67
HUVAYDO IJODIDA IBROHIM IBN ADHAM OBRAZI
Murodova Barnoxon Kamalxodja qizi
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15745224
Annotatsiya:
Mazkur maqolada mashhur tasavvufiy shaxs Ibrohim Adham haqidagi
rivoyatning Huvaydo ijodida qanday badiiy talqin etilgani tahlil etiladi. Tarixiy shaxs va uning
hayotiy faoliyati haqida badiiy adabiyotda mavjud fikrlar bilan Huvaydoning devonidagi obraz
o‘rtasidagi bog‘liqlik ochib beriladi.
Kalit so‘zlar:
tasavvuf, tazkira, qissa, faqr konsepsiyasi.
KIRISH
Ilk tasavvuf vakillaridan biri – Ibrohim ibn Adham (vafoti – hijriy 160 yil / milodiy 777)
hayot tarzi ko‘plab avliyolar va shayxlar haqidagi rivoyatlarning shakllanishiga asos bo‘lgan.
Afsuski, uning to‘liq biografik ma’lumotlari saqlanmagan. Faqatgina vafot sanasi ma’lum.
“Tazkira” turkumidagi manbalarda asosan hayotining ikkinchi yarmi tasvirlangan. Ibrohim
ibn Adham ko‘plab adabiy asarlarda badiiy obraz sifatida qayta ishlangann. U haqidagi fors
tilida yozilgan eng qadimgi manbalardan biri bu — shayx Farididdin Attor Nishopuriyning
“Tazkirat ul-avliyo’” asaridir. Ushbu asarning 12-bobida Ibrohim ibn Adham haqida hikoya
qilinadi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Alisher Navoiy ham o‘zining “Nasayim ul-muhabbat min shamoyim al-futuvvat” asarida “
Avvalg‘i tabaqadindur. Kuniyati Abu Ishoq va oti va nasabi Ibrohim Adham binni Sulaymon,
binni Mansur al-Balxiy. Mulukdin erkani xud mashhurdur. Yigitlikda tavba tavfiqi topti. Bir
kun ovg‘a boradur erdi. Nido eshitildiki, ey Ibrohim, sani bu ish uchun yaratmaydurlar. Bu
so‘zdin anga ogohlig‘ yuzlandi va mulk tarkin qilib, bu toifa tariqin ixtiyor qildi va Makkaga
bordi va anda Sufyon Savriy va Fuzayl Ayoz va Abu Yusuf G‘asuliy suhbatig‘a yetishti va
Shomda halol ro‘zi uchun nozirbonlig‘, ya’ni dashtbonlig‘ qilur erdi va anga hadisdur: biyik
karomotu maqomot ahlidin bo‘ldi va ta’rix yuz oltmish bir yo ikkida Shomda rihlat qildi”, -
deya ma’lumot beradi.
Ibrohim ibn Adhamning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar turli yozma manbalarda
saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi qisqa va asardan parcha holda yetib kelgan.
Biroq Islom olamining keng mintaqalarida og‘zaki shaklda avloddan-avlodga o‘tgan rivoyatlar
mavjud bo‘lgan bo‘lib, aynan mana shu og‘zaki hikoyalar xalq dostonchilari tomonidan “qissa”
shakliga solingan.
Shu tariqa, xalq orasida keng tarqalgan diniy-tarixiy rivoyatlar, keyinchalik XIX asr
yozma adabiyotida o‘z aksini topgan. Xo‘janazar Huvaydoning “Qissayi Ibrohim ibn Adham”
asari esa xalq rivoyatining matnlashtirilgan, adabiy va diniy shaklga keltirilgan namunasi
sifatida qadrlanadi.
Ibrohim ibn Adhamning tasavvufdagi o‘rni – diniy va ma’naviy hayotga doir
yondashuvlarning shakllanishida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. U o‘zining hayoti,
faoliyati va undan qoldirilgan rivoyatlar orqali xalq tafakkurida avliyo obrazini yaratdi. “Qissai
Ibrohim ibn Adham” asari esa bu obrazning adabiy-madaniy shakllanishida muhim vosita
bo‘ldi.
