YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
45
ABDULLA QODIRIYNING XARAKTER YARATISH MAHORATI
Ergasheva Nozima Alim qizi
Chirchiq davlat pedagogika universiteti Gumanitar fanlar fakulteti
O’zbek tili va adabiyoti yo’nalishi 2-bosqich 23/3 guruh talabasi
Shermatova Umida Sapayevna
https://doi.org/10.5281/zenodo.15438301
Annotatsiya
. Ushbu maqolada Abdulla Qodiriyning hajviy asarlarida so‘zlarni qo‘llash
mahorati masalasiga bag‘ishlanadi. Adibning hajviy asarlarida qo‘llangan so‘z va jumlalar
maqolaning illustrativ materiali sifatida xizmat qiladi.
Abstract
. This article is devoted to the issue of the mastery of words in the humorous
works of Abdulla Qodiriy. The words and sentences used in the humorous works of the writer
serve as illustrative material for the article.
Абстрактный
. В данной статье рассматривается мастерство слова в
юмористических произведениях Абдуллы Кадыри. Иллюстративным материалом к
статье служат слова и выражения, использованные в юмористических произведениях
автора.
Tayanch so‘z va iboralar
. Asar, feleton, hajviya, maqol, matal, aforizm, tahlil, tasnif,
leksema va b.
Biz ushbu maqolada Abdulla Qodiriyning hajviy asarlarida so‘zlarni qo‘llash mahorati
haqida to‘xtalamiz. Qodiriyning ijod namunalari ko‘p o‘rganilgan. Asarni qayta mutoala qilish
jarayonida biz adibning ochilmagan qirralariga duch kelaveramiz. Shunday ekan Abdulla
Qodiriy ijodi qancha chuqur tadqiq etilsa, shuncha yangi topilmalarga duch kelveramiz. Til
adabiyotning ifoda quroli sifatida ijodkorning maqsadini ifodalab beradi. Lisoniy birliklar fikrni
bayon qilish uchun katta imkoniyat hisoblanadi, shuning uchun har bir ijodkor undan oʻziga xos
tarzda foydalanadi. Abdulla Qodiriy ham tildan foydalanishda oʻziga xos uslubga ega ijodkordir.
Uning romanlari tili bilan hajviy ruhda yozilgan asarlari tili oʻrtasida katta tafovut bor.
Insonning ruhiy poklanishi va qalban ulgʻayishida adabiyotning roli katta, bu esa til orqali
amalga oshadi. Ijodkorlarning tildan foydalanish mahorati biri ikkinchisiga oʻxshamaydi, shu
ma’noda, Qodiriy ijodiy merosini oʻrganish barchani birdek qiziqtiradi, bizningcha. Alohida
ta’kidlash kerakki, Abdulla Qodiriyni yozuvchi sifatida ilk bor elga tanitgan asarlar bu – uning
hajviyalari, aniqrogʻi, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” va “Toshpoʻlat tajang nima
deydi?” hajviy qissalari bo’ldi.[1].
Adib “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” qissasida haqiqiy hayotdan butunlay
uzilgan, xurofotdan boshqa narsani koʻra olmaydigan mahalla masjidi imomi Kalvakning kulgili
sarguzashtlari, tugʻilishidan boshlab boshidan kechirgan voqeahodisalar oʻzbek tilining boy
imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda nihoyatda ta’sirli hikoya qilinadi. Abdulla
Qodiriyning yirik asarlari toʻliq yetib borgunga qadar ham Julqunboy nomi xalq orasida
mashhur boʻlgan. Kuzatishlardan ma’lum boʻldiki, turli nashrlarda har xil imzolar bilan yozilgan
birorta asar yoʻqki, unda kulgi, tanqid va yo bittagina boʻlsa-da, oʻtkir soʻz, qochirim ibora
boʻlmasa. Qodiriygagina xos nodir jumlalar, tesha tegmagan iboralar, maqol va matallar bu jajji
asarlarga yanada jozibadorlikbagʻishlagan. Muhimi shuki, boshqalar tilda qoʻpol, uyatsiz boʻlib
yangraydigan soʻkish va haqorat soʻzlari ham Ovsar yoki Dumbul, Kalvak feletonlarida oʻzining
dagʻal ma’nosini biroz oʻzgartiradi, oʻquvchi qulogʻiga yoqimli eshitiladi. Masalan, yozuvchi bir
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
46
feletonida oʻz qahramonini “qornini yorgʻanda alif oʻrniga loaqal kaltak chiqmayturgʻan
dardisar” deb ta’riflaydi. Uning besavod bir johil ekanligini oddiy soʻz bilan tasvirlab boʻlmas
edi. Qodiriyning aksariyat hajviyalarining nomi – sarlavhasi ham kishida kulgu paydo qiladi.
