`
104
JAGʻLI TOSH MAYDALAGICHLAR HARAKATLANUVCHI JAGʻINING SIQISH
YOʻLINI ANIQLASHNING NAZARIY ASOSLARI
Zuhritdinov Alisher Faraxidin o‘g‘li
Andijon Davlat Texnika Instituti doktoranti
Zo‘xriddinov Dilmurodjon Karimjon o‘g‘li
Andijon Davlat Texnika Instituti doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15736270
Annotatsiya.
Maqolada jag‘li tosh maydalagichlarning oddiy va murakkab harakatli
turlariga ularning kinematik sxemalari asosida tavsif berilgan. Mashinaning jag‘lari orasiga
tushgan toshlar jag‘lardan birining harakatlanishi natijasida hosil bo‘ladigan siqish kuchi
ta’sirida maydalanadi. Ushbu siqish kuchi siqish yo‘li orqali hosil qilinadi. Jag‘li tosh
maydalash mashinasining kinematik sxemasi asosida siqish yo‘li empirik ifoda orqali
asoslangan.
Аннотация:
В статье описаны простые и сложные движения щековых дробилок
на основе их кинематических схем. Камни, попавшие между щеками машины, дробятся
под воздействием сжимающей силы, возникающей в результате движения одной из
щек. Эта сила создаётся вдоль пути сжатия. На основе кинематической схемы щековой
дробилки путь сжатия обоснован эмпирическим выражением.
Annotation:
The article describes the simple and complex motion types of jaw crushers
based on their kinematic schemes. The stones that fall between the machine's jaws are
crushed by the compressive force generated through the movement of one of the jaws. This
compressive force is produced along the compression path. Based on the jaw crusher’s
kinematic scheme, the compression path is justified using an empirical expression.
Kalit so‘zlar:
Jag‘li tosh maydaligich, harakatlanuvchi va harakatlanmaydigan jag‘lar,
oddiy va murakkab harakat, kinematik sxema, harakat troyektoriyasi, siqish kuchi, siqish yo‘li.
Jagʻli tosh maydalagichlar xalq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlarida, xususan togʻ-kon
sanoatida va qurilish materiallari ishlab chiqarishida, toshlarni yirik va oʻrtacha maydalash
uchun keng qoʻllaniladi. Jagʻli tosh maydalagichning ishlash prinsipi quyidagicha. Bir-biriga
qarama-qarshi joylashgan ikkita plitalardan iborat jagʻdan tashkil topgan pona shaklidagi tosh
maydalash kamerasiga maydalanadigan togʻ jinsi yuklanadi. Ikki plitadan biri odatda
harakatlanmaydigan, ikkinchisi esa, harakatlanuvchi boʻladi. Tosh maydalash kamerasining
pona shaklida boʻlishi hisobiga unga yuklangan tosh boʻlaklari oʻlchamlariga qarab
kameraning balandligi boʻylab maydaroqlari pastroqda, yiriklari esa yuqoriroqda joylashadi.
Harakatlanuvchi jagʻ davriy ravishda harakatlanmaydigan jagʻga yaqinlashadi, bunda
uning siqish yoʻli hisobiga tosh boʻlaklari maydalanadi, uzoqlashganda esa tosh boʻlaklari
ogʻirlik kuchi hisobiga pastroqqa siljiydi. Ushbu maydalash sikli takrorlanishi natijasida tosh
boʻlagi borgan sari maydaroq boʻlaklarga boʻlinib boradi va oxirida ularning oʻlchami
kameraning eng pastki qismidagi, chiqish tuynugi deb ataladigan, eng tor kesimining
oʻlchamidan ham kichik boʻlib qoladi va ular, kerakli darajada maydalangan holda, tosh
maydalash kamerasidan tashqariga chiqadi.
Harakatlanuvchi jagʻning harakat trayektoriyasi jagʻli tosh maydalagich mexanizmining
kinematik sxemasiga bogʻliq boʻladi.
`
105
Jagʻli tosh maydalagichlar harakatlanuvchi jagʻining harakat trayektoriyasiga qarab
oddiy va murakkab harakatli tosh maydalagichlarga boʻlinadi. Oddiy harakatli tosh
maydalagichlar harakatlanuvchi jagʻi nuqtasining harakat trayektoriyasi toʻgʻri chiziqli boʻladi
yoki aylana yoyining bir qismini tashkil etadi.
