133
QIYOSLANUVCHI IKKI TILLI SINXRON KORPUSDA O’ZBEKCHA VA
INGLIZCHA LINGVOMADANIY BIRLIKLAR VOQELANISHI TADBIQI
Mahmudova Dildora Murodilloyevna
Dоctоrаl student аt Bukhаrа Stаte University
ESP Teacher At Bukhara State Pedagogical Institute
Tel: 99 043-75-26;
e-mail: mahmudovadildora9294@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15695247
O'zbek hamda ingliz tillari o'rtasidagi lingvistik va madaniy aloqalar, zamonaviy
tilshunoslikda muhim o'rin tutadi. Har bir til o'ziga xos madaniy kontekstga ega bo'lib, unda til
birligi, iboralar va atamalar orqali milliy xususiyatlar aks etadi. O'zbek hamda ingliz tillaridagi
lingvomadaniy birliklar — bu ikki madaniyatning o'zaro ta'siri, ularning tarixi, urf-odatlari,
an'analari va hayot tarzini ifodalovchi elementlardir.
Ushbu tezisda qiyoslanuvchi ikki tilli sinxron korpusda o'zbekcha va inglizcha
lingvomadaniy birliklarning voqelanishi tahlil qilinadi. Maqsad — ikki til o'rtasidagi farqlarni
va o'xshashliklarni aniqlash, shuningdek, til birliklarining madaniy kontekstda qanday
ishlatilishini o'rganishdir. Bu jarayon madaniyatlararo muloqot va tushunishni yanada
chuqurlashtirishga yordam beradi.
Lingvomadaniy birliklar, masalan, xalq maqollari, iboralar, an'anaviy taomlar va urf-
odatlar orqali ifodalanadi. Ushbu tadqiqotda bunday birliklarning ko'rinishlari va ularning
kontekstda qanday ishlatilishi o'rganiladi. O'zbek va ingliz tillaridagi lingvomadaniy
birliklarni tahlil qilish, tilshunoslar uchun nafaqat tillarning strukturasini, balki ularning
madaniy mohiyatini ham ochib beradi.
Lingvokulturologiya maxsus fan sifatida zamonaviy tilshunoslikda bir qator muhim
tushunchalarni yuzaga keltirdi. Ularga quyidagilar kiradi: lingvokulturema, madaniyat tili,
madaniy matn, madaniyat konsepti, submadaniyat, lingvomadaniy paradigma, madaniy
universaliya, madaniy salohiyat, madaniy meros, madaniy an’analar, madaniy jarayon va
madaniy ko‘rsatmalar. Shuningdek, lingvokulturologiyaning asosiy tushunchalari qatoriga
mentalitet, mentallik, taomil, rasm-rusumlar, madaniyat doirasi, madaniyat turi, tamaddun,
majusiylik va boshqalar kiradi.
Mazkur tushunchalardan eng muhimlari madaniy sema, madaniy fon, madaniy konsept
va madaniy konnotatsiya hisoblanadi. Ular madaniy ma'lumotlarni til birliklari orqali
ifodalash imkonini beradi. Madaniy sema – bu so‘zga nisbatan kichikroq va universalroq
bo‘lgan semantik birliklar yoki belgilar. Misol uchun, "palov", "do‘ppi", "o‘choq" so‘zlaridagi
quyidagi madaniy semalarni ajratish mumkin: “Palov” – guruch, sabzi, go‘sht, piyoz va
yog‘ qo‘shilib tayyorlanadigan o‘zbek milliy taomi. “Do‘ppi” – avra-astarli, ko‘pincha qavima,
pilta urilgan to‘garak yoki to‘rtburchak shaklidagi o‘zbeklarning milliy bosh kiyimi. “O‘choq” –
ichiga o‘t yoqiladigan va ovqat pishirish uchun ustiga qozon o‘rnatiladigan qurilma.
