YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
96
INGLIZ GAZETA DISKURSIDA FE’L KOMPONENTLI KOLLOKATSIYALARNING
LINGVOPRAGMATIK XUSUSIYATLARI
Gʻapporov Baxriddin Baxtiyor oʻgʻli
University of Business and Science katta oʻqituvchisi
E-mail: bahriddingapporov91@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15779374
Annotatsiya.
Maqolada fe’l komponentli kollokatsiyalarning ingliz gazeta diskursidagi
lingvopragmatik funksiyalari tahlil etiladi. Kollokatsiyalarning lingvopragmatik tadqiqi uchun
“Sketch Engine” korpus bazasidagi “Broadsheet newspapers” boʻlimidagi ma’lumotlardan
foydalanilgan. Lingvopragmatika kontekstda ma’no yaratish, nutqiy maqsadni ifodalash
hamda ideologik pozitsiyani yashirin yetkazish vositasi sifatida qaraladi. “Fuel speculation”,
“resign from office” va “grant amnesty” kabi kollokatsiyalar misolida ularning implikatura,
presuppozitsiya hamda nutq aktlari nazariyalari asosida qanday ishlashi ko‘rsatilgan. Tahlil
shuni anglatadiki, kollokatsiyalar faqat til birligi emas, balki ijtimoiy-siyosiy haqiqatni
ifodalovchi va uni shakllantiruvchi pragmatik vositadir.
Kalit so‘zlar:
lingvopragmatika, fe’l komponentli kollokatsiya, implikatura,
presuppozitsiya, nutq aktlari, gazeta diskursi, pragmatik tahlil.
KIRISH
Lingvopragmatika tilshunoslikning nisbatan yangi, ammo jadal rivojlanayotgan
zamonaviy yoʻnalishlaridan biridir. U tilni faqat abstrakt belgilar tizimi sifatida emas, balki
haqiqiy muloqot jarayonida, muayyan kontekstda, ma’lum bir maqsad bilan qoʻllaniladigan
vosita sifatida oʻrganadi. Uning diqqat markazida til birliklarining nutqda qoʻllanilish
qonuniyatlari, soʻzlovchining maqsadlari, tinglovchining talqini va ular oʻrtasidagi
munosabatlar turadi. Pragmatika - ma’noning kontekstga bogʻliq boʻlgan, mazmun yoki
mantiqiy shaklni qurishda tizimli ravishda e’tibordan chetda qoldiriladigan jihatlarini
oʻrganishdir.
Gazeta diskursi oʻziga xos til, pragmatika hamda uslubga ega ekanligi tufayli, unda faol
qoʻllanuvchi soʻz birikmalarining, jumladan, fe’l komponentli kollokatsiyalarning
lingvopragmatik tadqiqini amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Kollokatsiyalar
tahlilida pragmatik subkategoriyalar muhim vazifa bajaradi. Biz ular yordamida gazeta
matnlaridagi fe’l komponentli kollokatsiyalarni ma’noviy guruhlarga ajratib chiqishimiz
mumkin.
H.P.Grays pragmatik subkategoriyalar ichida dastlab, “
implikatura”
terminiga murojaat
qiladi.
Olimning fikricha, “implikatura” - soʻzlovchining shunchaki aytgan soʻzlari emas, balki u
oʻz nutqida nimani nazarda tutganligi, ya’ni kommunikativ maqsadidir. Kommunikativ
maqsad bevosita ifodalangan fikrdan ancha boyroq boʻladi, chunki lingvistik ma’no soʻzlovchi
yetkazmoqchi boʻlgan xabarni toʻliq ifodalab bera olmaydi. Soʻzlovchi bu boʻshliqni toʻldirish
uchun pragmatik unsurlardan oʻrinli foydalanadi va tinglovchi xabarni anglashi uchun xuddi
shu prinsiplarga tayanishi kutiladi.
