YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
142
TILSHUNOSLIKDA BADIIY MATN SOTSIOPRAGMATIK TADQIQ OBYEKTI
SIFATIDA
Ubaydullayev Xumoyun O‘ktam o‘g‘li
Guliston davlat universiteti
Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi 1-kirs magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14754831
Kalit so‘zlar:
sotsiopragmatika,
ijtimoiy mavqe, ijtimoiy rol, pragmatik maqsad,
pragmatik taktika, nutqiy akt
Key words:
sociopragmatics,
social status, social role, pragmatic purpose, pragmatic
tactics, speech act.
Annotatsiya.
Maqolada badiiy matnning sotsiopragmatik aspektda o‘rganilishi haqida
so‘z yuritiladi. Ijtimoiy maqom va rol nutq vaziyatiga mos leksik birliklarni tanlash
sotsiopragmatik tahlilni talab qiladi.
Annotation.
The article talks about the study of the literary text in the sociopragmatic
aspect. Selection of lexical units suitable for social status and role speech situation requires
sociopragmatic analysis.
Zamonaviy tilshunoslik taraqqiyotida bir necha ilmiy paradigmalar mavjud bo‘lib,
tadqiqotlar natijasida muayyan hodisa haqidagi qarashlar shu paradigmalar asosidagi
yondashuvlar asosida to‘ldirilib, mukammallashtirilib kelinmoqda. Bugungi kunda
antroposentrik paradigma asosida zamonaviy tilshunoslikda bir qator yangi yo‘nalishlar
vujudga keldi, ularning metodlari shakllandi, metodologiyasi yaratildi. “Antroposentrizmning
tilshunoslikda alohida paradigma sifatida shakllanishi va bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning
dunyo tilshunosligida ko‘payib borayotganligi benihoya quvonarli hodisa ekanligi” tilshunos
olimlar tomonidan e’tirof etilgan [3;55]. Dunyo tilshunosligida qo‘lga kiritilgan yutuqlar
natijasida o‘zbek tilshunosligida ham yangi yo‘nalishdagi ishlarning yuzaga kelganligini e’tirof
etish zarur. Til hodisalariga antroposentrik paradigma asosida yondashuv natijasida
pragmalingvistika, psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik,
sotsiolingvistika kabi yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi, bu sohalarga oid fundamental tadqiqotlar
yaratildi. Jumladan, N.Mahmudov, Sh.Safarov, M.Hakimov, D.Lutfullayeva, D.Xudoyberganova,
Sh.Usmonova, A.Mamatov. L.Raupova kabi olimlar tomonidan antroposentrik paradigmaning
nazariy asoslari yaratildi. Bu esa o‘z o‘rnida kognitiv tilshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik,
etnolingvistika, pragmalingvistika, psixolingvistika kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlarning
yuzaga kelishiga asos vazifasini bajardi.
Bugungi kunda taraqqiy etib borayotgan yangi yo‘nalishlardan biri sotsiopragmatika ikki
fan – pragmatika va sotsiolingvistika fanlari kesihmasida paydo bo‘lgan bo‘lib, tilni uning egasi
va nutq vaziyatiga bog‘lab o‘rganish, ijtimoiy maqom va ijtimoiy rol bilan bog‘liq kommunikativ
vaziyat natijasi bo‘lgan diskursni tadqiq qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. “Lisonning
tizimiy ravishda kontekst bilan bog‘liqligini o‘rganish pragmatikaning vazifasidir. Turli ijtimoiy
maqomga ega bo‘lgan shaxslarning turli vaziyatlarda ma’lum pragmatik manbalardan
foydalanishi sotsiolingvistik tahlil uchun ham muhimdir” [4;147].
Sotsiopragmatika dastlab mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida xorij tilshunosligida yuzaga
kelgan. 1983-yilda J.Lich tomonidan ushbu atamaning tilshunoslikka kiritilishi muloqot
jarayonida tilni qabul qiluvchiga samarali ta’sir qilish modelini ishlab chiqish bilan boshlangan
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
143
edi [9;192]. Bunda asosiy e’tibor rasmiy ishbilarmonlik doiralarida og‘zaki muloqot jarayonida
ishlatiladigan til birliklarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan.
Sotsiolingvistikaga qo‘llaniladigan ijtimoiy rol, ijtimoiy maqom tushunchalari asli
psixologiya hamda sotsiologiya fanlariga taalluqli bo‘lib, sotsiopragmatikada nutqiy akt,
intensiya, kommunikativ strategiya tushunchalari bilan birga qo‘llanib, yanada murakkab
jarayonlarni aks ettiradi. “Jamiyatda yashaydigan va turli guruhlarga mansub bo‘lgan har bir
individ jamiyatda bir qancha ijtimoiy o‘ringa ega bo‘ladi. Mazkur o‘rinlarning har biri muayyan
qoidalar va vazifalar bilan bog‘liq bo‘lib, u ijtimoiy maqom deb nomlanadi. Ijtimoiy
maqomlarning har biriga insonning o‘zi erishadi. Bunday maqomlarga orttirilgan maqomlar
deyiladi” [5;34].
