124
MIRZO ULUG‘BEK ILMIY IJODINING JAHON TAMADDUNIDAGI O‘RNI
Qahhorov Muhammadali Xolbo‘ta o‘g‘li
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti San’atshunoslik:
teatrshunoslik ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi
+998930841700
https://doi.org/10.5281/zenodo.15056309
Annotatsiya
. Ushbu maqolada Mirzo Ulug‘bekning hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyatining
ayrim muhim taraflari yoritilgan. Uning ilmiy merosi, jahon madaniyati va olimlar ichida tutgan
o‘rnini ifodalash hamda “Ziji sultoniy” asari haqida keng yoritilgan. Maqolada Ulug‘bekning
hukmdorlik va olimlik jihatlari tafsilotlar orqali bayon qilingan. Uning jahon miqyosida tutgan
o‘rni va unga bo‘lgan e’tibor chuqur o‘rganilgan.
Kalit so‘zlar.
Mirzo Ulug‘bek, Samarqand, astronom, olim, hukmdor, rasadxona, madrasa,
“Ziji sultoniy”, 1018 ta yulduz, “Ulug‘bek Ziji”.
НАУЧНОЕ ТВОРЧЕСТВО МИРЗО УЛУГБЕКА МЕСТО В МИРОВОЙ
ЦИВИЛИЗАЦИИ
Аннотация.
В этой статье освещаются некоторые важные аспекты жизни и
общественно-политической деятельности Мирзы Улугбека. Широко освещается его
научное наследие, его место в мировой культуре и среди ученых, а также его работа
“Зиджи Султани”. В статье подробно описаны правящие и научные аспекты Улугбека.
Его роль в мировом масштабе и внимание к нему глубоко изучены.
Ключевые слова.
Мирзо Улугбек, Самарканд, астроном, ученый, правитель,
обсерватории, медресе, “Зиджи Султани”, 1018 звезд, “Улугбек Зиджи”.
MIRZO ULUGBEK'S SCIENTIFIC WORK A PLACE IN WORLD CIVILIZATION
Annotation.
This article highlights some important aspects of the life and socio-political
activities of Mirza Ulugh Beg. His scientific heritage, his place in world culture and among
scientists, as well as his work “Ziji Sultani” are widely covered. The article describes in detail
the ruling and scientific aspects of Ulugh Beg. His role on a global scale and the attention to him
are deeply studied.
Keywords.
Mirzo Ulugh Beg, Samarkand, astronomer, scientist, ruler, observatories,
madrasahs, “Ziji Sultani”, 1018 stars, “Ulugbek Ziji”.
Temur Ko‘ragonning nevarasi va Shohruxning o‘g‘li bo‘lgan Muhammad Tarag‘ay
(Ulug‘bek) 796-hijriy 19-jumodul-avval, milodiy esa 1394-yilning 22-mart kuni Sultoniya
shahrida tavallud topdi. U 1409-yili Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li sifatida otasi tarafidan
Samarqand hokimi etib tayinlandi. Ulug‘bek boshqaruvi davrida bu shahar yirik madaniyat
markaziga aylanadi. Ulug‘bek Shohrux vafotidan so‘ng (1447-yilning mart oyida) saltanat
taxtiga o‘tiradi, lekin 2 yilu 8 oy o‘tmasdanoq o‘z o‘g‘li Abdullatif ko‘rsatmasi bilan o‘ldiriladi.
Ulug‘bek haqidagi eng qisqa biografik ma’lumot shundan iborat. Lekin bu qisqa quruq satrlar
ortida taniqli davlat arbobi, tabiat fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mashhur astronom,
yulduzlar jadvali (“Ulug‘bek Ziji”) muallifi sifatida nomi dunyoga mashhur Samarqand
rasadxonasi quruvchisi bo‘lgan kishining katta va murakkab hayoti turibdi. Tabiiyki, so‘z
125
Ulug‘bek shaxsi haqida borar ekan, bizning fikrimiz avvalambor uning zamondoshlari, fandagi
safdoshlarining u haqida yozgan kitoblariga qaratiladi. “Ulug‘bekning hayoti va ilmiy faoliyati
xalqimiz ma’naviyatining poydevoriga qo‘yilgan tamal toshlaridan biri bo‘lib, yurtimizda
bundan necha zamonlar oldin fundamental fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat
berganini ko‘rsatadi”[2.46-b].