Ingliz tilida ham madaniy sema, madaniy fon, madaniy konsept va madaniy konnotatsiya
kabi tushunchalar mavjud. Quyida bir nechta misollar keltiraman: “Thanksgiving” – Bu
Amerika Qo‘shma Shtatlarida nishonlanadigan bayram bo‘lib, oilalar birga to‘planib,
minnatdorchilik bildirishadi va an'anaviy taomlar (masalan, kurka) tayyorlashadi. “The
American Dream” – Bu tushuncha Amerikada muvaffaqiyatga erishish imkoniyati, har bir
insonning mehnat qilish orqali o‘z orzulariga erishishi mumkinligini anglatadi. “Football”
134
(Soccer) – Bu sport turli mamlakatlarda turlicha qabul qilinadi. Masalan, Yevropada va
Janubiy Amerikada futbol juda mashhur, va bu sport bilan bog‘liq madaniyat va an'analar
mavjud.
Konsept lingvokulturologiyada eng ko‘p ishlatiladigan birliklardan biri hisoblanadi.
Lingvomadaniy konsept, ma'lum bir xalqning madaniyatining o‘ziga xos jihatlarini ifodalaydi.
Masalan, "uy" konsepti o‘zbeklar tafakkurida quyidagi assotsiatsiyalarni keltirib chiqaradi:
a) yashash joyi – bino – ko‘p qavatli uy – hovli – xonadon – oila;
b) katta, kichik, chiroyli, shinam, yorug‘, yangi, eski;
v) mehribonlik uyi, dam olish uyi, madaniyat uyi.
Shuningdek, bu konsept ko‘chma ma’noli birliklarni ham yuzaga keltiradi: "uy ichi" oila
a'zolarini anglatadi, "uyi buzilmoq" er-xotinning ajralishini, "uyi kuymoq" esa xonavayron
bo‘lishni bildiradi.
Lingvomadaniy konsept etnomadaniy xususiyatlarga ega bo‘lib, borliq haqidagi
funksional ahamiyatga ega ma'lumotlarni uzatadi va madaniyatning asosiy birligi sifatida
xizmat qiladi. U madaniy universaliyalarni ifodalaydi va tafakkurda mavjud bo‘ladi, kognitiv-
ratsional hamda emotsional-psixologik mazmunni o‘z ichiga oladi. Lingvomadaniy konsept
barcha til egalariga dunyoqarash modeli sifatida xizmat qiladi va milliy xarakterning
shakllanishiga ta'sir ko‘rsatadigan madaniyat vositasi hisoblanadi.
Madaniyatning asosiy konseptlari jamoaviy til ongida muhim ahamiyatga ega. Bu
konseptlar orasida vijdon, taqdir, qismat, iroda, gunoh, qonun, erkinlik, ziyolilar, vatan kabi
mavhum otlar mavjud. A. Ya. Gurevich madaniyat konseptlarini ikki guruhga ajratadi:
birinchisi - "fazoviy" yoki falsafiy kategoriyalar, ya'ni madaniyatning universal tushunchalari
(vaqt, makon, sabab, o‘zgarish, harakat); ikkinchisi - ijtimoiy kategoriyalar, ya'ni madaniyatga
oid tushunchalar (erkinlik, huquq, haqiqat, mehnat, boylik, mulk). V.A. Maslova esa bu
guruhga yana bir kategoriya – milliy madaniyat kategoriyasini qo'shadi.
Konseptlarni tahlil qilish jarayonida har bir tilda madaniy o‘ziga xos konseptlarning
ko‘pligi aniqlangan. Misol uchun, kartoshka konsepti ruslar uchun nochor ovqatlanishning
ramzi sifatida qaraladi va bu "sidet na odnoy kartoshke" frazeologizmi orqali ifodalanadi;
beloruslar uchun esa kartoshka odatiy milliy taom va muhim ozuqa hisoblanadi. O‘zbeklar
uchun non konsepti muhim oziq-ovqat etaloni bo‘lsa, koreys, yapon va xitoy xalqlari uchun
esa guruch asosiy ozuqa sifatida qabul qilinadi.
