YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
68
O‘QUVCHILARDA OG’ZAKI NUTQ KO‘NIKMASINI RIVOJLANTIRISH
USULLARI VA METODLARI
Abdunazarova Dildora Qahramon qizi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
O’zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
AbdunazarovaD@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15602080
Annotatsiya:
Ushbu maqolada nutq uning og’zaki va yozma shakli ,og’zaki va yozma
nutqning turlari, og’zaki nutqning xususiyatlari, og’zaki nutqni rivojlantirish usullari va
metodlari batafsil yoritilgan.O’quvchilarning og’zaki nutqini rivojlantirishga oid metodlar
amalda sharhlab berilgan.
Annotation:
This article details the types of oral and written speech, features of oral
speech, methods and techniques for the development of oral speech. Methods related to the
development of students ' oral speech have been commented on in practice.
Kalit so‘zlar:
Nutq, og’zaki nutq,yozma nutq,so’zlashuv uslubi, usul va metodlar.
Abstract:
Speech, oral speech, written speech, colloquial style, methods and methods.
Ma’lum bir kasb va sohada muvaffaqiyatga erishish uchun, avvalo, shu sohaning yetuk
mutaxassisi bo’lishi, qolaversa, xorijiy tillarni bilishi, ijtimoiy muhitda o’z fikrini aniq va qisqa,
tinglovchi shaxsga tushunarli tarzda yetkazib bera olish ham muhimdir. Shu bois, yoshlarning
savodxonligini oshirish, og’zaki nutqini rivojlantirish, ularni xalqaro maydonda ham
muvaffaqqiyatli bo‘lishlari uchun poydevor yaratadi. Ta’lim tizimida va ijtimoiy hayotda
o’quvchilarning og’zaki nutq ko‘nikmasini o‘stirish — milliy tilimiz va madaniyatimizni asrash,
raqamli hamda global dunyoda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan dolzarb
vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.Og’zaki muloqot ko’nikmalari nafaqat ta’limda balki ijtimoiy
hayot faoliyatida ham eng zarur bo’lgan ko’nikmalardan biridir.
Insonga boshqa mavjudotlardan farqli ravishda o’z fikrlarini, kechinmalarini bayon etish
imkoniyati berilgan, bu imkoniyatni amalga oshirish vositasi esa nutqdir. Alisher Navoiy
bobomiz buni alohida ta’kidlab, shunday misralarni keltiradilar.
Insonni so’z ayladi judo hayvondin,
Bilgilki, guhari sharifroq yo’q ondin.
Nutq deganda, aloqa jarayonida tilning namoyon bo’lishi, ro’yobga chiqishi, voqelanishi
tushuniladi. Nutq-tilning uzviy, hal etuvchi bo’lagi bo’lib, tilning barcha tomonlarini namoyish
etadi. Nutq kundalik hayotda kishilar orasidagi o’zaro aloqa ehtiyojini qondiruvchi
vositadir
1
.Tilshunoslikda nutq monologik va dialogik ko’rinishda bo’lishi mumkin. Monologik
nutqda bir kishining mulohazalariga qarshi savollarsiz yoki javoblarsiz yuzaga chiqadi.
Suhbatdosh tomonidan bo’linmaydi.Dialogik nutqqa muloqot qiluvchi shaxslar navbat bilan
goh tinglovchi goh so’zlovchi bo’lib turadi. Nutqni qanday usulda bayon qilishimiz, o’zgalarga
qay holda yetqizishimizga ko’ra, nutqni og’zaki va yozma nutqqa ajratamiz. Harflar vositasida
bayon qilingan nutq yozma nutq, hisoblansa, tovushlar orqali amalga oshiradigan nutqimizni
og’zaki nutq deb ataymiz. Og‘zaki nutq so‘zlash- eshitishga qaratilgan bo‘lsa, yozma nutq
yozish-o‘qishga qaratilgan bo‘ladi. Nutqning yozma va og‘zaki shakllari muayyan ko‘rinishlarga
ega. Yozma nutq ko‘rinishlari:
1
Nutq madaniyatiga oid masalalar.Fan, -1973.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
69
1) badiiy nutq.
2) ilmiy nutq.
3) publitsistik nutq.
4) rasmiy nutq.
5) neytral nutq.
