YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
79
TURLI INFORMASION-PSIXOLOGIK VAZIYATLARDA SHAXSNING IJTIMOIY
XULQI
Sabirova Sarbinaz Tursinbaevna
Pedagogika va psixologiya kafedrasi assistent oʻqituvchisi,
Nukus innovatsion instituti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14553751
Annotatsiya:
Ushbu maqolada ochiq axborot kommunikatsiyasi jarayonida yoshlar
ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yot g‘oyalarga qarshi psixologik himoya vositalarini ishlab
chiqish masalasi yoritilgan. Avvalo, yoshlarning ijtimoiy xulq-atvori va psixologik himoya
mexanizmlarining xususiyatlari tahlil qilingan. Milliy g‘urur, mustaqil fikrlash va ijtimoiy
immunitetni shakllantirishning ahamiyati asosiy e’tiborga olingan. Shuningdek, pedagog va
tarbiyachilarning strategiyalari, ochiq axborot xurujlariga qarshi psixologik kurash usullari
batafsil bayon etilgan.
Kalit so‘zlar:
ochiq axborot kommunikatsiyasi, yot g‘oyalar, psixologik himoya, milliy
g‘urur, yoshlar, ijtimoiy xulq-atvor, axborot xurujlari, pedagogika, mustaqil fikrlash, axborot
immuniteti.
Ochiq axborot kommunikatsiyasi jarayonida yoshlar ongiga ta’sir etayotgan yot
g’oyalarga qarshi himoya vositalarini ishlab chiqishdan avval, yoshlarning ijtimoiy xulq-
atvorini o’rganish lozim. Chunki, ijtimoiy xulqda ko’zga tashlanadigan eng muhim holatlardan
biri tashvishlanish, nimalardandir cho’chish va shu tufayli ijtimoiy munosabatlardan o’zini
olib qochishga intilish hislarining namoyon bo’lishidir. Zero, psixologik himoya holatining
mohiyatidan kelib chiqiladigan bo’lsa, bu – shaxs ichki kechinmalarini ifodalovchi holatdir.
Unda odam ichki ruhiy mu’tadillikni asrash uchun o’zidagi xavotirlanish, qo’rquv va
xadiksirashlarini bosishga, ulardan xalos bo’lishga intiladi [2, 76-77].
Shuni ham ta’kidlash joizki, psixologik himoya – shaxsni turli salbiy ta’sirlardan asrashga
va psixologik diskomfortni bartaraf etishga xizmat qiladi. Natijada, odam odatda shaxslararo
munosabatlarda o’zini boshqacharoq tutadigan bo’lib qoladi. Psixologlar himoya
mexanizmlariga odatda quyidagilarni kiritadilar:
ochiq his-kechinmalarni bosish, ya’ni ko’rsatmaslikka urinish;
rad etish, ya’ni noma’qul ma’lumotni ochiq rad etish yoki qo’shilmaslik;
proyeksiya – o’zidagi hissiyot va kechinmalarni tashqi obyektlarga ko’chirish orqali
holatning sabablarini tashqaridan qidirishga moyillik;
identifikasiya – o’zini axborot egasiga o’xshatish, uning o’rniga o’zini qo’yish orqali
qadriyatlarni rad etish yoki tanqidsiz o’zlashtirish;
regressiya – ilgari hayotida, masalan, yoshligida bo’lib o’tgan voqealarga qaytish va
ularning yaxshi jihatlarini xotirada tiklash orqali psixologik himoyani tashkil etish;
yolg’izlanish – jamiyatdan o’zini olib qochish va o’zidagi o’zgarishlarni boshqalarga
bildirmaslikka intilish. Masalan, ayrim talabalar bunday sharoitlarda o’qishga bormay
qo’yadilar;
rasionalizasiya – mulohaza va fikr yuritish orqali o’zida himoya instinktlarini paydo
etish;
konversiya – muloqotdagi qandaydir to’siqlarni olib tashlash uchun kutilmagan
usullarni qo’llash, masalan, xavotirli informasiyani yumor bilan almashtirish [4, 49-50].
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
80
Bundan tashqari, ochiq axborot xurujlari vaziyatida shaxsning o’zini o’zi himoya qilishini
boshqarishda ayrim jihatlarga alohida e’tibor berish lozim. Birinchidan, ta’kidlash joizki, har
bir inson uchun mustaqil fikr zarur. Chunki, mustaqil fikrga ega bo’lgan insongina o’ziga
nisbatan qaratilgan yaxshi yoki yomon ma’lumotning mohiyatiga yetishi va unga nisbatan
adekvat reaksiya ko’rsatishi mumkin.
Ikkinchidan, yoshlar turli yot va bemaza axborot xurujlariga berilmasligi uchun, ularda
milliy g’ururni tarbiyalash zarur. Ayniqsa, har bir fan predmeti va tarbiyaviy muloqotlardan
oqilona foydalanish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Ma’mun Akademiyasi va
uning aynan O’zbekiston hududida tashkil etilganligiga yoshlar e’tiborini qaratish orqali
ularni ochiq fikr almashinuviga chorlash ularda milliy g’ururni uyg’otadi. Milliy g’ururga ega
bo’lgan inson boshqalarga qul bo’lishni, jumladan, axborot xurujlariga tobe bo’lishni
istamaydi.
Shuningdek, milliy g’ururi bor insonda imon, insof va diyonat tushunchalarini
shakllantirish mumkin. Chunki, inson qalbi bilan bog’liq bu qadriyatlar Internet va ochiq
axborotlar olamida adashtirmaydigan “kompas” rolini o’ynaydi. Bir rus olimi ta’kidlaganidek,
“Internet – shunday o’rmonki, unda kompassiz yurib bo’lmaydi.”
Bundan tashqari, oliy o’quv yurtlarida professor-o’qituvchilarning obro’sini oshirish
ham muhimdir. Ular aytadigan har bir so’z aniq va mo’ljalli bo’lishi kerak. Masalan, o’qituvchi
axborot qanday bo’lishidan qat’i nazar, uning qabul qiluvchi insonning manfaatiga xizmat
qilishi kerakligini ta’kidlashi lozim. Shu bilan birga, yovuz niyatli yot g’oyalarni targ’ib
etuvchilarning asl niyatlarini ochiq aytib berish zarur.
Xulosa qilib aytganda, axborot xurujlariga qarshi turishning psixologik yo’llarini har bir
murabbiy va talabaga yetkazish maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, ochiq axborot
xurujlari sharoitida shaxsga turli-tuman ma’lumotlarning yetib kelishi tabiiydir. Bunday
vaziyatda oilada kattalarning, auditoriyada esa pedagoglarning faol hayotiy pozitsiyasi
yoshlar uchun muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
References:
1.
David G. Myers. Social Psychology. Tenth Edition // Hope College Holland, Michigan. –
NY.: McGraw-Hill, 2010. – 609 p.
2.
Karimova V.M. Ijtimoiy psixologiya: Darslik. Oliy o‘quv yurtlari bakalavriat va
magistratura talabalari uchun. – T.: “Fan va texnologiya”, 2012. – 172 b.
3.
Майерс Д. Социальная психология. Интенсивный курс / Д. Маерс. – 4-е междунар.
изд.. – СПб.: ПРАЙМ-ЕВРОЗНАК, 2007. – 510 с.
4.
Немов Р. С., Алтунина И. Р. Социалная психология: Краткий курс. – Спб.: Питер,
2009 – 208 с.