Zamondoshlaridan farqli o‘laroq, Ibrohim ibn Adhamning hayot tarzi dunyo
lazzatlaridan butunlay voz kechgan holatda kechgan. U uzlatni tanlagan, jamiyatdan yiroq
68
yashagan. Shunga qaramay, u xayriya faoliyatidan ham chetda qolmagan: sulton bo‘lgan
chog‘ida kambag‘allarga yordam bergan, so‘fiylikka kirgach esa bevalar, yetimlar va
darvishlarga muruvvat ko‘rsatgan.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent va Qozon, Istanbulda litografik usulda chop
etilgan nashrlar Ibrohim ibn Adham obrazining xalq orasidagi mashhurligini yaqqol
ko‘rsatadi. Ayniqsa, tarixiy shaxs bo’lgan Ibrohim ibn Adham bu davrga kelib “Qissa-i Ibrohim
ibn Adham” asarlarida bosh qahramon obraziga prototip, badiiy obraz darajasiga chiqib ,
uning maqsad-mohiyati “qissa” janri orqali ochib berilib,
tasavvufiy, axloqiy va estetik
qadriyatlarni
xalq qalbiga singdiruvchi adabiy vosita bo‘lib xizmat qildi.
Xo‘janazar Huvaydoning “Qissayi Ibrohim ibn Adham” asarida Ibrohim ibn Adhamning
taxtdan voz kechishi va “Sulton” unvoni bilan birga barcha dunyoviy rishtalardan ajralishi
kabi holatnng guvohi bo‘lamiz. Bu tasavvufiy
faqr (ixtiyoriy faqirlik)
kontsepsiyasining
klassik namunasi. Biz unda obrazning ikki bosqichli holatini ko‘rishimiz mumkin:
Dastlabki bosqich:
adolatli hukmdor, saxiy sulton, xalq bilan do‘stona podshoh.
Keyingi bosqich:
dunyodan ajralgan zohid, hatto farzand muhabbatini ham Alloh
muhabbati yo‘lida qurbon qiluvchi darvish timsoli. Bu nima uchun kerak edi, degan savolga
dunyoviylikdan so‘fiylikka o‘tish uchun, deb javob berish mumkin.
“Qissai Ibrohim ibn Adham”da yozma adabiyotga xos kompozitsion elementlar,
masalan, asosiy syujetga ko‘plab kichik syujetlar mahorat bilan qo‘shilganining guvohi
bo‘lamiz. Qissada tasavvuf tarixidagi muhim siymo – Robiya Adaviyaning voqeasi berilgan. U
chin dindorlik va Allohga bo‘lgan muhabbati bilan ajralib turadi. Robiya Hajga yo‘l oladi va har
ikki qadami ortidan ikki rakat namoz o‘qiydi. Yetti yil yo‘l yurib, Makka yaqinida ikki kunlik
yo‘l qolganida, sababli bo‘lib qolib, Allohdan yalinib yordam so‘raydi. Yaqinda bir quduqni
ko‘radi, libosining etagini suv bilan to‘ldirib tahorat qiladi. Bu vaqtda chanqagan bir kuchuk
keladi, Robiya uning chanqog‘ini qondiradi. It minnatdorchilik bildirib, Allohdan bu ayolga
yordam so‘raydi. Shunda mo‘jiza yuz beradi – Ka’ba osmonga ko‘tarilib, Robiyaning ustiga
tushadi. Ya’ni Ka’baning o‘zi unga sajda qiladi.
Bu vaqtda Ibrohim ibn Adham Hajga ketayotgan bo‘ladi, Robiya va Ka’bani ko‘rib
hayratga tushadi. Robiya unga Alloh o‘z mehnati, fidoyiligi, sadoqati uchun unga bu mo‘jizani
berganini aytadi. Bu epizod Ibrohim ibn Adhamning ham tasavvufiy ma’naviy yetukligini,
Robiya kabi Allohga mehr bilan intilganini ko‘rsatadi.
XULOSA
“Qissai Ibrohim ibn Adham” — bu nafaqat tarixiy obraz, balki
tasavvufshunoslik,
adabiyotshunoslik va xalq poetik tafakkuri
ning yakdil majmui sifatida baholanadi. Uning
badiiy xususiyatlari, falsafiy qatlamlari, ramzlar tizimi, kompozitsion mukammalligi bu asarni
turkiy xalq adabiy merosining durdonalaridan biriga aylantiradi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Ҳувайдо. Роҳати дил. – Т.: Абдулла Қодирий номидаги "Ҳалқ мероси", 1994. 119 б.
2.
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. 17-tom. “Nasoyim ul-muhabbat”,
«FAN» nashriyoti. T., 2001.
3.
Najmiddin Komilov. Tasavvuf yoki komil inson axloqi. 1-kitob, T., “Yozuvchi” nashriyoti.
69
1996-y.
4.
Fariduddin Attor. Tazkirat ul-avliyo. T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy
uyi. 2013.