https://scientific-jl.com/luch/
Часть-40_ Том-1_ Март-2025
285
CHINGIZ AYTMATOVNING “KASSANDRA TAMG’ASI” ASARI
TAHLILI
Quqonboyeva Moxlaroyim Elmurodjon qizi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2-bosqich talabasi
Annotatsiya: Chingiz Aytmatov o‘zining takrorlanmas iste’dodi, o‘ziga xos
yo‘nalishi hamda beqiyos ijod namunalari bilan butun jahonda e’tirof etilgan
yozuvchilar qatoriga kiradi. Uning har bir yaratgan asari alohida bir olam.
Shunday asarlaridan biri “Kassandra tamg‘asi” asari bo‘lib, quyidagi maqolada
ushbu asar tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: adabiyot, ilmiy fantaziya, falsafiy, Filofey, qizil dog‘,
insoniylik.
XX asrning buyuk donishmandlaridan deya ta’riflangan, betakror adib Chingiz
Aytmatov 1928-yil Qirg‘izistonda tavvallud topgan. Hozirgi kunning ko‘pdan-
ko‘p taniqli adabiyotshunos olimlari uni L.N.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, Folkner
kabi jahon adabiyotining yirik namoyandalari qatoriga qo‘yadilar. Adib o’z hayoti
davomida ibratli faoliyat yuritdi. Yoshligidan ilm oshnosi bo’lgan adib ijod bilan
birgalikda ta’lim olishga ham alohida e’tibor qaratdi. Oliy o’quv yurtini tamomlab,
ijod bilan yanada jiddiy shug’ullana boshladi. Ijodkor sifatida haqiqy san’at
asarlarini yaratib, butun dunyoni lol qoldira oldi desak, mubolag’a bo’lmaydi.
Adib ijodini o’rganar ekansiz, bir-birini takrorlamas, har biri yangi bir olam
bo’lgan, insonning qalbiga kirib borib, hatto ba’zida, chuqur mulohaza qilishga
majbur etadigan oltindek zanglamas asarlar yozib qoldirganining guvohi bo‘lasiz.
Shunday nodir asarlardan biri bu “Kassandra tamg‘asi” (“Oxirzamon nishonalari”)
asari hisoblanadi. Mazkur asar ilmiy fantaziya sanalib, Chingiz Aytmatovning
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-40_ Том-1_ Март-2025
286
butun borliqda kechayotgan xunrezliklar, insoniyatning tobora tubanlashib
borayotgani, butun sayyorani halokatga olib boruvchi shafqatsizliklar hamda
haqidagi chuqur mushohadaga asoslangan o’ylari mahsuli hisoblanadi. Asar
falsafiy roman bo‘lib bir marta o’qish bilan uning mohiyatini anglash biroz
murakkabdir. Boshqacha qilib aytganda, bu asarni shunchaki o’qib bo’lmaydi.
Avval boshida qiziq tuyilmagan, bir qarashda zerikarlidek ko’ringan asar mutolaa
davomida sizni o’ziga bog’lab qo’yadi. Agar kimdir asarning bir qismini o’qib,
so’ngra zerikib uni yopib qo’ysa, bu asarning kamchiligidan emas, balki o’sha
insonning faqat yuzaki xulosalar qiluvchi, narsa va hodisalarning tag ma’nosi
haqida fikr yuritib ko’ra olmaydigan, ma’naviy dunyoqarashi tor shaxs ekanligidan
dalolat beradi. Negaki, ushbu asardagi har bir fikr sizni o’ylab mag’zini chaqishga
da’vat qiladi. Romanning asosiy qahramoni rohib Filofey bo’lib, Chingiz
Aytmatovning qarashlari mana shu obraz tomonidan aytiladi. Uning kosmosdan
turib jo’natgan nomasi insoniyatni larzaga soladi. Sababi, u bu nomada o’zining
inson aqli bovar qilmas kashfiyoti haqida yozadi. Uning kashfiyoti shundan iborat
ediki, u embrion faoliyatini o’rganish borasida ayollarning homiladorlik paytida
yuziga chiqadigan dog’ning sababini aniqlaydi. Uning fikriga ko’ra, bu qizil dog’
dunyoga kelishni istamayotgan bolaning ota-onasiga, qaysidir ma’noda butun
insoniyatga jo’natgan signali ekan. Shu sababli Filofey o’z izlanishlari orqali bu
dog’ni yanada bildirib ko’rsatish yo’lini taklif etadi, bu orqali barcha odamlar
embrionning kelajakda qanday inson bo’lishi, achchiq taqdiri, nafaqat o’zi, balki
boshqalarga ham yetkazishi mumkin bo’lgan zararlaridan boxabar bo’lishadi.
