vodiysining vaqtincha bosib olinishi Rossiya va Yettishahar o‘rtasida umumiy chegara
paydo qilgan – bu hol savdo yo‘llari, mintaqaviy xavfsizlik va razvedka nuqtai nazaridan
muhim deb topildi [4. B. 288–292].
Yoqubbek hukumati ham o‘zini suveren siyosiy kuch sifatida ko‘rsatish va tashqi
savdo imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Rossiya bilan rasmiy aloqalar izlay
boshladi. Rossiya esa Qoshg‘ar yo‘lagi orqali Birinchi Chuguchak-Qoramo‘tay-Qoshg‘ar
karvon magistralini ochib, Sin bozorlariga chiqish va Britaniyaning Hindistondan
shimolga yurishini jilovlashni ko‘zlardi. Shu maqsadda 1872-yil avgustida podpolkovnik
Aleksandr Vasilyevich Kaulbars boshchiligidagi 43 kishilik diplomatik-savdo missiyasi
Verniy (Olma-Ota) dan chiqib, Qoshg‘arga yetib keldi. Tashrifdan oldin rus harbiy
ma’muriyati karvonni ot va tuya kolonnalari bilan qurol-aslahadan tortib atlas-shoyi,
temir buyumlar va oltin tangalargacha boʻlgan sovg‘alar bilan ta’minlagan edi – bu
Qoshg‘arda “xalq do‘stligining” ramzi bo‘lishi rejalashtirilgan [3. B. 18-22].
Qoshg‘arda Kaulbars Yoqubbek bilan to‘rt kunlik muzokara o‘tkazdi. Savdo-
harakat xavfsizligi shartnomasiga ko‘ra: Rossiya fuqarolari Yettishahar hududida bojxona
imtiyozlari bilan erkin savdo qilish huquqini oldi; Rus karvonlarini harbiy qo‘riqlash
Yoqubbek hukumatining zimmasiga olindi; Rossiya konsulxonasiga Qoshg‘arda yer
ajratilishi ham “kelgusi bosqich”ga qoldirildi [3. B. 32-37]. Bu kelishuv Yoqubbekning
xalqaro maydondagi maqomini ko‘tarishga yordam berdi, ammo Rossiya uni rasmiy
mustaqil davlat sifatida tan olmadi. Diplomatik ehtiyotkorlikning asosiy sabablari:
Yettishaharni tan olish Sin bilan to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligi; Yoqubbek
davlatining harbiy-ma’muriy zaifligi va siyosiy barqarorligining kafolatlanmaganligi edi
[7. B. 120-123]. Shunga qaramay, Kaulbars missiyasi Rossiyaning Sharqiy Turkistondagi
iqtisodiy va razvedka manfaatlarini diplomatik yo‘l bilan mustahkamlashda ilk
muvaffaqiyatli qadam bo‘lib, Yoqubbekni 1873-yilda Mulla Turob Ho‘ja boshchiligida
qarshi elchilik yuborishga chorladi.
1872-yilgi Kaulbars missiyasi muvaffaqiyatidan keyin Rossiya bilan aloqalar
jonlanayotganini anglagan Yoqubbek mintaqaviy kuchlar o‘rtasida o‘z mavqeini
mustahkamlash maqsadida 1873-yil bahorida Mulla Turob Hoji boshchiligida rasmiy
elchilikni Sankt-Peterburgga jo‘natdi. Delegatsiya Qoshg‘ardan chiqib, Ili vodiysi-Verniy-
Petropavlovsk-Moskva yo‘nalishi bo‘ylab harakatlandi; har bir chegara postida rus
ma’muriyati ularni tantanali marosim va sharaf zalpi bilan kutib oldi [3. B. 18-20].
Sankt-Peterburgda Turob Ho‘ja tashqi ishlar vaziri A.M. Gorchakov va Davlat
kengashi huzurida qabul qilindi; uchrashuvda u Yoqubbek nomidan uch asosiy masala –
1. Yettishaharni rasmiy tan olish, 2. Qoshg‘arda Rossiya konsulligi ochish, 3. Sin xavfiga
qarshi harbiy-texnik yordam ko‘rsatish – bo‘yicha memorandum topshirdi [7. B. 126].