Og‘zaki nutq esa turli ijtimoiy qatlamlar nutqlaridan, turli sheva nutqlaridan tashkil
topadi. U quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: betaraf (neytral), tantanali, ishqiy,
yumoristik va satirik, rasmiy. Og‘zaki nutq-bir yoki bir necha kishining ovoz chiqarib so‘zlashi
asosida yuzaga keladi. Og‘zaki nutq o‘z navbatida yana ikki turga bo‘linadi: dialogik va
monologik. Fikr suhbat, muhokama, munozara shaklidagi nutqiy faoliyatlar davomida og‘zaki
bayon qilinadi.
Og‘zaki nutqning xususiyatlari quyidagilar:
Suhbat – ma’lum bir mavzu yuzasidan dialog (yoki polilog) tarzida bo‘lib o‘tadigan nutqiy
muloqot.
Muhokama – biror masala yuzasidan ko‘pchilikning fikrini to‘plash, ma’lum to‘xtamlarga
kelishini anglatadi.
Munozara – biror masala yuzasidan taraflarning bahsini, tortishuvini anglatadi. Bahs
jarayonida har bir ishtirokchi o‘zining haq ekanligini isbotlashga intiladi
Og‘zaki nutqning yuzaga kelishida soʻzlashuv uslubi juda katta ahamiyatga ega, bu
uslubda ohang - intonatsiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir. Ohang og‘zaki nutqning
reallashuvida til birliklaridan keyingi muhim, hal qiluvchi vosita bo‘lib, uning nutq tempi,
pauza, ton, melodiya, tovush tembri, so‘z va gap urg‘usi kabi ko‘rinishlari ma’noni farqlashda,
ottenkalarni ajratib ko‘rsatishda, hayajonni kuchaytirishda xizmat qiladi.So‘zlashuv uslubi
kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining o‘ziga xos
tarzda amal qilishidir. Bu uslubning o‘ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari
omillarning uyg‘un bo‘lishida ko‘rinadi. Bugungi kunda ta’lim jarayonida o‘quvchilarning
og‘zaki nutqini rivojlantirish muhim metodik vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki og‘zaki nutq
— bu bolaning shaxsiy fikri, dunyoqarashi va ichki dunyosining ifodasidir. O‘quvchi o‘z fikrini
ravon, izchil va ishonch bilan bayon eta olsagina, u jamiyatda faol va muvaffaqiyatli shaxs bo‘lib
shakllanadi. Og‘zaki nutq ko‘nikmalari o‘z-o‘zidan shakllanmaydi — bu doimiy mashq, faol
muloqot, eshitish va ifodalash jarayonlari orqali rivojlanadi. Shu bois, dars jarayonida
so‘zlashuvga yo‘naltirilgan metodlar, interaktiv usullar, guruhlarda ishlash, suhbatlar, bahs-
munozaralar kabi faoliyatlar qo‘llanilganda, o‘quvchining til boyligi, nutq madaniyati va ijodiy
tafakkuri yuksaladi. Shuningdek, og‘zaki nutq — bu faqat grammatik jihatdan to‘g‘ri gapirish
emas, balki ta’sirchanlik, mantiqiylik, izchillik va ifodaviylikni o‘zida jamlagan ko‘nikmadir.
O‘quvchining og‘zaki nutqi rivojlangan sari uning yozma savodxonligi, mustaqil fikrlashi va
muloqotda faol ishtiroki ham ortadi. Shu sababli, har bir pedagog og‘zaki nutqni rivojlantirishni
doimiy va izchil maqsad sifatida ko‘zlashi, bu borada innovatsion va ijodiy metodlardan
foydalanishi zarur. Og‘zaki nutqni rivojlantirish usullari — bu bolalar yoki o‘quvchilarning
og‘zaki ifoda qilish, erkin fikrlash va muloqot qilish malakalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan
metodlar majmuasidir. Og‘zaki nutqni rivojlantirishning asosiy usullariga “Erkin fikrlar
maydoni” , “So’z san’ati ” , “Jonli so’zlar sahnasi” , “O‘qiymiz – o‘ylaymiz – aytamiz”, “Tasvir tilida
so’zlash”, “Birgalikda bir fikr ” , “So’zlar yulduzi”, “ Talaffuz tarovati” singari metodlar orqali
o’quvchilarning og’zaki nutqini rivojlantirishimiz mumkin.