Shunday oddiy harakatli tosh maydalagichning sxemasi kinematik parametrlari bilan
birga quyidagi 1-rasmda keltirilgan. Ushbu sxemaning asosiy oʻziga xos tomonlari
quyidagilardan iborat:
1-rasm. Oddiy harakatli tosh maydalagichning kinematik sxemasi.
Harakatlanuvchi jag‘ tebranuvchi harakat qiladi va uning markazi jag‘ning osish o‘qi
hisoblanadi. Bunda harakatlanuvchi jag‘ning pastki nuqtasi eng ko‘p siqish yo‘liga ega bo‘ladi.
Agar harakatlanuvchi jag‘ning nuqtasi maydalash kamerasining qabul qilish tuynugiga
qanchalik yaqin bo‘lsa, ushbu nuqtaning siqish yo‘li shuncha kam bo‘ladi.
Harakatlanuvchi jag‘ni qandaydir nuqtasining siqish yo‘li sifatida ushbu nuqtaning
harakat troyektoriyasini harakatlanmaydigan jag‘ga o‘tkazilgan normalga proyeksiyasi qabul
qilinadi. Odatda tosh maydalagichning qo‘zg‘almas plitasi (jag‘i) vertikal joylashgan bo‘ladi va
bunday hollarda siqish yo‘li gorizontal va vertikal tekisliklarda proyeksiyalanadi. Agar
harakatlanuvchi jag‘ni maydalash kamerasidagi eng pastki nuqtasidagi siqish yo‘lining
gorizontal tashkil etuvchisining X ga teng deb olsak, u holda ko‘plab oddiy harakatli jag‘li tosh
maydalagichlarning yuqori nuqtasidagi siqish yo‘lining gorizontal tashkil etuvchisi 0,5X ga
teng bo‘ladi. Vertikal tashkil etuvchilari esa, mos ravishda 0,3X va 0,15X ga teng bo‘ladi.
Bunday sxemaning afzalligi sifatida vertikal tashkil etuvchilarining kichikligini hisoblash
mumkin, chunki buning hisobiga mashinaning asosiy ishchi elementlari bo‘lgan maydalash
plitalarini maydalanayotgan materialga ishqalanishi kamayadi. Natijada ushbu plitalarning
xizmat muddati ortib mashinaning umumiy iqtisodiy samaradorligini ortishiga olib keladi.
Ushbu kinematik sxemaning yana bir afzalligi bo‘lib kameraning yuqori qismida kuch sarfida
katta yutuqqa erishilishi hisoblanadi va u katta o‘lchamdagi va yuqori mustahkamlikka ega
tog‘ jinslarini maydalashda juda muhim hisoblanadi.
`
106
Oddiy harakatli tosh maydalash mashinalarining muhim kamchiligi bo‘lib kameraning
yuqori qismidagi siqish yo‘linig kichikligi hisoblanadi. Buning hisobiga mashinaning yuqori
qismi yaxshi ishlamaydi va pastki qismini yetarli miqdordagi maydalangan tosh bilan
ta’minlamaydi. Shunga qaramasdan oddiy harakatli tosh maydalash mashinalari yuqorida
ta’kidlangan afzalliklari hisobiga bugungi kunda ham keng qo‘llanib kelmoqda.
Murakkab harakatli tosh maydalagichning sxemasi kinematik parametrlari bilan birga
quyidagi 2-rasmda keltirilgan. Ushbu sxemaning asosiy o‘ziga xos tomonlari quyidagilardan
iborat.
2-rasm. Murakkab harakatli tosh maydalagichning kinematik sxemasi.
Murakkab harakatli tosh maydalagichlarda krivoship va harakatlanuvchi jag‘ yagona
kinematik juftni tashkil etadi. Bunda harakatlanuvchi jag‘ ishchi yuzasidagi ixtiyoriy
nuqtasining harakat troyektoriyasi yopiq egri chiziqlarni (ko‘pincha ellipslarni) hosil qiladi.
Yuqoridagi kabi bu yerda ham siqish yo‘lining gorizontal tashkil etuvchisini X ga teng deb
olsak, u holda yuqori nuqtaning gorizontal tashkil etuvchisi 1,5X ga, vertikal tashkil
etuvchilari esa mos ravishda 3X va 2,5X ga teng bo‘ladi.
