Авторы

  • Sevara Omonkeldiyeva
    Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura talabasi, Toshkent, O‘zbekiston

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.zdif.117332

Ключевые слова:

Elektron tijorat iste’molchi huquqlari Yevropa Ittifoqi direktivalari shartnoma erkinligi adolatsiz amaliyotlar chalg‘ituvchi reklama masofaviy savdo.

Аннотация

Ushbu ishda Yevropa Ittifoqining elektron tijoratga oid asosiy direktivalari tahlil qilinib, Germaniya va Fransiya qonunchiligi bilan qiyosiy asosda o‘rganildi. “Consumer Rights”, “E-Commerce”, “Unfair Practices” va “Unfair Terms” direktivalari iste’molchilarni chalg‘ituvchi, bosim o‘tkazuvchi va adolatsiz amaliyotlardan huquqiy jihatdan himoya qilishga qaratilgan. Tahlil natijasida O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish uchun masofaviy shartnomalarni huquqiy belgilash, 14 kunlik qaytarish huquqini joriy etish, axborot berish majburiyatini kuchaytirish va mustaqil nazorat organi tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.


background image

95

YEVROPA ITTIFOQINING ELEKTRON TIJORAT BO‘YICHA HUQUQIY

STANDARTLARI VA ULARNING GERMANIYA HAMDA FRANSIYA

QONUNCHILIGIDAGI AKS ETISHI

Omonkeldiyeva Sevara Odiljon qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura talabasi,

Toshkent, O‘zbekiston

https://doi.org/10.5281/zenodo.15760691

Annotatsiya:

Ushbu ishda Yevropa Ittifoqining elektron tijoratga oid asosiy direktivalari

tahlil qilinib, Germaniya va Fransiya qonunchiligi bilan qiyosiy asosda o‘rganildi. “Consumer
Rights”, “E-Commerce”, “Unfair Practices” va “Unfair Terms” direktivalari iste’molchilarni
chalg‘ituvchi, bosim o‘tkazuvchi va adolatsiz amaliyotlardan huquqiy jihatdan himoya qilishga
qaratilgan. Tahlil natijasida O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish uchun masofaviy
shartnomalarni huquqiy belgilash, 14 kunlik qaytarish huquqini joriy etish, axborot berish
majburiyatini kuchaytirish va mustaqil nazorat organi tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari
surilgan.

Kalit so‘zlar:

Elektron tijorat, iste’molchi huquqlari, Yevropa Ittifoqi direktivalari,

shartnoma erkinligi, adolatsiz amaliyotlar, chalg‘ituvchi reklama, masofaviy savdo.

LEGAL STANDARDS OF THE EUROPEAN UNİON İN ELECTRONİC COMMERCE

AND THEİR REFLECTİON İN THE LEGİSLATİON OF GERMANY AND FRANCE

Omonkeldiyeva Sevara Odiljon qizi

Student of Tashkent State University of Law, Tashkent, Uzbekistan

ANNOTATION

This paper analyzes the main directives of the European Union in the field of electronic

commerce, comparing them with the legislation of Germany and France. The directives on
Consumer Rights, E-Commerce, Unfair Commercial Practices, and Unfair Contract Terms aim
to provide legal protection for consumers against misleading, aggressive, and unfair business
practices. Based on the analysis, proposals have been developed to improve the legislation of
Uzbekistan, including the legal definition of distance contracts, the introduction of a 14-day
return period, strengthening the obligation to provide information, and the establishment of
an independent supervisory authority.

Keywords:

electronic commerce, consumer rights, European Union directives, freedom

of contract, unfair practices, misleading advertising, distance selling.