Darhaqiqat, Mirzo Ulug‘bek qisqa umr ko‘rganiga qaramay, birinchi Prezidentimiz
ta’kidlaganlaridek, uning umri biz uchun har tomonlama o‘rnak bo‘la oladi. Mirzo Ulug‘bek o‘z
davrining qomusiy olimi, astronomiya, geografiya, matematika, musiqa fanlari bilimdoni, shu
bilan birga davlat rivojiga katta hissa qo‘shgan hukmdor hamdir. Shu vaqtga qadar dunyo juda
ko‘plab hukmdorlarni ko‘rdi. Ularning ichida adolatlilari, mehr-muruvvatlilari, dono-faylasuf
hamda jangchilari bor edi. Ammo Mirzo Ulug‘bek mana shu barcha xislatlarni o‘zida mujassam
etgan va shu bilan birga bu hukmdorlarda bo‘lmagan “olim hukmdor” degan nomga sazovor
ulug‘ shaxsdir. Umrining yarmidan ziyodi murakkab va tahlikali “taxt” hamda “ilm” orasida
o‘tdi. Bobosi Amir Temur, otasi esa Shohrux Mirzo, onasi turkiy qabila zodagonlaridan
Gavharshodbegim bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek yoshligidan jang maydonlari hamda siyosat ichida
katta bo‘ldi. Unga Mirzo Muhammad Taragʻay ismi berildi. Ulugʻbek asli ism emas, balki “Buyuk
hukmdor (bek)” maʼnosini beruvchi taxallus edi. Ulug‘bekning ustozi shoir va olim Orif Ozariy
bo‘lgan. Hindiston yurishi davrida bobosi Amir Temurni Samarqanddan Qobulgacha kuzatib
borgan. Temur 1404-yilda Xitoyga qarshi yurishidan oldin Sayram, Avliyoota va sharqiy
hududlarni boshqarish huquqini nabirasi Mirzo Ulugʻbekka berdi. Temur vafotidan keyin
Shohrux mamlakat poytaxtini Hirotga koʻchirdi. 16 yoshli Ulugʻbek Samarqandning hokimi
boʻldi. 1411-yilda u butun Movaraunnahrning hokimi deb eʼlon qilindi. 1447-yilga kelib otasi
Shohruxning vafotidan xabar topgan Ulugʻbek Balxga joʻnadi. Bu yerda u oʻzining marhum akasi
Boysungʻurning oʻgʻli Alovuddavlaning Hirotda Temuriylar saltanati hukmronligini daʼvo
qilganini eshitdi. Ulugʻbek Alouddavlaga qarshi yurish qildi va Murgʻobdagi jangda u bilan
uchrashdi. Biroq Alouddavlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo akasiga yordamga keldi va ular
birgalikda Ulugʻbekni magʻlub etishdi. Ulugʻbek Balxga chekindi va u yerda uning hokimi,
toʻngʻich oʻgʻli Abdullatif Mirzo isyon koʻtarganini bildi. Abdullatif Amudaryo boʻyida otasining
qoʻshinini kutib olish uchun qoʻshin toʻpladi. Biroq Ulugʻbek shahardagi notinchlik xabarini
eshitib, hech qanday jang boʻlmasdan turib Samarqandga chekinishga majbur boʻladi. Abdullatif
tez orada Samarqandga yetib boradi va Ulugʻbek oʻgʻliga beixtiyor taslim boʻladi. Abdullatif
otasini hibsdan ozod qilib, Makkaga haj qilishiga ruxsat berdi. Biroq, manziliga yetib
bormasdan turib otasi va ukasi Abdulazizni ham 1449-yilda qatl qildirdi.
Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan Buxoro va
Samarqandda madrasalar qurildi. Marv shahrida xayriya muassasalari barpo etildi. Bibixonim
masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari nihoyasiga yetkazildi.
Shuningdek, Ulugʻbek karvonsaroy, tim, Chorsu, hammom kabi talay jamoat binolari ham barpo
ettirgan. Samarqanddagi XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri Ulug‘bek
rasadxonasidir. 1417-1420-yillarda Samarqanddagi Registon maydonida
madrasa
(“universitet”) qurdirdi va koʻplab islom astronomlari va matematiklarini oʻqishga taklif qildi.
Ulugʻbekning astronomiya boʻyicha eng mashhur shogirdi bu Ali Qushchi sanaladi. Qozizoda
Rumiy Ulugʻbek madrasasining eng koʻzga koʻringan muallimi boʻlgan va keyinchalik bu oʻringa
astronom Jamshid al-Koshiy kelgan. Ulugʻbekning ilm-fan olamida astronom sifatida amalga
oshirgan eng buyuk ishi “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” deb nomlangan astronomik jadvalidir. Ulugʻbek
126
tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan, sheʼrlar ham yozgan. Alisher Navoiyning “Majolis un-
nafois” asarida uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan.
U 1437-yilda 1018 ta yulduz toʻplamini “Ziji sultoniy” asarida tartib berganki, u hozirgi
paytda ham yulduzlar bilimi sohasida dunyoning eng buyuk asarlaridan biri sanaladi. Ulugʻbek
undan keyin bir yilni 365 kun, 5 soat, 49 daqiqa va 15 soniya deb belgilagan. Ulugʻbek ushbu
hisobida faqatgina 25 soniya xato qilgan ekan. Ulugʻbek davrida koʻpgina asarlar arab va fors
tilidan eski oʻzbek tiliga tarjima qilingan. U tashkil etgan boy kutubxonada 15000 dan ortiq
kitob boʻlgan. Mirzo Ulug‘bek haqida juda ko‘plab olimlar va tarixchilar o‘z asarlari orqali
ma’lumot berishadi. Ammo bunday guvohliklarni o‘z ichiga olgan manba va asarlar kam
sonlidir. Shu asarlardan eng dastlabkisi Shamsuddin Ali ibn Jamolulislomning “Temurning
Hindistonga qilgan yurishlari kundaligi” solnomasidir. Unda Hindiston yurishi davrida
Ulug‘bekning o‘z bobosi Temurni Samarqanddan Qobulgacha kuzatib borganligi qayd etiladi.
Shuningdek, ayni xabarlar Temur amri bilan yozilgan Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”
asarida ham keltirilgan. Saroy tarixnavisi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida esa
Ulug‘bek nomi bir necha marotaba tilga olinadi. Alisher Navoiy Ulug‘bek haqida “Majolis un-
nafois” asarida: “Ulug‘bek Mirzo – donishmand podshoh edi. Kamoloti bag‘oyat ko‘p erdi. Yetti
qiroat bila Qur’oni majid yodida erdi. Hay’at va riyoziyni xo‘b bilur erdi. Andoqkim, zij bitidi va
rasad bog‘ladi va halo aning ziji oroda shoe’dur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmg‘a mayl qilur”,
– deya ta’riflaydi[1.6-b]. “Ulug‘bek, – deb ta’riflaydi Davlatshoh Samarqandiy, – olimlikning
yuqori darajasiga ko‘tarildi… Ikki shoxli Iskandar Zulqarnayn davridan hozirgacha hokimyat
boshida Ulug‘bek singari podshoh-olim bo‘lmagan. U… rasadxonaga asos soldi… boshqa
olimlar, jumladan ilm ahli va fozillar shuhrati Qozizoda Rumiy va Mavlono G‘iyosiddin Jamshid
Koshiy bilan birgalikda Rasadxona qurilishini yakunladi hamda “Sulton Ziji”ni yozib tugatdi.