Badiiy matnda til imkoniyatlari o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Tilshunoslikda badiiy
matn turlicha yondashuvlar asosida tadqiq qilingan. D.Ashurova badiiy matnning “sinergetik
hodisa sifatida o‘ziga xosligini belgilovchi asosiy xususiyatlarini tavsiflash hamda badiiy matnni
tahlil qilish va talqin qilishda har tomonlama yaxlit, integral va fanlararo yondashuv zarurligini”
asoslaydi [1;39]. Keyingi yillarda yuzaga kelayotgan tadqiqotlarda aynan shu jihatlar inobatga
olinayotganligini e‘tirof etish zarur. L.Raupova badiiy matnda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan
dialoglarni, xususan, ular tarkibidagi qo‘shma gaplarni semantik-struktur, lingvokulturologik,
sotsiopragmatik tavsifini berishga e’tibor qaratgan. Kommikativ aloqaga kirishayotgan nutq
ishtirokchilarining o‘ziga xos jihatlarini ajratishda uning ijtimoiy mavqeyi muhim sanalar ekan,
kommunikativ aloqa jarayonida jamiyat a’zolarining lisoniy shaxs sifatida voqelanishi badiiy
asarda dialogik nutqda yorqinroq namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tilshunosligida badiiy matnni antroposentrik aspektda tadqiq qilishda
D.Xudoyberganovaning tadqiqoti alohida ahamiyatga ega. Tilshunos olima badiiy matnni
ijtimoiy qimmatga ega bo‘lgan o‘ziga xos muloqot shakli ekanligini ta’kidlaydi. Hamda badiiy
matnda muayyan til egalarining olam haqidagi bilimlari, uni aks ettirishdagi lisoniy tafakkuri,
milliy-madaniy qarashlari, psixologiyasini aks ettiruvchi mental qurilma sifatida baholaydi.
Badiiy matnnni kognitiv-semantik, psixolingvistik, lingvokulturologik aspektlarda tadqiq
qiladi. Turli til birliklari, xususan, o‘xshatish, metafora, jonlantirish, tasavvur asosida yaratilgan
matnlarni tahlil qiladi, bunday birliklarni til egalariga xos milliy-madaniy belgilarni o‘zida
saqlovchi lingvomadaniy birliklar ekanligini asoslab beradi [9;8].
Badiiy matnlarning sotsiopragmatik xususiyatlari X.Yo‘ldasheva tomonidan o‘rganilgan
[3]. Tadqiqotchi matn tushunchasi, matn tipologiyasi haqidagi nazariy qarashlar tahliliga
e’tibor qaratadi. Badiiy matnning adresant va adresat omiliga asoslangan sotsiopragmatik
tahlili, badiiy matnning tasvir obyekti omiliga, nutq vaziyati, muloqot sharoiti va muloqot shakli
omiliga asoslangan sotsiopragmatik tiplari masalasiga oydinlik kiritadi. X.Yo‘ldasheva
adresatning matn qabul qilishdagi ijtimoiy maqomlari haqida to‘xtalar ekan, “adresat badiiy
matnni mutolaa qilish yoki o‘qilayotgan matnni eshitish jarayonida uni idrok qiladi. Bunda u
matnni idrok etuvchi shaxs maqomida bo‘lib, kitobxon lisoniy shaxsi
darajasiga ko‘tariladi.
Kitobxon lisoniy shaxsi
tushunchasi matn yarata olish qobiliyatiga ega bo‘lgan hamda yaratilgan
matnni o‘qib yoki eshitib, uni idrok eta oluvchi shaxsga nisbatan ishlatiladi”, – deya ta’rif beradi
[3;42]. X.Yo‘ldashevaning mazkur tadqiqoti sotsiopragmatik aspektdagi monografik ishlardan
bo‘lib, badiiy matnda muloqot shakllarining tanlanishiga kommunikantlarning ijtimoiy roli
hamda yuzaga kelgan nutq sharoiti omili ta’sir ko‘rsatishini asoslaganligi bilan ahamiyatlidir.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
144
Tadqiqotchi X.Yo‘ldasheva badiiy asarda adib, ya’ni yozuvchi, shoir, dramaturg adresant,
ya’ni matn yaratuvchi rolida bo‘lishini, matn yaratishda bir qancha vazifalarni bajarishi, turli
ijtimoiy maqomlarga ega bo‘lishini qayd etar ekan, matn muallifi matn yaratishdan to uni
adresatga yetib borgunga qadar bajargan vazifalariga qarab: “nutq yaratuvchi shaxs, matnni
uzatuvchi shaxs, ma’lumot-axborot beruvchi shaxs, baho ifodalovchi shaxs, bilvosita
kommunikativ aloqaga kirishuvchi shaxs” ijtimoiy maqomlarda bo‘lishini ta’kidlaydi
[3;41-42].
