`
66
NOTARIAL FAOLIYATNI DAVLAT TOMONIDAN NAZORAT QILISH TARTIB-
TAOMILLARI
Maxkamov Eldor
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi yo‘nalishi magistratura talabasi
E-mail: eldor4828@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15798390
Annotatsiya:
Mazkur maqolada O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga
oshirilayotgan islohotlar doirasida notariat institutini takomillashtirish borasidagi chora-
tadbirlar yoritilgan. Jumladan, notariat tizimining raqamlashtirilishi, xizmatlarning
soddalashtirilgan tartibda ko‘rsatilishi va xususiy notariat institutining joriy etilishi orqali
fuqarolarga ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmatlar sifatining oshirilishi tahlil qilingan.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan notariuslar faoliyatini nazorat qilish tartibi, jumladan,
rejalashtirilgan, qisqa muddatli va kameral tekshiruvlarning mazmun-mohiyati bayon etilgan.
Maqolada avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining ahamiyati va kelajakda sun’iy intellekt
hamda blokcheyn texnologiyalarining joriy etilishi orqali nazoratning samaradorligi va
shaffofligini oshirish imkoniyatlari haqida ilmiy xulosalar berilgan.
Kalit so‘zlar:
notarius, adliya, notariat xizmatlari, nazorat qilish.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar avvalo, inson
manfaatlarini himoya qilish borasidagi amaldagi qonunchilik bazasini takomillashtirishga
qaratilgan. 2022–2026- yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur
shartiga aylantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Mazkur yo‘nalishda notariat
institutiga oid barcha qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va yagona qonunga birlashtirish,
notariat faoliyatini yanada raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish,
hamda FHDYO va notariat organlari tomonidan davlat xizmatlarini soddalashtirilgan tartibda
ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini
taʼminlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat
ko‘rsatish sifati darajasini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida
notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5816-son Farmoniga
muvofiq xususiy notariuslar instituti joriy etildi. Bu islohot notariat xizmatlarining
kengayishiga, raqobat muhitining rivojlanishiga va pirovardida xizmat sifatining oshishiga
xizmat qiladi.
Notarial faoliyat – fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini
qonuniy asosda himoya qilishga xizmat qiluvchi, huquqiy munosabatlarda barqarorlik va
ishonchlilikni ta’minlovchi muhim huquqiy institutdir. O‘zbekistonda huquqiy davlat va
fuqarolik jamiyatini shakllantirish sharoitida notariat institutining faoliyatini samarali tashkil
etish va uni davlat tomonidan nazorat qilish dolzarb masalalardan biridir. Ushbu nazorat
notariuslar faoliyatining qonuniyligini, odillik va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan. Nazorat
qilish notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, shu jumladan, notariuslar tomonidan
`
67
litsenziya talablari va shartlariga, notarial harakatlar maхfiyligiga va notarius qasamyodiga
rioya qilinishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 22
8
-moddasiga muvofiq qonun hujjatlariga
notariuslar tomonidan rioya qilishi ustidan nazoratni Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Adliya
vazirligi, adliya boshqarmalari amalga oshiradi. Ushbu davlat organlari notarial faoliyatning
qonun hujjatlariga muvofiqligini ta'minlash bo‘yicha vakolatli hisoblanadi. Notarial palata
хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati ustidan monitoringni amalga
oshiradi[1].
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-son qarori bilan Notariat to‘g‘risidagi
qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi
to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan[2]. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya
boshqarmalari tomonidan davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan
shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya
etilishi ustidan nazorat qilish tartibini belgilaydi. Bu tartib notariat sohasida shaffoflikni
oshirish, suiiste’molliklarning oldini olish va fuqarolarning huquqiy himoyasini
kuchaytirishga xizmat qiladi.
Notariuslarning notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi ustidan
nazorat qilish notariuslarni rejali tekshirish, qisqa muddatli tekshirish va kameral tekshirish
orqali amalga oshiriladi. Rejali tekshirish adliya organi tomonidan tasdiqlangan yillik
(choraklik) ish rejasiga kiritilgan va har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan nazorat shakli
hisoblanasa, qisqa muddatli tekshirishda notariuslar faoliyati adliya organi tomonidan reyd,
“sirli mijoz” hamda xizmat tekshiruvi tarzida amalga oshiriladi. Ta’kidlash joizki, “sirli mijoz”
kabi usullar nazoratning obyektivligini oshirib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonidagi
kamchiliklarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi usullar, ayniqsa, subyektiv
omillarga bog‘liq bo‘lgan xizmat ko‘rsatish sohalarida nazorat qilish samaradorligini sezilarli
darajada oshiradi.
Kameral tekshirish esa adliya organi tomonidan o‘zi joylashgan manzil bo‘yicha
notariuslarning notarial harakatlarni rasmiylashtirishda qonunchilikka rioya etilishini
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlar hamda adliya organida mavjud
bo‘lgan notarius faoliyatiga oid boshqa hujjatlarni o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish
orqali amalga oshiriladi. Shu o‘rinda aytish kerakkki, avtomatlashtirilgan tizimlarning
nazoratning shaffofligini oshirishi, inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirishi va
ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini berishi davlatning nazorat qilish
funksiyasini amalga oshirish jarayonini yanada samarali va obyektiv qilishga yordam beradi.
Nazorat tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshiriqlari, Vazirlar
Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari hamda topshiriqlari, adliya organlari yillik
(choraklik) ish rejalari, notariusdan olingan ma’lumotlar tahlili, jismoniy va yuridik
shaxslarning murojaatlari, tizimdagi ma’lumotlar tahlili, ommaviy axborot vositalarida
berilgan yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda
joylashtirilgan (kelib tushgan) qonunbuzilish holatlari haqida axborot beruvchi xabarlar va
`
68
ma’lumotlar va boshqa tashkilotlardan olingan ma’lumotlar asos bo‘ladi. Bu holat nazorat
tizimining ko‘p qirrali, xilma-xil ma'lumot manbalariga asoslanganligini va tizimli
yondashuvni aks ettiradi.
Notarial faoliyatning davlat tomonidan nazorat qilinishi – huquqiy davlat asoslarini
mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek, huquqiy
munosabatlarda barqarorlikni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekistonda bu
borada mavjud huquqiy baza va amaliy mexanizmlar doimiy takomillashib bormoqda. Biroq,
raqamlashtirish, shaffoflik va samaradorlikni yanada oshirish uchun tizimli islohotlarni
davom ettirish zarur. Kelajakda notariat sohasida sun’iy intellekt va blokcheyn
texnologiyalarini joriy etish nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishi, ma’lumotlar
xavfsizligini ta’minlashi va notarial harakatlarning qonuniyligini deyarli to‘liq kafolatlashi
mumkin. Jumladan, blokcheyn texnologiyasi notarial yozuvlarning o‘zgarmasligini va
shaffofligini ta’minlab, nazoratni yanada samaraliroq qilishi mumkin. Shuningdek, sun’iy
intellekt asosidagi tizimlar notarial harakatlarni avtomatik ravishda tahlil qilib, potentsial
qonunbuzarliklar yoki xatoliklarni tezda aniqlashga yordam berishi mumkin. Bu esa notariat
institutining jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga, uning huquqiy ishonch va
xavfsizlikni ta’minlashdagi rolini oshirishga xizmat qiladi. Notariatning kelajagi raqamli
innovatsiyalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu jarayon davlat nazorati bilan
uyg‘unlashgan holda rivojlanishi muhimdir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
“Notariat to‘g‘risida”gi qonun // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y.,
03/24/1003/0943-son
2.
Notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi
ustidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi,
03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son