YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
108
NAVOIYNING “TOPMADIM” RADIFLI G‘AZALI TARJIMASIDA MAZMUN VA
SHAKL BIRLIGI
Azilova Zuhra Gulmon qizi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti
azilovazuhra@gmail.com
ORCID: 0009-0004-4834-7887
https://doi.org/10.5281/zenodo.15727710
Annotatsiya
Ushbu maqolada Navoiyning “Topmadim” radifli g‘azali tarjimasi asliyat bilan qiyosiy
tahlil qilingani holda tarjimonning so‘z qo‘llash mahorati, badiiy san’atlarning saqlanishi,
shakl va mazmun muvofiqligi, vazn masalalari yuzasidan atroflicha so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
badiiy mahorat, tazod, talmeh, asl nusxa, poetik nafosat, tarjima, vazn.
Qoraqalpoq adabiyotida Navoiyga ixlos qo‘yib, uning lirikasini mahorat bilan
qoraqalpoq tiliga o‘girayotgan atoqli shoir Sag‘inbay Ibragimovdir. Tarjimon-shoir Alisher
Navoiyning “Bo‘lmasa”, “Etmas”, “Keldimu?”, “Bo‘lmasa bo‘lmasun netay”, “Ayt”, “Bo‘ldim
sango”, “Judo” radifli g‘azallari, shuningdek, bir qator ruboiylar, qit’alar, hikmatlarini tarjima
etdi. Xusasan, “Topmadim” radifli g‘azali S.Ibragimov tomonidan tarjima qilingan bo‘lib,
quyida uni asliyat bilan qiyoslaymiz:
Mehr ko‘p ko‘rgizdim, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone topmadim. [3:467]
“
Base
– ko‘p, benihoya nihoyatda, g‘oyat, shu qadar” [1:226], “
Oromi
– rohat istirohat
huzur” [1:526] ma’nolarini anglatadi. Asliyatda shoir mehr ko‘p ko‘rgizdim, ammo mehribon
topmadim, jonimni ko‘p fido qildim, jonim huzur topmadi demoqda. Demak, fikrlar orasida
ziddiyat tazod san’atini yuzaga keltirgan bo‘lib, bu quyidagi tarjimada ham aks etgan.
Kóplerge miyirman boldım – maǵan miyirman tappadım,
Kóplerge jan pıda qıldım, meni suygen jan tappadım. [2:16]
Tarjimada ham asliyatdagi mazmun mujassam. Unda lirik qahramonning yolg‘izligini,
ishq tufayli ozor chekayotgan qalb iztiroblarini anglash mumkin. “Oromi jone” so‘zi “meni
suygen jan” tarzida berilgan. O‘zbek tili izohli lug‘atida “oromijon” so‘zi “kishiga huzur
bag‘ishlaydigan” deya izohlanadi. Demak, ayni shunday fazilatlarga ega inson nazarda
tutilganligini tushunsak bo‘ladi.
“Kóplerge”, “miyirman”
so‘zi baytda ikki marta qo‘llanilgan.
Bu g‘azal ifodasida g‘aliz qo‘llanishdek taassurot uyg‘otadi. G‘azal qofiyalaridagi “o”, “e”
cho‘ziq unlilari o‘zgacha bir ohang kasb etgan. Shoir qofiya sifatida shu darajada hamohang
so‘zlarni tanlaganki, bu o‘quvchiga huzur bag‘ishlaydi. Asliyat bilan tarjimadagi qofiyadosh
so‘zlarni qiyoslasak:
1-bayt
da asliyatdagi
“mehribone, oromi jone”
qofiyasi tarjimada –
miyirman, jan
;
2-bayt
da asliyatdagi
“dilistone”
qofiyasi tarjimada yana
“jan”
tarzida
keltiriladi.
Uchinchi bayt asliyatda:
Ishq aro yuz ming malomat o‘qig‘a bo‘ldim nishon,
Bir kamon abro‘da tuzluqdin nishone topmadim (467-bet).
“Kamon abro‘”
– “qoshi kamalak, kamonga o‘xshash” deganidir. “Ishq aro yuz ming
ma’lomat o‘qiga nishon” bo‘lgan oshiq, bir qoshi kamonga o‘xshashda to‘g‘rilikdan nishon
topmaganidan shikoyat qiladi. Mazkur tasvirda yor qoshi nazarda tutilyapti. Ma’shuqaning
qoshi kamonga o‘xshatilib, hayotiy misol bilan izohlanmoqda. Qoshda to‘g‘rilikdan nishon
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
109
topish mumkin emas, negaki, qosh yoy kabi egik bo‘ladi. Shu ma’noda, mahbubada ham
to‘g‘rilikdan nishon topmaganligi asoslanadi. Shoir bu joyda dunyodan, ya’ni hech kimdan
to‘g‘rilikdan nishon topmaganligini ham bildiradi.
