YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
105
KUZATAYOTGAN INSON FALSAFASI
Ubaydullayeva Gulruh Gʻayratovna
Qarshi davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi
E-mail: gul1888@mail.ru
ORCID 0009-0004-2402-8945
https://doi.org/10.5281/zenodo.15727682
Annotatsiya
Ushbu maqolada Xurshid Doʻstmuhammadning “Quza” qissasi misolida inson falsafasi,
xususan, insonning ichki olami, hayot va taqdir haqidagi mulohazalari tahlil etiladi. Asardagi
bosh qahramonning kechinmalari orqali insonning jamiyatdagi oʻrni, xotira va qadriyatlarga
boʻlgan munosabati, shuningdek, ruhiy izlanishlari falsafiy nuqtayi nazardan yoritiladi. Muallif
inson tabiatidagi murakkab va ziddiyatli holatlarni obrazlar orqali chuqur ifoda etgan.
Maqolada shu jihatlar tahlil qilinib, asarning falsafiy-maʼrifiy yuklamaga ega ekani asoslab
beriladi.
Kalit soʻz va soʻz birikmalari:
qissa, kuzatish, kuzatilish, psixologizm, hayot falsafasi,
motiv, folklor motivlari, globallashuv.
Qissa oʻzining xususiyatiga koʻra, insonni bilish, anglash, anglatish odatini ham tark
etgani yoʻq. Insoniyat azal-azaldan mana shu rang-baranglikni, murakkablikni oʻrganishga,
uning sir-asrorlaridan voqif boʻlishga intilib kelmoqda. Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov
taʼkidlaganidek, “Badiiy asar sohibi har doim ham oʻz qalbida kechayotgan tuygʻularni, inson
va borliq xususidagi hissiy qarashlarni qogʻozga toʻliq ifoda eta olmaydi. Shu sabab
muallifning maʼnaviy dunyosi, badiiy olami matnda ifodalangan mazmunga nisbatan ancha
keng boʻladi. Tushunishdagi subyektivlik ham, tarixiylik ham, psixologizm ham ana shu
jihatni inobatga oladi”[3,6]. Xurshid Doʻstmuhammadning “Kuza” nomli qissasi ham adabiy-
falsafiy ruhda yozilgan boʻlib, unda hayot falsafasi, insonning yashash tarzi, koʻngilda
tugʻiladigan bir-biriga qarama-qarshi murakkab tuygʻular, kuzatish va kuzatilishning ogʻir
yuki, nazar-eʼtiborning oqibatlari haqida soʻz boradi. Asarning asosiy qahramonlaridan biri
Ustozning fikricha, inson hayotining boshidan oxiri nazar-eʼtibordan iborat. Insoniyat doimo
oʻzidan boshqa kimnidir kuzatadi...
“ –Hamon hamma hammaning kuzatuvida ekan, odamni odam qiladigan ham, qora yer
qiladigan ham – ana shu kuzatuv, ana shu nazar-eʼtibor! Yaxshilab oʻylab qaralsa, butun
insoniyatning yashash tarzi yaxlit olganda kuzatish va kuzatilishdan iboratga
oʻxshaydi.Odam– kuzatuvchi va kuzatiluvchi maxluq..” [5,464].
Inson dunyoga kelibdiki, u kimlardir tomonidan kuzatiishga mahkum. Dastavval uni
chaqaloqlik paytida kuzatisha boshlashadi. Tashqi kiyofasi kimga oʻxshaganligini, jajji
barmoqchalarini qimirlata olishini, begʻubor kulgularini, ilk bor aytgan soʻzlarini, ilk
qadamlarini, xullas, bari-barini kuzatuvchilar eʼtiborida. Vaqt oʻtib odamzod bir-birini oʻzaro
kuzatib yashashga mahkum, hayotni, yashash mazmunini, yaxshiliklarning fazilatini,
xatolarning mudhish oqibatlarini bir-biridan koʻrib oʻrganish uchun ham kuzatishga
mahkum jonzotga aylanadi. Asar mavzusi Temur Poʻlatovning “Gʻoyibning ikkinchi safari”
qissasini eslatadi. Bundan koʻrinadiki, kuzatish motivi falsafiy qissachilik uchun anʼanaviy
motivlardan biridir. Adib asar qahramoni Ustoz obrazini ana shunday kontrast tuygʻular
fonida tasvirlay olgan. Ustoz nazar-eʼtibor, kuzatish va kuzatilish haqida oʻzaro bir-biriga
qarama-qarshi fikrlarini bayon qiladi. Jumladan, Ustozning shunday soʻzlari bor: “ ....nazar-
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
106
eʼtiborning ming bitta moʻjizasi bor... Odamni izzat-obroʻsini oshiradi, shon-shuhratini
toshiradi. Martabasini, unga qoʻshib davlatini ziyoda qiladi... Tarbiyalaydi, yoʻlga soladi...