Ulug‘bek boshqarish va sud ishlarida tahsinga sazovor qoidalarga rioya qilar edi”[4.52-b].
Mirzo Ulug‘bekning zamondoshlari ta’kidlaganidek haqiqatdan ham Ulug‘bek haqiqiy olimlik
va shohlikni teng tarozi pallasidek ushlab tura olgan hukmdordir. Yana shuni ta’kidlash joizki,
Ulug‘bekning buyuk zamondoshlari adiblar Mavlono Sakkokiy va Mavlono Lutfiy, Mirzoning
shoirlik mahoratini yuqori baholaganlar. Ulug‘bek yuksak madaniyatli kishi bo‘lgan. U o‘z tili
turkiy (Chig‘atoy, eski o‘zbek) tildan tashqari, arab va fors tillarini yaxshi bilgan. Mirzoning
badiiy qiziqishlari haqida gapirar ekanmiz, akademik Bartoldning so‘zlarini eslab o‘tishimiz
joizdir: “Ulug‘bekda, o‘zining badiiy va ilmiy qiziqishlariga qaramasdan turkiylik hissi o‘ta
kuchli bo‘lib shuning uchun Amir Temur davri harbiy-siyosiy an’analarini ko‘z qorachig‘iday
asragan”[4.54-b]. Bu jumlalar orqali sezishimiz mumkinki, Mirzo Ulug‘bek bobosi Amir
Temurni juda hurmat qilgan hamda umri davomida bobosining o‘gitlari va siyosatini o‘ziga
dasturulamal qilib olgan. Shu bilan birga buyuk sohibqiron Amir Temur ham nabirasini haddan
ziyod yaxshi ko‘rgan hamda unda buyuk hukmdorlik xislatlarini yoshligidayoq sezgan. Shu
sababdan Amir Temur Damashqni zabt etib Samarqandga qaytgach, quyidagi so‘zlarni qilichiga
yozdirib, uni Ulug‘bekka hadya qiladi: “Ushbu qilich meniki edi, endi shu daqiqada uni sevimli
Ulug‘bek Bahodirga hadya qilaman. U mening saltanatimning kuch-quvvati bo‘ladi. Umidim – u
ham men kabi shu qilichdan foydalanadi. Men bu foniy dunyoda istaganimni o‘rinladim. U ham
shunga yetishsin”[4.54-b].
Ulug‘bek Mirzo bobosi kabi ulkan mamlakat hukmdori bo‘lmagan, uning mamlakati katta
yer maydonlari va uzoq o‘lkalarga yoyilmagan bo‘lsa-da, ammo uning ilmiy merosi, asarlari, u
amalga oshirgan ishlari butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Dunyo olimlari Mirzo Ulug‘bekning
127
qilgan ishlariga, uning izlanishlariga qoyil qolishdi va tan berishdi. G‘azal mulkining sultoni
Alisher Navoiy esa, Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlab o‘lmas misralar bitdi:
Temurxon naslidin Sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek…
Bilib bu nav ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi “Ziji Ko‘ragoniy”.
Qiyomatga dekinchi ahli ayyom,
Yozurlar oning ahkomiddin ahkom[3.27-b].
Xulosa qilib shuni aytish lozimki, necha asrlar davomida Ulug‘bekning nomi va asarlari
jahonga mashhur va manzur bo‘ldi. Juda ko‘plab olimlar Ulug‘bekning hayoti va ilmiy
izlanishlarini sinchkovlik bilan o‘rganishdi. Shulardan biri yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek,
akademik Vasiliy Bartolddir. Uning fors, turk, olmon va ingliz tillariga tarjima qilingan
“Ulug‘bek va uning davri” nomli fundamental hamda keng miqyosda mashhur asari nafaqat
vatanimiz, balki jahon adabiyotida birinchi o‘rinda turishi shak-shubhasizdir. 1908-1909-
yillarda Samarqandda Ulug‘bek rasadxonasining xarobalari ochilishi ilmiy va keng
jamoatchilikda uning hayoti hamda faoliyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib yubordi.
