125
QISHLOQ XO‘JALIGI EKINLARINING YOVVOYI AJDODLARIDAN SAMARALI
FOYDALANISHNING IQTISODIY ZARURATI
Xolliyev Sherali Baxtiyorovich
Qarshi davlat universiteti
Iqtisodiyot kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi
e-mail: sheralikholliyev96@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15736189
Bizga ma‘lumki, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlari asrab qolish vazifasi
so‘nggi o‘n yilliklarda dunyo olimlari va amaliyotchilarini tashvishga solayotgan dolzarb
muammolar qatoriga kirdi. Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirishga
e’tibor yanada ortmoqda. Shu bilan birgalikda ta’kidlash lozimki, iqtisodiyotning boshqa
tarmoqlari xususan, oziq-ovqat sanoatining turli sohalarida qishloq xo‘jaligida ishlab
chiqariladigan sifatli xomashyoga bo‘lgan talab doimiy ravishda ortib bormoqda.
Ayni paytda jamiyat uchun katta miqdordagi moddiy ne’matlar yaratuvchi, minglab
insonlarni ish bilan, demak daromad bilan ta’min etuvchi, qator sanoat tarmoqlari borki ular
faqatgina qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun mahsulot yetishtiradi. Bunda qishloq xo‘jaligi ishlab
chiqarishi rivojlanishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bilan mutanosib ravishda rivojlanib
borishni taqozo etadi.
O‘zbekiston sharoitida esa qishloq joylarda aholini ish bilan band qilish va ularning
oilaviy budjetlari daromad qismi shakllanishida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining asosiy
salmoqqa ega ekanligi, uning jamiyat hayotidagi muhim ijtimoiy vazifasini namoyon qiladi.
Respublikamiz sharoitida yurtimiz aholisining yarmidan ortig‘i istiqomat qiladigan
qishloq joylarda aholini ish bilan band qilish va ularning oilaviy budjetlari daromad qismi
shakllanishida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining asosiy salmoqqa ega ekanligi, uning jamiyat
hayotidagi muhim ijtimoiy vazifasini namoyon qiladi.
Yuqoridagi vaziyatlar qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining resurs va xom ashyo yetkazib
beruvchi sifatidagi ahamiyatini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi tarmog‘i xo‘jalik
yurituvchi subyektlarining sanoat mahsulotlariga doimiy va barqaror iste’molchi sifatida
bozorda ishtirok etishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishini moliyalashtiruvchi soha sifatida ham
muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari ta’kidlanganidek, alohida sanoat tarmoqlari, zavodlar borki ular
faqatgina qishloq xo‘jaligi uchun sanoat mahsulotlari tayyorlash yo‘nalishida faoliyat olib
borishadi. Bunda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun tayyorlanadigan traktorlar, mashinalar
tizimi, mineral o‘g‘itlar, neft mahsulotlariga (unumdorligi, bahosi, foydalanish xavfsizligi,
bozor orqali yetkazib berish davriyligi) qishloq xo‘jaligi qo‘yadigan talabning miqdor va sifat
jihatidan o‘zgarib borishi sanoat tarmoqlari subyektlarida fan-texnika taraqqiyotini
jadallashtirishga, ilm-fan yutuqlaridan kengroq foydalanishga turtki beradi.
Uzoq yillar davomida mamlakatimizda agrar tarmoqni zamon talablari darajasida
rivojlantirish yo‘nalishidagi fundamental va amaliy ilmiy salohiyatni shakllantirish,
mustahkamlash borasida olib borilgan ishlar natijasida o‘nlab muhim ilmiy muassasalar, oliy
va maxsus o‘quv yurtlari, ilmiy laboratoriyalar va ilmiy markazlar tashkil topdi, agrar soha
olimlarining yirik maktablari yaratildi.
Mamlakatning intellektual mulki hisoblangan agrar soha olimlari, malakali oliy
ma’lumotli mutaxassislari, yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan ilmiy-texnik
126
mahsulotlarni ham ta’bir joiz bo‘lsa mubolag‘asiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘i faoliyatining
hosilasi deb atash ham mumkin. Chunki bozor iqtisodiyoti nazariyasi jihatidan yondashadigan
bo‘lsak, iqtisodiy va ijtimoiy hodisalar jamiyatda ma’lum talab bo‘lgan holdagina mavjud
bo‘ladi, rivojlanib boradi. Bu yerda bozor talabini shakllantiruvchi tarmoq sifatida qishloq
xo‘jaligi tarmog‘ining faoliyati e’tiborga loyiq.
