87
ADVOKATLAR MALAKA OSHIRISHI MOHIYATI VA UNING AHAMIYATI
To‘ychiyeva Malika Botir qizi
Toshkent davlat yuridik universiteti 2-bosqich tayanch doktoranti,
Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.16271149
Annotatsiya.
Mazkur maqolada muallif tomonidan advokatura sohasida amalga
oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasi mantiqiy izchillikda tahlil etiladi. Shu jumladan,
mazkur islohotlar zamirida advokatlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish borasida
davlat o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar va ularning dolzarbligi yoritib beriladi. Bir qator olimlarning
malaka oshirishning advokatlar professional faoliyatidagi ahamiyati xususidagi fikrlari tahlil
qilinadi. Xorijiy davlatlarda advokatlar uchun malaka oshirishning majburiyati va ushbu
mamlakatlarda o‘rnatilgan talablar qiyosiy tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar:
advokatura, advokat, malaka oshirish, malaka oshirish zaruriyati.
Bugungi kunda, advokatura institutini takomillashtirish, advokatlarning kasbiy nufuzini
oshirish va advokatlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash sohasida bir qator islohotlar
amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yangi bob
qo‘shilib, unda advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga
aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish,
maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy
faoliyati davlat himoyasida bo‘lishi va qonun bilan muhofaza qilinishi belgilandi[1].
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini joriy qilish orqali advokatura sohasi tubdan yangilanib borayotgan bo‘lib, bu
orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-
kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 30-
maydagi PQ–263-son qarori[2] bilan, “Yuridik yordam” axborot tizimi ishlab chiqilib, unda
advokatlarning shaxsiy kabineti, advokatlarning elektron reyestri, “elektron advokatlik
orderi”ni olish va boshqa keng imkoniyatlar yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi
Farmonida ham advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali
huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish maqsadida: advokatura institutini o‘z-o‘zini
boshqarish tizimiga o‘tkazish hamda uning davlat organlari va boshqa tuzilmalardan chinakam
mustaqilligini ta’minlash; advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro
standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish; advokatlar
sonini kamida 2000 nafarga ko‘paytirish; fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha
advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari
o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi darajasini kamida 50 foizga yetkazish vazifalari
belgilandi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda advokatlar malakasini oshirish tizimini isloh etish
muhim ahamiyat kasb etadi. Quyida malaka oshirishdan ko‘zlangan maqsad va uning advokat
kasbiy faoliyatidagi ahamiyatini ko‘rib chiqamiz.
Yuridik adabiyotlarda ta’kidlanishicha, zamonaviy advokat muntazam ravishda o‘z
88
malakasini oshirib borishi, hattoki ikkinchi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Bu holat, asosan,
advokatlarning tor sohalarga ixtisoslashuvi zarurati bilan bog‘liq. Advokatura faoliyati
sohasidagi o‘zgarishlar natijasida advokatlar xorijiy tillar, xalqaro huquq hamda xorijiy
davlatlarning ichki qonunchiligini o‘rganishga kirishdilar. Shuningdek, qonunchilikdagi tezkor
o‘zgarishlar jarayonini ham inobatga olishga to‘g‘ri kelmoqda, chunki ko‘plab normativ-
huquqiy hujjatlar ko‘p marotaba o‘zgartirilmoqda va to‘ldirilmoqda[3].
Shu bilan birga, nazariy bilimlar bilan mustahkamlanmagan amaliy tajribaning o‘zi
professional tor doiralilikka olib keladi, xulq-atvorda andozaviylikni shakllantiradi hamda
boshqa nojo‘ya oqibatlarga sabab bo‘ladi. Kasbiy darajani doimiy ravishda oshirish ustida
ishlash, yangi bilimlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish esa professional mahoratga
erishishning kafolati bo‘lishi mumkin[4].
O.N.Kolokolova ta’kidlaydiki, vakil sifatida faoliyat yurituvchi advokat yetarli bilim va
tajribaga ega bo‘lishi kerak. Bu esa unga yuklatilgan vazifalarni malakali ravishda va ish
mohiyatini chuqur tushungan holda hal etish imkonini beradi. U, shuningdek, ishonch bildirgan
shaxsning aniq bir ish bo‘yicha huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda
o‘zining rolini va o‘rnini aniq tasavvur eta olishi, hamda kasbiy majburiyatlarini bajarishda
protsessual va no-protsessual vosita, usul va choralarining keng arsenaliga ega bo‘lishi
lozim[5].
Malaka oshirish talabi aholi uchun malakali yuridik yordamni ta’minlashga qaratilgan
xalqaro standartlar nuqtai nazaridan advokat maqomiga qo‘yiladigan majburiy talab
hisoblanadi. Shuning uchun, kasbiy birlashmalarning mustaqilligidan tashqari, xalqaro
tashkilotlar ham qat’iy malaka talablarini va doimiy malaka oshirish zaruratini har qanday
muvaffaqiyatli ishlaydigan adliya tizimining asosiy sharti sifatida ko‘radilar[6].
Ko‘plab Yevropa davlatlari, AQSh va Rossiyada advokatlik faoliyatida malaka oshirish
majburiy hisoblanadi va bir-biridan yiliga talab qilinadigan soatiga ko‘ra farq qiladi. Misol
tariqasida aytadigan bo‘lsak, Rossiyada besh yilda 100 soat yoki yiliga 20 soatdan, Bolgariyada
yiliga 4 soat, Belgiyada – 16, Fransiyada – 20, Germaniyada – 10, Italiyada – 30, Norvegiyada –
16, AQShda esa shtatlarga ko‘ra farq qilishi mumkin – 8 soat (Koliforniya)dan – 15 soat
(Texas)gacha[7].
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, malaka oshirish yuristlar, shu jumladan advokatlarning
davlat va jamiyat oldida turgan o‘z vazifalarini bajarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi
Farmonida belgilanganidek, advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro
standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish
mamlakatimizda dolzarbdir. Bu shuni anglatadiki, advokatlarning o‘z malakalarini oshirishga
bo‘lgan ishtiyoqlarining ortishi mazkur tizimni xalqaro standartlar asosida isloh etish bilan
chambarchas bog‘liqdir.
References:
Используемая Литература:
Foydalanilgan Adabiyotlar:
1.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi,
01.05.2023-y., 03/23/837/0241-son Available at:
https://lex.uz/docs/-6445145#-6446156
2.
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2022-y., 07/22/263/0456-son Available at:
89
https://lex.uz/docs/-6039334
3.
Стецовский Ю.И. Становление адвокатуры в России. – М.: Волтерс Клувер, 2010. – С.
448–449.
4.
Лубшев Ю.Ф. Курс адвокатского права: Учебник. – 2-е изд. – М.: ООО
«Профобразование», 2004. – С. 353.
5.
Колоколова О.Н. Особенности деятельности адвоката - представителя в
гражданском процессе // Налоги (газета). 2006. № 22.
6.
Курманалиева А.А. Вопрос повышения профессиональной квалификации
адвокатов в свете конституционного положения о доступе населения к
квалифицированной юридической помощи. ОБРАЗОВАНИЕ И ПРАВО № 12 • 2018
7.
ECCLE - European Center for Continuing Legal Education; Available at:
http://www.eccle.eu/european-center-for-continuing-legal-education/