Авторы

  • Zarnigor Xoliqulova
    Termiz davlat universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti 2- bosqich talabasi

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.zdit.108382

Ключевые слова:

Janr ruboiy she`riy san`at qofiya barmoq tasavvuf ishq ruhiyat.

Аннотация

Ushbu maqolada nafaqat pahlavonlik maqomi bilan dong taratgan, balki ijod olamida ham o`zining go`zal va mazmundor lirikasi bilan she`riyat ahli qatorida munosib o`ringa ega bo`lgan ijodkor Pahlavon Mahmud ruboiylarining mazmun-mohiyat, she`riy san`atlar va qofiyalanish jihatidan tahlilga tortilganligini ko`rishimiz mumkin bo`ladi.


background image

58

PAHLAVON MAHMUD RUBOIYLARI TAHLILI

Xoliqulova Zarnigor Azim qizi

Termiz davlat universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti

2- bosqich talabasi

O6984404@gmail.com

https://doi.org/10.5281/zenodo.15672362

Annotatsiya:

Ushbu maqolada nafaqat pahlavonlik maqomi bilan dong taratgan, balki

ijod olamida ham o`zining go`zal va mazmundor lirikasi bilan she`riyat ahli qatorida munosib
o`ringa ega bo`lgan ijodkor Pahlavon Mahmud ruboiylarining mazmun-mohiyat, she`riy
san`atlar va qofiyalanish jihatidan tahlilga tortilganligini ko`rishimiz mumkin bo`ladi.

Kalit so`zlar:

Janr, ruboiy, she`riy san`at, qofiya, barmoq, tasavvuf, ishq, ruhiyat.

Аннотация:

В этой статье мы рассмотрим анализ рубаи Пахлавона Махмуда,

поэта, который не только прославился своим статусом борца, но и заслужил достойное
место среди поэтов в мире творчества своими прекрасными и содержательными
текстами, с точки зрения содержания, поэтического искусства и рифмовки.

Ключевые слова:

Жанр, рубаи, поэтическое искусство, рифма, палец, мистика,

любовь, духовность.

Abstract:

In this article, we will see an analysis of the content, poetic arts, and rhyming

of the rubaiyats of Pahlavon Mahmud, a writer who not only became famous for his status as a
wrestler, but also earned a worthy place among the poets in the world of creativity with his
beautiful and meaningful lyrics.

Keywords:

Genre, rubai, poetic art, rhyme, fingering, mysticism, love, spirituality.

O`zbek adabiyoti tarixida turli janrlarda qalam tebratgan ijodkorlarimiz talaygina. Shu

janrlar orasida ruboiy alohida o`rinni egallaydi. Ruboiy janrida adabiyotimizning so`nmas
quyoshlari bo`lgan Alisher Navoiy, Lutfiy, Ogahiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi
ijodkorlarimiz qalam tebratgan. Ushbu janrda yana bir o`tkir qalamnavisimiz- Pahlavon
Mahmud ham ijod qilgan. Uning asl ismi Mahmud bo`lib, Puryoyvaliy laqabi bilan shuhrat
topgan. Bundan tashqari u o`z zamonasining ijodkorlari ichida she`riyatda yagona bo`lish
bilan bir qatorda, pahlavonlik maqomi bilan ham olamga dong taratgan. Mashhur turk olimi
Shamsiddin Somibek ham o`z asarida: “Pahlavon Mahmud Eronning mashur shoirlaridan
bo`lib, Xorazmning Urganch qishlog`idandir.Yoshlik chog`larida o`z kuchi va pahlavonligi bilan
shuhrat qozondi. Keyingi paytlarda tasavvuf tariqatida ko`p riyozat chekib, jismoniy
zaiflashgan edi. “Kanzul Haqoyiq” nomli masnaviysi bor”,- deb u haqida qimmatli
ma`lumtlarni berib o`tgan. Pahlavon Mahmud she`riyatda ham, tasavvufda ham Umar
Xayyomning davomchisi bo`lgan. Chunki fors adabiyotida Xayyomdan so`ng ruboiy janrida
ijod qilgan boshqa bir shoir bo`lmagan. Jomiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy va boshqa ko`plab
shoirlar ruboiyda o`z kuchlarini sinab ko`rgan bo`lsalar-da, bu janr ularning ijodida asosiy
o`rinni egallab qolmagan. Pahlavon Mahmud esa butun umri davomida fors-tojik tilida ruboiy
yozgan. Uning ruboiylarida ham xuddi Xayyomniki singari insondagi ko`plab xislatlar:
yomonlik, nafsga berilish, adolat, zulm, qo`rqoqlik, molparastlik, mardlik kabi ko`plab
mavzular bilan bir qatorda muhabbat mavzularida ham so`z yuritiladi.