Tarjimada:
Íshqı dep boldım ishqıstalıq oǵına nıshana,
Bul qası kámanda tuwrılıqtan nıshan tappadım. (16-bet)
E’tibor bersak,
Yuz ming malomat o‘qi – ishqıstalıq
deb berilgan. Ishqıstalıq –
“qapashılıq, qayǵılıq, uwayımlıq” [4:67] ma’nonisini, malomat so‘zi ta’na, dashnom [1:219]
ma’nosini anglatadi. Ko‘rinadiki, bu ikki so‘z ma’nolari aynan bir xil emas. Asliyatdan yuz ming
ta’nalar o‘qiga nishon bo‘lish, ya’ni yuz ming ta’na dashnomga qolish ma’nosi, tarjimada yuz
ming so‘zlari tushirilib, faqat xafagarchilik o‘qiga nishon bo‘lganligini bildirgan.
To‘rtinchi misrada
“paykon – tikon” so‘zlari vositasida ohangdoshlik yuzaga kelgan. Bu
so‘zlar oldingi misradagi “nishon” so‘ziga ham qofiyadosh bo‘lib, shoir misralarni nafis
uyg‘unlikda bog‘lagan:
Ko‘nglum ichra sarv o‘qdir, g‘uncha – paykon, gul – tikon,
Dahr bog‘i ichra mundoq gulistone topmadim (467-bet).
Sarv o‘qqa, g‘uncha – kamon o‘qiga, gul – tikonga qiyoslanadi. Tarjimada esa sarv –
o‘qdir degan qiyos tushib qolgan. To‘g‘ri, “sadaq oǵı” bilan kamon o‘qi ikkalasi bir narsa, lekin
bizningcha, “paykon” so‘zining o‘zi qo‘llanilsa, baytda ohangdoshlik ta’minlanishiga erishilgan
bo‘lar edi.
Kóńlim ishre ǵumsha – sadaq oǵı, gúl – tiken,
Dúnya baǵı ishinde bunday gúlistan tappadım. (16-bet)
Beshinchi baytda ma’no asliyat bilan bir xil, lekin
“notovone”
qofiyadosh so‘zi
“biyshara”
deya tarjima qilinib, qofiyadoshlik ta’minlanmay qolgan:
Husn mulki ichra sendek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq yo‘lida o‘zumdek notovone topmadim (467-bet).
Tarjimada:
Húsn múlki ishinde sendey zalım shah kórmedim,
Íshqı jolında ózimdey biyshara tappadım, (16-bet)
“Notavon – zaif; ojiz; betoqat, notinch” [1:482], “biyshara – 1. músápir, ǵarip, bayǵus,
sorlı; 2. Jarlı, kámbaǵal, gedey, kemter; 3. Baxıtsız” [4:118] ma’nolarini anglatadi. Asliyat bilan
tarjimadagi so‘zlar mohiyati aynan mos emas. Bizningcha, “notavone” so‘zining o‘zini keltirib,
izohi berib ketilsa, qofiyadoshlik hamda jarangdorlik ta’minlangan bo‘lar edi.
Oltinchi bayt asliyatda:
Ko‘p o‘qudum, Vomiq-u Farhod-u Majnun qissasin,
O‘z ishimdin bulajabroq dostone topmadim (467-bet).
Tarjimada:
Kóp oqıdım Wamıq, Farhad, Majnun qıssasın,
Óz halımnan ájayıbıraq dástan tappadım. (16-bet)
Tarjimada talmeh san’ati saqlangan. Asliyatda ikkinchi misradagi “bulajabroq” so‘zi
ajablanarli degan ma’noda qo‘llanilgan. Ya’ni, baytdan Vomiq-u Farhod-u Majnun qissalarini
ko‘p o‘qidim, lekin o‘z ishimdan ajablanarliroq, hayratlanarli doston topmadim deyiladi.
Tarjimada esa ikkinchi misra ma’nosi o‘zgarib, ajoyibroq doston topmadim deb boshqacha
talqin qilinadi.
Asliyatda:
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
110
Tab’ ganjidin maoniy xurdasin, yuz qatla hayf,
Kim, nisor etmakka shohi xurdadone topmadim (467-bet).
Tab’ – mijoz, tabiat, ko‘ngil, xarakter; maoniy-ma’nolar; xurda – 1. mayda, reza; oltin
rezalari; 2. yashirin sir; nisor – sochish; xurdadon – mayda va nozik narsalarni biluvchi, nozik
fahm, o‘tkir nazokatli [1:433] degan ma’nolarni bildiradi. Baytdan yuz qatla hayf, ko‘ngil
xazinasidagi ma’nolarning yashirin sirini ochishga nozikfahm kishi topmadim degan ma’no
anglashiladi.
