77
TADBIRKORLIK FAOLIYATI VUJUDGA KELISHI MASALASIGA DOIR
So‘fiev A.A.
Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.16886370
Annotatsiya
Mazkur maqolada mumtoz manbalardagi, Sharq va G‘arb, Qadimgi
Yunoniston mutafakkirlari, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining zamonaviy
ko‘rinishlarini targ‘ib qilgan jadidlarning qarashlaridagi tadbirkorlik faoliyati, uning vujudga
kelishi, tadbirkorning faoliyatida huquqiy madaniyatning o‘rni haqida so‘z boradi.
Kalit so‘zlar:
tadbirkorlik faoliyati, huquqiy-normativ asoslar, strategik islohotlar,
ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy mohiyat, mehnat, falsafiy-axloqiy fikrlar, mehnatsevarlik, baxt-
saodat, mulkdor.
Tadbirkorlik faoliyati, uni tartibga soluvchi huquqiy-normativ asoslari, tadbirkor
shaxsning kasbiy maxsus madaniyati tarkibida huquqiy madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha
amalga oshirilayotgan strategik islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy mohiyati yotadi.
Tarixiy manbalarga qaraganda, tadbirkorlik faoliyatini vujudga kelishining ildizlari uzoq
o‘tmishga borib taqaladi. Bizga ma’lumki, XVI asrga qadar o‘lkamizdan “Buyuk ipak yo‘li”ning
eng asosiy irmog‘i o‘tgan bo‘lib, savdogarlik, oldi-sotdi, hunarmandchilik keng rivoj topganligini
ko‘rishimiz mumkin. Shu ma’noda ba’zi milliy-mental qarashlarda tadbirkorlik dastlab aynan
savdogarlik shaklida qaror topgan degan qarash ustun bo‘lib kelgan.
Mumtoz yozma manbalarda, xususan, “Avesto”da inson mehnatini ulug‘lovchi,
dangasalikni qoralovchi falsafiy-axloqiy fikrlar, mehnatsevarlikdan saboq beruvchi g‘oyalarda
jamiyat va inson hayotining farovonligi alohida e’tirof etilgan [1].
Qadimgi Yunonistonda tarkib topgan falsafiy ta’limotlarda tadbirkorlik masalasiga
alohida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, Platon o‘zining “Qonunlar” asarida “davlat va tadbirkorlik
munosabatlari masalasiga e’tibor qaratib, iqtisodiy erkinlik sharoitidagina ular o‘rtasidagi
aloqalarni mustahkamlash mumkinligi” [2], buyuk faylasuf Aristotelning fikricha, “Tadbirkor
adolatli ishlarga qo‘l urishi, muntazam ravishda xayrli ishlar bilan shug‘ullanishi lozim” [3]
degan fikrlari tadbirkorlikning ijtimoiylashuviga alohida urg‘u beradi.
Buyuk Sharq mutafakkiri Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil odamlar shahri” nomli asarida
qo‘li ochiq tadbirkorlar haqida alohida to‘xtalib o‘tadi. Forobiyning fikricha, “Insonni baxt-
saodatga eltuvchi jamoa haqiqatan fazilatli, yetuk, xosiyatli jamoadir. Insonning kelajagi, uning
baxt-saodati haqida g‘amxo‘rlik qilish, uning qayg‘u-alamiga sherik bo‘lish hissi aynan
tadbirkorlarda shakllangan bo‘lmog‘i lozim” [4]. Abu Nasr Forobiy jamiyatda tadbirkorlikning
rivojlanishida qonunlarning o‘rniga alohida e’tibor beradi. Shuning uchun ham alloma “Rahbar
yana og‘irlik o‘lchovi, don-dun va shakarga o‘xshash narsalar o‘lchovlari haqida ham hech
kimga zarar keltirmaydigan savdo haqida qonunlar chiqarishi kerak. Shu bilan birga qonun
chiqaruvchi, qonunlarda hamma badavlat va faqir kishilarning ahvolini aks ettiruvchi zarur,
toki qonunlarni buzuvchi va o‘zining insonlarini oxirigacha tuzatmay razilliklarni yangilovchi
odamlar toifasi nazardan tushib qolmasin” [5] deb yozadi. Abu Rayhon Beruniy tomonidan,
“...savdogarlik (tadbirkorlik) ka oid qarashlarida odamlarning o‘zaro ixtiyoriy kelishuvini
asosiy omil” [6] kabi fikrlar ilgari suriladi.
