Авторы

  • Validaxon Tilavoldiyeva

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.zdif.45776

Аннотация

Qadriyatlar har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini oynadek ko‘rsatib turuvchi eng muhim omillardan biri. Olimlar qadriyatlarni milliy, diniy, mahalliy, mintaqaviy va umuminsoniy kabi bir qator turlarga shartli bo‘ladilar.Milliy qadriyatlar mahalliy va diniy qadriyatlarga, umuminsoniy qadriyatlar esa ko‘plab milliy qadriyatlarga tayanib shakllanadi va asrlar osha takomillashib boraveradi.


background image

35

MILLIY QADRIYATLARNING INSON HAYOTIDAGI O’RNI

Tilavoldiyeva Validaxon Ma’murjon qizi

https://doi.org/10.5281/zenodo.13919100

Kirish:

Qadriyatlar har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini oynadek ko‘rsatib

turuvchi eng muhim omillardan biri. Olimlar qadriyatlarni milliy, diniy, mahalliy, mintaqaviy va
umuminsoniy kabi bir qator turlarga shartli bo‘ladilar.Milliy qadriyatlar mahalliy va diniy
qadriyatlarga, umuminsoniy qadriyatlar esa ko‘plab milliy qadriyatlarga tayanib shakllanadi va
asrlar osha takomillashib boraveradi.

Barchamizga ma’lumki bugungi tezkor globallashuv sharoitida ham o‘z milliy moddiy va

ma’naviy boyliklarini asrab-avaylayotgan, boyitib rivojlantirayotgan har qanday millat o‘ziga
xos an’analari, urf-odatlari va o‘lmas qadriyatlari bilan boshqa millatlardan ajralib
turadi.Tabiiyki, millatlarning bebaho qadriyatlari shunchaki bir-ikki yoki o‘n-yigirma yil ichida
paydo bo‘lib qolmaydi. Chunki xalq diliga chuqur o‘rnashgan biror-bir muhim urf-odat, kiyim-
kechak, kundalik hayot tarziga xos alohida “narsa”ning an’anaga, ayniqsa, qadriyatga aylanishi
uzoq asrlarni talab qiladi. Yillar, asrlar davomida ma’lum bir qarash, odat, tushuncha, tajribalar
shafqatsiz zamonlar, bir necha avlodlar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tsagina yanada sayqal
topadi, rivojlanadi, xalq hayotida o‘z o‘rnini egallaydi. Zamonlarning baland-past dovonlaridan
o‘tgan sari qadriyatlar insonlarni tinchlik-totuvlikka, mehr-oqibatga, ezgulikka, hamjihatlikka
chorlaydigan katta ma’naviy kuchga aylana borgan. Bunday qadriyatlar millatning kundalik
hayotida, madaniyati va ma’naviyatida, ongu shuurida, o‘zaro madaniy muloqotida,
boshqalarga bo‘lgan munosabatida, qisqasi, har bir tashlagan qadamida o‘z ifodasini topadi.
Shuning uchun ham mutafakkirlar qadriyatlar millat ma’naviyatining ko‘zgusi
deyishgan.Insoniyat tarixida jamiyat taraqqiyoti bir tekis kechmagan. Jamiyatda yuz
berayotgan ijtimoiy-tarixiy hodisalarga turlicha munosabatda yondashish natijasida
insonlarning dunyoqarashi, turmush tarzi, mentaliteti shakllanishi barobarida, milliy
qadriyatlar ham takomillasha borgan. Milliy qadriyatlar har bir millatning tili, urf-odatlari,
tarixi, madaniyati, an’analarini, barcha moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-
siyosiy hayotining barcha tomonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun ham qadriyatlar
millatlarning ma’naviy qiyofasini aks ettiradi. Xalqimizning asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan
o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtiga – Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga sadoqat, mehmonga,
o‘zidan kattalarga ehtirom, o‘zidan kichiklarga izzat-ikrom, ayniqsa ota-ona, qarindosh-
urug‘larga doimiy beg‘araz hurmat va xizmat ko‘rsatish, birovning haqiga, ayniqsa, yetim-
yesirlarning, qo‘ni-qo‘shnilarning, ojiz-notavonlarning haqiga xiyonat qilmaslik, orttirgan mol-
dunyosidan xayr-ehson qilish, har qanday sharoitda ham hayo va andisha saqlash, ahli ayoli –
oilasini asrab-avaylash singari juda ko‘plab insoniy fazilatlar milliy qadriyatlarimizning asosini
tashkil etadi. Afsuski, xalqimiz asrlar davomida e’zozlab kelgan bir qator qadriyatlarni keyingi
bir asrdan ko‘proq vaqt ichida jamiyat hayotidan quvg‘in, xalq xotirasidan o‘chirishga harakat
qilindi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach zahmatkash xalqimizning tarixiy xotirasini,
qadimgi urf-odatlari, an’analari, qadriyatlarini tiklash va e’zozlash, muqaddas qadamjolarni asl
holiga qaytarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirila boshlandi. Bu jarayonda faqat tubjoy
aholisininggina tili, dini va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish bilan cheklanilmasdan, shu
yurtda istiqomat qiluvchi yuzdan ortiq millat va elatlarning ham nodir qadriyatlari kamol
topishiga e’tibor qaratildi. Har to‘kisda bir ayb yoki guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek,
qadriyatlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga qat’iy rioya etish borasida ham suiiste’molliklarga