Germaniya va Fransiya Yevropaning huquqiy sohadagi ilg‘or davlatlari hisoblanib,

elektron savdo va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish borasida mukammal va chuqur
o‘ylab yaratilgan qonunchilik tizimiga ega. Bu ikki mamlakat kontinental huquq oilasiga kiradi
va huquqiy normalarni, asosan, fuqarolik kodekslari asosida shakllantiradi. Ularning elektron
tijoratdagi huquqiy tartibga solish uslubi Yevropa Ittifoqi qabul qilgan direktivalarga tayansa-
da, har bir davlat ushbu direktivalarni o‘z milliy qonunchiligiga uyg‘unlashtirishda o‘zining
tarixiy huquqiy rivojlanishi va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini e’tiborga olgan.

Germaniyada elektron tijorat bilan bog‘liq masalalar asosan Bürgerliches Gesetzbuch

(BGB) – ya’ni Fuqarolik kodeksi orqali tartibga solinadi. Ushbu hujjatda masofaviy savdolar,
onlayn shartnomalar, iste’molchiga oldindan axborot berish majburiyati, shuningdek,


background image

96

shartnomani bekor qilish huquqi kabi asosiy huquqiy prinsiplar aniq belgilangan. Bundan
tashqari, bu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi va iste’molchilar manfaatlarini himoya qiluvchi
mustaqil tashkilotlar, masalan, Verbrauerzentrale (Iste’molchilar markazi) mavjud.

Fransiyada esa bu soha Code de la consommation – Iste’molchilar kodeksi orqali tartibga

solinadi. Mazkur kodeksda elektron savdoda ishtirok etayotgan tomonlarning huquqlari va
majburiyatlari, sotuvchining iste’molchiga axborot berish majburiyati, tovarni qaytarish va
pulni undirib olish tartibi, shuningdek, firibgarliklarga qarshi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Fransiyada ham davlat tomonidan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga mas’ul bo‘lgan
maxsus organlar faoliyat yuritadi, jumladan, DGCCRF (Directiоn générale de la concurrence,
de la consommation et de la répression des fraudes) – iste’molchilarni aldovdan himoya
qiluvchi muhim davlat organi hisoblanadi.

Germaniya va Fransiyaning mazkur sohadagi tajribasi elektron savdo doirasida

iste’molchilarning manfaatlarini ishonchli huquqiy asosda himoya qilish va raqamli
iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashda namuna bo‘la oladi. Bu tajriba boshqa
davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyat kasb etadi va foydali huquqiy
model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Endilikda, Germaniya va Fransiyaning tajribasini chuqur
tahlil qilgan holda, elektron tijorat sohasidagi rivojlanishlar va yangilanishlarni o‘rganish
zarur. Bugungi global raqamli iqtisodiyot sharoitida elektron savdo iste’molchilar bilan
tadbirkorlar o‘rtasidagi asosiy iqtisodiy aloqalarning muhim maydoniga aylangan. Ayniqsa,
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda elektron tijoratni huquqiy tartibga solish va iste’molchilar
huquqlarini kafolatlash bo‘yicha keng ko‘lamli normativ-huquqiy mexanizmlar shakllangan.
Germaniya va Fransiya esa, Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari sifatida, mazkur
direktivalarni o‘z milliy huquqiy tizimlariga muvaffaqiyatli moslashtirib, iste’molchilarning
huquqiy manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi samarali model yaratishga erishgan.

Yevropa Ittifoqi direktivalari deganda, a’zo davlatlarga muayyan huquqiy natijaga

erishish majburiyatini yuklovchi, biroq bu natijaga qanday yo‘l bilan erishishni davlatlarning
o‘z ixtiyoriga qoldiruvchi normativ hujjatlar tushuniladi. Ya’ni, direktivalar konkret
maqsadlarni belgilaydi, lekin ularni amaliyotga tatbiq etish tartibi har bir davlatning milliy
qonunchiligiga bog‘liq bo‘ladi.

