`
4
O‘SMIR YOSHI O‘QUVCHILARIDA STRESS HOLATINI BARTARAF ETISHNING
PSIXOPROFILAKTIK IMKONIYATLARI
Noryigitova Saida Furqat qizi
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti,
psixologiya fakulteti 4-bosqich talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15321270
Annotasiya:
Maqolada O‘smirlarda stress holatini bartaraf etishning psixoprofilaktik
imkoniyatlari, o‘smirlarda stressni yuzaga keltiruvchi psixologik omillar o‘rganilgan bo‘lib,
O‘smirlarda stressli vaziyatlarda stressni yenga olish xulq-atvor ko‘rsatkichlarini tahlil qilish
o‘smir shaxsi ijtimoiy psixologik taraqqiyotini ta’minlashningpsixologik asoslari yoritilgan.
Kalit so’zlar:
O‘smirlik yoshi, stress holati, psixoprofilaktik imkoniyatlar, psixologik
omillar, vaziyat, psixik, jismoniy salomatlik, distress, qayg‘u, muhtojlik, charchash.
Hozirga qadar fanda biror ta’limotning bunday tezlik bilan keng ko‘lamda tarqalishi
kamdan – kam kuzatilgan holat bo‘lib, bu narsani uning odamlar, hayvonlar hamda o‘simliklar
hayotida ustuvor ahamiyatga ega ekanligi bilan tushuntirish mumkin. Stress haqidagi ta’limot
dastlabki yaratilgan davrlarda uning foydali va zararli bo‘lishi haqida ma’lumotlar aniq
berilgan bo‘lsada, keyinchalik ko‘pchilik stress faqat organizmga zarar keltiradigan omil
undan qanday bo‘lmasin qutilib olish yo‘llarini izlash hech qanday stress olmaslik lozim degan
tushuncha paydo bo‘la boshladi.
So‘nggi yillarda inson hayotining turli jabhalariga ta’sir qiluvchi stressni o‘rganishning
amaliy jihatlari bo‘yicha nashrlar soni sezilarli darajada oshdi. Zamonaviy hayotning tezkor
rivojlanishi, shahar hayotining shovqin-suroni, ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar hamda
shaxsiy hayotda yuzaga keladigan turli muammolar o‘smirlar orasida stress darajasining
oshishiga olib kelmoqda. Psixofiziologik hodisa sifatida stressning borishi shaxsning kasbiy
faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish mehnati samaradorligining pasayishiga,
xodimlarda hissiy charchash, turli kasalliklar va nevrotik jarayonlarning paydo blishiga
sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 472-sonli
“Psixologiya sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va jamiyatda
huquqbuzarlikning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Psixologik
salomatlik yo‘lida O‘zbekiston” shiori ostida milliy targ‘ibot kompaniyasini amalga oshirish”
bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish davomida olib borilgan ishlar insonlardagi stressni
kamayishiga xizmat qiladi.
Aytish joizki stress haqida bunday noto‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lish uning tabiatini, hosil
bo‘lish mexanizmlarini keng ma’noda tushunish, foydali va zararli stresslarni farqiga borish,
har xil sharoitlarda stress holatidan ijobiy foydalanishda va boshqa shunga o‘xshagan
masalalarda cheklanishlar salbiy holat yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Stress, uning kishilar
hayoti bilan bog‘liqligi borasidagi tushunchalar respublikamizda global muammo sifatida
e’tirof etilgani mavzuimizning dolzarbligini yaqqol isbotlab beradi. Psixik holatlarni izchil
o‘rganish U.Djemsdan boshlanadi.Bu sohadagi eng birinchi ilmiy ish O.A.Chernikovaning 1937
yilda bosilib chiqqan maqolasi bo‘lib, u sportchining startdan oldingi hissiy holatlarini
o‘rganishga bag‘ishlangan edi. Shundan so‘ng sport psixologiyasida psixik holatlar A.S.Puni,
`
5
F.S.Yegorov, V.V.Vasilev, Ya.B.Lextman, K.M.Smirnov, V.F.Spiridonov, A.N.Krestovnikov va
boshqalarning ishlarida o‘rganildi. N.D.Levitov, B.G.Ananev, V.N.Myasiщev, A.G.Kovalyov,
K.K.Platonov, V.S.Merlin va boshqalar hissiy zo‘riqishlar va stress holatlarini psixologik
xususiyatlarini atroflicha tadqiq etishga xarakat qilganlar. A.O.Proxorov, B.G.Ananev,
F.Ye.Vasilyuklarning izlanishlari natijasida stressning shaxs faolligiga salbiy ta’sir etishini
asoslab beriladi. Jumladan, G.Sele, U.Kennon. G.Izart, S.Ilin va shu kabilarni ishlari stress
muammosini ilmiy tadqiq qilishga undadi.