Esdan ogʻdiradi... yurak oʻynoqi qiladi... Maxluqqa aylantiradi, qora yerga tiqadi...” [5,463].
Kuzatilish, kimlarningdir nazar-eʼtiborida boʻlish vaqt oʻtgan sayin inson uchun oqriqli holatga
aylanaveradi. Zero, inson tabiati, ruhi har doim ham erkka, erkinlikka tashna. Kuzatilish,
yozuvchi aytganidek, nazar-eʼtibor insonni toliqtirib, esdan ogʻdiradi, qaro yerga tiqadi...
Kuzatish, kuzatilish, nazar-eʼtibor hammaning nazarida har xil talqin qilinadi. Qissadagi uch
obraz shu jihatdan uch xil rakursda kuzatilgan. Ustoz shogirdi boʻlmish Umid nazarida
birovlar nazar-eʼtibori goʻyo insonning yelkasini bosib turgan ulkan bir togʻ. Aziz nazarida
esa odamlarning qarashlari, u haqida bildirilayotgan fikrlarning qiymati ahamiyatsiz.
Farhodning fikricha esa, odamlarning nigohi, ularning gap-soʻzi va odamgarchilikning oʻrni
beqiyos.
Yozuvchining mahorati shundaki, qissadagi uchta doʻst – Umid, Farhod, Azizlar timsolida
uchta nuqtayi nazar , inson tiynatiga xos uch xil qarashlarni umumlashtirib, uni xalq ohzaki
ijodi, motivlari bilan boyitgan. Qissada folklor motivlarida uchraydigan uch ogʻa-ini botirlar
obraziga xos uchlik ramzlari mujassam. Uchta doʻstning uch xil dunyoqarashi, uch xil
yashash tarzi mavjud. “Uch ogʻa- ini botirlar” ertagiga monand uch doʻstning fikrlash tarzi,
dunyoqarashi, tasviri orqali hozirgi globallashuv davriga xos xarakter xususiyatlarni yorita
olgan.
Asardagi Ustoz obrazi yozuvchi nuqtayi nazarini ifodalashda oʻziga xos oʻringa ega.
Ustoz tajriba qilib koʻrmoqchi boʻlgan kuzatilish nazariyalarini Aziz amalda oʻzida his qilib
koʻrgan. Asar soʻngida ruhiyatidagi bunday bezovtalikni, nega xorijda ketib qolganligining
sababini kashf etgandek boʻladi. Kuzatilishni yoqtirmagan, odamlarning gap-soʻziga parvo
qilmaydigan Azizdek inson ham xorijdagi insonlar hayotini kuzatadi va kuzatganlarini
doʻstlari bilan suhbatlashganda soʻzlab beradi. Ushbu asar haqida adabiyotshunos Shuhrat
Rizayev shunday yozadi: “Kuza...” boshdan-oxir tamom majoziylikka qurilgan asar Ernest
Xemenguey aytmoqchi, oʻndan biri suv yuzida, qolgani suv ostida boʻladigan muz togʻ-
aysberg misol tamoyil deyarli har satriga singdirilgan bu asarni ham hamdardlik, ham
muallifdoshlik kayfiyati bilan mutolaa qiladi, oʻquvchi.
Asarning kompozitsion qurilishi uni mutolaa qilayotgan kitobxonga bir oz qiyinchilik
tugʻdiradi. Qissaning kompozitsion qurilishi boshqa asarlardan ancha farqlanadi. Peyzaj
tasviri asarning boshidan oxiriga qadar bir-ikki qisqagina oʻrinlarni hisobga olmaganda
deyarli uchramaydi. Boshqa qissalardan farqli oʻlaroq syujet chizigʻi bir tekisda kechmaydi.
