112
YOSHLAR SOG‘LOM TURMUSH QADRIYATLARINI SHAKLLANTIRISHDA
OILA INSTITUTINING TARBIYAVIY FUNKSIYASI (IJTIMOIY-FALSAFIY
TAHLIL)
Ochilova Faridaxon Kudrat qizi
Namangan davlat universitetining mustaqil tadqiqotchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15791401
Annotatsiya:
Ushbu maqolada oila talaba yoshlar hayotida sog‘lom turmush tarziga
(STT) bo‘lgan qadriyaviy munosabatni shakllantiruvchi ijtimoiy institut sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ayniqsa, oilaviy muloqotning, ota-onaning shaxsiy namunasi va qadriyatlarni avloddan avlodga
o‘tkazishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu omillar yosh avlodda o‘z sog‘lig‘ini
asrashga yo‘naltirilgan ijtimoiy-povedencheskiy pozitsiyani shakllantirishda muhim rol
o‘ynaydi.
Kalit so‘zlar:
oila, tarbiyada qadriyatlar, sog‘lom turmush tarzi, talaba yoshlar,
ijtimoiylashuv, ota-onaning namunasi, avlodlararo qadriyatlar uzviyligi, sog‘lig‘ini asrashga
qaratilgan xulq, oilaviy o‘zaro munosabat, axloqiy yo‘nalishlar, ma’naviyat, jismoniy faollik,
to‘g‘ri ovqatlanish.
THE EDUCATİONAL FUNCTİON OF THE FAMİLY INSTİTUTİON İN SHAPİNG
YOUTH’S HEALTHY LİFESTYLE VALUES (A SOCİO-PHİLOSOPHİCAL
ANALYSİS)
Ochilova Faridakhon Kudrat kizi
Independent Researcher at Namangan State University
Abstract:
this article explores the role of the family as a key institution of socialization in
shaping students’ value-based attitudes toward a healthy lifestyle (HLS). Special attention is
given to the importance of family communication, parental role modeling, and
intergenerational transmission of values as critical factors influencing the development of self-
preserving behavior patterns in the younger generation.
Keywords:
family, value education, healthy lifestyle, university students, socialization,
parental example, intergenerational value transmission, self-preserving behavior, intrafamily
interaction, moral guidelines, spirituality, physical activity, proper nutrition.
ВОСПИТАТЕЛЬНАЯ ФУНКЦИЯ ИНСТИТУТА СЕМЬИ В ФОРМИРОВАНИИ
ЦЕННОСТЕЙ ЗДОРОВОГО ОБРАЗА ЖИЗНИ У МОЛОДЕЖИ (СОЦИАЛЬНО-
ФИЛОСОФСКИЙ АНАЛИЗ)
Очилова Фаридахон Кудрат кизи
Независимый исследователь Наманганского государственного университета
Аннотация:
в статье рассматривается роль семьи как ключевого института
социализации в формировании у студенческой молодежи ценностного отношения к
здоровому образу жизни (ЗОЖ). Особое внимание уделяется значению семейного
общения, родительского примера и межпоколенческой передачи ценностей как
факторов, формирующих у молодого поколения установки на самосохранительное
поведение.
113
Ключевые слова:
семья, воспитание ценности, здоровый образ жизни,
студенческая молодежь, социализация, родительский пример, межпоколенческая
трансляция
ценностей,
самосохранительное
поведение,
внутрисемейное
взаимодействие, нравственные ориентиры, духовность, физическая активность,
правильное питание.
Sog‘lom avlodni shakllantirish barqaror ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas shartidir.
Yoshlarning sog‘lig‘i -bu faqat shaxsiy qadriyat emas, balki mamlakat kelajagini, uning
intellektual, ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini belgilovchi strategik resurs hisoblanadi. Shu
nuqtayi nazardan qaraganda, oilaviy muhitda shakllanadigan turmush tarzi shaxsning har
tomonlama – jismoniy, axloqiy va ma’naviy rivojlanishining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Aynan
oilada mehnatsevarlik, mas’uliyat, muloqot madaniyati, tabiatga hurmat hamda salbiy ijtimoiy
hodisalarga nisbatan murosasizlik kabi muhim fazilatlar shakllanadi.