Stress tushunchasi – bu organizimning tashqi yoki ichki omillarga, stressorlarga
nisbatan jismoniy, ruhiy va hissiy javob reaksiyasi bo‘lib, bu tushuncha birinchi bo‘lib
kanadalik fiziolog Gans Selye tomonidan ilmiy muamalaga kiritilgan (1936). U stressni
organizimning har qanday talabga moslashish yoki unga javob qaytarish jarayoni sifatida
izohladi. Stressning ikki asosiy turi bo‘lib, bular: eustress va distresslarga bo‘linadi.
Hech bir inson muvaffaqiyatsizliklar, to‘siqlar, hayajonlanishlardan kafolatlangan emas.
Ko‘pchilik insonlar janjallar, o‘zaro munosabatlardagi nizolar va munozaralarni chetlab o‘ta
olmaydilar. Natijada psixik va jismoniy salomatlikni izdan chiqaruvchi emotsional stress
yuzaga keladi.
Ingliz tilidan tarjima qilinganda “stress” so‘zi zo‘riqish, kuchlanish, urg‘u berish, bosim
o‘tkazish ma’nolarini anglatadi
1
. Distress so‘zi esa qayg‘u, muhtojlik, charchash ma’nolarida
qo‘llaniladi.
O‘smirlik davri inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lib, jismoniy, ruhiy va
ijtimoiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ushbu bosqichda shaxs shakllanishi va identifikatsiya
jarayoni yuz beradi. Aynan shu davrda stress omillari kuchayib, inson ruhiyatiga ta’sir qilishi
mumkin. O‘smirlarda stressni yuzaga keltiruvchi psixologik omillarni o‘rganish ularning
psixologik farovonligini ta’minlashda muhim ro‘l o‘ynaydi. Shu o‘rinda stress va ularning
nazariyalariga alohida to‘xtalamiz.
O‘smirlarda stressning paydo bo‘lishiga turli omillar ta’sir qiladi. Bular oila bilan,
maktab va ta’lim bilan, ijtimoiy va madaniy omillar hisoblanadi. Oila – bu o‘smirning birlamchi
ijtimoiy muhitidir. Ota-onalar va boshqa oila a’zolari bilan bo‘lgan munosabatlar o‘smirning
ruhiy salomatligi va stress darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Oilaviy muhit qanchalik barqaror va qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lsa, o‘smir shunchalik kam
stressga duch keladi. Aksincha oilaviy muammolar stress darajasini oshirishi mumkin.
Oiladagi emotsional qo‘llab-quvvatlash ya’ni ota-ona va yaqinlar tomonidan mehr va
tushuncha berilishi o‘smirga stress bilan kurashishda yordam beradi. Emotsional qo‘llab-
quvvatlash yetarli bo‘lmagan hollarda, o‘smir o‘zini yolg‘iz his qilishi va depressiyaga moyilligi
oshishi mumkin. Bunday holatlarga oila ichidagi janjallar, ota-onalar o‘rtasidagi mojarolar,
qattiq nazorat yoki befarqlik, oila a’zolarining o‘zaro hurmatsizligi yoki jismoniy jazolar
qo‘llanilishi kabilari kiradi.
O‘smirdan haddan tashqari yuqori natijalar kutish masalan, o‘qish, sport yoki ijtimoiy
faoliyatda unga ortiqcha bosim yuklashi va aksincha, ota-onalar tomonidan haddan tashqari
befarqlik ham o‘smirning o‘z qadr-qimmatini past baholashiga va ruhiy bosim ostida qolishiga
olib kelishi mumkin. Shu o‘rinda oilaviy tarbiya uslubi ham muhim ahamiyatga egadir. Agar
1
E.Mironov. Stress.- Moskva-Sankt-Peterburg, 2003.- B.10
`
6
maktab va oila o‘rtasidagi hamkorlik yetarli bo‘lmasa, bu o‘smirlarning stress darajasini
oshirishi mumkin. Bunday vaziyatlarda maktab muhitini qulaylashtirish, psixologik xizmatni
kuchaytirish, do‘stona qo‘llab-quvvatlovchi muhit va hatto o‘quvchilarning individual
qobiliyatlariga mos ta’lim usullarini qo‘llash orqali o‘smirda vujudga kelgan stress holatini
bartaraf etish joizdir. Bu yondashuv o‘smirlarning psixologik farovonligini ta’minlashga va
ularning maktabdagi muvaffaqiyatini oshirishga yordam beradi.