1

Germaniya Federativ Respublikasi va Fransiya Respublikasi ham Yevropa Ittifoqi

tomonidan ishlab chiqilgan ushbu direktivalarning umumiy tamoyillariga amal qiladi. Biroq,
bu tamoyillarni hayotga tatbiq etish usuli va tartibi har bir mamlakatning o‘z milliy huquqiy
tizimi asosida belgilanadi. Romano-german huquq oilasiga kiruvchi davlatlarda Yevropa
Ittifoqi direktivalarining roli va ahamiyati haqida bir qator taniqli yuridik olimlar ilmiy fikr
bildirganlar. Ulardan biri, huquqshunoslik sohasida katta obro‘ga ega bo‘lgan professor
Reinhard Zimmermann bo‘lib, u o‘zining “The Law of Obligations: Roman Foundations of the
Civilian Tradition” nomli asarida Rim huquqiga asoslangan fuqarolik-huquqiy
yondashuvlarning zamonaviy elektron savdo huquqiy modelining shakllanishiga asos bo‘lib
xizmat qilayotganini ta’kidlaydi.

2

Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy direktivalar — jumladan,

“Consumer Rights”, “E-Commerce”, “Unfair Terms” va boshqa hujjatlar — a’zo davlatlar

1

https://uz.wikipedia.org/wiki/Yevropa_iqtisodiy_hamjamiyati

2

https://www.springerprofessional.de/sources-of-consumer-contract-law/16952240


background image

97

tomonidan o‘z milliy qonunchiliklariga implementatsiya qilinadi. Biroq bu jarayonda, ayniqsa
Germaniya va Fransiyada, fuqarolik huquqining romano-german an’analari muhim ahamiyat
kasb etadi. Ushbu kontekstni to‘liq anglash uchun taniqli huquqshunoslar – Konrad Zweigert,
Hein Kötz va Reinhard Zimmermannlarning asarlariga murojaat qilish lozim. Jumladan,
Zweigert va Kötz o‘zlarining “Introduction to Comparative Law” nomli asarlarida romano-
german huquq tizimining “huquqiy uslubi” (legal style) haqida fikr yuritib, normativ
hujjatlarni tizimli va aniq yuridik talqin asosida sharhlash muhimligini ta’kidlaydilar.

3

Bu yondashuv Yevropa Ittifoqi direktivalarining milliy qonunchilikka uzviy tarzda

moslashtirilishini izohlaydi. Masalan, axborot berish majburiyati, shartnoma majburiyatlari,
vositachilarning javobgarligi kabi muhim tamoyillar ana shu yuridik uslubga mos holda
qonunchilikka qo‘shiladi.

Yevropa Ittifoqi direktivalarida belgilangan umumiy prinsiplarni birma-bir ko‘rib

chiqadigan bo‘lsak, avvalambor “Iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi direktiva” (Consumer
Rights Directive) alohida o‘rin tutadi. Bu hujjatda iste’molchiga shartnoma tuzishdan oldin
to‘liq va aniq axborot berilishi, 14 kun ichida sabab ko‘rsatmasdan shartnomani bekor qilish
imkoniyati, shuningdek, tovarni qaytarish va pullarni qaytarib olish huquqi kafolatlanadi.

Mazkur direktiva 2011-yil 25-oktabrda qabul qilinib, 2014-yil 13-iyundan boshlab

Yevropa Ittifoqi davlatlarida majburiy huquqiy kuchga ega bo‘lgan. Ushbu hujjatning asosiy
maqsadi elektron tijorat doirasida iste’molchilarni himoya qilish bo‘yicha umumiy
standartlarni uyg‘unlashtirishdan iborat.

Direktivaning 5- va 6-moddalarida shartnoma tuzilishidan oldin iste’molchiga mahsulot

yoki xizmatning asosiy xususiyatlari, narxi, to‘lov va yetkazib berish shartlari, shartnomani
bekor qilish tartibi, shikoyat qilish imkoniyatlari haqida soddaligi va ravonligi bilan ajralib
turuvchi axborot taqdim etilishi shartligi belgilangan.

