16
JAMOAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH VA HUQUQBUZARLIKLARNING
OLDINI OLISH - DOLZARB VAZIFA
Adilov Baxrambek Kaxramonovich
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Oliy ta’limdan keyingi ta’lim fakulteti
tayanch doktoranturasi mustaqil izlanuvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.13740882
Annotatsiya.
Maqolada jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, xavfsizligini ta’minlash
ob’ektlari, jamoat tartibining ijtimoiy ahamiyati, jamoat xavfsizligini ta’minlashning
tushunchalari berilgan bo‘lib, shu bilan birga respublikamizda jamoat xavfsizligini ta’minlash
va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda
huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va
bartaraf etishning samarali tizimi haqida ilmiy fikrlar yuritilgan
Kalit so‘zlar:
konstitutsiya, qonun, jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, jamoat joyi,
huquqbuzarlik, jinoyat, organ
ОБЕСПЕЧЕНИЕ ОБЩЕСТВЕННОЙ БЕЗОПАСНОСТИ И ПРЕДУПРЕЖДЕНИЕ
ПРАВОНАРУШЕНИЙ - АКТУАЛЬНАЯ ЗАДАЧА
Адилов Бахрамбек Кахрамонович
Соискатель факультета послевузовского образования Академии МВД Республики
Узбекистан
Аннотация:
В статье раскрываются понятия общественной безопасности,
общественного порядка, объектов обеспечения безопасности, социальной значимости
общественного порядка и обеспечения общественной безопасности. Наряду с этим,
приводятся научные суждения о работе, проводимой в республике по обеспечению
общественной безопасности и предупреждению правонарушений, а также об
эффективной системе своевременного выявления и устранения условий,
способствующих совершению правонарушений.
Ключевые слова:
конституция, закон, общественная безопасность, общественный
порядок, общественное место, правонарушение, преступление, орган.
ENSURING PUBLIC SAFETY AND CRIME PREVENTION - AN URGENT TASK
Adilov Bakhrambek Kahramonovich
Independent candidate of the post-graduate education faculty of the mia Academy of
the Republic of Uzbekistan
adilovbaxrom@gmail.com
Abstract:
The article examines the concepts of public safety, public order, objects of
security provision, and the social significance of public order and public safety assurance.
Furthermore, it presents scholarly insights on the work being conducted in the republic to
ensure public safety and prevent offenses, as well as on an effective system for the timely
identification and elimination of conditions that contribute to the commission of offenses.
Keywords:
constitution, law, public safety, public order, public place, offense, crime,
authority
17
Yangi O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va
jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining
eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy
ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni
mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash tub islohotlar amalga oshirib
kelinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirzieyov ushbu masalalarga alohida to‘xtalib, “Biz “Adolat –
qonun ustuvorligida” degan tamoyil asosida jamiyatimizda qonunga hurmat, huquqbuzarlik
holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni jadal davom ettiramiz.
Bu borada huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun
avvalo, mahalla imkoniyatlaridan keng foydalanish, profilaktika inspektorlarining ish samarasi
va ma’suliyatini oshirish, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitini yaratib berish
choralarini ko‘rishimiz darkor” [1] deb takidlab o‘tdi.
Ma’lumki,
jamoat xavfsizligi bu
— jamiyatning qonunga xilof tajovuzlar, ijtimoiy va
millatlararo nizolar, favqulodda vaziyatlar va boshqa tahdidlardan himoyalanganlik holati
bo‘lib, u jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi hamda insonning huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi [2]. O‘z navbatida,
jamoat xavfsizligini ta’minlash barcha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari,
xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolar bilan samarali hamkorligi asosida kechadigan jarayon
hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida
shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash tizimida keng ko‘lamli demokratik islohotlar
izchil davom ettirilmoqda. Xususan, jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va
mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda
«Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson
huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga
qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida, “2022 – 2026 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi [3] ” qabul qilindi.
Uning ikkinchi ustuvor yo‘nalishi (mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi
tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish)da, “Jamoat xavfsizligini
ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida
aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish” deb nomlangan 16-maqsadida,
jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrullik xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish, shu
jumladan zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etgan holda fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga
tekshirish uchun olib borish amaliyotidan voz kechish hamda yo‘l infratuzilmasini
takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim
holatlarini qisqartirish, shu jumladan harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va
jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlash kabi muhim chora-
tadbirlar belgilangan.
Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va
erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada
rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat
qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga
erishishning muhim sharti hisoblanadi.