Oila o‘smirning ruhiy salomatligi va stressga qarshi kurashish qobiliyatiga katta ta’sir
ko‘rsatadigan asosiy omillardan biridir. Emotsional qo‘llab-quvvatlash, ijobiy muloqot va
moslashuvchan tarbiya usullari o‘smirning stress darajasini pasaytirishga yordam beradi. Shu
sababli oila a’zolari o‘smirlarning ruhiy holatiga e’tiborli bo‘lishlari va ularga mehr hamda
tushuncha bilan munosabatda bo‘lishlari zarur. Oila farzand uchun o‘smirlik davrida asosiy
psixologik tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Identifikatsiya inqirozi (shaxsiylik inqirozi) Eriksonning psixososial rivojlanish
nazariyasiga ko‘ra, o‘smirlar “Shaxsiyatni aniqlash yoki rol chalkashuvi” bosqichidan o‘tadilar.
Agar ular o‘z shaxsiyatlarini aniq belgilay olmasalar, stress darajasi ortishi mumkin. O‘smirlar
jamiyatdagi o‘rnini aniqlash uchun o‘zlarini tengdoshlari bilan taqqoslaydi. Agar ular o‘zlarini
yetarlicha yaxshi deb hisoblamasa, bu past o‘z-o‘zini baholash va stressga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, o‘smirlar ko‘pincha “Men kimman?”, “Qanday kelajak meni kutmoqda?”, “Qanday
kasb tanlashim kerak?” kabi savollar ustida o‘ylaydilar. Ushbu savollarga aniq javob topa
olmaslik stress va xavotirni kuchaytirishi mumkin. Do‘stlar va ijtimoiy guruhlarning fikri
o‘smirlar uchun juda muhim. Agar ular o‘z guruhlarida qabul qilinmasa yoki kamsitilsa, o‘zini
anglash jarayoni salbiy yo‘nalishda rivojlanishi va bu stressga olib kelishi mumkin.
O‘z-o‘zini anglashning stressga qarshi strategiyalari mavjud bo‘lib, bunda o‘smirning
o‘zini anglash jarayonini qo‘llab-quvvatlash va stressni kamaytirish uchun quyidagi psixologik
yondashuvlar tavsiya etiladi:
O‘zini qabul qilish va o‘zini sevish ya’ni o‘smirga o‘zining individualligini qadrlash va o‘z
kamchiliklarini tushunish orqali ularni bartaraf etish yo‘llarini o‘rgatish lozim.
Emotsional ong va hissiyotlarni boshqarish ya’ni stressni kamaytirish uchun o‘z his-
tuyg‘ularini anglash va ularni qanday boshqarish bo‘yicha treninglar o‘tkazish muhimdir.
Tengdoshlar bilan ijobiy munosabatlarni shakllantirish o‘smirlarni ijtimoiy
ko‘nikmalarni rivojlantirish va sog‘lom do‘stlik munosabatlarini qurish bo‘yicha qo‘llab-
quvvatlash zarur.
Ijobiy fikrlash va muammolarni hal qilish ko‘nikmalari stressga bardosh berish uchun
o‘smirlarga ijobiy fikrlash va muammolarni tizimli hal qilish yo‘llarini o‘rgatish kerak.
Ota-onalar va o‘qituvchilar bilan ochiq muloqot ota-onalar va pedagoglar o‘smirlarning
ichki kechinmalarini tushunishi va ularni qo‘llab-quvvatlashi muhim.
O‘z-o‘zini anglash jarayoni o‘smirlarda stressni yuzaga keltiruvchi asosiy psixologik
omillardan biri bo‘lib, shaxsiy identifikatsiya, o‘z-o‘zini baholash, ijtimoiy taqqoslash va
kelajak haqidagi noaniqlik bilan chambarchas bog‘liq. Agar bu jarayon to‘g‘ri yo‘naltirilmasa,
o‘smirlarda o‘ziga ishonchsizlik, stress va xavotir kuchayishi mumkin. Shu sababli, o‘smirlarga
o‘z-o‘zini anglashga yordam berish orqali ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash lozim.
O‘smirlik davrida stressing uzoq davom etishi turli salbiy muammolarga olib kelishi mumkin,
`
7
bu davridagi stress psixologik jihatdan juda murakkab jarayon bo‘lib, bu bosqichda insonning
shaxsiyati shakllanadi, jismoniy va emotsional o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.