1. “Erkin fikrlar maydoni” metodi.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
70
Maqsadi:
O‘quvchilarning fikrini erkin aytish, savollarga javob berish, mulohaza yuritish
ko‘nikmasini shakllantirish.
Mohiyati:
O‘qituvchi savollar beradi, o‘quvchilar og‘zaki javob beradi yoki o‘zaro fikr almashadilar.
Darsda qo‘llash shakli: Bu metoddan kirish suhbatlarida, “Savol–javob” mashqlarida,
qolaversa matn yuzasidan ochiq savollar muhokamasida foydalanishimiz mumkin.
2. “So‘z san’ati” metodi.
Maqsadi:
Fikrni izchil, mantiqiy va ifodali bayon qilish ko‘nikmasini rivojlantirish.
Mohiyati:
O‘quvchi rasm, matn yoki tajriba asosida og‘zaki hikoya tuzadi.Hikoya tuzish jarayonida
o’quvchining so’z qo’llash mahorati rivojlanadi.
Darsda qo‘llash shakli: Matnni qayta aytishda, rasm asosida hikoya tuzishda, biron bir
voqea asosida o’quvchining o‘z shaxsiy fikr-mulohazalarini bayon qilishda qo’llash mumkin.
3. “Jonli so‘zlar sahnasi” metodi.
Maqsadi:
Ifodali nutq, emotsiya va roldagi til vositalarini shakllantirish.
Mohiyati:
O‘quvchi hikoya yoki ertak qahramonining rolini ijro etadi.
Darsda qo‘llash shakli: O’quvchi badiiy asardagi biron bir ertak, hikoya, mashhur
voqealarni sahnalashtirishda bu metoddan foydalanilganda samarali bo’ladi.
4. “O‘qiymiz – o‘ylaymiz – aytamiz” metodi.
Maqsadi:
O‘quvchilarning matn bilan ishlash, o‘qiganini anglash, unga munosabat bildirish va
og‘zaki tarzda ifodalash ko‘nikmasini shakllantirish.
Mohiyati:
Bu metodda o‘quvchilar matnni o‘qish jarayonida turli belgilar (
✔
, –, +, ?) orqali o‘z
fikrini belgilab boradilar. So‘ngra shu belgilar asosida og‘zaki izohlar, savollar, shaxsiy
mulohazalar bildiradilar. Ya’ni: O‘qilgan matn – fikrni anglash – og‘zaki tushuntirish
bog‘lanmasi hosil bo‘ladi.
Darsda qanday qo‘llanadi? Matn tanlanadi. Oddiy, tushunarli va bolalarni fikrlantiruvchi
kichik matn (ertak, maqola, hikoya) beriladi. Belgilar bilan o‘qish. Belgilar Ma’nosi:
✔
Bilgandim.
– Qarshi fikrim bor / to‘g‘ri emas deb o‘ylayman.
+ Yangi ma’lumotga ega bo’ldim.
? Tushunmadim yoki savolim bor.
O‘quvchi matnda shu belgilarni qo‘yadi.
Og‘zaki izoh bosqichi:
O‘quvchilar belgilar asosida quyidagicha og‘zaki fikr bildiradilar:
“Men bu yerga
✔
qo‘ydim, chunki bu haqida ilgari ham eshitganman.”
“Bu yerga + qo‘ydim, yangi ma’lumot oldim.”
“? Belgisini qo‘ydim, chunki bu joyni tushunmadim.”
“– Belgisini qo‘ydim, men bu fikrga qo‘shilmayman.”
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
71
Yakuniy suhbat:
O‘qituvchi o‘quvchilarning fikrlarini umumlashtiradi, ularning savollariga javob beradi va
og‘zaki nutqini baholaydi.
Afzalliklari: O‘quvchi faol o‘quvchiga aylanadi. Og‘zaki fikrni asoslashga o‘rganadi. Matn
bilan ishlash tahliliy va tanqidiy fikrlash asosida kechadi. Har bir o‘quvchi fikrini aytishga
undaladi. Bu metoddan ko’zlangan maqsad, o’quvchilarning og’zaki nutqini rivojlantirish.
