YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
55
ISLOM ILOHIYOTSHUNOSLIGI VA UNING HUQUQIY TIZIMI
Salimjon S.EVATOV
Farg‘ona davlat universiteti
falsafa kafedrasi katta o‘qituvchisi(PhD)
e-mail: alfargoniy.uz@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.12204662
Islom ilohiyotshunosligi o‘zining huquqiy tizimi va qonunchiligini rivojlantirar ekan, Qurʼon
va Sunnaga asoslangan holda ana shunday anʼanaviy udumlardan foydalanganligini ko‘rish
mumkin. Shu maʼnodaki, ularning ayrimlari Qurʼon oyatlari yoki hadislar orqali bekor
qilingan, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritilib qabul qilingan va baʼzilariga qonuniy tus berilgan.
Masalan, o‘sha davrda amalda bo‘lgan olti xil nikohdan avvallari to‘rttasi va keyinroq
beshinchisi (mutʼa yoki vaqtincha nikoh) ham bekor qilinib, ularning bir shakli – hozirgi
qonuniy nikoh qabul qilindi[1].
Birinchi hijriy asr o‘rtalariga kelib islom siyosiy qarama-qarshiliklarga duch kelgan. Xavorij
(xorijiylar) va shia firqalari ko‘pchilikni tashkil etgan ahli sunna val jamoaga qarshi turishgan.
Keyinroq ular sunniylikning buyuk olimlari tomonidan asos solingan va takomillashtirilgan
huquqiy tizimlarni iqtibos etib, ikkinchi hijriy asrning ikkinchi yarmida ularga ayrim
o‘zgartirishlar kirgizdilar[2].
Birinchi hijriy asrning uchdan ikki qismida islom huquqi hanuz o‘z ilmiy maʼnosida shakllanib
bo‘lmagan edi. Birinchi hijriy asr asosan tasarruf etilgan mamlakatlar huquqiy meʼyorlarini
ko‘rib chiqib, ularning urf-odatlarini shariat qonunlariga moslashtirish jarayoni bilan o‘tgan.
Islom huquqining yaratilib, tartibga solinishi ikkinchi hijriy asr o‘rtalarida boshlangan va o‘z
taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan.Bu jarayonga kelib chiqishi arab bo‘lmagan ko‘pgina xalqlar,
xususan, Movarounnahrlik faqihlar va muhaddislar uning rivojiga beqiyos hissa qo‘shishgan.
Ikki-uch asr davomida islom shariati rivojlanib, o‘zining yuqori cho‘qqisiga erishgan.
Dunyoning eng yuksak va eng oliy huquqiy tizimlaridan biri bo‘lmish fiqh va uning qonunlari
mukammal shaklda tartibga solinib to‘plandi[3]. Shariatning asosini Qurʼon va Sunna tashkil
etgan bo‘lsa ham, u amaliy hayot jarayonida boshqa qonuniy tizimlar kabi o‘z taraqqiyot
bosqichlarini bosib o‘tgan. Shariat hukmlarini ilohiy manbalardan aniqlab olish, ulardan
olingan tushunchalarni belgilab berish uslublarini yaratish kabi faoliyatlar islom tarixida
erishilgan ilmiy, madaniy, ijtimoiy va siyosiy tajribalarning mahsuli sifatida baholash mumkin.
O‘tmishda islomiy jamiyatlarni o‘z taʼsiriga olgan tabiiy, iqlimiy omillardan tashqari, yashash
sharoitlari, unda mavjud bo‘lgan siyosiy va ijtimoiy yo‘nalishlar, shariat rivoji uchun tarixiy
omillar bo‘lib xizmat qilgan. Shuningdek, islom dini tarqalish doirasining kengayishi, turli-
tuman madaniyatlarga ega bo‘lgan etnik jamoalarning ushbu dinni qabul qilishi ham bu
sohada o‘z taʼsirini o‘tkazgan. Birinchi uch asr davomida aytib o‘tilgan omillar taʼsiri ostida
musulmon o‘lkalarda qurilgan davlatlarning turli muassasalari va siyosiy faoliyat tamoyillari
shakllandi. Bularning hammasi islom qonunchiligining rivojida chuqur iz qoldirdi.
Fiqh ilmi asosida sharʼiy manbalar aniqlanib, sunniylik oqimida to‘rtta asosiy mazhabning har
biri o‘ziga xos yo‘nalishni belgilab olgan holda, rivojlanish va tarqalish bosqichlarini bosib
o‘tdi. Undan so‘ng, ushbu mazhablar doirasidan chiqmaslik, faqihlar va mazhab tarafdorlari
uchun taqlid etilishi zarur bo‘lgan bir anʼanaga aylanib qoldi. Har bir mazhab tarafdorlari
o‘sha mazhab bo‘yicha o‘z imomlari izidan borishi zarur deb topildi[4].