Oila nafaqat bolaning jismoniy yashashi va tarbiyasini ta'minlaydi, balki uning axloqiy
shakllanish yo‘nalishlarini ham belgilaydi hamda chuqur ichki qarashlari va qadriyatlariga
ta’sir ko‘rsatadi. Shaxsiy tanlov, xulq-atvor uslubi, o‘ziga va atrof-muhitga bo‘lgan munosabat,
asosan, uyda hukm suruvchi muhitga, avloddan avlodga o‘tadigan axloqiy yo‘nalishlarga bog‘liq
bo‘ladi. Bu holat insonning ichki dunyosi bilan uning ijtimoiylashuv sharoitlari o‘rtasidagi uzviy
bog‘liqlikni tasdiqlaydi: muhit odat, motiv va xulq-atvor modellari shakllanishiga ta’sir qiladi
hamda ular asta-sekin ongda hayotiy me’yorlar sifatida mustahkamlanadi.
Oilaviy an’analar – bu yoshlarning ijtimoiy munosabatlar borasidagi ilk tajribasi bo‘lib,
ular shu orqali jamiyatning axloqiy va madaniy mezonlarini anglay boshlaydilar. Bejizga
sharqona madaniyatda oila kichik Vatan, shaxsiy qadriyatlar shakllanadigan muqaddas makon
sifatida e’tirof etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu borada haqli
ravishda shunday ta’kidlaydi: «Oila – jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi, avlodlar
yakdilligining ramzi. Bizning xalqimiz har doim oilani muqaddas qadriyat, barqarorlikning
mustahkam asosi deb bilgan»[2]. Ushbu so‘zlar oilaning axloqiy barqarorlik va fuqarolarning
uyg‘un rivojlanishidagi o‘ziga xos o‘rnini alohida ta’kidlaydi.
Oilaviy muhit yosh avlodning hayotiy yo‘nalishlari va xulq-atvor modellari shakllanishiga
beqiyos ta’sir ko‘rsatadi. Aynan oilada sog‘lom turmush tarzining asoslari qo‘yiladi va bu
asoslar keyinchalik faol fuqarolik pozitsiyasi, jamiyat oldidagi burch tuyg‘usi hamda shaxsiy
kamolotga bo‘lgan barqaror motivatsiyaga aylanadi. Barqaror va sog‘lom oilalar tinchlik va
totuvlik hukm suradigan uyg‘un jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston
Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov bu borada shunday degan
edi: «Agar xalqimizning tarixiga nazar tashlasak, halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, vijdon, rahm-
shafqat, mehnatsevarlik kabi eng muhim qadriyatlar, eng avvalo, oilada shakllanganini
ko‘ramiz»[3].
Bugungi kunda oilada sog‘lom turmush tarziga amal qilinishi yoshlarning boy ma’naviy
meros va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu jihatni
inobatga olgan holda, davlat sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish va takomillashtirish uchun
zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda. Chunki turmush tarzi jamiyatning iqtisodiy, siyosiy,
ijtimoiy hamda ma’naviy-madaniy taraqqiyotini aks ettiradi va oiladagi ichki muhitni
sog‘lomlashtirishda muhim omil hisoblanadi. Xalqimizda bekorga «Sog‘lom tanada – sog‘lom
aql» degan maqol aytilmagan. Har bir inson tushunadiki, faqat sog‘lom bo‘lgan taqdirdagina
114
samarali mehnat qilish, ijodiy faoliyat yuritish, ovqatdan zavqlanish va tinch uxlash mumkin.
Biroq ko‘pincha biz tanamiz, ongimiz va ruhiyatimiz salomatligini o‘z vaqtida asrash zarurligini
unutamiz, holbuki bu bevosita o‘z manfaatlarimiz bilan bog‘liqdir.
Demak, tana salomatligi nafaqat xalqimizning eng muhim qadriyati bo‘lishi, balki hayot
falsafamiz, dunyoqarashimiz va ongli turmush tarzimizning ajralmas qismi sifatida qaralishi
lozim. Shu sababli davlat dasturlarida har bir fuqaroda o‘z salomatligiga nisbatan ongli va
mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini olib borish uchun zarur
sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda -bu nafaqat o‘zimiz uchun, balki yaqinlarimiz
uchun ham muhimdir.