“The coalition has said that it is keen to encourage outside investment in new nuclear
plants and the arrival of Toshiba
will fuel speculation
that the Japanese group will play a role
in future ventures.” (The Times. 2013-yil, dekabr) gapidagi “fuel speculation”
verb+noun
kollokatsiyasi soʻzma-soʻz tarjima qilinganda “taxminlarga yoqilgʻi quymoq” degan gʻaliz
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
97
ma’noni anglatadi. Ibora aynan rasmiy gazeta matnida qoʻllanayotganligi sababli “fuel”
“kollokanti” “avj oldirmoq, kuchaytirmoq” degan koʻchma ma’noni ifodalab kelgan. Demak,
misoldagi “fuel speculation” kollokatsiyasi “taxminlarni avj oldirmoq, kuchaytirmoq” shaklida
berilganda, jurnalist “implikatura”dan mohirona foydalanayotganligiga guvoh boʻlamiz. Bunda
jurnalist oʻzining biror vaziyat yoki holatga nisbatan tanqidiy pozitsiyasini yashirin holda
oʻquvchiga yetkazishga urinishini kuzatish mumkin. Bundan tashqari, rasmiy gazetalarda
hukumat yoki rasmiylarga nisbatan boʻlayotgan turli xil ayblov yoki tanqidlarni bilvosita
ifodalash uchun yuqoridagi kabi kollokatsiyalar qoʻllanishi tabiiy.
“Resign from office”
verb+preposition+noun
kollokatsiyasi gazeta matnlarida ayniqsa,
sarlavhalarida tez-tez koʻzga tashlanadi. “Resign” fe’li biror shaxs ish joyini, lavozimini yoki
mansabini ixtiyoriy ravishda, rasman tark etishini anglatadi. Bu shunchaki “lavozimni tark”
emas, balki koʻpincha rasmiy ariza yoki bayonot bilan amalga oshiriladigan ongli qarorni
bildiradi. Uning asosida ixtiyoriylik va rasmiylik yotadi. “From” predlogi “biror joydan,
manbadan ajralish, ketish” ma’nosini ifodalaydi. “Office” ot soʻz turkumiga oid soʻz keng
ma’noda “idora”, “muassasa”ni anglatsa-da, bu oʻrinda esa “office” kollokanti “mansab”,
“lavozim” yoki “yuqori martaba” ma’nolarida keladi. Bu ibora odatda yuqori martabali davlat
xizmatchilari jumladan, president, bosh vazir, hokim, senator va boshqalarning “oʻz ixtiyori
bilan lavozimlaridan ketishini (“iste’foga chiqishini”)” bildiradi. Rasmiy amaldorlar egallab
turgan lavozimini ixtiyoriy tark etishi murakkab va koʻp qirrali jarayon sanaladi. Bunda
amaldor oʻz lavozimida qolishning foyda yoki zararlarini iste’foga chiqishning potensial
oqibatlari bilan taqqoslaydi hamda hal qiluvchi qarorga keladi. Kollokatsiyalarning faqatgina
lingvistik xususiyatlarigagina e’tibor qaratish bilan iborani kontekstual ma’nosini toʻliq anglab
boʻlmaydi, chunki matn pragmatikasi odatda sintaktik va semantik konstruksiyalar orqali
ifodalanmaydi. Quyida “resign from office” kollokatsiyasini pragmatik belgi-xususiyatlarini
koʻrib chiqamiz.
a) strategik chekinish;
Bunda rasmiy amaldor oʻzi faoliyat yuritadigan tashkilotni ehtimoliy zarar hamda
muammolardan saqlab qolish uchun mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishi tushuniladi. Uning
iste’fosi nafaqat tashkilot uchun, balki oʻzi uchun kelajakda lavozimga qayta saylanishiga
imkon yaratishi mumkin. “One of Mongolia’s most senior politicians says he is considering
resigning from office
after being confronted with evidence of his offshore entity and secret
Swiss bank account.” (The Guardian. 2013-yil, aprel) misolida Mongoliya siyosatchilaridan
biri ofshor tashkiloti va yashirin Shveytsariya bank hisobiga oid dalillarga duch kelganidan
soʻng, lavozimidan iste’foga chiqishni koʻrib chiqayotganini aytganligi haqida soʻz boradi. Bu
oʻrinda “ixtiyoriy iste’fo”ga asosiy sabablardan biri sifatida siyosatchining korrupsiyaga oid
jinoyatlarni sodir etganlikda tergov harakatlari jiddiy tus olishini oldini olish hamda sudning
ogʻir jazolaridan qutulib qolishini keltirish mumkin. Bundan tashqari, u oʻzi faoliyat
yuritadigan tashkilotning omma koʻz oʻngida obroʻsizlantirishdan saqlab qolishni koʻzlagan
boʻlishi mumkin.
