YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
91
ZAMONAVIY YOSHLAR HIKOYACHILIGIDA BADIIY OBRAZ TAKOMILI
Ulkanboyeva Matluba Hasanboy qizi
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15638767
Annotatsiya.
Ushbu maqolada o‘zbek hikoyachiligida assotsiativ obrazlar vositasida
ijodiy niyatni ifodalash masalasi yoritiladi. Tadqiqotda assotsiativ obrazlarning milliy
adabiyotimizda adabiy an’ana sifatida shakllanib, bosqichma-bosqich rivoj topgani tahlil
etiladi. Xususan, Abdulla Qahhor hikoyalarida maymun, ho‘kiz va anor kabi obrazlarning badiiy
talqini va ularning ramziy-majoziy mazmuni ochib beriladi. Shuningdek, zamonaviy yosh
ijodkorlar hikoyalarida ushbu obrazlarning yangicha, aktual ma’nolar bilan boyitilib
qo‘llanilishi ilmiy asosda tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar:
hikoya,
obraz, assotsiativ obraz,
ijodiy niyat, badiiy talqin.
Kirish (Introduction).
Hikoya – shunchaki qiziqarli voqealarning bayonigina emas, u
adibning ijodiy konsepsiyasi, ijtimoiy voqelikka munosabati va xulosasini ifoda etadigan,
ijodkorning borliq haqidagi muhim qarashlari singdirilgan yangi badiiy reallikdir. Shuning
uchun ham ijodkorlik, avvalo donishmandlik hisoblanadi. Hikoya ham boshqa badiiy asarlar
kabi obraz va detallar yordamida fikrlar ekan, zamonaviy o‘zbek hikoyachiligida obraz va
detallar bajargan badiiy-estetik funksiya va yosh nosirlarning ulardan foydalanish tajribalarini
o‘rganish, tahlil qilish adabiyotshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir.
Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review).
O‘zbek adabiyotshunosligida
hikoyadagi badiiy obrazlarni o‘rganish bilan bog‘liq tadqiqotlar talaygina. Jumladan,
f.f.d.,professor M.Qo‘chqorova Ahmad A’zamning badiiy olamidagi obrazlar talqini xususida
“O‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odam”, yosh adib Nurilla Chori ijodiga bag‘ishlangan “Nurilla
Chori hikoyalarida neomifologizm unsurlari” kabi maqolalarida badiiy obrazlarni yangicha
talqin qilsa, yana bir atoqli olim D.Quronov “Ilhom bilan yozilgan asar”, “Zavqimdan bir shingil”,
“O‘g‘ri”ning himoyasiga ikki og‘iz so‘z” kabi maqolalarida hikoyalar kompozitsiyasi, obrazlari
xususida asosli xulosalar taqdim etadi.
Nurillo Chorining adabiy qahramonlaridan birini tahlil qilish asnosida M.Qo‘chqorova
ushbu obraz bilan bog‘liq nozik bir detalga e’tibor qaratadi: “Ammo Tog‘a tirik bo‘ladi. U “Olloh”
nomi bilan bog‘liq ismini (Xudoyqul) O‘roqqa o‘zgartirgan. Yozuvchining tarixiy ijtimoiy davr
fojialariga naqadar ustalik bilan nozik ishoralar berganini his etish mumkin. Sho‘ro hukumati
davrida Ishchi-dehqonlar sinfining ramziy simvoli “O‘ROQ VA BOLG‘A” edi”[3]. Olimaning bosh
qahramonning ismi o‘zgarishi bilan bog‘liq badiiy detalga bunday yondashuvi
adabiyotshunoslik ilmida yangi xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Shuningdek, D.Quronovning “Ilhom bilan yozilgan asar” maqolasida ham “Dahshat”
hikoyasi va uning talqinlari yuzasidan yangi, asosli xulosalar chiqariladi. Maqolada mustabid