Shuhrat Rizayev shunday yozadi: “Oʻtgan asr soʻnggi choragida eng mashhur intellektual
oʻyinlardan biri bu kubik-rubik edi. “Kuza...” qissasining kompozitsion qurilishi ana shu
oʻyinni eslatadi. Kubikning har xil rangdagi yassi boʻlaklarini bir rangdagi butunlikka
keltirish uchun necha bora aylantirib moslashtirilgandek, asardagi parchalarga boʻlinib-
sochilib yotgan bir butunni tiklash, yaʼni lavha, tafsilot, tasvirlar, voqea va holatlarni ongda
muayyan tizimga, yaxlitlikka keltirib olish kerak boʻladi”[9,161]. Asarda insonparvarlik,
odamgarchilik ruhining mavjudligi bilan bir qatorda yakka insonning manfaatlarini ustun
qoʻyish, kuzatilish yukidan xalos boʻlish uchun xorijga ketgan odamning fojeiy yolgʻizligi
tadqiq qilingan. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib qaralsa, asar labirintga ham oʻxshab
ketadi. Yuqorida keltirilgan fikrlarni hisobga olgan holda, ushbu qissada modern
yoʻnalishidagi tasvirlar bor, deb aytishimiz mumkin.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
107
Asar Ustozning vafoti va Qurʼon Karim tilovati bilan yakun topadi. Ustozning vafoti asar
nomlanishi bilan bogʻlikdek tuyuladi. Qissa “Kuza...” deb nomlangan. Bunday nomni eshitgan
kitobxonga bu soʻz dastlab tushunarsizdek tuyuladi. Hamma narsa ham koʻringanidek
boʻlavermaydi. Dastlab tushunarsizdek, bir oz mavhumlikni ifodalab turgan qissa nomi asar
matnini oʻqiganingiz sari oʻz sirlarini ocha boshlaydi. Bu soʻzning maʼnosini toʻliq tushunib
yetish uchun izohli lugʻatlarni qarash zarur. Kuza(moq) soʻzining bir necha maʼnolaridan biri
oʻzbek tilining izohli lugʻatida Ketmoq, joʻnamoq (biror marosim,mehmondorchilikdan
soʻng)” tarzida berilgan [7,420].
Bizningcha, yozuvchi qissani nomlashda mana shu maʼnoni nazarda tutgan boʻlsa kerak.
Chunki, har bir inson bu dunyoga mehmon, unda shohu gado ham, olimu fozil ham, donoyu
nodon ham yashab oʻtadi. Faqat inson oʻlchab berilgan umrni qanday yashab oʻtdi-yu, vaqtni
nimalarga sarf qildi, shunisi muhim. Qissamiz qahramoni Ustoz ham bu dunyoga mehmon edi.
Yillar oʻtib, vaqt tugab, mehmondorchilik ham oʻz nihoyasiga yetdi. Ustoz ham bu dunyoni tark
etdi. Tafakkurli inson uchun hayotning har lahzasi saboq. Ustoz ham hayotning har lahzasini,
har onini, undagi insonlarni, ularning fikrlarinini, yashash tarzini kuzatib, kuzatilishning ogʻir
yuki, nazar-eʼtiborga tushgan insonlarning ruhiy holatlarini oʻrgandi, nazariyalar yaratdi.
Dunyoni kuzatganlari asosida bilishga intildi hamda oʻrganganlarini shogirdlariga va
kitoblariga singdirib ulgurdi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Hamdamov U. Ruhni uygʻotguvchi soʻz (Ilmiy va publitsistik maqolalar, taqrizlar,
suhbatlar). – Toshkent, Turon zamin ziyo, 2017y.
2.
Ulugʻov A. Qissachiligimiz qirralari. – Toshkent, Oʻqituvchi, 1991y.
3.
Karimov Bahodir. Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur. – T.: Akademnashr, 2014y.
4.
M. Xolbekov XX asr modern adabiyoti. – Toshkent, Mumtoz soʻz. 2014.
5.
Xurshid Doʻstmuhammad. Qissalar. Kuza qissasi. – Toshkent, 2011y.
6.
Xrapchenko M. B. Tvorcheskaya individualnost, pisatel i razvitiye literaturы. M.: Nauka,
1975.
7.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot
instituti. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A.Madvaliyev tahriri ostida. 5 jildlik. – Toshkent, 2012.
8.
Sharafiddinov O. Modernizm- joʻn hodisa emas //Ijodni anglash baxti. –T.: Sharq, 2004.
9.
Shuhrat Rizayev. Yaxshi “yomon” odam yoxud yangilangan realizm. Yozuvchi Xurshid
Doʻstmuhammad portretiga chizgilar.// Sharq yulduzi. 2011. № 3 son. – B.161.