9-moddada “bekor qilish huquqi” (right of withdrawal) muhim huquqiy kafolat sifatida

belgilangan. Ushbu qoidaga ko‘ra, iste’molchi shartnoma tuzilgan kundan yoki mahsulot
yetkazib berilgan kundan boshlab 14 kun ichida hech qanday sabab ko‘rsatmasdan
shartnomani bekor qilish huquqiga ega. Agar iste’molchi tovarni qaytarishga qaror qilsa, 13-
modda asosida u tovarni 14 kun ichida asl holatida sotuvchiga qaytarishi, sotuvchi esa
shuncha muddat ichida to‘langan mablag‘ni qaytarishi shart bo‘ladi.

Agar Germaniya va Fransiya qonunchiliklariga e’tibor qaratilsa, Yevropa Ittifoqi

direktivalarida belgilangan qoidalar ularning milliy huquqiy tizimlarida o‘z ifodasini topganini
ko‘rish mumkin. Germaniyada elektron tijorat sohasidagi shartnomaviy munosabatlar
Bürgerliches Gesetzbuch (BGB) – ya’ni Germaniya Fuqarolik Kodeksi orqali tartibga solinadi.
Mazkur kodeksning 312-moddasida masofaviy shartnomalarga oid normalar kiritilgan bo‘lib,
unda onlayn tuziladigan shartnomalarda iste’molchining axborot olish huquqi aniq
ko‘rsatilgan. Savdogar shartnoma tuzilishidan oldin iste’molchiga yozma, tushunarli va to‘liq
ma’lumot berishi shartligi qonuniy majburiyat sifatida belgilangan. Bunday axborot berilgan
taqdirdagina shartnoma masofaviy tuzilgan shartnoma sifatida e’tirof etiladi.

4

Shartnomani bekor qilish masalasi ham alohida e’tiborga olingan. Agar tomonlar

o‘rtasidagi shartnomada bu haqda aniq band bo‘lmasa, u holda fuqarolik qonunchiligida

3

https://eur-lex.europa.eu/legal-content/EN/TXT/?uri=CELEX%3A32011L0083

4

https://www.gesetze-im-internet.de/englisch_bgb/englisch_bgb.html#p1070


background image

98

ko‘zda tutilgan umumiy bekor qilish qoidalari qo‘llaniladi. Xususan, BGBning 355-moddasiga
ko‘ra, iste’molchi hech qanday sabab ko‘rsatmasdan 14 kun ichida shartnomani bekor qilish
huquqiga ega — bu qoida Yevropa Ittifoqi direktivalariga ham to‘liq mos keladi. Bundan
tashqari, shu moddaning beshinchi qismida yana bir muhim jihat belgilangan: agar savdogar
iste’molchiga axborot berish majburiyatini bajarmagan bo‘lsa, unda iste’molchi tovarni 12 oy
ichida qaytarib berish, savdogar esa to‘langan pulni qaytarish yoki tovarni shunga teng
boshqa mahsulotga almashtirish majburiyatiga ega bo‘ladi.

Fransiyada esa elektron tijorat sohasidagi shartnomaviy-huquqiy munosabatlar Code de

la consommation — ya’ni Iste’molchilar kodeksi orqali tartibga solinadi. Bu kodeksda ham
masofaviy shartnomalarga oid qoidalar mavjud bo‘lib, mazmun jihatdan Germaniya Fuqarolik
Kodeksiga o‘xshasa-da, Fransiya qonunchiligida mazkur normalar nisbatan aniqroq shaklda
ifodalangan. Iste’molchilar kodeksining L221-1-moddasiga muvofiq, har bir onlayn shartnoma
tuzilishidan oldin sotuvchi mahsulot yoki xizmatga oid barcha asosiy ma’lumotlarni —
jumladan, narx, soliq, yetkazib berish shartlari hamda bekor qilish tartibini — batafsil va
tushunarli shaklda iste’molchiga taqdim etishi majburiy hisoblanadi. Bu holatlar
shartnomaning ajralmas va asosiy shartlari sifatida e’tirof etiladi.