Masalan, “Diyor bakr” boʻlimiga kiruvchi “Dumbasi tushib qolgan emish”, “Tilanchilik yoxud
yengil kasb”, “Shoʻx baytal”, “Hoy, yer yutkur”, “Ogʻzingga qarab gapir!”, “Ay, xuday urganlar”,
“Echkining oti Abdukarim”, “Shallaqi”, “Dardisar”, “Ibi, axmaq boʻlingchi” kabi kichik asarlar oʻz
nomi bilan jamiyatning katta, zalvorli muammolari, mavjud illatlarni fosh etadi. Maqolalarning
nomidan ham koʻrinib turibdiki, hajviyalarda oʻzbek tili leksikasining salbiy, kinoyaviy,
tagma’no ifodalovchi ta’siriy boʻyoqdor soʻzlaridan unumli foydalanilgan.[2].
“Gʻidi-bidi gaplar” hajviyasi bir soʻfi haqida: “Koʻzining yoshidan soqoligʻa marvarid
munchoq osibdir”, degan boshqalarda uchramaydigan jumla mavjud. Nomlanishi oddiy boʻlgan
hajviyalarida ham ichakuzdi gaplar koʻplab topiladi. “Olti yillik bazm” maqolasida esa, shunday
yozadi: “Toʻrt tomongʻa yugurib tili bir yarim qarich osilgʻan; bir koʻzi Magʻribda, bir koʻzi
Mashriqda; serharakatu bebarakat...” Qodiriy madrasada oʻqigan, rus-tuzem maktabida ham
ta’lim olgani bois, arab, fors va rus tillarini yaxshi bilgan, ammo u, avvalo, oʻz ona tilining bor
goʻzalligi-yu jozibasini nozik jihatlarigacha his qila olardi. Shuning uchun soʻz qoʻllash, jumla
tuzish borasida usta soʻz san’atkori deyish mumkin. Qodiriy asarlarining koʻpchilikka manzur
boʻlishi va uning xalq mulkiga aylanishida maqol va matallarning ham oʻrni beqiyos. “It suyak
chaynamasa, tishi qichiydir” maqoli – “Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas” maqolasida
keltirilgan boʻlib bu ham matnga ta’sirchan hajviy ruh berishga xizmat qilmoqda. Hamma
vaziyatlarda ham qoʻllab boʻlmaydigan, koʻproq xalq tilida faol maqollarni oʻz hajviyalarida
ustalik bilan ishlatadi. “Biz kim va nimalardan qoʻrqamiz?” maqolasida “Ishtonsizning choʻpdan
hadugi bor”, deydi. Muhim jihati shuki, sarlavha bilan maqol oʻrtasidagi ma’no nihoyatda
uygʻun. “Osh tegsa – toʻy, tegmasa, tomosha”, “Avatiga chavati, misqozonga loytuvoq”, “Eshagiga
yarasha tushovi” – “Kelinni kelganda koʻr, sepini yoygʻanda koʻr” maqolasida berilgan.
Endi xalq tilini ham ma’lum ma’noda boyitishga ijodkorlar ham oʻz hissalarini qoʻshib
keladi. Yoki biroz ijodiy yondashadi. “Koʻz boʻlmasa, qoziqning oʻrni”, “Miya boʻlmasa, shaloq
arava ham miyaga hisoblanur emish”, “Quvondiq sassiq oʻz aybini bila qolsa, yuragi yorilib oʻlar
ekan”, “Bordan yuqar, yoʻqdan nima chiqar?” va boshqalar.