b) shaxsiy sabablar;
“James Brokenshire
has resigned from office
as Northern Ireland secretary as he is to
undergo surgery for a lesion on his right lung.” (The Guardian. 2018-yil, yanvar) gapida
Shimoliy Irlandiya davlat kotibi Jeyms Brokenshir sogʻligidagi muammolar tufayli egallab
turgan lavozimidan ixtiyoriy voz kechishi tasvirlangan. Bu hodisa aynan rasmiyning biror
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
98
qilgan qilmishi tufayli jamoatchilik hamda OAV tomonidan qilinayotgan bosim ortidan
iste’foga chiqishini anglatmaydi.
c) siyosiy bosim tufayli;
“The Watergate scandal, which led Richard Nixon to become the only US President to
resign from office
, began with a burglary at 2.30 am on June 17, 1972, when five men were
arrested trying to bug the offices of the Democratic National Committee at the Watergate
hotel and apartments complex in Washington.” (The Times. 2005-yil, iyun) gapida “Uotergeyt
mojarosi” tufayli AQSh prezidenti Richard Niksonni iste’foga chiqqani haqida ma’lumot
berilgan. Buning sababi shundaki, 1972-yil 17-iyundagi Uotergeyt mehmonxonasidagi
Demokratik Partiya Milliy Qoʻmitasi ofislariga bostirib kirish shunchaki oddiy oʻgʻirlik yoki
josuslik harakati emas edi. Asosiy muammo oʻgʻirlikning oʻzida emas, balki uning ortidan
kelgan va Oq Uy, jumladan Prezident Nixonning oʻzi tomonidan uyushtirilgan keng koʻlamli
yashirin harakatlarda edi.
“Still, lawmakers in both parties said Sunday that they are reluctant to
grant amnesty
to
Edward Snowden, the former NSA contractor who stole a trove of classified documents before
fleeing the country.” (The Washington Times. 2013-yil, dekabr) gapida “grant amnesty” (avf
e’lon qilmoq, amnistiya bermoq) kollokatsiyasi siyosiy va huquqiy sohalarda keng
qoʻllaniladigan, oʻzida muayyan hukumat vakolatlari va institutiyaviy tuzilmalarni aks
ettiruvchi soʻz birikmasidir.
Verb-noun
kollokatsiya tarkibidagi “grant” fe’li koʻpincha “bermoq” degan ma’noni
anglatib, rasmiy kontekslarda koʻproq ishlatiladi. U odatda vakolatga ega bo'lgan shaxs yoki
organ tomonidan rasmiy ravishda biror narsani (huquq, imtiyoz, ruxsatnoma) taqdim etish,
in’om qilish, marhamat qilish ma’nolarida keladi. Bu yerda bunday huquq taqdim etuvchi
shaxslarning yuqori mavqeyga ega ekanligi va ularning qarorlari rasmiy tusga egaligi sezilib
turadi. “Amnesty” (yun. amnestia
–
kechirish, gunohidan oʻtish; amnistiya)
–
oliy davlat
hokimiyati organining xususiy akti, ayrim shaxslarni jinoiy jazodan ozod qilish, jinoyat ishini
bekor etish yoki jazoni yengillatish toʻgʻrisidagi qarori hisoblanadi. “Grant” fe’li ma’muriy
vakolatni, rasmiy ijozatni bildiradi, “amnesty” esa jinoyat yoki qonunbuzarlik qilgan
shaxslarga nisbatan beriladigan huquqiy kechirimni anglatadi. Shu bois, bu birikmani ingliz
tilidagi nufuzli rasmiy gazeta matnlarida tez-tez uchrashi tabiiy. Avvalo, presuppozitsiya
nazariyasi nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, ushbu gapda bir nechta kontekstual faraz va
taxminlar mavjud. Jumladan, “grant amnesty” soʻz birikmasi ishlatilganligi bilan, gapda
Edvard Snouden tomonidan jinoyat sodir etilgani, aniqrogʻi, sirli hujjatlar oʻgʻirlanganligi
haqida oldindan qabul qilingan ma’lumotlar mavjudligi anglashiladi. Snoudenga nisbatan
ayblov mavjudligi, uning jinoyatchi sifatida qaralishi faraz qilinadi. Bundan tashqari, gap
tuzilishi orqali (“grant amnesty”) ushbu masala qonun chiqaruvchilar tomonidan rasmiy
koʻrib chiqilayotganligi, ya’ni amnistiya e’lon qilinishi amalga oshishi mumkinligi ham taxmin
qilinadi.