5

Agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini Germaniya va Fransiyaning tegishli

qonunlari bilan taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, ayrim o‘xshashliklar bilan birga farqlar ham
yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi
Qonunning 18-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda iste’molchi nooziq-ovqat mahsulotini xarid
qilganidan so‘ng 10 kun ichida uni o‘xshash mahsulotga almashtirishga yoki, agar u mavjud
bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli hisoblanadi.

6

Bu esa shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston

qonunchiligida iste’molchi hech qanday sabab ko‘rsatmasdan tovarni qaytarish yoki
almashtirish imkoniyatiga ega, biroq bu huquq muddati Germaniya va Fransiyadagi 14 kunlik
muddatdan qisqaroq – atigi 10 kun.

Yevropa Ittifoqining “Consumer Rights Directive” nomli direktivasining 22-moddasida

esa iste’molchining qo‘shimcha huquqlari ham mustahkamlangan. Bu modda asosida,
shartnoma tuzilishidan oldin yoki taklif berilishidan avval, sotuvchi har qanday qo‘shimcha
to‘lovlar bo‘yicha iste’molchidan aniq va ochiq rozilik olishi shart. Agar savdogar bu rozilikni
olmasdan, iste’molchiga qo‘shimcha to‘lovdan voz kechish uchun maxsus standart variantlarni
tanlash majburiyatini yuklasa, unda bu holat noqonuniy hisoblanadi. Bunday vaziyatda
iste’molchi o‘zboshimchalik bilan undirilgan to‘lovni qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu
norma iste’molchining aniq, to‘g‘ri va to‘liq axborot olish huquqini ta’minlashga qaratilgan.

Fransiya qonunchiligida esa agar ushbu qoida buzilsa, savdogar ma’muriy javobgarlikka

tortiladi: jismoniy shaxslar uchun 3 000 yevro, yuridik shaxslar uchun esa 15 000 yevrogacha
jarima belgilangan.

7

Yevropa Ittifoqi direktivalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni

ko‘plab nufuzli yuridik olimlar tomonidan ham chuqur tadqiq qilingan. Jumladan, Geraint G.
Howells va Stephen Weatherill o‘zlarining “Consumer Protection Law” (2005) nomli
asarlarida Yevropa Ittifoqi doirasida ishlab chiqilgan huquqiy asoslarning dolzarb jihatlariga
alohida e’tibor qaratishadi. Ularning ta’kidlashicha, Yevropa direktivalari, xususan “Consumer

5

https://www.legifrance.gouv.fr/codes/texte_lc/LEGITEXT000006069565/

6

https://lex.uz/docs/-4704

7

https://www.senat.fr/rap/l12-809-1/l12-809-16


background image

99

Rights Directive” va “Unfair Commercial Practices Directive”, a’zo mamlakatlarning milliy
qonun tizimlarida iste’molchini zaif tomon sifatida alohida himoya qilishni maqsad qilgan.

8

Ular qonunchilikda axborot berish majburiyati, shartnomani bekor qilish huquqi, shartnoma
bandlari o‘rtasida muvozanat va etik tamoyillarning muhimligini urg‘ulashadi. Ayniqsa,
Howells va Weatherill iste’molchining “anglangan roziligi” (informed consent) prinsipini
raqamli savdo sharoitida zamonaviy huquqiy himoya vositasi sifatida talqin etadi.

Elektron tijorat sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqi hujjatlaridan

yana biri bu — “E-Commerce Directive” nomli direktivadir. Ushbu normativ hujjat 2000-yil 8-
iyunda qabul qilingan va 2002-yildan boshlab kuchga kirgan bo‘lib, axborot jamiyatiga oid
xizmatlar, ayniqsa elektron tijorat faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy
manbasi hisoblanadi.

9

Direktivaning asosiy maqsadi Yevropa Ittifoqi ichida yagona raqamli

bozorni shakllantirish, raqamli xizmatlarni erkinlashtirish hamda ishonchli va barqaror
onlayn muhitni rivojlantirishdan iboratdir.