18
Mamlakatda va uning ma’muriy-hududiy birliklarida jamoat tartibini saqlash va
xavfsizligini ta’minlash tizimi hamda ichki ishlar organlarining ushbu tizimdagi o‘rni va ular
faoliyatini boshqarishning dolzarbligi quyidagilar bilan belgilanadi:
– jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlovchi davlat organlari, xususan, ichki
ishlar organlari faoliyatida inson huquq va erkinlari, qonun ustuvorligi, ochiqligi va shaffofligini
ta’minlash samaradorligini oshirish;
– ichki ishlar organlari tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirish va
yanada chuqurlashtirish;
– tarkibiy tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish;
– xizmatlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sherikligini yanada
rivojlantirish, ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi sohaviy xizmatlari faoliyatiga zamonaviy ilg‘or
texnologiyalar hamda xalqaro va xorijiy tajribalarni joriy etish zaruratining mavjudligi va h.k.
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining iqtisodiy, ijtimoiy, sud-huquq siyosiy, ma’naviy-
ma’rifiy va boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, globallashuv
jarayoni bilan bog‘liq holda dunyoda va yaqin atrofimizda yuz berayotgan voqea, hodisa hamda
boshqa omillar jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash prinsiplari, tuzilishi, uni
tashkil etishga bo‘lgan talablarning o‘zgarishini va takomillashib borishini taqozo etmoqda.
Jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash tizimini quyidagi elementlar tashkil
qiladi:
jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash ob’ektlari
– davlat organlari tizimining
boshqaruvchi va himoyalash ta’siri ob’ektlari bo‘lib ularga: shaxs, uning huquq va erkinliklari,
qonuniy manfaatlari; jamiyat, uning moddiy va ma’naviy qadriyatlari; davlat, uning
konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy butunligi hamda ushbu ob’ektlarga bevosita
jamoat tartibi va xavfsizligi kiradi;
jamoat tartibining ijtimoiy ahamiyati
– bu amaldagi huquq va ijtimoiy (axloq) normalarga
rioya qilish orqali fuqarolarning shaxsiy xavfsizligini, ko‘pchilik va ommaning xavfsizligini
ta’minlashga, hududdagi jismoniy va yuridik shaxslarning normal faoliyat ko‘rsatishi,
fuqarolarning mehnat qilishi va dam olishlari uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan,
shuningdek, ularning sha’n-shavkati, insoniy qadr-qimmati hamda ijtimoiy axloq normalarini
hurmat qilish bo‘yicha jamoat joylarida vujudga keladigan va taraqqiy etib boradigan ijtimoiy
munosabatlarni tartibga solish va himoya qilishdan iborat.
Mamlakatda va uning ma’muriy-hududiy birliklarida jamoat tartibini saqlash,
fuqarolarning va ko‘pchilik (omma)ning xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti,
salomatligi, huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy va boshqa tajovuz
hamda tahdidlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Jamoat tartibining asosi
– jamoat joylari, ya’ni insonlarning o‘z hayotiy ehtiyojlarini
qanoatlantirish maqsadida boshqalar (ko‘pchilik, omma) bilan ijtimoiy munosabatlarga
kirishadigan, faoliyat olib borish, mehnat qilish va dam olish vaqtlarida muloqotda bo‘ladigan
joylar (hudud, mahalla, ob’ekt) hisoblanadi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash
– davlat tomonidan jamiyatni tahdidlardan himoya qilish
uchun belgilanadigan hamda doimiy ravishda takomillashtirib boriladigan siyosiy, ijtimoiy-
iqtisodiy, huquqiy va boshqa kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni qamrab oluvchi yaxlit tizim
[3].
Adabiyotlarda jamoat joylari quyidagi uch turga bo‘linadi:
19
1) doimiy foydalaniladigan jamoat joylari – ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlar, transport
magistrallari;
2) vaqtinchalik foydalaniladigan jamoat joylari – savdo shoxobchalari, teatrlar, stadionlar
va boshq.;
3) zarurat bo‘lganda vaqti-vaqti bilan foydalaniladigan jamoat joylari – o‘rmon, tog‘
yonbag‘irlari, daryolar, tabiat qo‘yni, ya’ni umumxalq bayramlari («Navro‘z»), xalq o‘yinlari
(«Kurash»,«Uloq»), sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylar
nazarda tutiladi [4].
Ko‘p qavatli turar joy binolaridagi xonadonlarning birida, ayrim hollarda hovlilarda sodir
etilgan bezorlik ham o‘z navbatida jamoat tartibiga tajovuz, deb qaraladi.