Hozirgi kunda e’tibor bersak, ko’plab o’quvchilar o’z fikrlarini erkin bildira olishmaydi.Bu
metodni beshinchi sinfdan to o’n birinchi sinf o’quvchilariga qo’llab ko’rsak, juda yaxshi
natijalarni qo’lga kiritamiz. Bu metod orqali o’quvchilar o’zlarinig shaxsiy fikrlarini omma
oldida hech tortinmasdan bemalol bildira oladilar, qolaversa tanqidiy fikrlash ko’nikmasi
shakllanadi.
5. “Tasvir tilida so‘zlash” metodi.
Maqsadi:
Tasviriy tafakkur va izchil fikr bayon qilish ko‘nikmasini shakllantirish.
Mohiyati:
Rasm yoki surat asosida voqea haqida og‘zaki so‘zlab berish.
Darsda qo‘llash shakli: Bu metodni yuqoridagi topshiriqdan tashqari quyidagi hollarda
ham qo’llashimiz mumkin. Biron bir rasmni ko‘rsatib, nima bo‘lganini aytib berish, rasm ketma-
ketligi asosida voqea tuzish, “Nima bo‘lgan deb o‘ylaysan?” savolini o’rtaga tashlash orqali
ushbu metoddan foydalansak bo’ladi.
6. “Birgalikda bir fikr” metodi.
Maqsadi:
Hamkorlikda fikr almashish, muloqot madaniyatini shakllantirish.
Mohiyati:
O‘quvchilar kichik guruhlarda bir mavzu yuzasidan fikr yuritadilar.
Darsda qo‘llash shakli: Dars jarayonida 3–4 kishilik guruh tashkil etib, bitta mavzu
borasida mulohaza yuritishadi, har bir guruh fikrini og‘zaki bayon etadi. Guruhlar o‘zaro bahs-
munozara qiladilar. Bu metod orqali o’quvchilarda fikr almashish, fikrlarni jamlash ko’nikmasi
shakllanadi.
7. “So‘zlar yulduzi” metodi.
Maqsadi:
Lug‘at boyligini oshirish, so‘zlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishga yordam berish.
Mohiyati:
Bitta asosiy tushuncha atrofida bog‘liq so‘zlarni guruhlab, gap tuzish.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
72
Darsda qo‘llash shakli: Klaster shaklida so‘zlar yoziladi. O‘quvchilar har so‘zdan og’zaki
gap tuzadilar. Har bir so‘zning vazifasi muhokama qilinadi.Bu metod orqali o’quvchilar
o’zlarining so’z boyligini oshirishadi hamda tezkorlik ko’nikmasini rivojlantiradilar.
8. “Savoldan hikoyaga” metodi.
Maqsadi: Tanqidiy fikrlash, og‘zaki mulohaza yuritish va ijodiy ifoda qilish ko‘nikmasini
shakllantirish.
Mohiyati:
O‘quvchiga topshiriq beriladi, u savol asosida hikoya yoki og‘zaki bayon yaratadi.
Darsda qo‘llash shakli: O’quvchilarga biron bir rasm yoki matn asosida “Agar men
shunday bo‘lganimda...”
“Nima sababdan bu voqea yuz berdi?” kabi jumlalar bilan boshlanuvchi savollar beriladi.
O’quvchilar bu topshiriq orqali hikoya tuzishlari kerak bo’ladi. O‘quvchi og‘zaki sharhlaydi yoki
tasvirlaydi.Bu metod o’quvchilarning xayolot dunyosi hamda tasavvur qilish ko’nikmasini
rivojlantiradi.
9. “So‘z sehrlari” metodi.
Maqsadi:
Talaffuz, esda saqlash, ritm va diktsiyani rivojlantirish.
Mohiyati:
She’r yodlash, tez aytish, maqol va topishmoq aytish orqali og‘zaki nutqni
takomillashtirish.
Darsda qo‘llash shakli: Har kuni bir tez aytish yoki maqol yodlatish. She’rni ifodali o‘qitish
mashqlari orqali.
10.
“Mikrofon kimda?” metodi yoki “Aylanuvchi so‘z” o‘yini.
Maqsadi:
O‘quvchilarda tez fikrlash, erkin nutq tuzish, mantiqiy bog‘liqlikda gapirish, shuningdek,
ijodiy fikrlash va tinglash madaniyatini shakllantirish.