Murakkab harakatli tosh maydalagichlarda maydalanayotgan tog‘ jinsini mayjadash
kamerasining pastki qismiga jadal ishqalanishi ularda siqish yo‘lining vertikal tashkil
etuvchisini kattaligi hisobiga sodir bo‘ladi. Mustahkamligi yuqori va abraziv materiallarni
maydalashda bu maydalash plitalarini tez yeyilishiga olib keladi. Bundan tashqari ishqalanish
natijasida ortiqcha maydalanib ketgan materiallar miqdori ko‘payib ketadi. Bu o‘z vaqtida
energiyani ortiqcha sarflanishiga olib keladi.
Ushbu tosh maydalagichlarda maydalash kamerasining yuqori qismida gorizontal siqish
yo‘li toshni jadal maydalash uchun yetarli hisoblanadi.
Siqish yo‘lini asoslash
Ushbu ko‘rsatkich chaqiq tosh ishlab chiqarish jarayonining samarali ishlashini – ish
unumini, maydalash darajasini, energiya sarfini ta’minlovchi asosiy ko‘rsatkichlaridan biri
hisoblanadi. Chunki tosh maydalash kamerasining yuqorigi va pastki kesimlaridagi siqish yo‘li
butun kamera bo‘yicha toshni maydalash jarayonini jadal amalga oshishini ta’minlashi kerak.
`
107
Tosh maydalashda, tog‘ jinsining bo‘lagini deformatsiyalash uchun, sarflanadigan
energiyaning katta qismi, uning o‘tkir qirralarini sindirishga, boshlang‘ich zichlanishiga va
ishonchli kontakt yuzasini hosil qilish uchun sarflanadi. Shuning uchun ham tosh maydalash
kamerasining siqish yo‘lini tog‘ jinsining alohida bo‘lagini yoki turli shaklli bo‘laklar guruhini
maydalash uchun yuqorida keltirilgan shartlarni hisobga olgan holda tanlash kerak.
Shu maqsadda olib borilgan ko‘plab tadqiqotlar natijasida tosh maydalash kamerasining
yuqorigi va pastki kesimidagi siqish yo‘lining optimal qiymatini tanlash bo‘yicha tavsiyalar
ishlab chiqilgan.
Masalan, tosh maydalash kamerasining yuqori kesimidagi kerakli siqish yo‘lini aniqlash
uchun quyidagi empirik formuladan foydalanish tavsiya etilgan:
oddiy harakatli jag‘li tosh maydalagich uchun
Sx = (0,01÷0,03)∙X,
bunda
0,01X
– jag‘ning minimal siqish yo‘li, mm;
0,03X
– jag‘ning maksimal siqish yo‘li,
mm.
Jagʻli tosh maydalagich mexanizmlarining kinematik sxemasiga asoslangan siqish
yoʻlining toʻgʻri tanlanishi — mashina ish unumdorligi, maydalash darajasi va energiya sarfini
optimallashtirishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Klushansev B.V. Drobilki: Konstruksiya. Raschet. Osobennosti ekspluatatsii / B.V.
Klushansev, Yu.A. Kosarev, Yu.A. Muzeymnek. M.: Mashinostroyeniye, 1990. - 319 s.
2.
Bauman V.A., Klushansev B.V., Martinov V.D. Mexanicheskoye oborudovaniye
predpriyatiy stroitelnix materialov, izdeliy i konstruksiy: Uchebnik dlya stroitelnix vuzov.-
Moskva: Mashinostroyeniye, 1981.-324 s.
3.
Vodopyanov I.L. Ugol zaxvata v shekovix drobilkax // Trudi VNIIStroydormasha. T. 49: -
M.: VNIIStroydormash, 1970. - S. 99-105.
4.
Klushansev B.V. Vliyaniye trayektorii dvijeniya sheki na xod sjatiya v shekovix drobilkax
/ B.V. Klushansev, A.G. Alexin, I.L. Vodopyanov // Stroitelnie i dorojnie mashini. 1971. - №12. -
S. 4-6.
5.
Yo‘ldashev Sh.H., Zo‘xriddinov D.K. Tosh maydalagichlar jag‘lari orasidagi qamrash
burchagini asoslash. Eurasian journal of technology and innovation.-2023.- Volume 1, Issue 12
Part 2. Page 112-118.