Demak, «jamoat tartibi» tushunchasi jamoat joyidan tashqarida ham yuzaga kelib,
rivojlanib boradigan, o‘z tabiatiga ko‘ra, fuqarolarning mehnat qilish va dam olishlariga,
ularning sha’n-shavkati va qadr-qimmatini himoyalashga oid munosabatlarni ham anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunida [5] ichki
ishlar organlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari uning tarkibidagi sohaviy xizmatlar vakolatlari
hamda ularni amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga
soluvchi amaldagi qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda belgilangan. Demak,
mazkur qonunda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash ichki ishlar organlarining
o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan asosiy faoliyat yo‘nalishi sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamoat xavfsizligini ta’minlash va
jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi
bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6196-son [6] (2021 yil 26 mart)
farmoniga muvofiq, shuningdek, mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini
yanada rivojlantirish hamda ushbu sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlarini
belgilash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi
jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi PF-27-son [2] (2021 yil 29 noyabr) farmoni qabul qilindi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
quyidagilardan iborat:
jamoat xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab
chiqish va amalga oshirish, shu jumladan, keng qamrovli maqsadli dasturlarni qabul qilish va
ularning ijrosini ta’minlash;
jamiyatning qonunga xilof tajovuzlardan himoya qilinishini ta’minlash, shu jumladan,
bunday tajovuzlarning barvaqt oldini olish, ularning asosiy omillarini aniqlash va bartaraf
etish;
ijtimoiy va millatlararo nizolarning profilaktikasini amalga oshirish;
har qanday ko‘rinishdagi terroristik va ekstremistik faoliyatni aniqlash va unga chek
qo‘yish, korrupsiya, giyohvand va psixotrop moddalar, qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar,
noqonuniy migratsiya va odam savdosi hamda inson huquq va erkinliklariga qarshi qaratilgan
jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish;
ijtimoiy infratuzilmaning, shu jumladan, turizm ob’ektlarining uzluksiz va xavfsiz faoliyat
ko‘rsatishini ta’minlash;
transport infratuzilmasini, transport vositalarining xavfsizlik standartlarini va yo‘l
harakati qoidalarini takomillashtirish orqali yo‘l-transport hodisalari oqibatida yetkaziladigan
20
zarar va o‘lim bilan bog‘liq holatlarning oldini olish;
jinoyat sodir etishga moyil, ma’muriy va probatsiya nazoratiga olingan hamda yot bo‘lgan
g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan shaxslarning ijtimoiylashuvi, shu jumladan, ularni kasb-
hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ushbu toifadagi fuqarolar tomonidan
qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan himoya
qilish, fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligini ta’minlashda aholining ko‘nikmalarini
shakllantirish va doimiy takomillashtirib borish;
voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy
qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik
g‘oyalaridan himoyalashga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish orqali ular orasida
huquqbuzarliklarning oldini olish;
jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi
kurashish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlarini keng
joriy etish;
jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb qilinadigan vakolatli davlat organlari kuch va
vositalarining doimiy tayyorligini ta’minlash, tezkorligini oshirish, moddiy-texnik ta’minotini
mustahkamlash, shuningdek, ularning shaxsiy tarkibini huquqiy va ijtimoiy himoyalash
darajasini oshirish.
Xulosa o‘rnida jamoat xavfsizligini ta’minlash davlat idoralari va tashkilotlari,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat
birlashmalari, fuqarolar hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga
oshiriladi. Jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb qilinuvchi kuch va vositalarning harakatlari
o‘zaro izchillik va birlikka asoslanadi hamda bu boradagi faoliyatda sansalorlik va ziddiyatlarga
yo‘l qo‘yilmaydi.
References:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev. “Qonun ustuvorligi va inson
manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi”. O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali
marosimdagi ma’ruzasi./ Xalq so‘zi., 2016., № 243 (6678) B.1-3.
2.
O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga
oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni,
29.11.2021 yildagi PF-27-son. https://lex.uz/uz/docs/5749291. (murojaat sanasi
06.09.2024y)
3.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi
O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son (2022 yil 28 yanvar) farmoni
// Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022 y., 06/22/113/0330-son.
https://lex.uz/docs/5841063. (murojaat sanasi 04.09.2024y)
4.
Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash faoliyatini
bosh¬qarish: Darslik / I. Ismailov va boshq. – T.: B.A. Matlyubovning umumiy tahriri ostida.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2018. – B. 48.
5.
O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi (16.09.2016.) qonuni //
21
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami. – 2016. – № 38. – 438-m.
https://lex.uz/docs/3027843. (murojaat sanasi 06.09.2024y)
6.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va
jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi
bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6196-son (26.03.2021.) Farmoni //
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. – 2021. – № 06/21/6196/0240.
. (murojaat sanasi 07.09.2024y)