tuzumning ta’siri o‘laroq shakllangan adabiy ehtiyotkorlik haqida so‘z yuritiladi. Xalqimizda
“Sutdan og‘zi kuygan, qatiqni ham puflab ichadi” degan maqol bor. A.Fitrat, A.Qodiriy, Cho‘lpon
kabi ijodkorlarning achchiq qismati namuna bo‘lgan keyingi avlod, ijodiy konsepsiyasini ochiq-
oshkora bayon qila olmas edi. “Albatta, A.Qahhor qo‘yilgan vazifaning nechog‘li og‘irligini juda
yaxshi tasavvur qiladi, chunki u «ilon chaqqan kishi ola arqondan qo‘rqadi» deganday, o‘sha
zamonda aziyat tortgan yoki aziyat tortganlarni ko‘rgan
ko‘p odamlar hanuz o‘ziga kelolmayotgani»ga shohid edi. Adib 200 yil temir qoziqqa
zanjirband etilgan filning zanjir chirib ado bo‘lgach ham yana yuz yil qozig‘i atrofida aylangani
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
92
haqidagi rivoyatni eslatib, «Fil jonivor, aql-idroki yo‘q, biz nega kult davri qoqib ketgan qoziq
atrofidan yiroq ketolmaymiz?» – deya murojaat qiladi. Yozuvchi qatag‘on davrining kishilar
diliga solgan dahshati hamon ketmagani, uning ketishi oson kechmasligini chuqur his
qiladi”[4;31]. Darhaqiqat, repressiyadan qo‘rquv sabab ijodkor o‘z holini, millat holini ro‘y-rost
bayon qilishga ojiz qoldi va buning ilojini so‘z san’atining sirli badiiy dunyosidan topdi. Ayni
shu sabab XX asr boshida adabiyotda ijodiy niyat ifodasi uchun maxsus tanlangan obrazlar
yaratila boshlandi. Muallifining asl holidan xabar beruvchi kodlangan obrazlar.
Adabiyotshunoslikda assotsiativ obraz tushunchasi bor. Professor D.Quronov boshchiligida
tuzilgan lug‘atda unga shunday ta’rif beriladi: “Assotsiativ obraz
(lot. associatio – birlashtirmoq,
qo‘shmoq) – narsa-hodisa va tushunchalar orasidagi ilg‘ab olinishi qiyin bo‘lgan aloqalarga
asoslangan, ularni kutilmagan tarzda biriktirish (qiyoslash, chog‘ishtirish, qarshilantirish)
orqali voqe bo‘luvchi va shu tufayli yuksak darajadagi metaforiklik, subyektivlik kasb etuvchi
obraz. Aslida, assotsiativlik har qanday obraz tabiatiga xos xususiyatdir. Ya’ni assotsiativ obraz
badiiy obrazning alohida bir turi emas, bu termin ostida, umuman, badiiy obrazga xos
assotsiativlikni kuchli namoyon etuvchi obraz tushuniladi. Demak, terminning qo‘llanishida
muayyan shartlilik mavjud. Assotsiativ obraz o‘quvchidan ijodiy faollikni, narsa-hodisalar
orasidagi muallif tayangan aloqalarni, aloqalar zanjirini ilg‘ay olishni taqozo etadi”[5;38].
Lug‘atda assotsiativ obrazni ko‘proq lirik tur janrlariga daxldor tarzda talqin etiladi: “Dunyoni
metaforik idrok etishga intilayotgan zamonaviy she’riyatda assotsiativ obrazlar tobora keng
o‘rin olib bormoqdaki, bu kabi misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin”[5;39]. Biz quyida
tahlilga tortgan obrazlar va ularning talqinlari kuchli assotsiatsiyalangan obrazlar nasrda,
xususan, hikoyada ham uchrashini ko‘rsatadi. Ta’kidlashni istardikki, bunday assotsiativ
obrazlar qatag‘on shamolidan o‘zni pana qilish barobarida buyuk haqiqatga sodiq qolish istagi
bilan yaratilgan. XX asr o‘zbek adiblari qalb iztiroblarini, jamiyat dardini ifoda etishning
o‘zgacha usulini qo‘llashdiki, bu an’ana keyingi adabiy avlodlar ijodida ham davom etdi.
Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)
Maqola sotsiologik, biografik,
qiyosiy-tarixiy metodlarga asoslangan holda tayyorlandi.
Tahlil va natijalar (Analysis and results).
A.Qahhor hikoyalarida bir qator assotsiativ obrazlar uchraydi. “Dahshat”da maymun,
“O‘g‘ri”da ho‘kiz, “Anor”da esa anor mevasi obrazlari ma’lum adabiy-estetik niyatni ifodalashga
xizmat qilgan obrazlar sirasiga kiradi. Xo‘sh, ushbu obrazlar yaratilgan davridagi qanday
haqiqatlar bilan aloqadorlik, uyg‘unlik hosil qiladi? Ma’lumki, o‘zbek mahallalarida, uyida
maymun uchrashi noodatiy hol. Bu noodatiylik kitobxon qarshisiga bir qancha savollar qo‘yadi:
Yozuvchi nega maymun obrazini kiritdi? Nega maymun Unsinning yelkasiga chang soldi?
Hikoyadan maymun obrazini olib tashlasak, Unsinning yelkasiga shamolda uchib kelgan shoh
parchasi chang solishi yoki yuziga yopilib qolgan mato parchasi yana ham dahshatliroq tus
berishi mumkin edi va matiqan hikoya syujeti ham bunday detalni “ko‘tarar” edi. Ammo boshqa
holda adib o‘ylagan niyatiga yeta olmas, asl badiiy niyatini ifodalay olmasdi. Maymun – bu
o‘zbek mentalitetiga yot g‘oya, mafkuraning badiiy ifodasi. Islom dini ahkomlariga qattiq amal
qilgan, qalbida e’tiqodi mustahkam bo‘lgan xalqning ong-u shuuridan Yaratganga bo‘lgan
ishonchni yulib olib, xudosizlik – ateizmni targ‘ib qilgan, tuproqdan yaralganiga qat’iy
ishonadigan xalqqa insoniyat maymundan tarqaganligini uqtirishga uringan mustabid tuzum
A.Fitrat, A.Qodiriy, Cho‘lpon kabi millat oydinlariga chang solib, mahv etganiga ishora.
D.Quronov “Ilhom bilan yozilgan asar” maqolasida Unsin ham, Nodirmohbegim ham
A.Qahhorning o‘zi degan xulosaga keladi. Bizningcha esa, ozodlik istagan va bu yo‘lda halok
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
93
bo‘lgan Unsin – jadid mutaffakkirlarining achchiq qismatiga qiyosan yaratilgan ramziy obraz
bo‘lib, uning o‘limidan xulosa chiqarib, mushtini uch marotaba yerga qadab Dodxohning
dargohidan ketgan Nodirmohbegim esa A.Qahhor va unga davrdosh Oybek, G‘.G‘ulom kabi
adiblarning umumlashma timsolidir. Zotan sanalgan adiblar hukmron tuzum bilan murosa
qilishga majbur bo‘lishsa-da, imkon qadar o‘z ijodiy konsepsiyalarini asl adabiy durdonalar
qatiga joylab meros qoldirdilar.
“O‘g‘ri” hikoyasidagi ho‘kiz obrazi ham bejiz qo‘llanmagan. Ushbu obraz adib yashagan
davrda ayrim millatdoshlarimiz tabiatida bo‘y ko‘rsatayotgan mutelik, bo‘ysunuvchanlik,
“yetalasa, keta berish”lik illatlariga ishora, kinoya o‘laroq yaratilgan edi. Davrdoshlari
tabiatidagi bu illatdan ijodkor kuyunishi, iztirob chekishi va buni achchiq kinoya bilan
ifodalamasligi mumkin emasdi. Ushbu obrazning Qobil bobo bilan yonma-yon tasvirlanishi esa
yozuvchining badiiy konsepsiyasining yorqinroq namoyon bo‘lishiga xizmat qilgan.