Tarjimada:
Dúrlerdi názik mánili bul ǵarip kóńlimdegi,
Jolına shashıwǵa diydi názik sáwer yar tappadım (17-bet).
Tarjimada
“Tab’ ganji – ǵarip kóńlim”, “maoniy xurdasi – názik mánili dúrler”,
“xurdadon – diydi názik sáwer yar”
deya o‘girilib, asliyatdagi ma’noni ochib berishga
harakat qilgan. Mumkin bu yerda Navoiy ko‘ngil sirlarini aytishga o‘ta nozikta’b, donishmand
bir kishini balkim, haqiqatan ham sevar yor topa olmaganligini aytayotgandir. Tarjimon
mazmunni ochib bergan, lekin ohangdoshlik saqlanmagan. Baytda “xurdadon” so‘zi qofiya
bo‘lib kelgan. Tarjimada esa “yar” so‘zi qo‘llanilib, qofiyadoshlik ta’minlanmagan. Xususan,
“G‘azal uchun asosiy, – zaruriy unsur – bu qofiya hisoblanadi, ichki ohangdorlik zaruriy
qofiyani va radifni kuchaytirishga xizmat qiladi.” [6:203]
Maqta’dagi mazmun asliyatdagidek ifodalangan:
Ul amon ichinda bo‘lsun, ey Navoiy, garchi men
Bir zamon ishqida mehnatdin amone topmadim (467-bet).
Tarjimada:
Ol amanlıq ishinde bolsın, áy Nawayı, máyli men,
Íshqı dúnyası ara bul janǵa ǵamnan amanlıq tappadım (17-bet).
“Amon” so‘zi “osoyishtalik”, “xalos bo‘lish” [1:87] degan ma’nolarni bildiradi. Asliyatda u
osoyishtalik ichida bo‘lsin, garchi men bir zamon yor ishqida mehnatdan qutulmadim deyiladi.
Tarjimada “mehnat” so‘zi “ǵam” deb to‘g‘ri berilgan. Sababi, mehnat – “musibat”, “g‘am, dard”,
“mashaqqat” [1:300] degan ma’nolarni bildiradi. Demak, ishq dardidan bir nafas ham xalos
bo‘lmadim degan mazmun anglashiladi. Tarjimada ham “amanlıq” so‘zi ikki xil ma’noda
qo‘llanilgan. Ammo
“amone”
so‘zi
“amanlıq”
deb keltirilishi natijasida, qofiya buzilgan.
Tarjimada asl nusxaning mazmuni va shakli aynan qayta yaratilsa, uni asliyatga aynan
muvofiq adekvat tarjima desak bo‘ladi. Zero, “She’riy janrlar ichida lirikani tarjima qilish injiq
ish. Ayniqsa, Sharq lirikasini va, xususan, g‘azalni tarjima qilish yanada murakkab” [5:207].
G‘azal ramali musammani mahzuf vaznida yozilgan bo‘lib, tarjimada vazn saqlanmagan.
Misralardagi bo‘g‘inlar soni har xil. Bu tarjimonning uslubi, erkin vaznda ijod qilishi bilan
izohlash mumkin. Ammo baribir g‘azalni o‘z vaznida tarjima qilish lozim. Chunki g‘azalning
butun jarangdorligi unga munosib vazn topilganda namoyon bo‘ladi. Shoirning Navoiy
asarlari tarjimasiga qo‘l urishi qoraqalpoq adabiyotida muhim yangilik bo‘ldi. S.Ibragimov
tarjimalarida shoirona did, badiiy mahorat, poetik nafosat, obrazli talqin yaqqol sezilib turadi.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
111
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати (Фозилов Э. И. Таҳрири). 1-2-3-
том. – Tошкент: Фан, 1983, 1983, 1984. – Б. 226, 219, 433.
2.
Ibragimov S. Aytmuratov D. Álisher Nawayı. Ǵázzeller. – Nókis: Qaraqalpaqstan baspası,
2020. – B. 79.
3.
Навоий A. Топмадим. – Т.: Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти.
1988. – Б. 467
4.
Қарақалпақ тилиниң түсиндирме сөзлиги. II, IV том. Нөкис Қарақалпақстан, 2023.
– Б. 67. 2023. – Б. 118.
5.
Саломов Ғ. Таржима назарияси асослари. – Тошкент: Ўқитувчи, 1983. – Б. 232.
6.
Саломов Ғ., Комилов Н. Дўстлик кўприклари: (Поезия ва таржима). Т.: Адабиёт ва
санъат нашриёти, 1979. – Б. 224.