81
YURİDİK TA’LİMDA AXLOQİY TARBİYA
Ibraximova Dilorom Saloydinovna
TDYU “Umumta’lim fanlar va madaniyat” kafedrasi o‘qituvchisi
Email: diloromibraximova@gmail.com
Tel: +998 99 789 98 06
https://doi.org/10.5281/zenodo.15880107
Annotatsiya:
Maqolada yuridik kadrlarni tayyorlashda axloqiy tarbiyaning asosiy
tamoyillari tahlil qilinadi. Axloqiy tarbiya natijasida shakllangan fazilatlar yuridik kadrlarga o‘z
kasbiy burchlarini halol va vijdonan bajarish, korrupsiya hamda mansab vakolatlarini
suiiste’mol qilish kabi salbiy holatlardan uzoq bo‘lish, fuqarolarga sadoqat bilan xizmat qilishi
asoslab beriladi.
Kalit so‘zlar:
axloq, axloqiy tarbiya, yoshlar, huquqiy yordam, yuridik kadrlar,
НРАВСТВЕННОЕ ВОСПИТАНИЕ В ЮРИДИЧЕСКОМ ОБРАЗОВАНИИ И
ДЕЯТЕЛЬНОСТИ ЮРИДИЧЕСКИХ КЛИНИК
Ибрахимова Дилором Салойдиновна
Преподователь кафедры Общeoбразовательных дисциплин и культуры ТГЮУ
Аннотация:
В статье анализируются качества, сформированные в результате
нравственного воспитания, которые помогают юристам честно и добросовестно
исполнять свои профессиональные обязанности, избегать негативных ситуаций, таких
как коррупция и злоупотребление должностными полномочиями, верно служить
гражданам.
Ключевые слова:
этика, нравственное воспитание, молодежь, юридическая
помощь, юридические кадры.
MORAL EDUCATİON İN LEGAL EDUCATİON AND THE ACTİVİTİES OF LEGAL
CLİNİCS
Ibraximova Dilorom Saloydinovna
Teacher of the Department of General Educational Disciplines and Culture of TSUL
Abstract:
The article analyzes the qualities formed as a result of moral education, which
help lawyers to honestly and conscientiously fulfill their professional duties, avoid negative
situations such as corruption and abuse of office, and faithfully serve citizens.
Key words:
ethics, moral education, youth, legal assistance, legal personnel.
Huquqiy soha mutaxassislari nafaqat chuqur bilim, kasbiy ko‘nikma va
kompetensiyalarga, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham ega bo‘lishi zarur. Chunki bu omillar
jamiyatning barqaror rivojlanishi hamda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga
ega. Huquqshunoslarning axloqiy tamoyillarga rioya qilishi va kasbiy madaniyati fuqarolarning
huquqiy tizimga nisbatan ishonchini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Shu sababli yuridik
ta’limda axloqiy tarbiyani shakllantirish dolzarb va ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tirof
etiladi.
Professional huquqshunoslar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, adolatni
qaror toptirish, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash vazifasini bajaradilar. Bu
jarayonda ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar hisoblanuvchi vatanparvarlik, halollik,
adolatparvarlik, mas’uliyatlilik, xolislik kabi sifatlar bo‘lishi talab etiladi.[1] Axloqiy tarbiya
natijasida shakllangan fazilatlar yuridik kadrlarga o‘z kasbiy burchlarini halol va vijdonan
bajarish, korrupsiya hamda mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish kabi salbiy holatlardan uzoq
82
bo‘lish, fuqarolarga sadoqat bilan xizmat qilish imkonini beradi. Xalqaro tajriba shuni
ko‘rsatadiki, ko‘plab mamlakatlarda yuridik ta’lim jarayoniga kasbiy etika va axloqiy tarbiya
majburiy tarkibiy qismi sifatida o‘qitiladi. Bu esa jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish
va aholining adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Jamiyatda
amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning samaradorligi ko‘p jihatdan mazkur jamiyat
a’zosi bo‘lgan hamda huquqiy islohotlarni amalga oshirishda katta rol o‘ynovchi professional
huquqshunoslarning axloqiy madaniyati darajasiga bog‘liq. Boshqacha qilib aytganda,
huquqshunoslarning axloqiy tamoyillarga qat’iy rioya qilishi nafaqat qonunchilikning
barqarorligini, balki jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuksalishini ham
ta’minlaydi. [2]
Yuridik mutaxassislarni tayyorlashda axloqiy tarbiyaning tutgan o‘rnini hamda uning
asosiy tamoyillarini tahlil qilishdan avval, axloqiy tarbiya tushunchasiga aniqlik kiritish lozim.