Pahlavon Mahmud o`z davrining faylasufi bo`lgan desak adashmagan bo`lamiz, chunki u

umri davomida hayotni mushohada etib, to`g`ri xulosalar chiqargan. Mana shu hayoti
davomida to`plagan tajribalarini shoir o`z ruboiylarining mazmuniga musiqiy va go`zal


background image

59

ohanglar bilan jo qilib, ularni hikmatli so`zlar darajasiga ko`targan. Mana shunday tarbiyaviy
ahamiyatga ega bo`lgan ruboiylaridan biri:

Qora tosh sira ham bo`lmas lojuvard,
Toza qalbga yuqmas aslo chang-u gard,
Quloq solgin Puryoyvaliy so`ziga,
Qo`rqoqlardan biron chiqqanmidi mard!
Demak, shoir ushbu ruboiyda yomon odamdan faqat yomonlik, yovuzlik kutish mumkin,

u mardlikka, ezgulikka qobil emasligini aytib o`tgan. Qora toshga qanchalik ishlov berilmasin,
undan ko`k tusli qimmaqbaho tosh hosil bo`lishining imkoni bo`lmagani kabi qo`rqoqlardan
ham mard odam chiqmasligi ruboiyning mazmuniga ustalik bilan singdirilgan. Bundan
tashqari ushbu ruboiyda qora tosh, toza qalb-epitet, chang, gard so`zlari tanosub, qo`rqoq va
mard so`zlari tazod she`riy san`atini hosil qilgan. Ruboiy barmoq vaznida yozilgan bo`lib, a-a-
b-a tarzida qofiyalangan.

Pahlavon Mahmud nodonlardan, johil kimsalardan shu qadar nafratlanganki, buni hatto

o`z ruboiylarining mazmuniga ham singdirgan:

Uch yuz Ko`hi Qofni kelida tuymoq,
Dil qonidan bermoq falakka bo`yoq,
Yoinki bir asr zindonda yotmoq,
Nodon suhbatidan ko`ra yaxshiroq.
Shoir ushbu ruboiysida johil, ilmsiz, ahmoq va nodon kimsalar bilan suhbatlashishdan

ko`ra bir asr davomida zindonda yotish yoki bo`lmasa, butun falakka dil qonidan ulashib
chiqish kabi mushkul ishlarni qilishni afzal ko`radi. Bilamizki, Ko`hi Qof tog`ining toshlarini
kelida tuyush imkonsiz va aql bovar qilmas ish, lekin shoir nodonlar bilan suhbatlashgandan
ko`ra mana shunday imkonsiz ishni qilishga tayyor ekanligini aytib o`tgan. Shu bilan bir
qatorda ruboiyda mubolag`a she`riy san`atidan ustalik bilan foydalanilgan bo`lib, tuymoq,
bo`yoq, yotmoq, yaxshiroq so`zlari a-a-a-a tarzida barmoq vaznida qofiyalangan.

Shoirning nazaridan molparast, dunyoparast, boshqacha aytganda, oltin-kumushga

mubtalo bo`lgan bandalar ham chetda qolmagan. Bu toifa kimsalar moddiy jihatdan boy
bo`lishadi, ammo ma`naviy jihatdan eng qashshoq insonlar deya tavsiflanadi:

Ey Xoja, sen nechun buncha bexabar,
Xayolingda kecha-kunduz kumush, zar,
Dastmoyang-ku bu olamda bir kafan,
Buyurganmi senga kafan kim aytar?
Shoir ushbu ruboiy orqali faqat moddiy boylik va dunyoviy lazzatlarga berilib ketgan

insonlarni tanqid qilgan. Ijodkor bu dunyoning mohiyatini anglamay, xom xayollarga
ergashganlarni “bexabar” deb ataydi. Inson qanchalik boylik yig`masin, oxir-oqibat u faqat bir
kafan bilan bu dunyoni tark etadi. Shoir bu bexabar insonlarni dunyoning barcha narsalari
vaqtinchalik va o`tkinchi ekanligini anglashga chaqiradi, insonni o`z o`limi haqida o`ylashga
undaydi. Oxirgi misrada keltirib o`tilgan savolning maqsadi- insonni o`zining hayot yo`lini
qayta ko`rib chiqishga va ma`naviyat sari intilishga chaqirish. Qisqacha qilib aytadigan
bo`lsak, inson moddiy jihatdan boy bo`lish emas, balki ma`naviy jihatdan boy bo`lishni
birlamchi vazifaga qo`yishi kerak. Chunonchi, ruboiyda ey Xoja so`zi nido, kecha-kunduz
so`zlar tazod, oltin, kumush, zar so`zlari esa tanosub badiiy san`atlarini hosil qilgan. Shu bilan
birgalikda bexabar, zar, aytar so`zlari barmoq vaznida a-a-b-a tarzida qofiyalangan.


background image

60

Pahlavon Mahmudning ishq mavzusidagi ruboiylari fikrning ravshanligi, mazmunning

teranligi, mahbubga munosabatning samimiyligi, lirik qahramonning ma`shuqa rizosi uchun
har qanday fidokorlikka hozirligi, obrazlarning rang-barangligi, xulosalarning favqulodda va
kutilmaganligi bilan kishini hayratda qoldiradi:

Na choraki malomatdur vatanim,
Ishq o`ldirdi, sevgi mening kafanim.
Jannat bog`larida sen o`tir, zohid,
Men-mast bulbul, do`zax mening chamanim.
Ruboiyda Vatan uchun malomatga qolish shoir uchun odatiy holat, ammo uning ishqi va

sevgisi hayotini qurbon qiladigan darajada kuchli ekanligi tasvirlangan. Keyingi misralardagi
zohid obrazi jannatga erishishga intilgan inson sifatida tasvirlanadi, shoir esa o`zining mastligi
va ruhiy holati sababli do`zaxni ham o`zining bog`idek qabul qiladi. Ushbu ruboiy insonning
ichki ziddiyatlarini, sevgining qurbonlik talab qiladigan kuchini va ma`naviy erkinlikni o`zida
mujassam etadi. Xususan, ruboiyda mana shunday botiniy ma`nolar bilan bir qatorda tanosub,
nido, tazod, epitet kabi badiiy san`atlardan ham ustalik bilan foydalanilgan. Qofiyalanish tizimi
esa a-a-b-a tarzida barmoq vaznida hosil qilingan.

So`ragin, go`zalim, kerak bo`lsa jon,
Jon emas, so`ragin hattoki imon.
Faqat yaqinroq kel, qilma intizor,
Sen harna istasang bergum begumon.
Shoirning ushbu ruboiysi tasavvufiy tushunchalar orqali yoritib berilgan. Ruboiyning

dastlabki misralarida shoirning sevgi va ishqdan yuksak darajada ruhiy ehtiyoj his qilgani
ko`rsatilgan. Shoir o`zining jonini, ya`ni dunyoviy mavjudligini ishqi uchun qurbon qilishga
tayyor. Bu yerda ishqning ilohiy kuchi tasvirlangan, chunki tasavvufda sevgi har bir narsa va
hatto umrning maqsadiga aylanishi mumkin. Keyingi satrda “do`sti ilohiy”ga ya`ni Xudoga
yaqinlashish istagi ifodalangan. Shoir Ollohning huzuriga yetishish uchun barcha to`siqlarni
bartaraf etishga tayyor ekanligini bildiradi. Shoir so`nggi misralardagi “bergum begumon”
so`zlari orqali Olloh taolloning irodalariga taslim bo`lishga tayyor ekanligni bildirgan. Ushbu
ruboiy tasavvufiy nuqtayi nazardan sevgi va ishqning ilohiy yo`lga aylanishini, insonning
o`zini Olloh oldida tamomila taslim etishini, shuningdek, sevgining naqadar buyuk tuyg`u
ekanligini o`zida mujassam etgan. Bundan tashqari ruboiyda nido, ruju, tanosub she`riy
sanatlari qo`llanilgan bo`lib, barmoq vaznining a-a-b-a shaklida qofiyalangan.

Pahlavon Mahmud Chingizning qonli yurishlari natijasida mamlakatga yetkazilgan og‘ir

jarohatlar hali bitmagan bir davrda yashadi. Bu davr — O’rta Osiyo va ayniqsa, Xorazm
tarixining eng og‘ir davri edi. Pahlavon Mahmud vatan boshiga tushgan bu sonsiz-sanoqsiz
balolar, to‘fonlarning shohidi bo‘ldi. Shoir mana shu tarixiy baxtsizliklarni bir ruboiyga
sig‘dirib, o‘z asrining ajoyib realistik lavhasini chizib bergan:

Davronda ko‘p ko‘zni men giryon ko‘rdim,
Neki balo bo‘lsa beomon ko‘rdim,
Nuh ming yil yashadi, ko‘rdi bir to‘fon,
Men Nuh bo‘lmasam ham ming to‘fon ko‘rdim.
Ushbu ruboiyda Nuh alayhissalom talmeh, shoirning boshiga tushgan balolar mubolag`a

she`riy san`atlarini hosil qilgan. Ko`rdim so`zi radif, giryon, beomon, to`fon so`zlari qofiyadosh
so`zlar bolib, a-a-b-a tarzida barmoq vaznida qofiyalangan.


background image

61

Xulosa o`rnida shuni aytish joizki, Pahlavon Mahmud ruboiylari O`rta Osiyo adabiyotida

tasavvufiy va falsafaviy she`riyatning yorqin namunalaridan biri bo`lib, ular orqali shoirning
ichki dunyosi, ruhiy tajribasi, hayot va abadiyat haqidagi chuqur qarashlari aks etadi. Shu
sababli shoirning ruboiylari necha asrlardan beri o`z salmog`ini yo`qotmay, barcha millatlar
adabiyotida o`chmas iz qoldirgan.

References:

Используемая литература:

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

Pahlavon Mahmud “Ruboiylar”. G`.G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti.

Toshkent-1979
2.

Jalolov T. “Pahlavon Mahmud- Puryoyvaliy”. – Toshkent:1975

3.

H. Hodimiy. “Tasavvuf allomlari”. – Toshkent: Sharq, 2014

4.

https://lib.jdpu.uz

Библиографические ссылки

Pahlavon Mahmud “Ruboiylar”. G`.G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti. Toshkent-1979

Jalolov T. “Pahlavon Mahmud- Puryoyvaliy”. – Toshkent:1975

H. Hodimiy. “Tasavvuf allomlari”. – Toshkent: Sharq, 2014