Shuningdek, “who stole a trove of classified documents before fleeing the country”
degan fikrlar faktik presuppozitsiyani shakllantiradi, ya’ni Snoudenga nisbatan ayblov haqiqiy
va haqiqat deb koʻriladi. Gapda “aytilmagan, ammo shunday” qabul qilingan bu faktik
presuppozitsiya unga nisbatan hukumatning rasmiy pozitsiyasini mustahkamlaydi va unga
“jinoyatchi” sifatida qarashni ilgari suradi. Nutq aktlari nazariyasi asosida tahlil qilganimizda,
mazkur gap toʻgʻridan-toʻgʻri nutq aktini bajarish emas, balki qonun chiqaruvchilar nutqidan
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
99
iqtibos keltirish orqali ularning niyatini ifodalab kelgan. “Lawmakers … said … they are
reluctant to grant amnesty” degan qism orqali gapda qonun chiqaruvchilarning amnistiya
e’lon qilishga rozi emasligi koʻrsatilmoqda, yaʻni ularning kelajakdagi qaroriga nisbatan
bilvosita qarshilik - bu komissiv nutq akti sifatida baholanadi. Bu yerda “grant amnesty”
imkoniyat, huquq va vakolat sifatida koʻrsatilib, siyosiy hokimiyat doirasidagi qaror sifatida
qabul qilinmoqda.
XULOSA
Shunday qilib, “grant amnesty” kollokatsiyasi faqatgina huquqiy tushuncha emas, balki
muayyan ijtimoiy-siyosiy diskursda oʻziga xos pragmatik va ideologik vazifalarni bajaradigan
kuchli vositadir. U matn kontekstida Snoudenga nisbatan hukumat pozitsiyasini namoyish
etadi, avf e’lon qilish qarorini qiyinlashtiradi va oʻquvchini ijtimoiy ongda muayyan
qarashlarni shakllantirishga yoʻnaltiradi. Mazkur tahlil shuni koʻrsatadiki, kollokatsiyalar
nafaqat til birliklari, balki ijtimoiy voqelikni shakllantiruvchi va boshqaruvchi vositalardir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Grice, H. P. (1975). Logic and Conversation. In P. Cole & J. L. Morgan (Eds.), Syntax and
Semantics (Vol. 3, pp. 41–58). New York: Academic Press.
2.
Yule, G. (1996). Pragmatics. Oxford: Oxford University Press.
3.
Sinclair, J. (1991). Corpus, Concordance, Collocation. Oxford: Oxford University Press.
4.
Widdowson, H. G. (2007). Discourse Analysis. Oxford: Oxford University Press.
5.
Stubbs, M. (2001). Words and Phrases: Corpus Studies of Lexical Semantics. Oxford:
Blackwell.
6.
Baker, P., Hardie, A., & McEnery, T. (2008). Using Corpora in Discourse Analysis. London:
Continuum.
7.
Hunston, S. (2002). Corpora in Applied Linguistics. Cambridge: Cambridge University
Press.
8.
Грайс, П. Логика и речевое общение [Текст] / П. Грайс // Новое в зарубежной
лингвистике. – М.: Прогресс, 1985. – Вып. 16. Лингвистическая прагматика. – С. 217–
237).