YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
100
QARDOSH XALQLAR ADABIY ALOQALARIDA TARJIMANING O‘RNI VA
ESTETIK TALQINI
Dadebayeva Malika Miratbayevna
Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15779399
Annotatsiya.
Ushbu maqolada o‘zbek xalqining ardoqli shoiri Muhammad Yusuf
she’rlarining qoraqalpoqcha tarjimalari haqida fikrlar o‘z ifodasini topgan bo‘lib, so‘z
san’atkorining o‘zbek tilidagi va qoraqalpoq tilidagi she’rlari tahlilga tortilgan. O‘zbek va
qoraqalpoq adabiy aloqalarida tarjimaning o‘rni va estetik talqini haqida fikrlar ifodalangan.
Kalit so‘zlar.
O‘zbek adabiyoti, qoraqalpoq adabiyoti, lirika, adabiy aloqa, o’ziga xoslik,
badiiylik, milliylik, badiiy tarjima, lirik qahramon.
O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi adabiy va og‘zaki ijodning yaqinligi, ularning
umumiy madaniy o‘tmishini tasdiqlaydi. Bu xalqlarning og‘zaki ijodiy asarlari, masalan,
«Alpomish», «Edigey», «Maspatsha» kabi dostonlar, birgalikda umumturkiy merosni tashkil
etadi. Bu asarlar o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari uchun bir xil ahamiyatga ega bo‘lib, xalq
xotirasida saqlanib kelgan va turli madaniyatlar o‘rtasidagi almashuvlarni ifodalaydi. Bunday
o‘xshashliklar faqat formal jihatlarda emas, balki semantik mazmunida ham o‘z aksini topadi.
Bugungi globallashuv davrida xalqlar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy
aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu jarayonda adabiy munosabatlar muhim o‘rin
tutadi. Ayniqsa, qardosh xalqlar bo‘lmish o‘zbek va qoraqalpoq adiblarining bir-biriga mehr
bilan yondashib, ijodiy aloqalarni rivojlantirishi xalqlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va
ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Adabiy tarjima esa bu jarayonning
asosiy ko‘priklaridan biri bo‘lib, u millatlararo madaniy integratsiyaning ham muhim
vositasiga aylangan.
Tarjima — bu nafaqat til vositasida matnni o‘girish, balki muallifning fikri, tuyg‘usi,
ruhiy holatini boshqa tildagi o‘quvchiga yetkazish san’atidir. Tarjimon shoirning ichki olamini,
asarning badiiy-estetik qatlamlarini chuqur anglamasdan turib, sifatli tarjima yaratishi amri
mahol. Shu sababdan ham tarjimon nafaqat ikki tilni mukammal bilgan, balki har ikki xalqning
madaniy va ruhiy qadriyatlaridan xabardor, badiiy tafakkurga ega bo‘lgan ijodkordir. Shu
jihatdan tarjima bilan shug‘ullanuvchi ijodkor, aslida, o‘z xalqining madaniy elchisi, xalqlar
o‘rtasidagi ko‘prik quruvchi ijodkor sifatida qaraladi.
O‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri — Muhammad Yusuf she’riyati ham
qoraqalpoq adabiyot muxlislari qalbidan chuqur joy olgan. Uning she’rlari Bazarbay Seytayev,
Keńesbay Karimov kabi qoraqalpoq shoirlari tomonidan tarjima qilinib, zamonaviy
qoraqalpoq adabiy merosiga ham singdirildi. Bu tarjimalar orqali nafaqat bir asar ikkinchi
tilga ko‘chirildi, balki ikki xalq o‘rtasidagi madaniy uyg‘unlik, hissiy yaqinlik va estetik
tafakkurdagi umumiylik ham namoyon bo‘ldi.