Mazkur hujjatda birinchi navbatda, elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi xizmat

ko‘rsatuvchilar o‘zlari haqida iste’molchilarga aniq va to‘liq ma’lumotlar taqdim etishi shart
ekani qayd etilgan. Jumladan, Direktivaning 5-moddasiga muvofiq, har qanday onlayn xizmat
ko‘rsatuvchi (shu jumladan, elektron tijorat platformalari) o‘zining to‘liq nomi yoki savdo
belgisi, yuridik manzili, aloqa vositalari (elektron pochta, telefon), ro‘yxatdan o‘tgan joyi va
raqami, soliq identifikatsiya raqami (agar mavjud bo‘lsa), hamda muayyan malaka yoki
litsenziyani talab qiladigan faoliyatlar uchun tegishli ruxsatnomalar haqida ochiq va qulay
tarzda axborot taqdim etishi lozim. Bu talab, eng avvalo, shaffoflikni ta’minlash va noqonuniy
faoliyatlarga qarshi huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi.

Direktiva, shuningdek, axborot vositachilarining — ya’ni hosting provayderlar, internet

platformalari va kontent tarqatuvchi xizmatlarning huquqiy maqomini 12–15-moddalarda
belgilab beradi. Unga ko‘ra, “faol bo‘lmagan” vositachilar, ya’ni faqat axborotni uzatuvchi yoki
vaqtincha saqlovchi xizmatlar (masalan, internet provayderlari) foydalanuvchilar tomonidan
joylashtirilgan kontent uchun javobgar hisoblanmaydi, agar ular mazkur axborotga bevosita
aralashmagan bo‘lsa, uning noqonuniy ekanligini bilmagan bo‘lsa yoki bu haqda xabardor
bo‘lganidan keyin tezda uni o‘chirib tashlagan yoki bloklagan bo‘lsa. Hosting xizmatlari esa,
“Notice and Takedown” (ogohlantirish va olib tashlash) mexanizmi orqali foydalanuvchilar
joylashtirgan kontentga nisbatan javobgar bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv internet
xizmatlarining erkinligini saqlab qolgan holda, noqonuniy kontentga qarshi samarali
nazoratni ta’minlaydi.

Yana bir muhim hujjat — “Unfair Commercial Practices Directive” — iste’molchilarga

nisbatan adolatsiz tijorat amaliyotlariga chek qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan. U 2005-yil
11-mayda qabul qilingan va 2007-yil 12-dekabrdan boshlab amal qilmoqda. Bu direktiva
reklama, savdo va marketing faoliyatlariga, ayniqsa elektron savdo platformalari faoliyatiga
nisbatan tatbiq etiladi. Hujjatning 5-moddasida umumiy tarzda taqiqlangan xatti-harakatlar
ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular sotuvchilarning xatti-harakatlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Direktiva doirasida har qanday tijorat amaliyoti adolatsiz hisoblanadi, agar u iste’molchining
iqtisodiy qarorlariga bosim o‘tkazsa, unga zarar yetkazsa yoki uni chalg‘itsa, va natijada,

8

Howells, G. G., & Weatherill, S. (2005). Consumer protection law (2nd ed.). Aldershot, Hants; Burlington, VT: Ashgate

– P-45

9

https://eur-lex.europa.eu/legal-content/EN/TXT/?uri=CELEX%3A32000L0031


background image

100

odatda ehtiyotkorlik bilan harakat qiluvchi iste’molchi noto‘g‘ri qaror qabul qilishiga sabab
bo‘lsa.

10

Yevropa Ittifoqining “Unfair Commercial Practices Directive” hujjatiga ko‘ra, adolatsiz

tijorat amaliyotlari ikki asosiy turga bo‘linadi: “chalg‘ituvchi amaliyotlar” (misleading
practices) va “tajovuzkor amaliyotlar” (aggressive practices).