“Anor” hikoyasida ayol boshqorong‘u bo‘lgan narsa sifatida tanlangan meva – anor ham
ramziy obraz bo‘lib, u yozuvchining aytolmagan haqiqatlariga ishora qiladi. Davr siyosati
A.Qahhorga o‘zi anglagan haqiqatlarni ochiq aytishga imkon bermas edi. Anor obrazining
mashhur namunasi Uvaysiyning chistonida uchraydi. Chistonda o‘sha davrning og‘riqli
nuqtalaridan bo‘lgan xon harami va unda umri o‘tayotgan yosh go‘zal qizlar dardi juda go‘zal
tarzda ifoda qilingan:
Ul na gumbazdir eshigi, tuynugidin yo‘q nishon.
Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdur makon.
Sindirib gumbazni alar holidan olsam xabar,
Yuzlariga parda tortig‘liq turarlar bag‘ri qon.
Hikoyada qo‘llangan anor obrazi, chistonda eslatilganidek, bag‘ri qonligi va bu qonning
yopiq gumbazning ichida bo‘lishi bilan mustabid sho‘ro tuzumi og‘riqlarini yodga soladi.
A.Qahhorning mahorati shundaki, ayol boshqorong‘u bo‘lishi mumkin bo‘lgan turfa xil narsalar
orasidan o‘zi va davrdoshlarining qalb og‘rig‘ini ifoda qilishi mumkin bo‘lgan meva – anordan
foydalandi va sixni ham kuydirmadi, kabobni ham. Bu kabi assotsiativ obrazlar vositasida asl
haqiqatga ishora qilish boshqa ijodkorlarda ham uchraydi, ammo maqolaning hajm imkoni
chegaralangani bois yuqoridagi tahlillar bilan cheklanamiz. Chunki maqoladan asl muddao ayni
shu adabiy an’ananing bugungi yoshlar ijodida ham davom etayotgani, yosh nosirlar hikoya
uchun maxsus assotsiativ obrazlar tanlash bilan salaflarga izdoshlik qilishayotganini
ko‘rsatishdir.
Jasur Kengboyevning “Yong‘oq qurti”, Javlon Jovliyevning “Mustabidning hasharotlari”
hikoyalarida qo‘llangan qurt, hasharot obrazlari yuqorida tahlil qilingan assotsiativ obrazlar
sirasiga kiradi.
Jasur Kengboyevning “Hadik” nomli hikoyalar to‘plami nashr qilinganiga ko‘p bo‘lmadi.
Kitob nomining o‘ziyoq muallifning voqelikka munosabati va xulosasini ifodalashga xizmat
qilgan. Insoniyat ongini nishonga olgan cheksiz, chegarasiz axborot oqimi ayrim qora
kuchlarning inson ongini osonlik bilan manipulyatsiya qilishga, boshqarishga, o‘z manfaati
yo‘lida foydlanishiga imkon yaratib bermoqda. Bugun videokontentlarni shunchaki ko‘rishning
o‘zi ham kishini kimningdir iste’molchisiga aylantiradi. Istalgan qora niyatli oqim osonlik bilan
yosh avlodni o‘z to‘dasiga qo‘shib olishi mumkin. Bugun ijtimoiy-ma’naviy vaziyat nihoyatda
qaltis. Boshqacha aytganda, bugun har bir ziyoli, millat kelajagi uchun qayg‘uradigan insonning
ong-u shuurida hadik bor. Buni J.Kengboyev his qiladi, o‘z o‘quvchilarini axborot oqimi oldida
nihoyatda hushyor bo‘lishga chaqiradi.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
94
Jasur Kengboyevning “Yong‘oq qurti” hikoyasidagi qurt obrazi insonlar ongiga joylashib
olib, uni yeb bitiradigan vayronkor g‘oyalarning, insonlar ishonchiga kirib olib, o‘z manfaati
yo‘lida qurbon qilib yuboradigan nafs bandalarining ramziy ifodasi bo‘lib kelgan. Hikoya talaba
Mahmudovning professor Daminov bilan to‘qnashuvi, referat tayyorlash uchun yong‘oqzorga