Ushbu tushuncha pedagogika va axloqshunoslik fanlari kesishmasida qo‘llanilib, shaxs ongiga
jamiyat tomonidan tan olingan axloqiy qadriyatlar va xulq-atvor me’yorlarini singdirish,
ularning ma’naviy fazilatlarini shakllantirish jarayonini anglatadi. Axloqiy tarbiya — bu tarbiya
jarayonining bevosita axloqiy qadriyatlar va xulq me’yorlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan
muhim tarkibiy qismidir.
Axloqiy tarbiya har qanday kasb egasi uchun muhimdir, chunki u inson faoliyatining
jamiyatda qaror topgan axloqiy mezonlarga muvofiq yo‘naltirilishini ta’minlaydi. Ayniqsa
ma’lum darajada ijtimoiy mas’uliyat talab etuvchi shifokorlik, o‘qituvchilik, huquqshunoslik
kabi soha vakillari o‘z vazifalarini ado etishda axloqiy tamoyillariga tayangan holda ish ko‘rishi
jamiyat farovonligi va ijtimoiy adolat qaror topishiga xizmat qiladi. Xususan, kasbiy mahorat
bilan bir qatorda yuristning axloqiy fazilatlari ham uning kasbiy xususiyatlari hisoblanadi, shu
bois professional yuristning muntazam ravishda axloqiy tarbiya olishi, axloqiy kamolotga
intilishi talab etiladi. [3]
Axloqiy tarbiya ta’sirida mutaxassisda mehnat intizomiga qat’iy amal qilish, o‘z vazifasini
halollik bilan bajarish, jamoada sog‘lom va samimiy muhitni ta’minlash, shuningdek, xizmat
faoliyatida qonun va axloq me’yorlariga zid holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish kabi
ijobiy fazilatlar shakllanadi.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda yuridik sohada faoliyat yuritishni
tanlagan mutaxassislar – yosh “yuristlar”da quyidagi fazilatlar bo‘lishi talab etiladi: yuksak
axloqiy ong va madaniyat, gumanizm, har qanday vaziyatda inson, uning sha’ni, manfaatlarini
himoya qilish, burchga sadoqat hissi, axloqiy e’tiqodlarning mustahkamligi, shaxsning
huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda prinsipiallik va mustaqillik, uni
himoya qilish va ijtimoiy muhofaza etishda qat’iyatlilik, shuningdek, o‘z kasbiy faoliyatida
uchraydigan qonunbuzarlik va axloqsizlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik
hissi.[4]
Bu kabi professional fazilatlar nafaqat huquqiy bilimlar, balki chuqur va tizimli axloqiy
tarbiya natijasida shakllanadi. Shu sababli, mamlakatimizdagi professional yuristlarni
tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari, xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti kabi
yetakchi yuridik oliygohlarda talabalarga faqat nazariy bilim berish bilangina cheklanmay,
balki ularda o‘z kasbiga nisbatan yuksak axloqiy munosabat, halollik, insonparvarlik va
vijdonlilik kabi muhim axloqiy fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda ta’lim jarayonining o‘zida akademik halollik va ilmiy izlanishlarda etik
tamoyillarga qat’iy amal qilish – milliy yuridik ta’limning samaradorligini oshirish va axloqan
yetuk, malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning muhim poydevori sifatida qaralmoqda.