Xususan, Muhammad Yusufning “Xavotir” nomli she’ri har ikki tarjimon tomonidan
o‘ziga xos yondashuv asosida tarjima qilingan. Asliyatda “Yig‘lashni ham bilmas mening
qizlarim...” misrasi shoir yuragidagi og‘riqli tuyg‘ularni ifodalasa, Bazarbay Seytayev bu fikrni
“Joqlawdı bilmeydi meniń qızlarım” shaklida tarjima qilgan. Bu yerda “joqlaw” so‘zining
tanlanishi bejiz emas. Qoraqalpoq tilidagi bu so‘z oddiy yig‘idan ko‘ra murakkabroq ma’naviy
yukga ega: u faqat ko‘z yoshi emas, balki marhumni madhiya bilan, an’anaviy kuylash orqali
yod etishni bildiradi. Bu esa tarjimada shoir ifoda etgan dardning ko‘lami yanada
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
101
kengayganini ko‘rsatadi. Tarjimon bu yondashuvi orqali nafaqat so‘z o‘girdi, balki o‘z
xalqining lingvomadaniy xususiyatlarini she’rga tabiiy singdirishga erishdi.
Keńesbay Karimov esa “Jılawdı bilmeydi-aw, meniń qızlarım” degan misra orqali
ma’noni yanada kuchaytirgan. Bu yerda “-aw” yuklamasi kuchaytiruvchi, ta’sirchanlikni
oshiruvchi ohangdosh vosita bo‘lib, she’rning emotsional ruhini yanada kuchaytiradi. Shu
tariqa har ikkala tarjimon ham o‘z yondashuvi bilan asarning mazmunini, ruhini saqlab
qolishga, uni yangi madaniy kontekstda yana bir bor jonlantirishga muvaffaq bo‘lganlar.
Tarjima jarayonida shoir fikrini to‘liq anglash, uning tuyg‘ularini his etish, asarning ichki
ritmi, musiqiyati va estetik ruhi bilan uyg‘unlikda ishlash talab etiladi. Bu esa tarjimonni oddiy
vositachi emas, balki ijodiy hamkor, asarning qayta yaratuvchisi sifatida ta’riflashga asos
bo‘ladi. Tarjima jarayonida milliy mentalitet, xalqning dunyoqarashi, an’anaviy qadriyatlari
bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, poeziya tarjimasida har bir so‘z, har bir obraz, har bir
ohang muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhammad Yusufning she’riyati o‘zbek xalqining ruhiyatini, yurak ohangini ifoda etadi.
Bu she’rlar tarjima qilinar ekan, ular boshqa bir xalq — qoraqalpoq xalqining ruhiy olamida
ham o‘z aks-sadosini topmoqda. Bunday jarayon esa tarjima orqali ikki xalq orasida yurakdan
yurakka, tuyg‘udan tuyg‘uga uzatilayotgan samimiy rishtalarning mavjudligini anglatadi.
Ayniqsa, “Biz baxtli bolamiz” nomli she’riy to‘plamning qoraqalpoq tilida nashr etilishi,
“Amudaryo” jurnalida Muhammad Yusuf asarlarining tarjimalari berilishi bunday adabiy
muloqotning aniq va yorqin dalilidir.
Shu jihatdan qaralganda, bugungi yosh avlod uchun bunday tarjimalarni o‘rganish,
ularning badiiy-estetik mezonlarini anglash va ular orqali millatlararo do‘stlikni
mustahkamlash dolzarb vazifadir. Tarjima orqali faqat til emas, balki madaniyatlar,
mentalitetlar, hissiyotlar ham bir-biriga yaqinlashadi. Bu yaqinlik esa tinchlik, barqarorlik,
o‘zaro hurmat va ma’naviy uyg‘unlikning asosiy omillaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, Muhammad Yusuf she’riyatining qoraqalpoq tiliga tarjima
qilinishi, bu boradagi tarjimonlarning yondashuvi va badiiy mahorati ikki xalq o‘rtasidagi
adabiy aloqalarning qanchalik mustahkam, samimiy va ma’naviy boy ekanligidan dalolat
beradi. Tarjimonlar bu asarlar orqali kitobxon qalbiga yo‘l topgan, ikki xalq orasida do‘stlik
rishtalarini yanada mustahkamlagan. Bugun ularni o‘rganish, qadrlash va davom ettirish esa
biz — yosh avlodning ma’naviy-ma’rifiy burchidir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Muhammad Yusuf. Saylanma,. – Toshkent: Sharq, 2007.
2.
Seytayev B. Biz baxitli bolamiz,. – Nukus: Qaraqalpaqstan, 2004.
3.
G‘ofurov I., Mo‘minov O., Qambarov N. Tarjima nazariyasi., – Toshkent:Tafakkur bo‘stoni,
2012.