42
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 06 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
G‘AYRAT MAJID SHE’RIYATI VA EKZISTENSIALIZM:
“MAKTUB” SHE’RI ASOSIDA TAHLIL
Rayhona Ortig‘aliyeva Olimjon qizi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15649229
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 01-June 2025 yil
Ma’qullandi: 07-June 2025 yil
Nashr qilindi: 12-June 2025 yil
Ushbu maqola zamonaviy o‘zbek she’riyatining yorqin
vakili G‘ayrat Majid ijodini, xususan “Maktub” she’rini
ekzistensializm tamoyillari asosida tahlil qilishga
bag‘ishlangan. Lirik qahramonning ichki iztiroblari,
yolg‘izlik hissi, jamiyatdan begonalashuv holatlari
falsafiy tafakkur doirasida yoritiladi. She’rda o‘z aksini
topgan mavjudlik, erkinlik, mas’uliyat va umidsizlik kabi
tushunchalar shoirning shaxsiy kechinmalari bilan
bog‘liq holda izohlanadi
KEY WORDS
Ekzistensializm, G‘ayrat Majid,
zamonaviy
o‘zbek
she’riyati,
falsafiy
lirik
kechinma,
lirik
qahramon, ichki monolog.
Ekzistensializm – bu inson mavjudligini, uning erki, tanlovi va hayotdagi mas’uliyatini
falsafiy jihatdan izohlovchi yo‘nalishdir. Ushbu oqim XX asrning birinchi yarmida Yevropada
keng tarqalgan bo‘lib, u asosan insoniy mavjudlikning noaniqligi, erksizlik va yolg‘izlik
holatlarini tushuntirishga intiladi. “Ekzistensiya” so‘zi lotincha existentia – mavjudlik, yashab
turish, deb tarjima qilinadi. Bu yo‘nalish falsafiy kategoriya sifatida “mavjudlik”ni markazga
qo‘yadi va insonning o‘z-o‘zini anglash jarayoniga urg‘u beradi.
Ekzistensialistik qarashlar ilk bor XIX asrda Daniya faylasufi Soren Kierkegard va nemis
faylasufi Fridrix Nitsshe asarlarida uchraydi. Kierkegard diniy ekzistensializmning asoschisi
sifatida insonning Xudo bilan bo‘lgan shaxsiy munosabatini, uning ichki dunyosidagi
iztiroblarini, tanlov oldidagi ikkilanmalarini falsafiy tahlil qiladi. Nitsshe esa an’anaviy
qadriyatlar yemirilgan davrda inson o‘z hayotining ma’nosini o‘zi topishi kerakligini
ta’kidlaydi.
Shu tariqa, ekzistensializmning zamonaviy ko‘rinishi XX asr boshida shakllanib, ikki
jahon urushi oralig‘ida va undan keyingi davrda ayniqsa dolzarb tus oldi. Yevropadagi siyosiy
notinchlik, urushlar, insonparvarlik qadriyatlarining yemirilishi, totalitar tuzumlar va shaxs
erkinligining bostirilishi insonni chuqur falsafiy izlanishlarga undadi.
Zamonaviy adabiyotda inson ruhiyatini o‘rganish, hayotiy iztiroblarni poetik ifoda
vositasida aks ettirish, inson erkinligini ifodalash – ekzistensializm oqimining badiiy
xarakteridir. G‘ayrat Majidning “Maktub” she’ri ana shunday ekzistensial tahlilga loyiq bo‘lgan
asar sifatida diqqatga sazovordir. Ushbu maqolada she’r lirik qahramonining ichki dunyosi,
ruhiy bo‘hroni, yolg‘izlik va mavjudlikka bo‘lgan munosabati nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi.
Yoʻq, orzu oʻyimdan zarra xavotir,
Munavvar tuygʻular koʻnglimda hokim.
Toshlar orasida netayin, axir,
43
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 06 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
Yashashga mahkumman,
Yashashga mahkum.[4]
She’r xat shaklida tuzilgan bo‘lib, onaga murojaat – asarning ramziy markazi
hisoblanadi. Bu ramz orqali shoir bolalik, sadoqat, beg‘uborlik, begonalashgan zamon bilan
o‘zining ziddiyatini ko‘rsatadi. Yuqorida keltirilgan “yashashga mahkumman” misrasi orqali
inson mavjudligining “zarurati” ifodalanadi – bu Kamyuning “absurdga javoban yashash”
tamoyiliga yaqin turadi. Yashash azob sifatida ko‘riladi, lekin bu azobga bo‘lgan iroda ham
yashirin.
