`
29
GLOBAL MIGRATSIYA SHAROITIDA OILALARNI HUQUQIY QO‘LLAB-
QUVVATLASH
Shamsutdinov Javohir
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi
Ijtimoiy inspeksiya sho‘ba mudiri
https://doi.org/10.5281/zenodo.14835670
Annotatsiya.
Mazkur maqolada globallashuv davridagi migratsiyaning oila huquqiga
ta’siriga e’tibor qaratilgan. Muallif turli mamlakatlarning oila qonunchiligidagi farqlar xalqaro
miqyosda oila huquqidagi muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.
Kalit so‘zlar:
oila, oila huquqi, migratsiya, nikoh, FHDY, transmilliy oila, huquqiy
normalar.
Migratsiya zamonaviy dunyoning eng ta’sirli va ko‘lamli fenomenlaridan biri bo‘lib, u
bugungi kunda butun insoniyat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy, axloqiy,
huquqiy jabhalariga ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, insonlarning o‘z yashash joylarini
turli motivlar tufayli o‘zgartirishi sababli barcha jamiyatlarda eng oliy qadriyatlardan biri
sifatida e’tirof etiluvchi oila instituti ham transformatsiyaga uchrab bormoqda. Oila
a’zolarining turli mamlakatlarda yashashlari, turli davlatlar fuqarolari o‘rtasida oila qurilishi
yoki ajrimlar, boshqa mamlakat yurisdiksiyasida bo‘lgan hududda farzandlarning dunyoga
kelishi hamda ularning fuqaroligini belgilash kabi global migratsiyaning muammolari oila
bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda ham o‘z aksini topmoqda. Migratsiya sababli oila
huquqida transmilliy oilalarning vujudga kelishi, turli davlatlar fuqarolari orasidagi xalqaro
nikohlar, oilaviy migratsiya va ushbu jarayonlarni huquqiy jihatdan tartibga solish kabi
muammolar paydo bo‘lmoqda.
Bugungi kunda global migratsiya jarayonlari tufayli oila huquqini mehnat huquqi,
migratsion huquq, ijtimoiy xavfsizlik va farovonlik huquqi kabi huquq sohalaridan ajralgan
holatda o‘rganib bo‘lmaydi. Qolaversa, oilaviy munosabatlar faqatgina huquqiy normalar bilan
emas, balki diniy, milliy mezonlar asosida ham tartibga solinadi. Global migratsiya ko‘lami
turli dinga e’tiqod qiluvchi, turli millat, elatga mansub bo‘lgan insonlar o‘rtasida oilalar
vujudga kelishiga olib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida xalqaro oila huquqi oldida yangi
muammolarni yuzaga keltiradi.
O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida migratsiya bilan bog‘liq bo‘lgan ikki yangi tendensiya
oilaviy munosabatlarda e’tirof etildi: gender va transmilliylik. Ushbu ikki atamaning
sinergiyasidan transmilliy oilalar haqida qarashlar shakllanib, 2000-yillarning boshlaridan
transmilliy oilalar madaniy, siyosiy, huquqiy, psixologik tadqiqotlar obyektiga aylana boshladi
[1, 43-bet]. Umuman olib qaraganda, transmilliy oilalarning vujudga kelishi globallashuv
davriga xos bo‘lgan jarayon. Odatda transmilliy oila deganda oila a’zolari turli mamlakatlarda
doimiy yoki ma’lum muddat oralig‘ida yashovchi yoki turli millat va fuqarolikka mansub
insonlarning uchinchi mamlakatdagi ijtimoiy birligi, oilasi nazarda tutiladi [2]. Bunday oila
a’zolari doimiy ravishda bir-biri bilan aloqada bo‘lib, odatda oila boquvchisi yoki boquvchilari
moddiy tomondan oilaning ahvolini yaxshilash niyatida mehnat migrantiga aylanadi. Yoki
mehnat migranti immigrant mamlakatda oila quradi va transmilliy oila vujudga keladi.
`
30
Shunday qilib, bunday oilalarning vujudga kelishida migratsiya, xususan mehnat migratsiyasi
katta rol o‘ynaydi.