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
56
O‘rta Osiyolik faqihlarning har biri o‘z ilmiy uslubi va yashagan davri sharoitiga qarab islom
huquqi, ayniqsa, hanafiy mazhabi rivoji yo‘lida unutilmas xizmatlar qilib, o‘zlaridan barhayot
asarlar qoldirganlar. Ular orasida Burhoniddin Marg‘inoniy yozgan qimmatli huquqiy kodeks
“al-Hidoya” o‘z ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari
bilan qiyosiy uslubda o‘rganib, har tomonlama yoritganligi uchun o‘ziga xos katta nazariy va
amaliy ahamiyat kasb etadi.Marg‘inoniy fiqhiy nuqtai nazardan, huquqiy masalalarni izohlash
jarayonida, ularning mashruʼ (ravo, qonuniy) yoki nomashruʼ (noravo, g‘ayri qonuniy)
ekanligini naqliy dalillardan keyin, aqliy dalillar bilan yoritib o‘tgan. Ushbu nuqtai nazardan
“Hidoya”ni islom huquqi falsafasi va keyingi davrlarda keng rivojlangan “huquq falsafasi”
fanining manbalaridan biri deb qabul qilsak, to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lamiz. “Al-Hidoya”
kitobi o‘zining amaliy va nazariy ahamiyati jihatidan har doim buyuk faqihlar va islom shariati
yirik vakillarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Har bir olim unga nisbatan o‘zining pozitiv
fikrlarini bildirib kelgan.
O‘rta asrlar islom teologiyasida tasavvuf ilmi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Aslini olganda,
tasavvuf islom Sharqida arab bo‘lmagan xalqlar tomonidan yaratilgan diniy-falsafiy taʼlimot
sifatida eʼtirof etilgan va u asosan mintaqaning forsiyzabon va turkiyzabon xalqlari
dunyoqarashi va maʼnaviy olami o‘z aksini topgan.IX-XV asrlar davomida tasavvuf ilmi va
taʼlimoti dastlab amaliyot bilan boshlanib, so‘ngra nazariya bilan qayta mustahkamlandi
hamda o‘rta asr jamiyatining turli qatlamlariga kirib borib, o‘ziga xos ijtimoiy va g‘oyaviy
institut, diniy-falsafiy taʼlimot sifatida aksariyat Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotiga kuchli
taʼsir ko‘rsatdi va hatto baʼzi davrlarda yetakchilik ham qildi.Tadqiqotchi Jaʼfar
Xolmo‘minovning fikriga ko‘ra, “tasavvuf taʼlimoti Musulmon Sharqida ratsional falsafa turlari
– Qadimgi Yunon falsafasi (Sharq aristotelizmi va neoplatonizm) va Islom teologiyasi – Kalom
falsafasi (Moʻtaziliya, Ashʼariya, Moturidiya, Botiniya)dan so‘ng falsafiy tafakkur olamida
mutlaq irratsional hisoblangan uchinchi yo‘nalish –
Irfon falsafasi
ni boshlab berdi va hatto
to‘rtinchi yo‘nalish – Ishroq falsafasining shakllanishida ham (Shayx Shahobiddin Yahyo
Suhravardiy taʼlimoti misolida) faol qatnashdi[5]. Yuqoridagi keltirilgan iqtibos orqali
tasavvufning islom sharqida vujudga kelgan teologik va gnoseologik qarashlarga taʼsir
ko‘rsatgani haqidagi xulosaga kelishga asoslar yetarlidir. Tasavvufning teologiyaga aloqador
jihatlari haqida fikr yuritganda, bu masala hanuzgacha alohida tadqiqot obyekti bo‘lishi va
tasavvufning ochilmagan sohasi ekanligi ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan. Ayni shu masalada
fikr yuritar ekan, tadqiqotchi Jaʼfar Xolmo‘minov“Tasavvuf ilmi sir-sinoatli olam. Bu ilmning
ichiga qanchalik kirib borilsa, shunchalik bu sohaning yana-da kengayib borish imkoniyatlari
ko‘rina boshlaydi.
References:
1.
Abdulhakim Sharʼiy Jo‘zjoniy. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va O‘rta Osiyo
faqihlari. –Toshkent: Toshkent Islom universiteti nashriyoti, 2002. –B.16.
2.
Majid Hadduriy va Herbert J.Libesni. “Islomda huquq”. – Nyu-York: 1955.–B.40.
3.
Jurji Zaydon. Islom madaniyati tarixi.3-jild. –Tehron. 1336 h.1. –B.102-103.
4.
Abdullo Ahmad an-Naim. Islom qonunchiligini rivojlantirish yo‘lida. –Qohira: Sino
nashri, 1994. –B.42.
5.
Yuqoridagi manba. -B. 40.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
57
6.
Xolmo‘minov J. Qiyosiy tasavvufshunoslik.(Monografiya).T.: “Yosh avlod matbaa”,2021. –
B.32.