Keyingi yillarda muayyan ijodkor asarlari misolida sotsiopragmatik aspektdagi
tadqiqotlar ham yuzaga keldi. Tadqiqotchi M.Xolmurodova E.A’zam kinoqissalari tilini
sotsiopragmatik aspektda tadqiq qilgan. Tadqiqotchi E.A’zam kinoqissalaridagi ayrim lisoniy
birliklarning pragmatik imkoniyatlariga e’tibor qaratadi. “Yozuvchi asarlarida kinoya ko‘proq
qahramon tilidan berilgan. Bunda subyekt nutqiy muloqot vaziyatida, asosan, balandroq
ijtimoiy mavqeda turadi, nutqiy faoliyat davomida uning intellektual va emotsional ustunligi
ayon bo‘ladi. Ko‘rinadiki, kinoya subyekti nutqidagi muloqot va etnik qoidalarga rioya qilgan
holda til tizimining ifoda vositalaridan foydalana olish adibning mahoratiga bog‘liq” [7;13].
Jonli so‘zlashuv nutqining turli ijtimoiy qatlamlarga xoslanishi sotsiolingvistikaning
o‘rganish obyekti bo‘lsa, nutq jarayonida muloqotga kirishayotgan shaxslarning nutq
vaziyatidan kelib chiqib biror maqsadni qo‘yishi pragmatikaning obyektidir. Tilshunoslikning
turli yo‘nalishlari kesishish nuqtasida paydo bo‘lgan yana bir yo‘nalish lingvopersonologiya
bo‘lib, tadqiqotchi M.Umurzoqova lisoniy shaxsning sotsiopragmatik aspektda o‘rganilishiga
e’tibor qaratgan. “Til egasi sifatida muloqotga kirishayotgan shaxs muloqotdan o‘zi ko‘zlagan
maqsadga mos taktikani tanlaydi. Bu taktika muloqot jarayonida tildagi birliklardan mosini
tanlashni, bu birlik ifodalashi mumkin bo‘lgan yashirin ma’nolarni anglashi, kontekstda shu
birlikning ifoda imkoniyatlarini ilg‘ay olishishini talab etadi. Hatto tovushlarning talaffuzi ham
tanlangan taktikaning amalga oshirilishi uchun xizmat qiladi” [6;286].
Xulosa qilib aytganda, badiiy matnni sotsiopragmatik aspektda tadqiq qilish bugungi
kunda tilshunoslar oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi. Badiiy matn individual
hodisa sanalib, har bir matn va uning yaratuvchisiga alohida yondashuv zarur. Kommunikativ
muloqotda adresat va adresant o‘rtasidagi pragmatik maqsadning ijtimoiy mavqe hamda rolga
mos lisoniy birliklar vositasida yuzaga chiqishini tahlil qilish muayyan til egasiga xos ijtimoiy
belgilarining tilda aks etishi masalasiga baho berishda muhimdir.
References:
1.
Ashurova D.U. Badiiy matn sinergetikasi // O‘zbekistonda xorijiy tillar. – 2024. – 10-jild.
– № 1 (54). – B. 39-59.
2.
2.Yo‘ldasheva X. Badiiy matnning sotsiopragmatik tadqiqi. Filol. fan. d-ri (DSc)… diss. –
Qarshi, 2023. – 227 b.
3.
3.Маҳмудов Н. Тил тилcими тадқиқи. – Тошкент: Mumtoz so‘z. 2017. – 176 б.
4.
Сафаров Ш. Прагмалингвистика. ‒ Тошкент: Ўзбекистон Миллий энциклопедияси,
2008. – 318 б.
5.
Usmanova Sh., Bekmuxamedova N., Iskandarova G. Sotsiolingvistika. – Toshkent:
Universitet, 2014. – 84 b.
6.
Umurzoqova M. Lisoniy shaxs tushunchasining sotsiopragmatik aspektda o‘rganilishi /
O‘zbekiston Milliy universiteti xabarlari, 2023. 1/11. – B.285-287.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
145
7.
Холмуродова М. Эркин Аъзам киноқиссалари тилининг социопрагматик аспекти.
Филол. фан. б. фалс. док. (PhD) … дисс. автореф. – Андижон, 2021. – 51 b.
8.
Худойберганова Д.С. Ўзбек тилидаги бадиий матнларнинг антропоцентрик
талқини. Филол. фан. д-ри ... дисс. автореф. – Тошкент, 2015. – 240 б
9.
Шеверинова О.В. Социопрагматический подход к исследованию литературных
онимов. Ученые записи, 2018. Т.27. – С. 189-194.