Chalg‘ituvchi amaliyotlarga, avvalo, mahsulot yoki xizmat to‘g‘risida iste’molchiga

noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish, muhim axborotni yashirish yoki uni ataylab noto‘g‘ri tarzda
taqdim etish, shuningdek, tushunish qiyin bo‘lgan murakkab va chalkash ifodalar orqali
iste’molchiga noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otish holatlari kiradi. Masalan, mahsulot narxi ataylab
arzonroq ko‘rsatilib, aslida undan yuqori bo‘lishi — bu turdagi reklama iste’molchini
chalg‘ituvchi, haqiqatga zid axborot berish sifatida baholanadi.

Ikkinchi tur — tajovuzkor amaliyotlar — esa 8-moddada belgilab o‘tilgan bo‘lib, tijorat

amaliyoti zo‘ravonlik, tahdid yoki haddan ortiq psixologik bosim orqali iste’molchining erkin
qaror qabul qilishiga xalal yetkazsa, u agressiv hisoblanadi. 9-modda bu kabi xatti-
harakatlarni aniqlash mezonlarini belgilaydi: misol uchun, iste’molchiga doimiy ravishda
telefon qo‘ng‘iroqlari yoki SMSlar yuborish, noqulay yoki stressli muhitda shoshilinch qaror
qabul qilishga undash. Bunga yaqqol misol — “Agar siz bugun buyurtma bermasangiz, bu
imkoniyat yo‘qoladi” degan iboralardir. Bu kabi ruhiy bosimga asoslangan reklama usullari
real hayotda keng tarqalgan.

Mazkur direktivani boshqa Yevropa Ittifoqi hujjatlaridan ajratib turadigan muhim

xususiyat — unga maxsus ilovaning biriktirilganligidir. Ushbu ilovada 31 ta doimiy ravishda
taqiqlangan tijorat amaliyotlari ro‘yxati keltirilgan. Bu amaliyotlar qatoriga, masalan,
sotuvchining mahsulotni reklama qilingan narxda taklif qilgandek ko‘rsatib, lekin
iste’molchiga uni sotishni rad etishi; mahsulotning sifatsiz namunalarini taqdim etib, boshqa
tovarni majburan sotishga urinish; yoki reklama qilingan mahsulotni zudlik bilan yetkazib
berishdan bosh tortish kabi harakatlar kiradi. Bularning barchasi adolatsiz deb baholanadi va
qonun bilan qat’iy taqiqlangan.

Elektron tijorat bilan bog‘liq yana bir muhim Yevropa Ittifoqi huquqiy hujjati bu —

1993-yil 5-aprelda qabul qilingan “Adolatsiz shartlar to‘g‘risidagi direktiva” (Unfair Terms
Directive) bo‘lib, u iste’molchilar bilan tuziladigan namunaviy shartnomalarda bir tomonlama
va adolatsiz shartlarni cheklashni maqsad qilgan. Agar biror shart iste’molchining zarariga
bo‘lib, faqat tadbirkor foydasiga bir tomonlama ustunlik bersa, u noqonuniy deb topiladi va
yuridik kuchga ega emas. Bu yondashuv shartnoma tuzish erkinligini saqlagan holda, zaif
tomon sifatida iste’molchining manfaatlarini himoya qilishni ko‘zlaydi.

Direktivaning 1- va 2-moddalariga ko‘ra, u faqat tadbirkor bilan iste’molchi o‘rtasida

tuziladigan oldindan ishlab chiqilgan shartnomalarga tatbiq etiladi; tomonlar o‘rtasida
muzokara asosida kelishilgan shartlar esa, odatda, direktiva doirasiga kirmaydi. 3-modda esa
qanday shartlar “adolatsiz” deb baholanishi mumkinligini izohlaydi: agar biror band ikki
tomon o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar muvozanatini iste’molchi zarariga buzsa yoki
vijdonlilik tamoyiliga zid bo‘lsa, u adolatsiz deb e’tirof etiladi. Ushbu modda keng talqin
qilinadi va amaliyotda shartnomalarda uchraydigan ko‘plab hiyla-nayranglarni taqiqlash
imkonini beradi. Misol uchun, agar shartnomada “Sotuvchi istalgan vaqtda narxni o‘zgartirish

10

https://eur-lex.europa.eu/legal-content/EN/TXT/?uri=CELEX%3A32005L0029


background image

101

huquqiga ega” kabi band mavjud bo‘lsa, bu adolatsiz deb topiladi.