borishi va bog‘bon bilan suhbatlashish sahnasidan iborat. Adib hikoyada va’zxonlik qilmaydi,
mehr-oqibat, ezgulik haqida falsafa so‘qmaydi. U yong‘oq qurti obrazidan shunday mohirlik
bilan foydalanadiki, muallifning ijodiy niyatini kitobxon o‘zi tushunib oladi. Badiiy niyatni
obrazlar vositasida yorqin ifoda qilishning bunday ko‘rinishi, yuqorida aytib o‘tganimizday,
o‘zbek hikoyachilik maktabiga xos, avlodlar osha bo‘y ko‘rsatib turgan adabiy an’ananing
muvaffaqiyatli davom etayotganini ko‘rsatadi. Yong‘oqzorda talabani uchratgan bog‘bonning “–
To‘g‘risini ayt, seni kim yubordi bu yerga?”[2;35] – deb o‘smoqchilab so‘rashi, birov
yubormaganini bilgach homush tortib qolishini muallif umumiy dialog manzarasida qistirib
o‘tadi, detallashtiradi. Homushlik sababini adib hikoya so‘ngida oshkor qiladi: “Biz turgan keksa
tut tagida uch-to‘rt o‘qituvchimiz pichir-pichir qilayotganini eshitib qoldim.
-
Daminov domla yolg‘iz otasini uyiga sig‘dirmadi-ya… Rahmatli metal zavodning
tashlandiq bog‘ida yashab yurgan ekan…
Tanamni yashin urganday, karaxt bo‘lib qoldim”[2;40]. Syujetga ko‘ra, professor
Daminovning qalbiga “qurt” tushgan. U qari otasiga uyidan joy bermagan, qaramagan. Ota esa
tasodifan kelib qolgan talabani ham “O‘g‘lim yubormadimikan?” degan shubha bilan undan
xabar kutadi. Adib professor Daminovning otasiga qaramasligi sababiga to‘xtalmaydi. Chunki
bunga hojat yo‘q. Har qanday kuchli asos ham qari otani yolg‘iz tashlab qo‘yishni oqlamaydi.
O‘zbek bolasi bunday qilmaydi. Demak, professor Daminovning o‘zbekligiga, o‘zligiga “qurt”
tushgan. Ehtimol, qurt timsolidagi millatmiz tabiatiga xos bo‘lmagan illat sobiq mustabid tuzum
tartibotlari va targ‘ibotlari natijasida professorning qalbiga, ong-u shuuriga kirib qolgan va yeb
bitirgandir. “Qurt” obrazi hamma zamonda, hamma narsaning ramziy timsoli bo‘la olishi bilan
hikoyaning badiiy puxta bo‘lishiga xizmat qiladi.
Javlon Jovliyevning “Mustabidning hasharotlari” hikoyasida ham hasharot – assotsiativ
obrazning yana bir yangi namunasi o‘laroq namoyon bo‘lgan. O‘qishini endigina tugatgan
talabaning ish izlab sarson bo‘lishi, nihoyat topishi hikoya syujetini tashkil qiladi. Muallifning
asl ijodiy niyati hikoyaning uchta o‘rnida ko‘rinadi. Birinchisi, zararli hasharotlarga qarshi turli
dorilar ishlab chiqaradigan bo‘lim boshlig‘ining portreti chizilgan o‘rinda: “Bo‘lim boshlig‘i
ko‘rinishidan fayzli, xushmuomala, oltmish yoshlar atrofidagi holsizgina ko‘rinadigan odam
ekan. Boshidagi do‘ppisi o‘ziga yarashib turardi… Keksa xodim oq halat kiygancha ko‘k choy
ichib “O‘rtar” ashulasini tinglab o‘tirardi”[1;197]. Tasvirdan anglashiladiki, keksa xodim
o‘zbekona hayot tarzida yashaydi. Ammo hikoyadagi ayni shu xodim tilidan yangragan “-
Kechirasiz, bolam, men o‘zbekcha yoza olmayman…”[1;199] degan iqrorida o‘zbekona yashab,
o‘zbek bo‘lishga intilayotgan qahramonning aslida ona tilida mulohaza yurita olmasligi,
qanchalik urinmasin, mohiyatan o‘zbek bo‘lolmay, arosatda qolganini anglash mumkin.