Mavzu doirasidagi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlik faoliyati asosan
XVIII asrda shakllangan bo‘lib, u ko‘pincha “mulkdor” degan tushuncha bilan bog‘liq holda
78
izohlangan. Ta’kidlash joizki, tadbirkorlik tushunchasiga ham aynan shu davrda yashab o‘tgan
taniqli ingliz iqtisodchi olimi R.Kantilton ilk marotaba maxsus ta’rif bergan. Keyinchalik esa
tadbirkorlik va uning ijtimoiy, huquqiy hamda falsafiy asoslarini ishlab chiqish borasida I.Kant,
F.V.Gegel, J.J.Russo, Sh.L.Monteskelar alohida tashabbus ko‘rsatganlar. Buyuk fransuz
siyosatchi, jamiyatshunos va faylasuf olim Sharl Lui Monteskening quyidagi liberal-demokratik
qarashlarini keltirish mumkin: “Erkinlik deganda shaxs istagan narsasini qilaverishi emas, balki
faqat qonunlarda aks etilgan xatti-harakatlarnigina amalga oshirish huquqi ekanligini
tushuntirib, inson faoliyatini faqat qonunlar orqali amalga oshirish mumkinligi”[7] ni alohida
ta’kidlab o‘tadi. Mazkur liberal qarashlar zamonimizda ham tadbirkor faoliyatining rivojlanishi,
tadbirkor shaxs huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim nazariy-konseptual asos bo‘lib
xizmat qiladi.
G‘arbda “liberalizm” g‘oyasining yetakchilaridan hisoblangan Jon Lokk esa davlatning
vazifasi o‘z tadbirkorlarini xorijiy raqobatchilaridan himoya qilish, xususiy mulk dahlsizligini
ta’minlash, tartib saqlashdan iboratligini ta’kidlab o‘tadi. V.Petti ham o‘zining ijtimoiy-falsafiy
qarashlarida erkin tadbirkorlikni himoya qiladi. Xususiy mulkni u “Muqaddas” va “Dahlsiz” deb
bilgan [8].
Hozirda MDH mamlakatlari doirasida ham tadbirkorlik masalasi turli ijtimoiy-falsafiy
konsepsiyalar asosida talqin qilinmoqda. Xususan, V.S.Avtonomov tadbirkorlik faoliyatini
antropologik yondashuv asosida izohlab, “tadbirkorlikda insonning ratsional qarorlari va
funksional boshqaruvdagi ijodkorligi qo‘l keladi” [9] degan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatiga oid
“cheklangan imkoniyat” atamasi muallifi G.Saymon “Tadbirkorlik faoliyatida muayyan
muvozanat va optimal muhit zarur” [10] ekanligini ta’kidlaydi.
Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti laureati M.Alle “Tadbirkorning mustahkam ratsional
faoliyati o‘z-o‘zidan shaxsiy maqsad va ularga erishish yo‘llari usullarini aks ettiradi” [11]
deb
yozadi. Bunda tadbirkorning biron-bir maqsadni amalga oshirishni chin dildan xohlashi va
unga muvofiq ratsional fikr yuritishi uning samarali natijalarga erishishidagi muhim qadam
hisoblanadi.
Olib borilgan tadqiqotda aniqlanishicha, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining
zamonaviy ko‘rinishlarini targ‘ib qilgan jadidlarning faoliyati mamlakatni feodal qoloqlikdan
chiqarishda muhim ahamiyat kasb etgan. Bunday taraqqiyparvar, ma’rifatparvar jadidlar
jumlasiga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori
Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqalarni kiritish mumkin.
“Zero, jadidlarning o‘z davrida xalq hayotini yangilash - modernizatsiyalash, jamiyatdagi
iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasidagi ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy g‘oyalari nafaqat o‘z
davrida, balki, keyinchalik ham O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlanishiga ma’lum ma’noda
bo‘lsa ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi” [12]. Ta’kidlash lozimki, jamiyatning butun aholisi, yoshlari,
ayniqsa tadbirkor shaxs huquqiy madaniyatini oshirish uchun, ularning umumiy madaniyat
tarkibiga kiruvchi huquqiy madaniyatning barcha elementlarini tarkib toptirishga aloqadordir.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida tadbirkorlik va uning turli rivojlantirish
yo‘llari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev asarlarida atroflicha yoritib
berilishi bilan bir qatorda bu masalaga “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi”da alohida
e’tibor qaratilgan. Mazkur “Taraqqiyot strategiyasi”da raqamli va yashil iqtisodiyotga o‘tish va
tadbirkorlikni rivojlantirishda O‘zbekistonga xos yo‘lning nazariy asoslari, strategik
maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, muammolari va ularning hal etish yo‘llari batafsil yoritib
79
berilgan” [13]. Bundan ko‘rinadiki, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev
tadbirkorlikning turli jabhalariga oid konseptual yondashuvlarni ishlab chiqishda faollik
ko‘rsatgan. Jumladan, “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” asarida o‘zbek xalqining
xarakteri va tabiatiga xos bo‘lgan, rahbar kadrlar, tadbirkorlar o‘z faoliyatlari natijasida yuqori
natijalarni ko‘rsatishlari uchun kasbiy bilim va qonunlarni mazmun-mohiyatini bilishlari talab
etiladi, shuningdek milliy qadriyatlarimiz va qonunchilik normalari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqni
saqlagan holda ma’naviy jihatini ham inobatga olish zarur hamda boshqa jihatlariga tayangan
holda iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi
lozimligi ko‘rsatilgan.