Xususan, o‘smirlik davrida depressiya va tashvish buzilishlari keng tarqalgan va jiddiy
psixologik muammolar hisoblanadi. Bu davr biologik, ijtimoiy va psixologik o‘zgarishlarga
to‘la bo‘lib, yoshlarning hissiy holatiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
O‘smirlar o‘z shaxsiyatini shakllantirish, mustaqillikka erishish va ijtimoiy
munosabatlarni yo‘lga qo‘yish jarayonida turli qiyinchiliklarga duch keladilar. Ushbu omillar
esa depressiya va tashvish buzilishlari rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Depressiya uzoq
davom etadigan qayg‘u, tushkunlik, motivatsiyaning pasayishi va hayotga bo‘lgan qiziqishning
yo‘qolishi bilan tavsiflanadigan ruhiy holatdir.
O‘smirlik depressiyasining asosiy belgilari orasida doimiy g‘amginlik, ishtaha va uyqu
buzilishlari, o‘ziga past baho berish, diqqatni jamlay olmaslik va o‘z joniga qasd qilish fikrlari
mavjud.
Depressiya ba’zan o‘smirlarning jahl bilan reaksiyasi, izolyatsiya, haddan tashqari
charchoq yoki o‘qishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi orqali namoyon bo‘lishi mumkin.
Tashvish buzilishlari esa haddan tashqari xavotirlanish, qo‘rquv va asabiylik bilan kechadi. Bu
holat o‘smirning kundalik hayotiga, o‘qishiga, ijtimoiy aloqalariga va umumiy farovonligiga
salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashvish buzilishlari turlicha shakllarga ega bo‘lishi mumkin,
jumladan, umumiy tashvish buzilishi, ijtimoiy tashvish buzilishi va vahima xurujlari. Ushbu
buzilishlar bilan og‘rigan o‘smirlar doimiy ravishda xavotirlanadilar, o‘z harakatlarini ortiqcha
tahlil qiladilar va muvaffaqiyatsizlikdan haddan tashqari qo‘rqadilar.
O‘smirlik davridagi depressiya va tashvish buzilishlarining sabablari turlicha bo‘lishi
mumkin. Genetik moyillik, oilaviy muhit, stress omillari, ijtimoiy bosim va miya
biokimyosidagi o‘zgarishlar ushbu muammolarning rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.
Oilaviy mojarolar, ajralish, maktabdagi bosim, do‘stlar bilan muammolar yoki
bolalikdagi travmatik tajribalar ham ushbu kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi
mumkin. Ushbu holatlarning oldini olish va davolash uchun erta tashxis qo‘yish hamda
psixologik yordam juda muhimdir.
Ota-onalar va o‘qituvchilar o‘smirlarning hissiy o‘zgarishlariga e’tiborli bo‘lishlari,
ularga quloq tutishlari va kerak bo‘lsa, psixolog yoki terapevtga murojaat qilishlari zarur.
Psixoterapiya, kognitiv-xulq-atvor terapiyasi va ba’zi hollarda farmakologik davolash samarali
bo‘lishi mumkin. O‘smirning jismoniy faolligi, uyqusi va ovqatlanish tartibini nazorat qilish
ham muhim ahamiyatga ega.
O‘smir shaxsning ekstremal vaziyatlarga psixologik tayyorgarligi, uning stressli
vaziyatlarni to‘g‘ri baholashi, emotsional holatlarga berilmasligi, uning hayot-faoliyatida
muvafaqqiyatga erishishi bilan bog‘liq konseptual masalalarni chuqur o‘rganishda koping
xulq-atvor va stressni yenga olish strategiyalarini tatqiq etish muhim masalalardan biri
hisoblanadi. Ekstremal vaziyatlar o‘smir faoliyatini keskin o‘zgartirishga qodir voqelik
bo‘lib, bunday vaziyatlar salbiy kechinmalarni yuzaga kelishini ta’minlaydi. O‘smirlarda
stressli vaziyatlarda stressni yenga olish xulq-atvor ko‘rsatkichlarini tahlil qilish o‘smir shaxsi
ijtimoiy psixologik taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
References:
`
8
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Alimxodjayeva S.N., Haydarov F.N. Psixologik tashxis metodikalari majmuasi. 2- qism.
Oʻquv qoʻllanma. – Toshkent., 2009. – B. 72
2.
G‘ozievE.G‘. Umumiy psixologiya. T.:O‘qituvchi, 2010. 3. Vodopyanova N.Ye. Stressni
boshqarish: universitetlar uchun darslik. - 2-nashr, Rev. va qo‘shing. -Moskva: Yurayt
nashriyoti, 2020yil .
3.
Roziqova N.A. "Talim jarayonida pedagoglardagi stressga barqarorlikni rivojlantirish".
O‘quv qollanma.Toshkent, 2021 yil
4.
Konopkin O.A. Uchastie emotsiy v osoznannoy regulyatsii selenapravlennoy aktivnosti
cheloveka. Voprosы psixologii, №3, 2006