Rossiya hukumati Yettishaharni tan olish va qurol yetkazib berishdan bosh tortdi, biroq
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
480
savdo-boj imtiyozlarini kengaytirishga va Qoshg‘arda vaqtinchalik diplomatik
vakolatxona ochish masalasini “kelgusi bosqichda ko‘rib chiqish”ga rozi bo‘ldi [5. B. 134-
135]. Diplomatik xushmuomalalik ramzi sifatida elchilarga 5 000 rubl qiymatidagi
sovg‘alar topshirildi, bu sovg‘alar Rossiyaning “do‘stona, biroq ehtiyotkor” pozitsiyasini
ifodalar edi [3. B. 40-42]. Muzokaralar yakunida “Rus-Qoshg‘ar savdo nizomi”
tasdiqlandi: rus karvonlari uchun bojxona stavkasi 2 % ga tushirildi, Qoshg‘ar – Orenburg
yo‘nalishida sakkizta bekatga rasmiy rus qo‘riqlash huquqi berildi va Yettishahar
savdogarlariga Tomsk va Troitsk yarmarkalarida erkin savdo ruxsati taqdim etildi. Turob
Hoji 1874-yil yanvarida Qoshg‘arga qaytib, Yoqubbekka Rossiyaning harbiy yordamdan
tiyilishi va siyosiy tan olinmasligini ma’lum qildi. Bu javob Yoqubbekni Britaniya va
Usmonli imperiyasi bilan parallel aloqa izlashga undadi, ammo ularni ham to‘liq qo‘llovga
ko‘ndira olmadi [7. B. 128-129]. Shunday bo‘lsa-da, 1873-yilgi elchilik rus-yettishahar
savdo aloqalarining institutsional poydevorini yaratdi va keyingi yillarda Qoshg‘arda rus
savdo faktoriyasining paydo bo‘lishiga yo‘l ochdi [4. B. 307]. Rossiyaning 1871-yilda Ili
vodiysini egallashi va Toshkentda harbiy-gubernatorlik apparatini mustahkamlashi
Sharqiy Turkistondagi kuchlar muvozanatini buzdi; bu hol ingliz diplomatik doiralarida
“Rossiyaning Qoshg‘ar darvozasi oldida turishi” sifatida baholandi [4. B. 291-293].
Britaniya imperiyasi bungacha 1868-yildayoq R.Shou va G.Geyuord kabi savdogar-
razvedkachilarni Qoshg‘arga yuborgan bo‘lsa, 1873–1875-yillarda maxsus tayyorlangan
pandit razvedkachilar marshrutni takrorlab, Yoqubbek armiyasining soni, qurollanishi va
ruslarning Qoshg‘ardagi ta’sirini kuzatdi [2. B. 410-415]. Rus ma’lumotlariga ko‘ra,
Verniy garnizoniga yetib kelgan ingliz razvedka hisobotlari Qoshg‘arni “Rossiya va
Britaniya o‘rtasida tabiiy bufer” sifatida tavsiflagan.
1870-yillarning o‘rtalarida Rossiya imperiyasi Sharqiy Turkiston bo‘yicha
“kuzatuvchi diplomatiya”dan amaliy chora-tadbirlar rejasiga o‘tish zarur deb topdi.
Generallar Kaufman va Kolpakovskiy tavsiyasi bilan 1876-yil fevralida general-mayor
Aleksey Nikolaevich Kuropatkinga maxfiy razvedka topshirig‘i yuklatildi; u 35 kishilik
ekspeditsiya bilan Ili vodiysi, G‘uljani kesib o‘tib, 15-martda Qoshg‘ar darvozalariga yetib
keldi [4. B. 312-314]. Safar chog‘ida Kuropatkin har bir garnizon, karvon bekati va
bozorni batafsil ro‘yhatga oldi; Qoshg‘arning yillik ipak eksporti 36 ming pudga yetgani,
ammo artilleriya parkida atigi 18 dona bronza zambarak borligini qayd etdi [6. B. 51-55].
Qoshg‘arda u Yoqubbek bilan to‘rt marotaba uchrashdi. Yoqubbek o‘zini “Sharqiy
Turkiston Amiri” deb atar ekan, Rossiya bilan do‘stona savdo va harbiy ittifoq tuzish
istagini bildirdi, ammo Britaniya bilan hech qanday rasmiy aloqa yo‘qligini ta’kidladi.
Kuropatkin yozishicha, Yoqubbek diplomatik uchrashuvlarda dabdabali tantanalar
o‘tkazgan bo‘lsa-da, “zaxira yechib bo‘lgan soliqlar va qattiq intizom bois xalq orasida
yashirin norozi kayfiyat sezilar edi” [6. B. 73-78]. Kuropatkin Qoshg‘ardagi rus
savdogarlari soni 200 kishidan oshganini, biroq ingliz va afg‘on vositachilari ipakka
monopol narx belgilashga urinayotganini ham kuzatdi. Shunga qaramay, u armiyaning
jangovar qobiliyatini past baholadi: piyodalar ko‘pchiligi o‘q-dorisi tugab qolgan flint
qurollar bilan qurollangan, artilleriya zaxirasi esa faqat salyut otish uchun yetarli edi [7.