Boʻlar-boʻlmas mavzularni qalamga olaverish, oʻzining iborasi bilan aytganda “Har kimga
oʻxshab bekorga kuchana berish” adib maslagiga yot bir ish edi, lekin millat sha’ni, yurt obroʻsi
kabi masalalarda Abdulla Qodiriy sovuqqon yoxud, menga baribir, qabilida loqayd va beparvo
boʻlmagan. Hajviyalarning sarlavhalarida ham Qodiriy barqaror birikmalardan, xususan, ibora
va maqollardan samarali foydalanganini koʻrish mumkin. Masalan, “Kelinni kelganda koʻr...”,
“Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa, qoʻymas”, “Tarbuzi qoʻltigʻidan tushdi”, “Oʻzi xon koʻlankasi
maydon”, “Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar” kabi hajviyalari mavjud boʻlib, mazkur lisoniy
birliklar ijodkor topgan favqulodda dolzarb mavzu bilan lugʻatdagiga qaraganda kuchliroq,
ta’sirchanroq ma’no ifodalaydi. Abdulla Qodiriy ijodiy merosida qariyb saksondan ortiq katta-
kichik hajviyalar oʻz mavzui, janri jihatdan bir-birini toʻldirib, oʻzbek milliy hajviyasi zaminini
yaratadi. Xususan, “Tinch ish”, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpoʻlat tajang nima
deydi?” kabi hajviy hikoyasi, qissalari adib ijodida ham, umumadabiyotimiz rivojida ham
muhim hodisadir.[3].
Toʻgʻri, adib hajviyachiligi oʻz-oʻzidan yaralmagan. Eng avvalo, xalqning boy ijodi, ming
yillik sharqona adabiyot, shuningdek, adabiyotning noyob hajviya namunalari mahorat
maktabi vazifasini bajargan, deyish mumkin. Zero, adibning “Kalvak Maxzumning xotira
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
47
daftaridan”, yoki “Toshpoʻlad tajang nima deydi?” kabi hajviy qissalari, undagi obrazlar nutqi
va muomilasida mashhur Afandi latifalari, xalq kitoblari, ertak va dostonlariga xos tasvirlash
usullari va uslubi qoʻshilib ketgan. U yaratgan Sharif Oxund, Shirvon xola, Kalvak Magʻzum,
Toshpoʻlad tajang kabi xarakterlarni ifodalovchi nomlar faqat ijodkorning oʻzigagina
tegishlidir.
Abdulla Qodiriyning “Tinch ish” hikoyasini koʻp qodiriyshunoslar hajviy asar sirasiga
kiritmasligiga ham guvoh boʻlish mumkin, biroq Sharif Oxund obraziga kelganda undagi
hajviylikkdan koʻz yumib boʻlmaydi. Chunki Sharif Oxund oʻz ma’nomohiyati bilan hajviy
qahramondir. U sodda kulgudan koʻra, achchiq, kinoyali kulguga mansub. Asardagi lavhalar
asar qahramoni Sharif Oxund xarakteri yechimida oʻziga xos bosqichlarni hosil qilgan. Birinchi
lavhada qahramon xarakteri va holatiga xos portret yaratilgan boʻlsa, ayni chogʻda uning ikki
muhim belgisi, islomiyligi va siyosiyligi qayd etilsa, ikkinchi lavhada oq podsho Nikolayning
taxtdan tushish oqibati, buning qahramon ruhiyatiga ta’siri ifoda etiladi.[4].
Abdulla Qodiriy yaratgan deyarli barcha hajviy asarlarda ana shunday ijtimoiysiyosiy fikr
u yoki bu tarzda oʻz ifodasini topgan. Bu jihatdan adib yaratgan “Kalvak Maxzumning xotira
daftaridan” hamda “Toshpoʻlad tajang nima deydi?” kabi hajviy qissalari muhim ahamiyatga
egadir. Har ikkisi ham qurilishiga koʻra oʻziga xos boʻlib bir-birini takrorlamaydi. Agar “Kalvak
Maxzumning xotira daftaridan” qissasi qariyb yigirmaga yaqin hajviyalardan tarkib topgan
boʻlsa, “Toshpoʻlad tajang nima deydi?