Oilada sog‘lom va uyg‘un turmush tarzini shakllantirishda ota-onalarning o‘rni
beqiyosdir. Aynan ular oilaviy munosabatlarning markaziy figuralari sifatida ibrat namunasi
bo‘lib xizmat qiladilar, uyda hissiy va xulqiy muhitni belgilaydilar. O‘z sog‘lig‘i va farovonligi
uchun shaxsiy mas’uliyatni anglash – yetuk va barqaror oilaviy qadriyatlarni shakllantirish
yo‘lida qo‘yiladigan birinchi qadmdir. O‘ziga g‘amxo‘rlik qilish, jismoniy va ruhiy holatga
nisbatan hurmat bilan yondashuv namunasini ko‘rsatish orqali ota-onalar nafaqat o‘z
salohiyatini mustahkamlaydi, balki farzandlarda ham to‘g‘ri hayotiy yo‘nalishlarni
shakllantiradi.
Jismonan va ruhiy jihatdan sog‘lom ota-onalar hayotdagi turli sinovlarga xotirjam va aql
bilan yondashishga, o‘zgarishlarga moslashuvchanlik bilan munosabat bildirishga, hatto
stressli vaziyatlarda ham ichki barqarorlikni saqlab qolishga qodirdirlar. Oiladagi qo‘llab-
quvvatlash muhim ahamiyatga ega: yaqin inson bilan o‘z fikrlarini, xavotirlarini va
quvonchlarini bo‘lishish imkoniyati ruhiy muvozanatni hamda barqarorlik hissini saqlab
qolishga yordam beradi. Aynan shunday ishonch va o‘zaro ko‘makka asoslangan muhit har bir
oila a’zosining hissiy farovonligining kafolatiga aylanadi.
O‘z hayot falsafasini ichki uyg‘unlik, o‘ziga va boshqalarga hurmat asosida shakllantirgan
shaxs muqarrar ravishda baxt va ishonch tuyg‘usiga ega bo‘ladi. Chunki aynan jismoniy
salomatlik, ruhiy tetiklik va hayotdagi maqsadga intilish inson uchun tayanch vazifasini
bajaradi – bu nafaqat ota-onalarga, balki ularning farzandlariga ham kelajakka ishonch bilan
qarash imkonini beradi. Muhabbat, hurmat va shaxsiy ibrat muhitida ulg‘aygan bolalarga
ortiqcha qattiqlik yoki doimiy nasihatlar zarur emas. Ularning ichki dunyosi allaqachon axloqiy
yo‘nalishlar bilan boyitilgan bo‘lib, bu esa ularni barkamol shaxs sifatida shakllanishiga xizmat
qiladi [4].
Bunday oilada bola yoshligidanoq uning aql-idroki, dunyoqarashi va jismoniy
madaniyatini shakllantiruvchi qadriyatlarga oshno bo‘ladi. U to‘g‘ri yo‘ldan adashishi
ehtimoldan yiroq, chunki bolalikda singdirilgan axloqiy poydevor uning shaxsiy kamolot, baxt
va mukammallikka intilish yo‘lida mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Ma’lumki, buyuk
Amir Temur farzandlari va nabiralari uchun oila qurish masalasiga alohida e’tibor bergan, bu
borada o‘z nozik didiga tayanib ish tutgan. O‘sha davr tarixchilari yozishicha, u yoshlar uchun
juft tanlashda nafaqat tashqi go‘zallikka, balki ichki dunyo, aql-zakovat va fikrlash qobiliyatiga
ham katta ahamiyat bergan. Aynan shu yondashuv tufayli Amir Temur davrida ko‘plab davlat
muammolarining oldi olingan. Bugungi kunda ham ayrim ota-onalar farzandlariga oila
qurishda erkinlik berishadi. Agar ota-onaning dunyoqarashi keng bo‘lsa – bu ijobiy holat.
