YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
59
O‘ZBEKISTONDA AXBOROT MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH
YO‘NALISHLARI
Turgunov Azim Turgunovich
Alfraganus universiteti
Pedagogika fakulteti dekan oʻrinbosari,
Falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
azimturgunov52@gmail.com
Tel: +998 93 180 08 09
https://doi.org/10.5281/zenodo.16930872
Bugungi kunda axborot olish va uzatish jarayoni keskin o‘zgarib bormoqda. Har bir inson
nafaqat axborot iste’molchisi, balki uning tarqatuvchisiga ham aylanmoqda. Shuning uchun
axborot madaniyati – bu faqatgina matnlarni tushunish emas, balki ularning qayerdan
kelganini, qanday maqsadda tarqatilganini va qanday ta’sir ko‘rsatishini anglashdir.
Jamiyatimizda axborot madaniyati hali to‘liq shakllanmagan. Ko‘pchilik har qanday
xabarni haqiqat deb qabul qiladi, yolg‘on yoki manipulyatsion ma’lumotlarni tanib olishga
e’tibor bermaydi. Buning natijasida odamlar ortiqcha xavotirga tushadi yoki noto‘g‘ri qaror
qabul qiladi. Shuning uchun axborot madaniyatini rivojlantirish bu odamlarni tanqidiy
fikrlashga o‘rgatish demakdir.
So‘nggi vaqtlarda esa axborot madaniyat tushunchasini shaxsning axborot va madaniyat
komponentlarining integratsiyalashuvi vaziyatida qarash tendentsiyasi kuchaymoqda. Buning
natijasida esa axborot madaniyati umuminsoniy madaniyatning bir qirrasi sifatida qaralmoqda.
Aynan ana shu qarash axborot madaniyatining asl mohiyatini ochib berishiga imkon beradi.
Axborot madaniyati shaxsning o‘quv, ilmiy bilish, mustaqil ta‘lim olish, dam olish va
boshqa ko‘rinishli faoliyati jarayonida paydo bo‘ladigan axborotga bo‘lgan ehtiyojini
qondirishga yo‘naltirilgan, shaxsiy axborot faoliyatini samarali tashkil qilishni ta‘minlaydigan
bilimlar, malaka va ko‘nikmalarning tizimlashtirilgan majmuasidir. Umuman olganda, axborot
madaniyati axborotdan samarali foydalanish bilim va ko‘nikmalari bo‘lib, kerakli axborotni
axborot resurslaridan axborot texnologiyalarining barcha ko‘rinishlari (kompyuter va internet
tarmog‘i texnologiyalari) orqali qidirishning turli xil bilimlaridan iborat.
Olimlar “Shaxs axborot madaniyati” tushunchasi tarkibini turlicha belgilaydilar va talqin
qiladilar. Buning sababi shundaki, tadqiqotchilar shaxs axborot madaniyati tarkibini har xil
nazariy pozitsiyadan o‘rganadilar. Ularning bir guruhi shaxs axborot madaniyatini dinamik
fenomen sifatida tasavvur qiladi. Bunda shaxs axborot madaniyati muttasil o‘zgarib va
rivojlanib borgan, shu boisdan u turli davrda turlicha tarkibiy elementlarga ega bo‘lgan.
Ikkinchi guruh mutaxassislarining ta’kidlashicha, shaxs axborot madaniyati statik
xarakterga ega. Binobarin, uning tarkibiy tuzilishi o‘zgarmasdir. Demakki, shaxs axborot
madaniyati tarkibi barcha davrlarda hamma mamlakatlarda bir xil elementlarni o‘z ichiga oladi,
faqat mazkur elementlarning xarakteri davr o‘tishi bilan turli shart-sharoitlar va omillar
ta’sirida o‘zgara boradi.
Shaxs axborot madaniyati tarkibi quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi:
• axborot ehtiyoji; har bir inson umri davomida turli axborotlarga ehtiyoj sezadi. Bu
ehtiyojlar insonparvarlashgani va optimallashgani, axloq normalariga moslashgani sayin uning
axborot madaniyati ham yuksaladi;
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
60
• axborot olish mustaqilligi; jamiyat a’zosi o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini turli
manbalar orqali qondirishi mumkin. Bunday manbalarning mustaqil belgilanishi axborot
madaniyatining shakllanganidan dalolat beradi;
• axborot olish malakasi; jamiyat a’zosi o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini turli yo‘llar
bilan qondirishi mumkin. Bunday yo‘llarning optimal belgilanishi axborot madaniyatining
shakllanganini ko‘rsatadi;
• intellektual erkinlik; muayyan axborotga ega bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi.
Ayni paytda uni tahlil qila bilish va baholash ham zarur. Bunday ko‘nikma va malakalar
intellektual jihatdan erkin shaxsdagina mavjud bo‘ladi. Shu boisdan, faqat intellektual
erkinlikka ega insonni yuksak axborot madaniyatiga ega shaxs sifatida e’tirof etish mumkin;
• dezinformatsiya va manipulyatsiyalardan himoyalanish malakasi; qabul qilingan
axborotlarning hammasi ham obyektiv va haqqoniy xarakterga ega bo‘lavermaydi. Ularning
ayrimlari kishilarni chalg‘itish, aldash va ayrim hatti-harakatlarga undash maqsadida
tayyorlagan bo‘lishi ham mumkin. Axborot madaniyatiga ega bo‘lgan shaxs ana shunday
axborotlardan o‘zini muhofaza qila oladi;
• axborot almashinish va tarqatishdagi mas’uliyat; qabul qilingan axborotni boshqalarga
yetkazish muayyan mas’uliyatni zimmaga olishni taqozo qiladi. Tekshirilmagan, haqiqatdan
yiroq axborotlarning tarqatilishi dezinformatsiyaga, tuhmatga sabab bo‘lishi mumkin. Axborot
madaniyati shakllangan shaxs bu boradagi mas’uliyatini chuqur his qiladi.
O‘zbekiston sharoitida jamiyat a’zolarining axborot madaniyatini yuksaltirish uchun
ularda oqilona axborot ehtiyojlarini shakllantirish, axborotlarni izlash, tanlash, ishonchliligini
baholash, to‘liqligini baholash, tahlil qilish, shaxsiy axborot xavfsizligini ta’minlash
malakalarini takomillashtirish zarur bo‘ladi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Akhmedov Z.R. “Axborot texnologiyalarining jamiyatdagi roli”. Toshkent. 2018.
2.
Hasanov B. Axborot madaniyati va globalizatsiya. Toshkent: Ma’naviyat nashriyoti. 2020
3.
Mirzaev D.S “Axboriy madaniyatni rivojlantirishning global yondashuvlari”. Toshkent.
2021.
4.
Soliev M.K. “Axboriy madaniyatning asosiy tamoyillari”. Toshkent. 2020.