Yangi O‘zbekistonda yuridik soha vakillarini axloqan yetuk tarzda tayyorlash yo‘lida
83
amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘plab rivojlangan davlatlarda ushbu yo‘nalishda olib
borilayotgan ishlar bilan uyg‘un va mos ravishda kechmoqda. Garchi dunyo miqyosida yuridik
kadrlarga axloqiy tarbiya berish bo‘yicha turli yondashuvlar mavjud bo‘lsa-da, deyarli har bir
mamlakatda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Masalan, Germaniyada huquqiy ta’lim ikki bosqichli bo‘lib, ikkinchi bosqich – amaliyot
davrida bo‘lajak sudya va advokatlar kasbiy odob hamda xizmat intizomi bo‘yicha maxsus
tayyorgarlikdan o‘tadilar. [5] Buyuk Britaniyada yuristlar uchun axloqiy tarbiya “Legal Ethics”
kurslari orqali amalga oshiriladi. Bunday kurslar, ayniqsa, Bar Professional Training Course
(BPTC) va Legal Practice Course (LPC) doirasida o‘rgatiladi.[6] Yaponiyada esa professional
huquqshunoslar, sud va prokuratura xodimlari uchun xizmat davomida doimiy ravishda kasbiy
axloqqa taalluqli seminar-treninglar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Janubiy Koreya va Singapur kabi
davlatlar davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaga qarshi kurash hamda xizmat odobi
qoidalariga rioya etish bo‘yicha qat’iy tartib o‘rnatgan[7]. Kanadadagi yuridik maktablarda
“Legal Ethics and Professional Responsibility” kurslari mavjud bo‘lib, talabalar odil sudlov,
halollik va manfaatlar to‘qnashuvi masalalarini chuqur o‘rganadilar. Axloqiy qarorlar bo‘yicha
interaktiv treninglar yo‘lga qo‘yilgan [8].
Xalqaro tajribadan ko‘rinib turibdiki, yuridik kadrlarga axloqiy tarbiya berish ularning
kasbiy malakasini oshirish jarayonining ajralmas tarkibiy qismidir. O‘zbekiston sharoitida esa
bu yo‘nalishda milliy an’ana va qadriyatlar asosida, shu bilan birga xorijiy tajribaning ijobiy
jihatlarini uyg‘unlashtirgan holda samarali yondashuvlar ishlab chiqish zarurati mavjud.
Bugungi kunda yurtimizda yuridik kadrlarni tayyorlovchi bir qator oliy ta’lim
muassasalari faoliyat olib bormoqda. Ular orasida eng yetakchisi va soha bo‘yicha tayanch
ta’lim muassasasi sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti alohida o‘rin tutadi. Mazkur
universitetda talabalar nafaqat puxta yuridik bilimlarga ega bo‘lishlari, balki ularning kasbiy
axloqiy qadriyatlari, ma’naviy-ma’rifiy qarashlari ham shakllanishiga katta e’tibor qaratiladi.
Professional huquqshunoslarni tayyorlash tizimidagi keng qamrovli islohotlar, qabul
kvotalarining oshirilishi, oliy yuridik ta’lim muassasalarining soni va geografik qamrovi
kengayib borayotgani — sohaga kirib kelayotgan yosh mutaxassislarning yuksak kasbiy va
axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi.
Huquqshunoslar uchun ta’lim jarayonidayoq kasbiy etikaning asosiy prinsiplari, axloqiy
normalar va qoidalarga ega bo‘lish, shuningdek, yuqori darajadagi axloqiy kompetensiyani
shakllantirish katta ahamiyatga ega.
O‘zbekiston yuridik ta’lim tizimida esa har bir soha (sud, advokatura, tergov-surishtiruv,
prokuratura, qonun ijodkorligi va boshqalar)ga xos bo‘lgan axloqiy qadriyatlarni yosh
kadrlarga singdirish maqsadida turli yondashuvlardan foydalanilmoqda. Asosiy yondashuvlar
quyidagilardan iborat:
1. Huquqiy-falsafiy yondashuv
Bu yondashuv yuridik ta’limni huquq falsafasi va axloqiy tafakkur bilan
uyg‘unlashtirishga yo‘naltirilgan. Huquq va axloq – jamiyatdagi tartibni ta’minlovchi muhim
ijtimoiy me’yorlar bo‘lib, ular bir-birini to‘ldiradi. Mazkur yondashuv doirasida bo‘lajak
huquqshunoslarga huquqning falsafiy asoslari, adolat va qonun uyg‘unligi, huquq va axloq
o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuzasidan chuqur bilim beriladi. “Huquq falsafasi”, “Yuridik etika”,
“Davlat va huquq nazariyasi” kabi nazariy fanlar orqali talabalar huquqiy hodisalarga keng,
ma’naviy-nazariy yondashuv asosida qarash ko‘nikmasini hosil qiladi.