Bugungi transformatsiyalashuv davrida huquqshunoslik sohasida ham tadbirkorlik
masalasini tadqiq qilish va tartibga solish ijobiy ilmiy-nazariy yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Jumladan, huquqiy madaniyat nazariyasi va metodologiyasi doirasida tadbirkor shaxs huquqiy
madaniyatini yuksaltirishga dahldor bo‘lgan konseptual yondashuvlar xuquqshunos
nazariyotchilar U.Tadjixonov, A.Saidovlarning olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlarida yanada
boy mazmun-mohiyat kasb etmoqda. Mazkur huquqshunos olimlarning “Huquqiy madaniyat
deganda jamiyatda qaror topgan huquqiy tizimning darajasini, xalqning bu huquq tizimidan
xabardorlik darajasini, fuqarolarning qonunga bo‘lgan hurmati, huquqiy normalarning ijro
etilish darajasi, huquqqa rioya qilmaganlarga murosasiz bo‘lish, qonunga itoatkorlik darajasini
tushunamiz” [14] kabi ta’rifni ko‘rishimiz mumkin. Biroq, bu olimlarning ilmiy izlanishlari
asosida nafaqat jamiyat huquqiy madaniyatini shakllantirish, balki tadbirkor shaxs huquqiy
madaniyatini oshirishga oid taklif-tavsiyalarni ishlab chiqishda keng ko‘lamda
foydalanilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, tadbirkor shaxs huquqiy madaniyatini shakllantirish masalasi
suverenitetimizning dastlabki yillaridanoq, yangi ijtimoiy-iqtisodiy tizimning qaror topishi
bilan dolzarb masalaga aylandi, uni huquqiy tartibga solish, madaniy jihatdan qaror toptirish
hamda ilmiy-nazariy tadqiq etishni ham talab etardi. Zero, bu muammoning ijtimoiy-madaniy,
falsafiy-huquqiy jihatini o‘rganish bilan bir qatorda uning hozirgi amaliy hayotdagi o‘rni va
rolini tadqiq etish dolzarb va muhimdir.
Foydalanilgan Adabiyotlar:
1.
Avesto. A.Maxkamov tarjimasi. - Toshkent: Sharq, 2001. - B. 248.
2.
Platon. Qonunlar. (Rus tilidan O‘rfon Otajon tarjimasi.) - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2002.
- B. 95-96.
3.
Аристотель. Политика. Соч. В.4-х томах. - Т.4. - Москва: Мысль, 1984, - С. 379.
4.
Forobiy Abu Nasr. Fozil odamlar shahri. - Toshkent: A.Qodiriy nomidagi “Xalq merosi”
nashriyoti, 1993. - B. 186.
5.
Forobiy Abu Nasr. Fozil odamlar shahri. - Toshkent: A.Qodiriy nomidagi “Xalq merosi”
nashriyoti, 1993. - B. 38.
6.
Abu Rayhon Beruniy, Tanlangan asarlar, I tom, 1968. - B. 268.
7.
Монтескье Ш. О духе законов. - Москва: 1955. - С. 163.
8.
Антология экономической классики. (В двух томах) Т.1. - Москва: Эконов. 1991.
9.
Автономов В.С. Модель человека в экономической науке. - С-Петербург: 1998. - С.
12.
10.
Саймон Г. Рациональность как процесс и продукт мышления//THESIS. 1993. - С. 74.
80
11.
Алле М. Условия эффективности в экономике. - Москва: 1998. - С. 185.
12.
Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. - Toshkent: Ma’naviyat, 2002. - B.
154.
13.
Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi - Toshkent: O‘zbekiston, 2022.
- B. 484.
14.
Tadjixonov U., Saidov A. Huquqiy madaniyat nazariyasi. - Toshkent: 1998. - B. 11.