Yuqorida ta’kidlangan masalaga qaytgan holda boshqa jihatdan yondashadigan bo‘lsak,
qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining mamlakat iqtisodiyoti, agrar ilm-fani va umuman insoniyat
oldidagi yana bir muhim vazifasi mavjudki, ushbu vazifa dunyo aholisi tomonidan So‘nggi 20–
30 yil davomidagina rostakamiga dolzarb masala sifatida ilgari surila boshlandi.
Bu vazifa – qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining “Qishloq xo‘jaligi ekinlarining genofondini
saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazish” vazifasidir [1].
Ma’lumki, dunyo bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab muttasil ravishda
ham, miqdoran ham sifat jihatidan ortib borishi, agrar resurslardan foydalanishdagi
tejamkorlikka e’tiborsizlik, agrar tarmoq faoliyati bilan bog‘liq atrof muhit, tabiiy resurslar
(yer maydonlari, suv resurslari, atmosfera) sifati buzilib ekologik muammolar paydo bo‘lishi,
insonning tabiiy resurslarga nisbatan “beshafqatligi” natijasida madaniylashgan qishloq
xo‘jaligi ekinlari genofodini saqlab qolish masalasi xavf ostida qola boshladi.
Bunday genofond asosini odatda – madaniylashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining
yovvoyi ajdodlari tashkil etadi. Respublikamizda qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi
ajdodlari, asosan, tog‘li, tog‘ oldi hududlarning maxsus muhofaza qilinadigan qismlari va
shuningdek, qo‘riqlanadigan hamda qo‘riqlanmaydigan o‘rmon xo‘jaliklari yerlarida yovvoyi
holda o‘suvchi ekinlar sifatida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ba’zi yovvoyi turlar aholi
yashash manzillari atroflarida, ekin maydonlari chetlarida ham kam holda uchraydi [2].
Bunday noyob yovvoyi ekinlar (ko‘p yillik daraxtlar) qatoriga respublikamizning tog‘li
hududlari va tog‘ oldi maydonlarida – yovvoyi holda o‘suvchi grek yong‘og‘i, yovvoyi pista,
yovvoyi bodom, olmaning yovvoyi turlari kabi ko‘p yillik daraxtlarni, tog‘ piyozi (anzur),
yovvoyi arpa kabi o‘simliklarni kiritish mumkin. (1-rasm).
Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlari yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan, kasallik
va zarurkunandalar, qurg‘oqchilikka, ekstremal iqlim vaziyatlariga chidamli, ozuqa
xususiyatlari yuqori bo‘lgan yangi navlar yaratish, mavjud navlarni takomillashtirishda
almashtirib bo‘lmaydigan noyob genetik fond hisoblanadi. Chunki odatda inson faoliyati
natijasida yaratilgan madaniylashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari ekib foydalanish
davri mobaynida aynib boradi va navdorlik ko‘rsatkichlarini yo‘qotib borish xususiyatlariga
ega bo‘lganligi boisdan doimiy ravishda yangilab borishni taqozo etadi [3].
127
1-rasm. Madaniylashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlari asosiy
turlari
.
Madaniylashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlarini saqlab qolish
zaruratini ularning jamiyat uchun bevosita iqtisodiy ahamiyati jihatidan baholaydigan bo‘lsak:
birinchidan, jamiyat a’zolarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’min etish;
ikkinchidan, sanoat tarmoqlari, xususan farmatsevtika sanoatiga (ayrim ekinlar uchun) qayta
ishlash maqsadida xom ashyo yetkazib berish; uchinchidan, qishloq joylarida istiqomat
qiladigan aholini ish joylari va daromad bilan ta’min etish borasidagi ahamiyati e’tiborga
olinadi. Shuning uchun ham ta’kidlangan masala quyidagicha asoslanishi mumkin:
●
mavjud ekinlar navlarini takomillashtirishda, qishloq xo‘jaligi ekinlari kasalliklari va
zararkunandalarga o‘ta chidamlilik xususiyatlarini namayon qiluvchi genlar (masalan
bug‘doyning zararli kanalari, kartoshkaning virus kasalliklari, g‘alladoshlarining o‘sishi va
rivojlanishini pasaytiradigan viruslar kabilar) manbayi sifatida;
●
mavjud ekinlar navlarini takomillashtirishda, tabiatning ekstremal vaziyatlariga o‘ta
chidamlilik xususiyatlarini namayon qiladigan genlar manbasi sifatida (hudud uchun xos
bo‘lgan qurg‘oqchilik, jazirama issiq va yozgi garmsel shamollar, tuproqning sho‘rlanishi
darajasi va boshqalar);
●
mavjud ekinlar navlarini takomillashtirishda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining
bozordagi talabga ta’sir etadigan sifatini belgilovchi foydali xususiyatlarini yaxshilash
imkonini beradigan genlar manbasi sifatida (masalan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi
vitaminlar miqdori, yog‘lilik darajasi, bug‘doyning tarkibidagi oqsil va kleykovina moddalarini
oshiruvchi genlar manbasi sifati);
●
turli qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, bozor talabi doirasidagi sifatli mahsulot
beradigan, ekinlarning kasallik va zararkunandalariga hamda tabiatdagi ekstremal
vaziyatlarga chidamli yangi navlarini yaratishda genetik baza sifatida.
Bugungi kunda ilmiy farazlar va turli prognozlar doirasidan tashqariga chiqib real
hayotga aylanib borayotgan global iqlim o‘zgarishi hodisasi, qishloq xo‘jaligi ekinlarining
Madaniylashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining
yovvoyi ajdodlari asosiy turlari
Yovvoyi grek yong‘og‘i (tog‘
yong‘og‘i), pekan yong‘og‘i
Yovvoyi bodom
(achchiq bodom)
Yovvoyi pista
daraxti
Yovvoyi olma, olmurt
(yovvoyi nok)
Yovvoyi tog‘ piyozi
(anzur piyozi)
Yovvoyi holda o‘suvchi
arpa
128
iqlim o‘zgarishlari salbiy oqibatlariga qarshi tura oladigan va tezlikda moslasha oladigan
navlarini yaratishni taqozo etadi[4].
Agarda masalaga qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va mamlakat oziq-ovqat
xavfsizligini ta’min etish nuqtayi nazaridan yondashadigan bo‘lsak, muammoning yechimlari
ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlaridan genetik resurs sifatida
foydalanishga bog‘liq bo‘ladi. Demak, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlari o‘sadigan
tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ekinlarni ma’muriy qo‘riqlash ishlari bilan bir qatorda tashkiliy
va iqtisodiy dastaklardan ham samarali foydalanish zarurati ortib bormoqda. Lekin ma’muriy
qo‘riqlanuvchi hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlarini saqlab qolish va
samarali foydalanish nisbatan katta imkoniyatlarga ega bo‘lib qolmoqda. Xulosa qilib
aytadigan bo‘lsak, madaniylashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi ajdodlarini muhofaza
qilish zarurati birinchidan, jamiyatda oziq-ovqat muammosini hal etish; ikkinchidan, sanoatga
xom ashyo yetkazib berish; uchinchidan, qishloqlar aholisini daromad bilan ta’minlashdagi
ahamiyati bilan bog‘liq. Bunda: yovvoyi turlarning kasallik va zararkunandalarga chidamlilik
xususiyatlarini namoyon qiluvchi yangi navlar uchun genlar manbayi sifatida; qishloq
xo‘jaligi mahsulotlari bozorgirlik xususiyatlarini yaxshilash imkonini beradigan genlar
manbasi sifatida (vitaminlar, yog‘liligi, oqsil va kleykovina moddalarini oshiruvchi genlar
manbasi sifati); qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, bozor talabi doirasidagi sifatli mahsulot
beradigan, ekstremal vaziyatlarga chidamli yangi navlarini yaratishda genetik baza sifatidagi
ahamiyati e’tiborga olinadi.