Ushbu fanlar orqali talabalar inson huquqlari, adolat, vijdon erkinligi kabi tushunchalarni
nafaqat qonunchilik nuqtai nazaridan, balki axloqiy va falsafiy jihatdan ham tahlil qilishni
o‘rganadilar. Bu esa ularni nafaqat bilimli huquqshunos, balki ijtimoiy mas’uliyatni his
84
qiladigan, adolatparvar va prinsipial mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Misol uchun, “Yuridik etika” fanida talabalar real kasbiy vaziyatlar asosida axloqiy tanlov
qilish, halollik, manfaatlar to‘qnashuvi, xolislik kabi muhim masalalarni muhokama qilib, kasbiy
qadriyatlarni ongli ravishda anglab yetadilar. “Huquq falsafasi” fani esa ularni huquqning
mohiyati, inson tabiatidagi adolat hissi va qonun bilan axloq o‘rtasidagi murakkab
munosabatlarni anglashga chorlaydi.
Bunday yondashuv huquqshunoslik ta’limini faqat yuridik texnika va qonunchilikni
o‘rganish bilan cheklab qo‘ymaydi, balki talabalarni mustahkam ma’naviy-axloqiy asosga ega
bo‘lgan mutaxassislarga aylantirishga intiladi.
2. Kasb etikasiga asoslangan yondashuv.
Bu yondashuv huquqshunoslik kasbiga oid odob-axloq qoidalarini o‘rgatishga qaratilgan.
Yuridik ta’lim tizimida “Kasb etikasi” moduli yoki maxsus kurslar mavjud bo‘lib, ular orqali
talabalar turli kasbiy vaziyatlarda to‘g‘ri axloqiy qarorlar qabul qilish malakasini
rivojlantiradilar.
Kasbiy etikaga oid ta’lim ko‘pincha amaliy mashg‘ulotlar orqali olib boriladi. Masalan, sud
jarayonining imitatsiyasi shaklidagi darslarda talabalar nafaqat qonunchilikni qo‘llash va
dalillar keltirishni, balki hakamlik madaniyati hamda protsessual odob qoidalariga amal
qilishni ham o‘rganadilar. Bundan tashqari, ularga haqiqiy kasbiy muammolarni aks ettiruvchi
vaziyatlar – ya’ni keyslar taqdim etilib, axloqiy jihatdan to‘g‘ri yechim topish vazifasi
yuklatiladi. Toshkent davlat yuridik universitetida faoliyat yuritayotgan yuridik klinika ham
kasbiy etika prinsiplariga tayangan holda ishlaydi. Klinikada faoliyat olib boruvchi talabalar
huquqiy maslahat olish bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish
jarayonida nafaqat o‘z bilim va ko‘nikmalarini qo‘llaydilar, balki kasbiy etika tamoyillariga ham
amal qiladilar. Ular mijoz bilan muomala jarayonida maxfiylikni saqlash, hurmat bilan
munosabatda bo‘lish, xolislik va adolatni ta’minlash kabi muhim axloqiy me’yorlarga rioya
qilishadi. Bu orqali talabalar nazariy bilimlarni real hayotdagi holatlar bilan bog‘lab, kelajakdagi
kasbiy faoliyatlariga tayyorgarlik ko‘radilar. Shu tarzda yuridik klinika talabalarning kasbiy
etikani amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Masalan, talabaga nikohdan ajralish istagida bo‘lgan ayol murojaat qilganda, u faqat
qonuniy tartiblarni tushuntiribgina qolmay, balki mijozning shaxsiy holatini hurmat qilish,
unga hamdardlik bilan yondashish, uni ayblamaslik kabi kasbiy etikaga oid tamoyillarga amal
qiladi. Yoki bo‘lmasa, meros bilan bog‘liq nizolar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarning
holatida talabalar har ikki tomon manfaatini hisobga olgan holda, xolislik va adolat
tamoyillariga rioya qilgan tarzda maslahat berishga harakat qiladilar.