background image

36

yo‘l qo‘yilyapti. Internetning hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi, ijtimoiy tarmoqlarda har
qanday ma’lumot yoki xabarlarning yashin tezligida tarqatilishi avj olayotgan shunday bir
paytda qadriyatlarimiz toptalishiga olib kelayotgan ayrim nuqson va qusurlardan ko‘z yumib
bo‘lmaydi. O‘tgan yilning oxirigacha to‘y va marosimlardagi dabdabalar haqidagi shov-shuvli
xabarlar ijtimoiy tarmoqlardan tushmagan edi. Quvonchli tomoni shundaki, bugun bu kabi
dabdababozliklarga barham berilmoqda. Milliy va diniy qadriyatlarimizda ota-onaning qadr-
qimmati ko‘klarga ko‘tarilganligini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo ayrim tanbal farzandlar
ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga, rahmdilroqlari yolg‘iz qolgan keksa otasi yoki onasini
“Saxovat uyi”ga eltib tashlamoqda, razilroqlari esa ota-onasidan tezroq qutilish uchun ularga
qo‘l ko‘tarmoqda, ma’naviy va jismoniy zulm qilmoqda, hatto tavqila’natli “padarkush”ga
aylanib qolmoqdalar. Nega? Farzand ota-onaning dilbandi, ota-onaga ularsiz hayot rang-
barangligining bir daqiqasi ham tatimaydi. Ammo bugungi kunga kelib ota deyishga ham til
bormaydigan ayrim “otachalar” xotinini xiyonatda ayblab, “bu mening farzandim emas”, deb o‘z
pushti kamaridan bo‘lgan bolasidan sharmandalarcha voz kechyapti, farzandlarini qon-
qaqshatib, oilasini tashlab ketyapti, ro‘zg‘oridagi bor budini bir shisha aroqqa almashib, guldek
farzandlari, xotini hayotini zindon azobiga aylantirmoqda.Har qanday qirg‘in-barot urushlar,
yillab davom etgan ocharchilik, qahatchilik, taqchillik, tanqislik, zulm-istibdod avj olgan
davrlarda ham ayollarimiz o‘z onalik sha’ni, ayollik iffati, hayo-ibosini, islomiy iymon-e’tiqodini
yo‘qotmagan, sotmagan edi. Endi-chi? Ustida yal-yal yonadigan atlasu kimxob liboslar, turq-u
tarovati binoyidek kelishgan yosh juvonlarning qayerlardadir erkak ovlashi, oilasi, yurtdoshlari
obro‘-e’tibori, nomus-u orini yerga bukib, ularning ta’na-dashnomlarini bir chaqaga ham
olmasligi qaysi qadriyatga mos keladi? Ayrimlari esa kasofat qilmishlari tufayli ona bo‘lishdek
ulug‘ baxtdan mosuvo bo‘lib, nikohsiz orttirgan farzandini o‘zi bo‘g‘ib yoki sellofan xaltaga solib
o‘ldiryapti, chaqalog‘ining ko‘ksiga tosh bog‘lab anhorga cho‘ktiryapti, hojatxonaga, ko‘cha-