qissasi oʻndan ortiq turkum asarlardan tarkib topgan. Har ikki asarda ham bosh
qahramon oʻsha alohida-alohida turkum maqomida hajviyalarni bir-biriga bogʻlab turadi va
asarga yaxlitlik bagʻishlaydi. Shuningdek, hayot illatlaridan kulish, ijtimoiy illatlar, nuqsonlarni
bartaraf etishga qaratilgan tanqid ruhi boʻlaklarini uzviy bogʻlaydi, gʻoyaviy-badiiy birlik
yuzaga keladi. Ba’zi qodiriyshunoslar bu holatni feletonlar tizmasidan, turkumidan iborat deb
hisoblaydi. Zero, hajviy adabiyotning asosiy xususiyati, belgisi mavjud hayotiy illatlarni,
insondagi nuqsonlarni hajv etishga shu asosda obyektni yo tasdiqlash, yo inkor etish
maqsadlarini ilgari suradi. Albatta unda kulgu, tanqidiy ruh ustuvorlik qiladi. Toʻgʻri feletonda
ham shu holat yetakchi ammo, u aniq shaxsga, aniq davrga, aniq obyektga qaratilganligi bilan
farqlanib turadi. Binobarin, feleton janrida badiiy umumlashtirish, individuallashtirish hajviy
hikoya yoki qissaga nisbatan chegeralanganligi bilan farqlanadi. Modomiki, shunday ekan,
mavjud har ikki qissani faqat feletonlar yigʻindisi, turkumi yoki toʻplami deb baholash mavjud
qissalar xususiyatini va hajviy individualligini anglamaslikka olib boradi.
Abdulla Qodiriyning hajviyachilik sohasidagi yozganlari oʻz salmogʻiga ega ekanligi
shubhasiz, shu oʻrinda uning hajviy asarlari soʻngida qoʻllagan taxalluslari leksikasiga ham
alohida toʻxtalish lozim. Yozuvchining oʻz maqolalari ostiga imzo sifatida qoʻyayotgan
taxalluslari har qanday oʻquvchini oʻziga tortadi va ta’sirlantiradi. Masalan, uning “Kalvak
maxzum”, “Toshpoʻlat tajang”, “Dumbul” “Shilgʻay”, “Mirza Julqun”, “Ovsar”, “Jiyan”, “Shayton”,
“Sarimsoq”, “Oxund”, “Shoshiy”, “Chichora”, “Shakkok” hatto ayol kishi tilidan hikoya qilingan
hajviyalariga “Dumbulnisa” deb taxallus qoʻyilishi oʻziga xos uslubni anglatadi. Adibning 1926-
yil nashir etilgan “Mushtum” jurnalida “…quyidagi kuldirguchilarimizga ishonib ish koʻrsa
boʻladir” deb keltirgan soʻzlar ham oʻzi kabi ijod qilayotgan hajivchilarning taxalluslari boʻlishi
kerak. “Magʻzava”, “Mehtarbod”, “Yamoqchi”, “Boʻriboy” (Bahman), “Beandisha”, “Qurum”,
Murot, “Dardmand”, “Iblis”, “Zarra”, “Oʻsh shapalogʻi”, Sanjar, “Eski qoʻrqoq”, “Guruppa boz”,
“Chalpak”, “Tirrancha”, “Achicha qoʻqon”, “Yoza bilmas”, “Yo doʻst” va boshqalar52. Qodiriy
hajviyalarining estetik jihatdan bu qadar ta’sirchan boʻlishida ijodkorning oʻzbek tili
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
48
leksikasidagi kinoya va boshqa koʻchma ma’noli leksemalardan foydalangani bilan izohlash
mumkin.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Boboniyozov A. A. Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida tasviriy vositalar va til badiiyati:
Filologiya. Fanlari nomzodi...diss. – Toshkent, 1995 yil.
2.
“Mushtum” jurnali 1926-yil, 24-soni.
3.
3.Qahhorova H. Frazeologiya Abdulla Qodiriy: Filologiya fanlari nomzodi
diss.avtoreferati.- Toshkent,1985.
4.
Jalolova L.O. Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanining lingvistik tahlili. Filologiya.
Fanlari nomzodi... diss... muallif konspekti. – Toshkent, 2007 yil.
5.
Jurayeva, Z., & Rakhmonova, D. (2023). THE ROLE OF ARTIFICIAL INTELLIGENCE IN
SHAPING THE FUTURE: A COMPREHENSIVE OVERVIEW. Innovative research in modern
education, 1(8), 83-86.
6.
Gorelikova M.I., Magomedova D.M. Badiiy matnning lingvistik tahlili. – Moskva: Rus tili,
1989. – 151 b.
7.
Novikov L.A. Adabiy matn va uning tahlili. – Moskva: Rus tili, 1988.
8.
Omonturdiev A.J. Professional nutq euphemikasi (chorvadorlar nutqi misolida):
Filologiya fanlari doktori diss. - Toshkent, 2000.