Ammo aksincha bo‘lsa, sog‘lom bo‘lmagan munosabatlar paydo bo‘lishi mumkin, bu esa
oiladagi psixologik muhitga ham, ijtimoiy atrof-muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
115
Konstitutsiyada qayd etilganidek, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi va bola
uchun sog‘liqni eng muhim hayotiy qadriyat sifatida anglashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi[1].
Aynan oilaviy muhitda bola ilk bor kundalik hayot asoslariga – kun tartibi, ovqatlanish odatlari,
jismoniy faollikka munosabat, shuningdek, jismoniy va psixoemotsional farovonlik haqidagi
tasavvurlarga ega bo‘ladi. Oila – bu dastlabki ta’lim-tarbiya maydonidir, unda bola kattalarni
kuzatish va ularning kundalik harakatlariga taqlid qilish orqali xulq-atvor namunalarini
shakllantiradi. Rossiyalik faylasuf N.V. Semyonova ta’kidlaganidek, “bola aynan kattalarni,
xususan, ota-onani kuzatish va ularga taqlid qilish orqali sog‘liq muhim deb e’tirof etiladigan va
qo‘llab-quvvatlanadigan, yoki, aksincha, e’tiborsiz qoldiriladigan xulq modellari va hayotiy
yondashuvlarni o‘zlashtiradi”[5]. Shu nuqtayi nazardan sog‘liqni saqlash va sog‘lom turmush
tarzini shakllantirish masalalarida oilaviy muloqotning ochiqligi va mazmunli bo‘lishi alohida
ahamiyat kasb etadi. Bunday mavzularni muntazam muhokama qilish – nafaqat tarbiya va
ma’lumot berish vositasi, balki yosh avlodda o‘z tanasiga, odatlariga va holatiga nisbatan ongli
va mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiluvchi qadriyatlarni yetkazish usulidir.
Bundan tashqari, aynan oilaviy muloqot orqali sog‘liqka faqatgina funksional tushuncha
sifatida emas, balki parvarish, ehtiyotkorlik va hurmatni talab qiluvchi yaxlit qadriyat sifatida
axloqiy va etik asoslar shakllanadi. Shu tariqa, oila bolaning shaxsiy identifikatsiyasida sog‘liq
madaniyatini shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Zamonaviy ijtimoiy tadqiqotlar doirasida oilaviy institutning sog‘lom turmush tarziga
(STT) doir qarashlarni shakllantirishdagi ishtirok darajasini aniqlash maqsadida talabalar
o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ularga quyidagi savol yo‘naltirildi: «Oilangizda sog‘lom
turmush tarzi mavzusida qanchalik tez-tez suhbatlar olib borasiz?». Javoblar quyidagicha
taqsimlandi: 168 nafar ishtirokchi (25,97%) bu mavzular muntazam muhokama qilinishini
ta’kidladi; 291 kishi (44,98%) vaqti-vaqti bilan bunday suhbatlar bo‘lib turishini bildirdi; 132
nafar respondent (20,40%) bu mavzular juda kam muhokama qilinishini qayd etdi, 56 nafar
talabalar esa (8,66%) bunday mavzular umuman ko‘tarilmasligini ma’lum qildi. Umuman
olganda, 70,95% ishtirokchilar oilaviy muhitda STT mavzusi hech bo‘lmaganda vaqti-vaqti
bilan muhokama qilinishini bildirgan, bu esa sog‘liq bilan bog‘liq qadriyatlarni uzatishda
oilaning faol rolini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, deyarli uchdan bir qism talabalar (29,06%)
oilasida sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha suhbatlar juda kam yoki umuman o‘tkazilmasligini tan
olgan. Bunday holatga ota-onalarning bandligi, vaqt yetishmasligi, yetarli bilim va
ko‘nikmalarning yo‘qligi yoki bunday mavzularni uy sharoitida muhokama qilish odatining
shakllanmaganligi sabab bo‘lishi mumkin.