B. 129-130]. Hisobotida Kuropatkin imperatorga uch asosiy tavsiya berdi: harbiy
neytralitetni saqlash, chunki Yettishaharni qo‘llab-quvvatlash Sin bilan urush xavfini
tug‘dirardi; savdo va razvedkani kuchaytirish – Qoshg‘arda doimiy konsulxona ochish va
karvon yo‘llarini rus qo‘riqlash bo‘linmalari bilan ta’minlash; iqtisodiy bosim – jun va
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
481
paxta narxlarini pasaytirish orqali Yettishaharni Rossiyaga ko‘proq bog‘liq holga keltirish
[6. B. 178-184].
Peterburgdagi Harbiy kengash bu tavsiyalarni qabul qilar ekan, “Ko‘mak emas,
nazorat va yumshoq ta’sir” tamoyiliga asoslandi. Natijada Rossiya Yettishaharni rasmiy
tan olmadi, ammo 1876-yildan keyin Qoshg‘arda kichik savdo-konsullik postini ochdi va
har yili 10-12 karvonlik tovar aylanmasini kafolatlab berdi [4. B. 318-320].
1870-yillarning ikkinchi yarmida Sin imperiyasi Taypin va Dungan
qoʻzgʻolonlaridan soʻng moliyaviy barqarorlikni tiklab, yangi siyosatini boshladi. Uning
asosiy qismi sifatida Szo Szuntan Sharqiy Turkistonda markaziy hokimiyatni tiklash bilan
vazifalandi [5. B. 191-194]. Shu paytda Yoqubbek Rossiyadan qurol-aslaha va siyosiy
maqom, Britaniyadan esa moliyaviy ko‘mak umidida bo‘lib, har ikki imperiya bilan
muvozanatli aloqalarni saqlab qolishga urinardi. Biroq ikki tomon ham qarshi imperiya
bilan ochiq to‘qnashuvdan cho‘chib, uni faqat cheklangan diplomatik va savdo imtiyozlari
bilan qanoatlantirdi [7. B. 125-128]. Szo Szuntanning yurishi (1876–1877) Urumchi,
Turpan va Oqsu yo‘nalishlari bo‘yicha 11 ming harbiy bilan olib borildi; ular zamonaviy
zambarak va miltiqlar bilan qurollangan, budjeti 3 million lyang kumush edi [5. B. 196-
200]. Yoqubbek armiyasi 8–10 ming askardan iborat bo‘lib, texnik jihatdan ancha ojiz edi
[7. B. 129]. Shunday og‘ir bir vaziyatda 1877-yil 17-may kuni Ko‘rla shahridagi yozgi
qarorgohida Yoqubbek sirli ravishda vafot etadi. Uning o‘limidan so‘ng vorislari va
yaqinlari o‘rtasida taxt uchun kurash boshlanib ketadi. 1877-yil oxiriga kelib, Qoshg‘ar
shahri egallandi, 1878-yil boshida esa Yettishahar davlati barcha shaharlari manjurlar
tamonidan to‘la ishg‘ol qilindi. Rossiya esa bu voqealarga ehtiyotkor yondashdi: harbiy
aralashuvdan tiyilib, Ili vodiysini strategik tayanch sifatida saqladi. Natijada Rossiya
1870-yillarda boshlagan “savdo-diplomatik ekspansiya” modelidan voz kechib, Ili
vodiysini bufer zona sifatida mustahkamladi. Yettishahar esa Sin viloyatiga aylantirildi va
rus-ingliz raqobatidagi markaziy nuqtadek mavqeini yo‘qotdi [7. B. 133–135].
Kaulbars missiyasi (1872) savdo va karvon xavfsizligini belgilab berdi, biroq
Rossiya Sin bilan to‘qnashmaslik uchun Yettishaharni tan olmadi [4. B. 302]. Mulla Turob
Ho‘ja elchiligi (1873) siyosiy e’tirof va harbiy yordam so‘ragan bo‘lsa-da, rus-qoshg‘ar
savdo nizomidan nariga o‘tmadi; Yoqubbek Britaniya va Usmoniylarga murojaat
qilganida ham real qo‘llov topa olmadi [7. B. 126-128].