A.V. Kunin tomonidan tuzilgan “Inglizcha-ruscha frazeologik lug‘at”ning kirish qismida
frazeologik birliklarni tarjima qilishda qo‘llaniladigan usullar haqida ma'lumot berilgan. Bu
usullar quyidagi olti turga bo‘lingan:
1. Ekvivalent: Tarjima tilida ingliz tilidagi iboraning mazmunini to‘liq aks ettiradigan
ibora topiladi. Masalan: "as cold as ice" – "muzdek sovuq" – "холодный как лёд".
2. Analog: Ingliz tilidagi iboraga mazmunan muqobil, lekin obraz jihatidan farq qiladigan
birlik tanlanadi. Misol: "a drop in the bucket" – "dengizdan tomchi" – "капля в море".
3. Tasviriy tarjima: Inglizcha fraza erkin so‘zlar yordamida tarjima qilinadi, frazeologik
birliklar ishlatilmaydi. Masalan: "cross the floor of the house" – "bir partiyadan boshqasiga
o‘tmoq" – "перейти из одной партии в другую".
4. Antonim tarjima: Inglizcha ibora inkor shaklida tarjima qilinadi yoki mazmuni
aksincha o‘zgartiriladi. Misol: "Don’t count your chickens before they are hatched" – "Jo‘jani
kuzda sanaymiz" – "Цыплят по осени считают".
135
5. Kalkalash: Tarjimon so‘zma-so‘z tarjima usulini qo‘llaydi, bu holda inglizcha iboradagi
obrazni aks ettirishga harakat qiladi. Masalan: "The moon is not seen when the sun shines" –
"Quyosh nur sochayotganda oy ko‘rinmaydi" – "Когда светит солнце, луны не видно".
6. Aralash tarjima: Tarjima tilidagi analog inglizcha iboraning mazmunini to‘liq ifodalay
olmasa yoki vaqt va makon jihatidan farq qilsa, kalkalash yoki tasviriy tarjima qo‘llanilib, qavs
ichida tarjimaning analogi beriladi. Masalan: "carry coals to Newcastle" – "Nyukaslga ko‘mir
tashimoq" (ya'ni biror narsa yetarli bo‘lgan joyga olib bormoq) – "возить уголь в Ньюкасл,
т.е. возить что-л. туда, где этого и так достаточно (ехать в Тулу со своим самоваром)".
Yuqoridagi usullardan foydalanishda tarjimon matn turi, uslubini aniqlab, milliy
koloritni aks ettirishni hisobga olishi zarur, chunki anolog tarjima asliyatning milliy koloritini
yo‘qotishi mumkin, tasviriy tarjimada esa obraz va ta'sirchanlik yo‘qoladi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Olimova, D. Z., & Mahmudova, M. D. (2022). POLITICAL DISCOURSE AND TRANSLATION.
RESEARCH AND EDUCATION, 1(3), 176–179.
2.
Azimovich: Anticipation strategy in simultaneous... - Академия Google
3.
https://scholar.google.com/scholar?hl=ru&as_sdt=0,5&cluster=116488261086311628
4.
Mahmudova, D. (2023). CORPUS LINGUISTICS. В ACADEMIC RESEARCH IN MODERN
SCIENCE (Т. 2, Выпуск 23, сс. 104–106).
5.
Mahmudova, D. (2023). CORPORA AND LITERATURE. В CURRENT APPROACHES AND
NEW RESEARCH IN MODERN SCIENCES (Т. 2, Выпуск 10, сс. 63–64).
6.
Mahmudova Dildora Murodilloyevna. (2023). EXPLORING THE POWER OF CORPORA
IN LITERATURE: UNVEILING INSIGHTS, ENHANCING INTERPRETATIONS. Academia
Repository, 4(11), 167–174.
7.
Mahmudova Dildora Murodilloyevna. (2023). CORPORA AND LITERATURE. Academia
Repository, 4(11), 159–166.
8.
А.В. Кунин Англо-русский фразеологических словарь. –М.: Рус. яз., 1984. -944с.