Ona,
Dushmanlardan xafa emasman,
Ularning maqsadi shunday ham ayon.
Doʻst kim u,
Doʻst kim u?
Bilmayman faqat,
Dunyoda doʻst bormi,
Bormi?
Onajon!
Do‘stlikka shubha bilan qarash, “Dunyoda do’st bormi?” satrlari ekzistensial yolg‘izlik va
ijtimoiy ishonchsizlikni aks ettiradi.
She’r butunlay ichki monolog shaklida bo‘lib, lirik qahramon o‘z qalbi bilan
suhbatlashadi. Uning har bir jumlasida ruhiy sinish, insoniy iztirob va mavjudlikka qarshi
ichki kurash bor. “Ko‘ksimga qamadim nolalarimni” satri ekzistensial murosaning eng kuchli
ifodasi bo‘lib, qahramon o‘z dardini ichida saqlab, jamiyatdan yashiradi. She’r davomida
qarama-qarshi holatlar:
sukunat va nolalar, bolalik va yuksaklik, samoviy orzular va
dunyoviy yolg‘on
kabilar orqali shoir ruhiy ichki iztirobda ekanligini ko‘rsatadi. Do‘stlik,
ishonch, hayotning ma’nosi kabi savollar ochiq qoladi. Bu esa Sartr va Haydeggerning “inson
har doim savol ostida yashaydi” degan falsafiy qarashlariga mos tushadi.
Hamma osmonlardan yuksak va katta,
Faqat ichimdagi manim osmonim.
Ushbu satrlar shoirning falsafiy qarashlarini, ichki haqiqatlari va individual dunyosi
mavjudligini ifodalaydi. Bu ekzistensialistlar uchun muhim bo‘lgan “ichki mavjudlik”
tushunchasining timsoli sifatida ko’rinadi.
G‘ayrat Majid o‘z she’riyatida modernist va postmodernist ruhda ijod qilgan shoirlardan
biridir. “Maktub” she’ri orqali u o‘zining shaxsiy kechinmalarini umuminsoniy darajaga olib
chiqadi. Onaga bag‘ishlangan satrlar o‘zbekona an’anaviy mehr bilan uyg‘unlashgan holda
ekzistensial norozilikni ham ifodalaydi. Ona timsoli ramziy muqaddaslik, shoirning ruhiy
qochqinligi uchun madadkor maskan hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Maktub” she’ri zamonaviy o‘zbek she’riyatining falsafiy
va ichki tafakkur jihatidan yetuk namunalaridan biridir. Unda lirik qahramonning hayot va
o‘zlik bilan kurashi, onaga bo‘lgan mehr orqali axloqiy ma’naviy qutqaruv izlanadi. She’r
G‘ayrat Majid ijodida ekzistensial talqinning yorqin ifodasidir. Bu asar orqali shoirning ruhiy
olami, zamon bilan ziddiyati va insoniy mavjudlik haqida falsafiy qarashlari chuqur ochiladi.
44
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 06 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Sartr J.-P. Ekzistensializm bir insonparvarlikdir. — Tahrir: A. Nurmatov. — Toshkent:
Sharq, 2005.
2. Kamyu A. Absurdlashgan inson. — Moskva: Progress, 1984.
3. Haydegger M. Mavjudlik va vaqt. — Moskva: Nauka, 1991.
4. G‘ayrat Majid ijodiy kanali. 2025-yil 8-mart kuni e’lon qilingan “Maktub” she’ri. Telegram.
Havola: https://t.me/gayratmajidijodiykanali/5499
5. Islomov D. Ekzistensializm va adabiyot. — Toshkent: O‘zbekiston, 2010.
6. Tursunov J. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida ekzistensializm. — Toshkent: Sharq, 2020.
7. Saidov M. Lirik qahramon va ichki monolog: nazariy va amaliy jihatlar.