G‘arb oila huquqida transmilliy oilalarga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Yevropa
Ittifoqiga a’zo davlatlar hududiga migrantlarning turli mintaqalardan kirib kelishi oilaviy
munosabatlarning o‘zgarishiga olib kelgan. Ma’lumki, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning
fuqarolari ittifoq tarkibidagi mamlakatlarda erkin harakatlanish huquqiga ega. Huquq
tizimlarining o‘xshash ekanligi va oila qonunchiligining yaqin ekanligi Yevropa Ittifoqi
doirasida tuzilgan transmilliy oilalarda huquqiy muammolarning kamayishiga olib keladi [1,
114-bet].
Transmilliy oilalar, xorijiy mamlakatlar fuqarolari bilan tuziladigan nikohlar MDH
mamlakatlarida ham ko‘p kuzatiladigan tendensiya. Masalan, Rossiya Federatsiyasining
Moskva shahridagi FHDY organlarida 2020-yilda 8,5 mingta xorijiy fuqarolar ishtirokida
nikoh tuzilgan. Bunday nikohlar Tojikiston, Ukraina, Ozarbayjon, Nigeriya, Turkiya, Veytnam,
B.Britaniya, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlar fuqarolari bilan tuzilgan [3].
O‘zbekiston Respublikasida oila qonunchiligida ham xalqaro oilaviy munosabatlarni
tartibga solish masalasiga e’tibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oila
Kodeksining 234-238-moddalarni qamrab olgan VIII bo‘limi “Chet el fuqarolari va fuqaroligi
bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga solish” deb nomlangan bo‘lib
[4], ushbu bobda mamlakatimizda doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi
bo‘lmagan shaxslar oilaviy munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng
huquqlardan foydalanishi hamda teng majburiyatlarga ega ekanligi qayd etib o‘tilgan.
Umuman olib qaraganda, oilaviy huquqiy munosabatlarning alohida institutlari bo‘lgan nikoh
tuzish, ajrim, farzandlikka olish kabilar migratsiya tufayli turli davlat fuqarolari o‘rtasida yoki
boshqa mamlakat yurisdiksiyasida sodir bo‘lganida ham odatiy oilaviy-huquqiy
munosabatlardan unchalik ko‘p farq qilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Oilaviy-huquqiy munosabatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham MDH mamlakatlari, chet el
fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning va O‘zbekiston Respublikasining xorijda
yashovchi fuqarolarining nikohini qayd etishda alohida tartib qayd etilgan [5; 1-ilova, V bob,
2-§]. Ushbu tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hududida bo‘lgan hamda nikohni rasmiylashtirishni
istayotgan chet el fuqarolari (mantiqiy jihatdan olib qaraganda immigrantlar) mamlakatimiz
qonunchiligida belgilangan tartibda nikohlarini rasmiylashtirishlari mumkin. Chet elda
doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish esa o‘sha davlat
qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasining
konsullik muassasalarida amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan anglashimiz mumkinki, mamlakatimizda migratsiya tufayli vujudga kelayotgan
oilaviy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mexanizmlari yaratilgan. Lekin
migratsiya tufayli amaliyotda sodir bo‘layotgan nikoh, er va xotin huquqlari, qon-
qarindoshchilik, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, aliment, farzandlikka olish,
patronat kabi oila huquqining institutlarining xususiy holatlarini tartibga solishda ba’zi
muammolar mavjud. Bunda asosiy muammo oila huquqining subyektlari bo‘lgan jismoniy
shaxslar fuqarosi bo‘lgan mamlakatlardagi oila huquqi bo‘yicha tartiblarning bir-biriga mos
kelmasligida namoyon bo‘ladi.
`
31
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda butun dunyoda migratsiyaning
global to‘lqini kuzatilmoqda, turli davlatlar fuqarolari o‘zaro oilaviy munosabatlarga
kirishmoqda. Bu esa oilaviy-huquqiy munosabatlar va fuqarolik-huquqiy munosabatlarni
tartibga solishni talab etmoqda.
References:
1.
Frenyo, Edit. Transnational Families: The Right to Family Life In The Age Of Global
Migration. Diss. 2018. p. 43.
2.
Bryceson D., Vuorela U. (ed.). The transnational family: New European frontiers and
global networks. – Routledge, 2020.
3.
“Около 8,5 тыс. браков с иностранцами зарегистрировали ЗАГСы Москвы в 2020
https://tass.ru/obschestvo/10989827 2021.10.03
4.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi. 30.04.1998. –
5.
“Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 387-sonli qarori. 14.11.2016 –