Mohiyati:
“Mikrofon” (bu haqiqiy mikrofon bo‘lishi shart emas – ruchka, qalam, yumshoq to‘p
bo‘lishi mumkin) navbat bilan o‘quvchilar qo‘liga o‘tadi. Har bir o‘quvchi berilgan mavzuda
og‘zaki fikr bildirib , keyingi ishtirokchiga uzatadi. Gaplar zanjiri bir-biriga bog‘lanadi yoki matn
yaratiladi.
Darsda qanday qo‘llanadi:Bu metodni "Hikoya tuzamiz" usulida tashkil qilganimizda,
o’qituvchi bitta boshi bor jumla aytadi: “Bir kuni bolalar o‘rmonga sayrga chiqishdi...” Mikrofon
birinchi o‘quvchiga beriladi – u davom ettiradi. Har bir o‘quvchi bir-ikki gap aytadi va
mikrofonni boshqa o‘quvchiga uzatadi. Tugaguncha hikoya zanjiri davom etadi.
Ushbu metodni "Mavzuli fikrlar" usulida ham qo’llab ko’rishimiz mumkin.
Masalan, mavzu: “Do‘stlik”
Har bir o‘quvchi mikrofonni olib, do‘stlik haqida bitta fikr aytadi.Takrorlanmasligi va
mantiqiy bo‘lishi shart. Boshqa o‘quvchilar uni tinglaydi, istasa savol beradi.
“Mikrofon kimda” metodining afzalliklari: O‘quvchilar erkin va faol bo‘ladi. O‘z fikrini
mantiqiy tuzishga o‘rganadi. O‘zaro tinglash va hurmat qilish madaniyati rivojlanadi. Qiziqarli,
harakatli va ijodiy dars muhiti yuzaga keladi. Tashabbuskorlik, o‘zining mustaqil fikrini
ifodalash qobiliyati shakllanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, og‘zaki nutq — bu o‘quvchining shaxsiy fikrini ifodalashi,
o‘zini erkin ifoda qilishi va muloqot madaniyatini egallashi uchun zarur bo‘lgan muhim
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
73
ko‘nikmadir. Bugungi ta'lim jarayonida og‘zaki nutqni rivojlantirish nafaqat til va adabiyot
darslarining, balki barcha fanlarning ustuvor vazifasiga aylangan. O‘quvchilarning og‘zaki
nutqini shakllantirish va boyitish uchun turli xil innovatsion metodlardan foydalanish muhim
sanaladi. Yuqorida keltirilgan: “So‘z sehrlari”, “So‘zlar yulduzi”, “Tasvir tilida so‘zlash”,
“O‘qiymiz – o‘ylaymiz – aytamiz”, “Savoldan hikoyaga”, “Erkin fikrlar maydoni”, “So’z san’ati”,
“Birgalikda bir fikr”, “Jonli so‘zlar sahnasi” va “Mikrofon kimda?” kabi metodlar o‘quvchilarni
og‘zaki muloqotga jalb etish, ularda mustaqil fikrlash, mantiqiy izchillikda gapirish va ijtimoiy
faol bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantiradi.Bu metodlar dars jarayonida o‘yin, guruhli ish, suhbat
va bahslar orqali tashkil etiladi. Natijada, o‘quvchi o‘z fikrini ravon, mantiqan izchil, ifodali va
ishonch bilan bayon qilishga odatlanadi. Shu boisdan, og‘zaki nutqni rivojlantirishga
yo‘naltirilgan bu kabi metodlar maktab darslarida muntazam qo‘llanilishi zarur. Chunki u
o‘quvchining nafaqat til madaniyatini, balki uning shaxsiy intellektual va kommunikativ
salohiyatini ham yuksaltiradi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Erkinova D. “Og’zaki nutqning psixolingvistik tahlili”. Toshkent-2018.21-b.
2.
Mo’minov S., Nurmonova D.,Karimova O. Nutq madaniyati, Toshkent,- 2005.
3.
Nutq madaniyatiga oid masalalar. Fan, -1973.
4.
S. Raxmonqulova. O‘zbek tili darslarida og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirish. – Toshkent:
Fan va texnologiya, 2019. Metodik yondashuvlar, mashqlar, metodlar haqida: 22–35-b.
5.
To‘xtaev N. va boshqalar. Nutq madaniyati. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.
6.
Og‘zaki nutq, til boyligi, nutq uslublari haqida: 46-58-b.
7.
10-sinf ona tili darsligi. Toshkent 2022.16-b.