Rus-ingliz raqobati “ko‘rinmas front” tarzida davom etdi: Rossiya bozor va
razvedkani kengaytirar, Britaniya panditlari orqali Yoqubbekni rus orbitasidan
chiqarishga urinar edi [2. B. 410-415]. Natijada Yettishahar Rossiya uchun qulay bufer
bo‘lib qoldi [7. B. 130]. Kuropatkin safari (1876) Yettishahar armiyasining
kamchiliklarini fosh etib, harbiy qo‘llab-quvvatlash o‘rniga “savdo, diplomatik nazorat”ni
tavsiya qildi [6. B. 178-184]. Sinning 1877-yilgi bosqini Yettishaharni tugatdi; Rossiya
bevosita aralashmay, 1881-yilgi Sankt-Peterburg shartnomasi orqali Ili vodiysida o‘z
manfaatini himoya qildi [4. B. 334-339]. Shu tariqa, Yettishahar – Rossiya aloqalari kichik
davlatning katta imperiyalar o‘rtasida “yumshoq ta’sir” va diplomatik muvozanat orqali
omon qolish harakatini, ammo yakunda Sin bosqini va huquqiy tan olinganlikning yo‘qligi
sabab barbod bo‘lishini namoyish etadi [5. B. 206-208].
XULOSA
XIX asrning 50–80-yillari Sharqiy Turkiston geosiyosiy siljishlar va imperiyalararo
raqobat markaziga aylangan davr bo‘ldi. Aynan shu sharoitda vujudga kelgan Yettishahar
davlati Rossiya imperiyasi bilan o‘rnatgan munosabatlari orqali o‘z suverenitetini
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 05 (2025) / ISSN 2181-1415
482
mustahkamlashga intildi. Yoqubbek hukumatining Kaulbars missiyasi, Mulla Turob
Hojining elchiligi va savdo kelishuvlari doirasidagi diplomatik sa’y-harakatlari bu
intilishning muhim bosqichlari bo‘ldi. Rossiya imperiyasi bu aloqalardan foydalangan
holda Sharqiy Turkistonda o‘z ta’sir doirasini kengaytirdi. Biroq u Yettishaharni rasmiy
tan olishdan tiyilib, Sin imperiyasi bilan ochiq to‘qnashuvdan qochdi. Natijada Rossiya
“yumshoq ta’sir” siyosatini ustuvor ko‘rib, iqtisodiy va razvedka vositalari orqali
mintaqada mavjudligini ta’minladi.
Sin imperiyasining 1876–1877-yillardagi harbiy yurishi va Yettishahar davlatining
qulashidan so‘ng Rossiya Ili vodiysida o‘z manfaatlarini saqlab qolishga intildi va 1881-
yilgi Sankt-Peterburg shartnomasi orqali bu maqsadga diplomatik yo‘l bilan erishdi.
Ushbu maqola Rossiya–Yettishahar munosabatlarining shakllanishi, mazmuni va tarixiy
oqibatlarini tahlil qilish orqali Sharqiy Turkistonda yuzaga kelgan siyosiy haqiqatlarni
chuqurroq anglashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u XIX asrda kichik davlatlarning yirik
imperiyalar o‘rtasidagi murakkab kuch o‘yinida qanday strategik yo‘llarni tanlaganini
ko‘rsatib beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Doğan, S. (2011). Yakup Bey ve Kaşgar Hanlığı. İstanbul: Ötüken Neşriyat.
2.
Hopkirk, P. (1990). The Great Game: On Secret Service in High Asia. London: John
Murray.
3.
Kaulbars, A. V. (1873). Poezdka v Kashgariyu: S zapadnogo berega Issyk-Kulya
cherez Terskey-Ala-Too, Turfan i Kuldzhu. Sankt-Peterburg: Tipografiia V. S.
Balasheva.
4.
Khalfin, N. A. (1965). Prisoedinenie Sredney Azii k Rossii. Moskva: Nauka.
5.
Kim, H. (2004). Holy War in China: The Muslim Rebellion and State in Chinese
Central Asia, 1864–1877. Stanford: Stanford University Press.
6.
Kuropatkin, A. N. (1880). Kasgaria: A Narrative of the Journey to the Eastern
Turkestan, 1876–1877. London: Sampson Low, Marston, Searle & Rivington.
7.
Millward, J. A. (2007). Eurasian Crossroads: A History of Xinjiang. London: Hurst &
Company.
8.
Qo‘ldoshev, Sh. (2021). Qo‘qon xonligi va Sharqiy Turkiston: siyosiy, iqtisodiy va
madaniy aloqalar. O‘zbekiston tarixi, 1(89), 45–54.
9.
Ulus, T. (2018). Doğu Türkistan’da Yakup Beg Hâkimiyeti. Türk Dünyası
İncelemeleri Dergisi, 18(2), 95–112.