Bo’lajak fojialarning oldini olish uchun esa bunday farzandlardan voz kechish,
ya’ni, abort qilish lozim bo’ladi. Asar davomida bu kashfiyot nega kerak va
dolzarbligi ko’plab misollar bilan tushuntirib beriladi. Dunyoning turli
burchaklarida bo’lgan va bo’layotgan nohaqliklar va falokatlarning o’quvchi ko’z
oldiga keltirilishi asarning badiiy ta’sirini oshirib, asar mohiyatini yanada
yaqqolroq ochib berishga yordam beradi. Odatda, biror badiiy asarni o’qib, inson
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-40_ Том-1_ Март-2025
287
qalbi orom oladi, o’zgacha bir zavqnni his qiladi. Biroq, bu asarni o’qigan
insonning qalbida allaqanday hislar tug’yon ura boshlaydi. Hattoki, hech kimsiz
qolib o’zi yolg’iz qolgan holda tafakkurga sho’ng’iydi.
Asarni tugatgan onimda hazrat Navoiyning mazkur bayti xayolimga keldi:
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo’q xalq g’amidin g’ami
Chizgiz Aytmatovning boshqa asarlari menda asarda ko’tarilgan ma’lum mavzu
haqida fikr yuritib o’ylantirgan bo’lsa, “Kassandra tamg’asi” esa men uchun
Chingiz Aytmatov shaxsini yangidan kashf etishga imkon berdi. Nega deganda,
faqat o’zining halovatini emas, balki butun insoniyatning g’ami bilan yashagan,
ular uchun qayg’urgan insongina mana shunday asar yoza oladi. “Qalbdan chiqqani
qalbga boradi”, deganlaridek, yozuvchining o’z qalbida mana shunday
insonparvarlik jo’sh urmaganda bu asar millionlab qalblarning yuragiga kirib
bormas edi. Kasallikni davolashdan ko’ra, oldini olish yaxshi, albatta. Darhaqiqat,
dunyo tarixida qonli yozuvlar bilan muxrlanib qolgan yovuz insonlar
bo’lmaganida, balki milliardlarni yig’latgan urushlar bo’lmasmidi yoki sayyoramiz
ekologik jihatdan mana shunday og;ir holga kelib qolmasmidi? Lekin masalaning
boshqa tarafi ham bor. Umuman olganda, yomonliklar, qiyinchiliklar bo’lmasa bu
dunyo asli bo’larmidi? Bo’lajak yovuzlarni yo’q qilish bilangina butun dunyo
ezguliklarga ko’milishi mumkinmi? Menimcha, yo’q. Dunyoning mohiyati o’zi
shunday – oqning qorasi, kechaning kunduzi bo’ladi va, albatta, yaxshilik va
yomonlik kurashi azaliydir. Yozuvchining insoniyatni, butun sayyorani saqlab
qolishga bo’lgan intilishlari, bu borada harakat qilishi tahsinga loyiq, lekin
masalaning yuqorida keltirilgan tomonini ham unutmaslik kerak. Asarda
kashfiyotni yoqlaganlar boshqa insonlar tomonidan yaxshi qarshi olinmaganiga
guvoh bo’lamiz. Bu ham, afsuski, insoniyatning umumiy qusurlaridan biridir.
Nazarimda, mazkur asar fantastik bo’lsa-da, insoniyatni birlashishga, bo’lajak
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-40_ Том-1_ Март-2025
288
fojialarning oldini olish uchun kurashishga hamda inson bo’lishga chaqirgan.
Insoniyatga oyna bo’lib xizmat qilgan. Bu asarni o’qigan inson, albatta, bu oynaga
uzoq termuladi va “inson” deb atalgan sharafning aslini, qanday bo’lishini, yashab
turgan olami va atrofidagilarga e’tiborli bo’lishi lozimligini anglaydi.