Авторы

  • Eldora Kalbaeva
    Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.zdif.117317

Ключевые слова:

nikoh yoshi voyaga yetmaganlar huquqiy javobgarlik ma’muriy jazo jinoiy javobgarlik huquqbuzarlik.

Аннотация

Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida nikoh yoshi bilan bog‘liq huquqiy tartibotlar, ularni buzganlik uchun belgilangan ma’muriy va jinoiy javobgarlik turlari tahlil etiladi. Nikohga kirish yoshining huquqiy asoslari, istisno holatlari va ularga nisbatan qo‘llaniladigan javobgarlik choralarining ahamiyati yoritilib, voyaga yetmagan shaxslarning huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar ko‘rib chiqiladi.


background image

126

NIKOH YOSHI HAQIDAGI QONUNCHILIK NORMALARI VA ULARNI

BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK ASOSLARI

Kalbaeva Eldora Uzaqbaevna

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi

E-mail: eldorakalbaeva@gmail.com

https://doi.org/10.5281/zenodo.15782136

Annotatsiya:

Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida nikoh yoshi bilan bog‘liq

huquqiy tartibotlar, ularni buzganlik uchun belgilangan ma’muriy va jinoiy javobgarlik turlari
tahlil etiladi. Nikohga kirish yoshining huquqiy asoslari, istisno holatlari va ularga nisbatan
qo‘llaniladigan javobgarlik choralarining ahamiyati yoritilib, voyaga yetmagan shaxslarning
huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar ko‘rib chiqiladi.

Kalit so‘zlar:

nikoh yoshi, voyaga yetmaganlar, huquqiy javobgarlik, ma’muriy jazo, jinoiy

javobgarlik, huquqbuzarlik.

Annotation:

This article analyzes the legal regulations concerning the legal age of

marriage in the Republic of Uzbekistan, along with the types of administrative and criminal
liability applied for their violation. It examines the legal grounds for entering into marriage,
exceptional cases, and mechanisms aimed at protecting the rights of minors.

Keywords:

marriage age, minors, legal liability, administrative penalty, criminal

responsibility, legal violation.

Аннотация:

В статье анализируются правовые нормы, регулирующие брачный

возраст в Республике Узбекистан, а также виды административной и уголовной
ответственности за их нарушение. Рассматриваются правовые основания вступления в
брак, исключительные случаи и механизмы, направленные на защиту прав
несовершеннолетних.

Ключевые

слова:

брачный

возраст,

несовершеннолетние,

правовая

ответственность,

административное

наказание,

уголовная

ответственность,

правонарушение.


Nikoh – jamiyatning eng muhim institutlaridan biridir. Uning qonuniy asoslarda tuzilishi

er-xotin o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni belgilash bilan birga bolalarning huquqiy
himoyasiga, jamiyat rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, nikoh yoshiga oid qonunchilik
normalari ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda aniq belgilangan. Uni buzish huquqbuzarlik,
ayrim hollarda, jinoiy qilmish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida ham oilaviy, ayniqsa nikoh tuzish bilan bog‘liq ijtimoiy

munosabatlarni huquqiy tartibga solishda nikoh yoshi bo‘yicha belgilangan huquqiy
normalarga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga muvofiq, nikoh yoshi

erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan [1]. Mazkur norma nikohlanuvchi
tomonlarning psixologik va fiziologik jihatdan yetukligini hisobga olgan holda oilaviy
munosabatlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Huquqshunos olima
U.Shoraxmetova nikoh yoshini belgilashda muayyan talablar – biologik, ruhiy-psixologik,
ijtimoiy-ijtimoiy, aqliy yetuklik va huquqiy talablarga alohida e’tibor qaratadi [2, 33-34].

Nikohga kirish yoshi chet ellarda turlicha belgilangan. Masalan, nikoh yoshi Buyuk

Britaniyada 16 yosh, Italiya, Belgiya, Germaniya va Latviyada 18 yosh, Fransiya va Yaponiyada


background image

127

ayollar 16 yosh, erkaklar 18 yosh, Xitoyda erkaklar 22 yosh, ayollar 20 yosh etib belgilangan.
Nikoh yoshini qisqartirish Fransiyada Prezident ruxsatiga asosan, Italiya va Belgiyada voyaga
yetmaganlar ishlari bo‘yicha sud qarori asosida amalga oshiriladi [3, 24].

Shuningdek, milliy qonunchiligimizda uzrli sabablar mavjud bo‘lganda, masalan, bo‘lajak

ayolning homiladorligi, nikoh rasmiylashtirilmay farzand tug‘ilganligi, ularga nisbatan
emansipatsiya holati qo‘llanilganda, nikohlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra, nikoh tuzilganligini
qayd etish joyidagi tuman, shahar hokimi tomonidan nikohga kirish yoshi bir yildan ko‘p
bo‘lmagan muddatga kamaytirilishi mumkin. Nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning yozma
yoki elektron ariza bilan murojaat qilgan kunidan keyin bir oy o‘tgach FHDYO organi tomonidan
ro‘yxatga olinadi.

Ushbu norma voyaga yetmaganlarning manfaatini huquqiy jihatdan himoya qilishga

qaratilgan bo‘lib, turmushda yuz beradigan favqulodda vaziyatlar hisobga olinganligini
ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga, nikoh yoshini pasaytirish faqat tegishli asoslar mavjud
bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi kerak.