Muallifning badiiy niyatiga ochqich vazifasini o‘taydigan yana bir muhim o‘rin roviyning dadasi
nutqida ko‘rinadi: “ – U odamni ayblama, tushun, -dedi so‘ngra dadam. – Uni shunday tarbiya
qilgan ota-onasida ham ayb yo‘qdir balki. O‘sha davrda. O‘sha havoda. Nafs bandalaridadir ayb,
bolam! U ham o‘zbek bo‘lib yashashni xohlaydi. Lekin mustamlaka hasharotlari bizning ildizni,
eshityapsanmi, bizning ildizni yo‘q qilishga uringan edi. Tilni, dinni, so‘ngra millatni. Ular
maqsadiga yeta olmadi. Lekin ancha-muncha ojiz insonlarning ildizlarini zaharlab yo‘q qilib
yubordi. Ba’zilarini butun umrga kasal qildi”[1;200]. Asl badiiy niyatini ramzlar qatiga
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
95
yashirmay, ochiq publitsistik ruh bilan ifodalash J.Jovliyev uslubiga xos. U J.Kengboyevdan
farqli ravishda mustabidning hasharotlari obraziga yuklagan ma’noni ochiq ifodalaydi, ya’ni
tilimizni, dinimizni, milliy an’analarimizni unuttirish, yo‘q qilish niyati bilan kishilar ongiga
joylangan mustabid tuzum g‘oyalarini – o‘simlik ildiziga joylashib olgan havfli hasharotga
qiyoslab, individual ramziy obraz yaratadi. J.Jovliyev hikoyasidagi kasallangan ildizini saqlab
qolishga urinayotgan keksa bo‘lim boshlig‘i, J.Kengboyevning milliy tarbiyasini qurt yeb
bitirgan qahramoni – professor Daminovlar uzoq yillik mustamlakachilik siyosatining
bugungacha omon qolgan qurbonlaridir.
Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations).
Tahlillardan a’yon bo‘ladiki,
badiiy obrazlarni davr voqeligi bilan assotsiativ ravishda o‘rganish adabiyotshunoslikda yangi
talqinlarga yo‘l ochadi. Nafaqat she’riyatda, balki nasrda ham assotsiativ obrazlarni qo‘llash
orqali asarning badiiy imkoniyatlarini kengaytirish mumkin. Hikoyadagi har bir obraz, har bir
detal yozuvchining badiiy niyatini ifodalashga safarbar etilishi kerak. Assotsiativ obrazlar
hikoyada alohida diqqat qaratilgani yoki noodatiyligi bilan ajralib turadi. Masalan, ho‘kiz, anor
va hasharot obrazlariga alohida diqqat qaratilganligi, qurt va maymun noodatiyligi bilan o‘zini
fosh qiladi. Assotsiativ obrazlarni o‘z holicha ham badiiy niyatni ifoda qilishga qodir, professor
Y.Solijonov ta’biri bilan aytganda, “tilga kirgan” obrazlar deyish mumkin.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Jovliyev J. Onam va koinot. – T.: “anorbooks”, 2022. – 272 b.
2.
Kengboyev J. Hadik. – T.: “Readbook”, 2024. – 160 b.
3.
Qo‘chqorova M. Nurilla Chori hikoyalarida neomifologizm unsurlari //
davron.uz/kutubxona/uzbek/marhabo-qochqorova-nurilla-chori-hikoyalarida.html
4.
Quronov D. Mutolaa va idrok mashqlari. – T.: Akademnashr, 2013. – 336 b.
5.
Quronov D
.
va bosh. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: “Akademnashr”, 2013.– 409 b.