Jiddiy xavotir uyg‘otadigan holat shundaki, so‘rovda qatnashgan talabalarni 8,66 foizi
ularning oilalarida sog‘liq va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar umuman muhokama
qilinmasligini tan oldi. Bu kabi muhim sohada yuzaga kelgan kommunikativ bo‘shliq sog‘liq
haqida g‘amxo‘rlik qilishni hayotiy ustuvorliklar tizimidan siqib chiqarib, uning o‘rnini yuzaki
manfaatlar yoki vaqtinchalik maqsadlar bilan almashtirib yuborishi mumkin. Bolalikdan
shakllangan o‘z salomatligiga befarqlik modeli vaqt o‘tishi bilan gigiyena qoidalariga rioya
qilmaslik, jismoniy faollikdan voz kechish va profilaktik choralarni e’tiborsiz qoldirishga olib
kelishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida surunkali charchoq, psixoemotsional buzilishlar, somatik
kasalliklar, shuningdek, deviant xatti-harakatlar xavfini oshiradi.
Shu munosabat bilan oilaning roliga yangicha yondashish zarur: u nafaqat hissiy qo‘llab-
quvvatlash makoni, balki sog‘liq bilan bog‘liq barqaror hayotiy qarashlarni shakllantirish
116
jarayonida faol ishtirok etuvchi subyekt sifatida qaralishi lozim. Oilaviy muhit yosh avlodda o‘z
tanasi va farovonligiga ongli, qadriyatlarga boy munosabatni tarbiyalash borasida ulkan
salohiyatga ega. Demak, aynan oila sog‘lom turmush tarzining mustahkam poydevorini
yaratishda, shuningdek, shaxsiy va ijtimoiy farovonlikning asoslarini shakllantirishda asosiy
manbalardan biri bo‘la oladi.
Tadqiqot davomida olingan ma’lumotlar ota-onalarni farzandlari bilan ovqatlanish, uyqu
tartibi, jismoniy faollik, raqamli gigiyena va psixologik farovonlik masalalarida mazmunli
muloqotga jalb etishni kuchaytirishga qaratilgan ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish zaruratini
yaqqol ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishdagi ota-onalarning xabardorligi va kompetensiyasining
oshirilishi nafaqat oilaviy muloqot sifatini yaxshilaydi, balki shunday tarbiyaviy muhitni
shakllantirishga xizmat qiladiki, unda sog‘liq oddiy kundalik amaliyot emas, balki muhim
ma’naviy-axloqiy qadriyat sifatida qaraladi.
Sog‘liq bilan bog‘liq mavzular ochiq va muntazam muhokama qilinadigan oilaviy muhitda
ulg‘aygan talabalar o‘z sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan barqaror xulq-atvorni ancha tez-tez
namoyon qiladilar. Ular uchun o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish tashqaridan yuklatilgan talab emas,
balki shaxsiy mas’uliyatning tabiiy ifodasi, hayotga yetuk va ongli munosabatning belgisi
sifatida qabul qilinadi. Bunday oilalarda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini majburlab joriy
qilishga ehtiyoj bo‘lmaydi - ular dunyoqarashga singdirilgan bo‘lib, to‘laqonli hayot
kechirishning ajralmas sharti sifatida ichki e’tiqod bilan qabul qilingan bo‘ladi.
Agar oilada sog‘lom turmush tarziga amal qilish an’anasi mavjud bo‘lmasa, ota-onalar
to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik yoki kasalliklarning oldini olishga yetarli e’tibor bermasalar,
bu qarashlar keyingi avlodga ham o‘tadi. Afsuski, bugungi kunda ota-onalar ko‘proq daromad
topish, ishsizlik muammolarini hal qilish kabi tashvishlar bilan band bo‘lib, oilaviy muloqot
tanqisligi yanada kuchaymoqda. Bu holat ayniqsa o‘smirlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi,
chunki aynan ushbu davrda ular hayotiy tajriba orttirish, boshqalar bilan munosabat
o‘rnatishni o‘rganish bosqichida bo‘lib, ota-onalarning yordamiga, tushunishiga va ko‘magiga
muhtoj bo‘ladilar.
Yosh kishi voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘yganida va o‘z oilasini qurayotgan
chog‘ida bolalikda shakllangan xatti-harakat modellarini takrorlaydi. Bundan tashqari, oilaviy
tarbiya nafaqat amaliy ko‘nikmalarni, balki shaxsning sog‘lig‘iga bo‘lgan munosabatini belgilab
beradigan qadriy yo‘nalishlarni ham shakllantiradi: bu sog‘liqni parvarish qilishga loyiq yuksak
qadriyat sifatida qabul qilish yoki uni vaqtinchalik istaklarga bo‘ysunadigan ikkinchi darajali
omil sifatida ko‘rishga olib keladi.
Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarziga oid qarashlar shakllanayotgan davrda nafaqat
sog‘liq haqidagi bilimlarning mavjudligi, balki qadriyatlar tizimining shakllanganligi ham
muhim ahamiyatga ega. Bu tizim, avvalo, oilada, so‘ngra ijtimoiy va ta’lim muhitida vujudga
keladi. Ayniqsa, talaba yoshlari uchun bu juda dolzarbdir, chunki ular shaxsiy shakllanishning
faol bosqichida, mustaqil hayotga moslashish, kasbiy yo‘nalishni belgilash va oilaviy
munosabatlar qurish davrida bo‘ladilar.
Voyaga yetayotgan yoshlar ko‘plab yangi chaqiriqlarga duch kelishadi -bu turmushdagi
va moddiy qiyinchiliklardan tortib, psixologik va rolga doir o‘zgarishlargacha bo‘lishi mumkin.
Bunday sharoitda sog‘liq ko‘pincha cheksiz resurs sifatida qaraladi va unga g‘amxo‘rlik qilish
"keyinga qoldiriladi".
117
Ko‘plab talabalar va yosh oilalar zararli odatlarning uzoq muddatli oqibatlari haqida
jiddiy o‘ylab ko‘rmaydilar. Noto‘g‘ri va nomutanosib ovqatlanish, jismoniy faollik yetishmasligi,
gadjetlardan ortiqcha foydalanish, chekish yoki spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish kabi holatlar
ko‘pincha beparvolik bilan qabul qilinadi. Bundan tashqari, jamiyatda quyidagi kabi barqaror
afsonalar ham keng tarqalgan: «men yoshman -hammasi o‘z-o‘zidan tiklanadi», «sog‘lom
turmush tarzi faqat pul bilan bog‘liq», «atrafimda hech kim sport bilan shug‘ullanmaydi -va
hech narsa bo‘layotgani yo‘q». Bunday noto‘g‘ri qarashlar odatda sog‘lom hayotiy amaliyotlar
bo‘yicha shaxsiy tajribaning yo‘qligi natijasida shakllanadi. Eng muhimi -bu holat ko‘pincha
oilada sog‘lom turmush tarzi madaniyatining bo‘lmaganligi, ya’ni u muhokama qilinmagan,
namoyish etilmagan yoki rag‘batlantirilmagan holatlarda yuzaga keladi. Agar ota-onalar
oilasida sog‘lom turmush odatlarining kundalik hayotda aks etishi kuzatilmagan bo‘lsa, yosh
insonning ham o‘z hayotiga bunday qadriyatlarni kiritishi qiyinlashadi. Shu sababli, bolalikda
shakllangan qarashlar va odatlarning hozirgi kundalik hayotda qanchalik amalga
oshirilayotganini anglash va tahlil qilish - sog‘liqni qadrlashga yo‘naltirilgan oilaviy tarbiyaning
samaradorligini baholashda muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi / 2023-yil 30-aprelda referendumda qabul
qilingan (2023-yil 1-maydan kuchga kirgan; 2025-yil 8-iyungacha boʻlgan oʻzgartishlar va
qoʻshimchalar bilan). – Elektron maʼlumot. – Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik milliy bazasi
“Adolat”. – Murojaat qilish manzili:
2.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro oila kuni munosabati bilan tabrigi // Sputnik
Oʻzbekiston. – 2025-yil 15-may. – Murojaat qilish manzili:
3.
Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. – T.: 1999. – B. 35.
4.
Atakulov M. S. Yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda milliy
qadriyatlarning oʻrni // Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social
sciences. – 2023. – T. 3, № 3. – B. 400.
5.
Semenova N. V. Oilaning turmush tarzining bola salomatligini shakllantirishdagi oʻrni:
ijtimoiy fanlar nomzodi dissertatsiyasi: 22.00.04 / Nina Vasilevna Semenova. Qozon davlat
tibbiyot universiteti. – Qozon, 1997. – 157 b.