11

Direktivaning 5-moddasida barcha shartnoma bandlari aniq, tushunarli va soddaligi

bilan ajralib turuvchi tilda bayon qilinishi shartligi belgilangan. Agar band noaniq, murakkab
huquqiy iboralar bilan yozilgan bo‘lsa yoki texnik va moliyaviy jihatdan tushunarsiz bo‘lsa, u
holda bu iste’molchi foydasiga talqin qilinadi (bu "in dubio pro consumatore" —
iste’molchining manfaatini ustuvor qo‘yish prinsipiga asoslanadi). Bu yondashuv
iste’molchining yuridik bilim darajasi yetarli bo‘lmagan holatlarda ham unga nisbatan adolatli
qaror chiqarishni ta’minlaydi. Agar savdogar ataylab murakkab iboralardan foydalangan
bo‘lsa yoki noto‘g‘ri tushunishni suiste’mol qilgan bo‘lsa, u holda bu band bekor qilinadi.
Ba’zida band aniqdek ko‘rinsa ham, agar u iste’molchiga zarar yetkazsa, sud iste’molchining
foydasini ko‘zlab qaror chiqaradi.

Yevropa Ittifoqi direktivalari elektron tijoratda huquqiy aniqlik, iste’molchilarning

ishonchini oshirish va bozordagi raqobatni mustahkamlash orqali raqamli iqtisodiyotda
barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ular elektron tijoratning transchegaraviy
xususiyatini inobatga olgan holda, barcha a’zo davlatlar o‘rtasida huquqiy muvofiqlikni (ya’ni
qonunlarni yaqinlashtirish prinsipini) ta’minlaydi. Bu esa, Yevropa Ittifoqining istalgan
davlatida — Germaniya, Fransiya, Italiya yoki boshqa mamlakatlarda — iste’molchilar uchun
bir xil darajada huquqiy himoyani kafolatlaydi.

Yuqoridagi Yevropa Ittifoqi direktivalari va ularning asosida shakllangan Germaniya

hamda Fransiya qonunchiligi tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston qonunchiligini
takomillashtirishda ushbu tajribalardan foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab samarali
huquqiy yechimlar mavjud.

Ushbu tajribalarga asoslangan holda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga elektron

tijoratda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘z takliflarimizni bildiradigan
bo‘lsak, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga elektron
shartnomalarning ta’rifi va ularning yuridik maqomi alohida modda sifatida kiritilishi lozim.
Germaniyadagi BGBning 312-moddasi singari, masofaviy shartnomalarda iste’molchiga
oldindan va yozma ravishda axborot berish majburiyati aniq ko‘rsatilishi zarur. Shu bilan
birgalikda, O‘zbekistonda hozirda mavjud 10 kunlik tovarni qaytarish yoki almashtirish
muddati 14 kungacha uzaytirilishi kerak. Bu Yevropa Ittifoqining “Consumer Rights Directive”
talablariga mos keladi. Shuningdek, axborot berish majburiyati bajarilmasa, ushbu muddat 12
oyga uzaytirilishi mumkinligi belgilanmog‘i lozim.

References:

Используемая литература:

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi

Qonuni;
2.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuni;

3.

Howells, G. G., & Weatherill, S. (2005). Consumer protection law (2nd ed.). Aldershot,

Hants; Burlington, VT: Ashgate – P-45;
4.

https://uz.wikipedia.org/wiki/Yevropa_iqtisodiy_hamjamiyati ;

11

https://eur-lex.europa.eu/legal-content/EN/TXT/?uri=CELEX%3A31993L0013


Библиографические ссылки