Biroq, ayrim hollarda shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida huquqiy normalarning

aniq va qat’iy belgilanganligiga qaramasdan, uni buzish holatlari uchrab turadi. Ularning
bunday qonunga xilof harakatlari esa quyidagi huquqiy javobgarlikni keltirib chiqaradi:

Ma’muriy javobgarlik;

Jinoiy javobgarlik.
Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan bu ikki

huquqiy ta’sir choralari o‘zaro bog‘liqdir. Ya’ni, shaxsning sodir etgan jinoyati uchun jinoiy
javobgarlikka tortilishidan oldin unga aynan shunday harakati yoki harakatsizligi uchun
ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lishi kerak. Bu holat "huquqbuzarliklar eskalatsiyasi" deb
ataluvchi tushuncha bilan bog‘liq bo‘lib, jinoyat huquqida muhim amaliy ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq,

nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqiy nikoh munosabatlariga kirishish O‘zbekiston
Respublikasi qonunchiligida bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n
baravarigacha jarima bilan jazolanadi. Bundan tashqari, ota-ona yoki ularning vakillari
tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni nikohga berish yoki uylantirish holatlari uchun
jarima bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha belgilangan.
Shuningdek, nikohning davlat organlarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan, shu jumladan,
nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan diniy marosim orqali tuzilishi holatlari bazaviy hisoblash
miqdorining o‘n beshdan o‘ttiz baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin [4].

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 125¹-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshiga

yetmagan shaxs bilan haqiqiy nikoh munosabatlariga kirishish yoki ota-ona va ularning
vakillari tomonidan bunday shaxsni nikohga berish, uylantirish kabi harakatlar uchun ilgari
ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilgan hollarda jazo choralari yanada
kuchaytiriladi. Jumladan, bu huquqbuzarliklar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma
baravaridan o‘ttiz baravarigacha jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari,
shuningdek, bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi [5].

Shuningdek, nikohni davlat organlarida rasmiylashtirmasdan, shu jumladan, nikoh

yoshiga yetmagan shaxs bilan diniy marosim orqali nikoh tuzish holatlari uchun ham ma’muriy
jazo qo‘llanilganidan keyin takroran huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik
nazarda tutilgan bo‘lib, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh


background image

128

baravaridan yuz ellik baravarigacha yetib borishi mumkin, shuningdek, uch yuz oltmish
soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish
ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini buzgan shaxslarga nisbatan

qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari, ularning qo‘llanilish tartibini o‘rganish orqali shuni
aytishimiz mumkinki, nikoh yoshiga yetmagan shaxslar bilan nikoh munosabatlariga kirishish
yoki ularni diniy marosim orqali nikohlash holatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida
qat’iyan taqiqlangan. Bunday huquqbuzarliklar dastlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi
kodeks doirasida javobgarlikni nazarda tutadi, biroq bu harakatlar takroran sodir etilgan
taqdirda Jinoyat kodeksi doirasiga o‘tadi va shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Mazkur
yondashuv davlat tomonidan voyaga yetmaganlarning jismoniy va ruhiy salomatligi, ularning
to‘laqonli shaxs sifatida shakllanishi uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Ayniqsa, nikoh yoshiga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzish masalasida diniy

marosimlar orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy amaliyotlar dolzarb muammolardan
biridir. Amaliyotda ko‘p hollarda bunday diniy nikohlar rasmiy nikoh shaklida qayd etilmaydi,
bu esa nafaqat voyaga yetmagan shaxsning huquqiy maqomini aniq belgilamay, uni ijtimoiy va
iqtisodiy himoyasiz holatda qoldiradi. Shu bois qonunchilikda bunday xatti-harakatlarga
nisbatan qat’iy jazolarning belgilanishi, xususan, takroran sodir etilgan hollarda jinoyat sifatida
baholanishi – voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasini kafolatlash hamda bola huquqlari
to‘g‘risidagi xalqaro standartlarga muvofiq chora-tadbirlar sifatida talqin etiladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, milliy qonunchilik mexanizmimizda oila instituti tarkibiga

kiruvchi nikoh tuzish, nikoh yoshi bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar aniq va qat’iy tartibga
solingan. Ular voyaga yetmaganlarni himoya qilish, majburiy erta nikohlarning oldini olish
hamda ularning salomatligi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim o‘ringa ega. Qonun
talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish orqali ularga huquqiy ta’sir ko‘rsatish esa
profilaktik choralarni birlashtirish va jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

References:

Используемая литература:

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

Ўзбекистон Республикаси Оила кодекси

https://www.lex.uz/acts/104720

2.

Шорахметова У. Никоҳ тузиш шартларига риоя қилмаслик оқибатларини

белгиловчи қонунчиликни такомиллаштириш муаммолари. Ю.ф.н.дисс. Т.: ТДЮИ, 2009.

-33-34 б.

3.

Насимов Х. Мамараимова Г. Никоҳ: миллий ва хорижий тажриба. Ахборот-таҳлилий

материал. Т.: ТДЮУ, 2019.-24 б.

4.

Ўзбекистон Республикасининг Маъмурий жавобгарлик тўғрисидаги кодекси

https://www.lex.uz/acts/97664

5.

Ўзбекистон Республикаси Жиноят кодекси

https://www.lex.uz/acts/111453

Библиографические ссылки

Ўзбекистон Республикаси Оила кодекси https://www.lex.uz/acts/104720

Шорахметова У. Никоҳ тузиш шартларига риоя қилмаслик оқибатларини белгиловчи қонунчиликни такомиллаштириш муаммолари. Ю.ф.н.дисс. Т.: ТДЮИ, 2009. -33-34 б.

Насимов Х. Мамараимова Г. Никоҳ: миллий ва хорижий тажриба. Ахборот-таҳлилий материал. Т.: ТДЮУ, 2019.-24 б.

Ўзбекистон Республикасининг Маъмурий жавобгарлик тўғрисидаги кодекси https://www.lex.uz/acts/97664

Ўзбекистон Республикаси Жиноят кодекси https://www.lex.uz/acts/111453