ko‘y, xiyobonlarga tiriklay tashlab ketyapti. Axir besh begona emas, o‘z farzandi, jigarbandini-
ya. Hech bir hayvonda yo‘q bunday odat ayollarimizda qayerdan paydo bo‘lyapti?! Xalqimiz
qadimdan qo‘shnining qo‘shnida haqi bor deb, yon qo‘shnilarini ulug‘lab kelgan. Shuning uchun
ham qo‘shnilar bir-birlarining izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan. Biror tansiq taom pishirsa, yaqin
qo‘shnilariga, albatta, bir kosa ilingan, bir-birining holidan xabardor bo‘lib turgan. Biz-chi, biz
bugunga kelib bordi-keldi qilish tugul, yonimizda yashayotgan qo‘shnimizni, uning bolalarini
ham tanimaymiz. Hatto oyda bir marta ota-onamizni, tug‘ishganlarimizni yo‘qlashni-da odat
qilmaymiz, paysalga solamiz. Hovli qursak, uyimiz tomini qo‘shnining tomidan ikki qarich
balandroq qilmasak, shipi olti metr, xonalari o‘nta bo‘lmasa, ko‘nglimiz aslo to‘lmaydigan bo‘lib
qoldi. Aslida ota-bobolarimiz yangi imoratini qo‘shnisi yashab turgan binodan bir qarichcha
pastroq qilib, kamtarona qurganlar. Biz notavonlar esa yangi asrga kelib hovli-joy, mashina,
narsa-buyum, mol-u dunyoning hirsiga berildik, hashamat, maishat, isrofgarchiliklarga to‘la
ziyofatlar, ko‘r-ko‘rona taqlid va zo‘rma-zo‘rakilikka asoslangan dabdabali to‘y-tomoshalarning
quliga aylanib boraverdik. Mahalla qadimdan qadriyatlar qadrlanadigan joy. Shuning uchun
ham bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deb aytishadi. Ammo biz o‘z ishimiz, o‘z uyimiz, o‘z
tashvishlarimiz bilan shu darajada o‘ralashib qolganmizki, o‘zimiz mahalla ishlariga
ko‘maklashish o‘rniga mahalladan yo‘qlatsalar ham hafsalasizlik, loqaydlik qilamiz, mahalla
tadbirlariga bosh-qosh bo‘lmaymiz. Mahallada yoki biror oilada favqulotda bir holat yuz
bermaguncha oqsoqollarga qo‘shilib mahallani bir aylanib, keksalardan hol so‘rab, bebosh
yoshlarni tergamaymiz.


background image

37

Xulosa:

qadriyatlar xalqimizning bebaho boyligi, jamiyatimiz, millatimiz, davlatimiz

taraqqiyotining asosiy omillaridan biri. Shunday ekan, azal-azaldan xalqimizga xos bo‘lgan
milliy qiyofani shakllantiruvchi mardlik, tantilik, mehmondo‘stlik, saxovatpeshalik, o‘zaro
hurmat, birodarlik, bag‘ri kenglik, mehribonlik kabi betakror fazilatlar har bir yurtdoshimiz
tomonidan amalda e’zozlanishi, asrab-avaylanishi, ijobiy jihatlar qo‘shib boyitilishi,
rivojlantirilishi baxtli kelajagimiz uchun eng muhim shartdir.