Shuningdek, talabalar har qanday huquqiy masalada murojaat qilgan mijozlarning
shaxsiy ma’lumotlarini sir saqlash — ya’ni maxfiylik prinsipiga qat’iy amal qilishadi. Bu esa
ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatida ishonchli va axloqiy mas’uliyatli mutaxassis bo‘lib
shakllanishiga xizmat qiladi.
Ushbu yondashuv orqali kasbiy etika faqat nazariy me’yorlar emas, balki real hayotdagi
holatlar orqali tushunarli va amaliy ko‘nikmaga aylanishi ta’minlanadi.
Mazkur yondashuvlar o‘zaro uzviy bog‘liqlikda qo‘llanilsa, yuridik kadrlarda axloqiy
tarbiyani samarali shakllantirish imkonini beradi. O‘zbekistonda yuridik sohada olib
borilayotgan islohotlar ham aynan shu kompleks yondashuvlarni joriy etish va
takomillashtirishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, yuridik kadrlarga axloqiy tarbiya berish – jamiyatda adolat va
qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega
bo‘lgan sarmoyadir. Axloqan yetuk, ma’naviy pok va yuqori kasb madaniyatiga ega
85
huquqshunoslar shakllanganda, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoyalanadi, sud-huquq
tizimiga bo‘lgan ishonch ortadi, eng muhimi esa jamiyatda huquqiy madaniyatning yuksalishiga
erishiladi.
Shu sababli yuridik ta’lim muassasalarida axloqiy tarbiyani doimiy e’tibor markazida
ushlab turish zarur. Yosh huquqshunoslarni nafaqat bilimli, balki yuksak axloqiy fazilatlarga
ega, halol va mas’uliyatli shaxslar sifatida tarbiyalash uchun izchil sa’y-harakatlar davom
ettirilishi lozim. Chunki qonunlarga bo‘lgan hurmat, avvalo, ularni yaratish, ijro etish va himoya
qilish bilan shug‘ullanuvchi kishilarning axloqiy darajasi va jamiyatda ularga bo‘lgan
hurmatdan boshlanadi.
References:
Используемая Литература:
Foydalanilgan Adabiyotlar:
1.
Топилдиева Д. Юридическое образование: международный опыт 26 августа 2024
(дата
обращения:
12.03.2025)
https://yuz.uz/ru/news/yuridicheskoe-obrazovanie-
2.
Kozhevnikov V. To the problem of the theory of legal responsibility // Tomsk State
University Journal Of Law. - Issue28, 2018.- P. 5-19
3.
Макарова З. Нравственный идеал профессии юриста // Судебная власть и
уголовный
процесс.
–
Воронеж:
ВГУ,
2016.
№2.
–
Ст.
200-203.
https://cyberleninka.ru/article/n/nravstvennyy-ideal-professii-yurista-1
4.
Топилдиева Д. Юридическое образование: международный опыт 26 августа 2024
(дата
обращения:
12.03.2025)
https://yuz.uz/ru/news/yuridicheskoe-obrazovanie-
5.
Schultz U. Legal Education in Germany–an ever (never?) ending story of resistance to
change //Revista de educación y derecho= Education and law review. – 2011. – №. 4. – p. 5.
6.
Law Society of England and Wales. Legal Ethics and Professional Responsibility
7.
Index C.P. Transparency International, Corruption Perceptions Index // URL:
https://www.transparency.org/cpi2021
8.
Federation of Law Societies of Canada. Model Code of Professional Conduct.
9.
Васильев А.А., Куликов Е.А., Шпоппер Д. Высшее юридическое образование в
России: некоторые современные тенденции, проблемы и перспективы развития
//Российско-азиатский правовой журнал. – 2019. – №. 1. – С. 4-13.
10.
Amirov E. From the history of Tashkent State Law University // World Bulletin of
Management and Law (WBML). - Volume-14, September-2022. – P. 118-120.