“Ulug‘bek va uning davri” asari aynan ana shu qiziqish hamda O‘rta Osiyo shu bilan birga
temuriylar tarixiga nisbatan azaliy va o‘zgarmas diqqat-e’tiborning uyg‘unligidan kelib chiqib
yaratilgan. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosini o‘rganish va uning xotirasini abadiylashtirish
maqsadida nafaqat davlatimiz, shu bilan birga jahon miqyosida katta ishlar amalga oshirilgan
va davom etmoqda.
YUNESKOning qarori bilan 1994-yil Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yillik to‘yi yili deb
atalishi, nomi jahon madaniyati tarixiga kirgan Ulug‘bekning xizmatlari xalqaro darajada e’tirof
etilishining yana bir yorqin dalili bo‘ldi. Xuddi shu yili Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom
Karimov farmoni bilan Oʻzbekistonda ham 1994-yil Mirzo Ulugʻbek yili deb eʼlon qilindi.
Mirzo Ulugʻbek nomi bilan bog‘liq holda san’atning ayni sohasida qator ijodiy ishlar
amalga oshirildi. Хususan, 1966-yilda “Ulug‘bek yulduzi” filmi suratga olindi, yozuvchi Maqsud
Shayxzoda 1964-yilda “Mirzo Ulug‘bek” pyesasini, Odil Yoqubov “Ulug‘bek xazinasi” (1970-
1973) romanini yozgan. Yozuvchi va shoir Xurshid Davron “Sohibqironning nabirasi” qissasi va
“Algul yulduzi yoki Ulug‘bekning so‘nggi kuni” pyesasini yozgan. 1970-yilda Odil
Yoqubovning romani asosida “Ulugʻbek xazinasi” nomli koʻp qismli videofilm suratga
olindi[5.78-b].
O‘zbekiston Milliy universitetiga, Fargʻona davlat pedagogika institutiga, Toshkent,
Samarqand, Buxoro va Oʻzbekistonning boshqa shaharlaridagi xiyobon va koʻchalarga,
Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga, Toshkent shahridagi tumanlardan biriga Mirzo
Ulug‘bek nomi berildi. Toshkent va Samarqand shahrida Mirzo Ulugʻbek sharafiga haykallar
oʻrnatilgan. 2023-yilda Tuluza shahrida joylashgan Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi
instituti hududida buyuk astronom olim, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek haykali
qad rostladi .Bugungi kunda esa, Yurtboshimizning 12-sentabr kuni “Buyuk qomusiy olim va
mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi
Qarori bilan, qomusiy olim sharafiga qurilgan yodgorlik majmualari mukammal ta’mirlanishi,
“Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari o‘zbek, rus va ingliz tillarida qayta nashr qilinishi va Samarqandda
xalqaro konferensiya o‘tkazilishi belgilab olindi. Qarorda yana, “Mirzo Ulug‘bek uzoq yillar o‘z
saltanatini adolat va insonparvarlik g‘oyalari asosida boshqarish va keng ko‘lamli bunyodkorlik
128
ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarini yuksaltirishga
alohida e’tibor qaratdi. Uning tashabbusi va homiyligi ostida ko‘plab madrasalar, maktablar,
kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko‘priklar hamda so‘lim bog‘lar barpo etildi. Natijada
o‘lkamiz har tomonlama taraqqiy etib, Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan diyoriga aylandi”,
– deb ta’kidlanadi.
10-11-oktabr kunlari Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim
va mashhur davlat arbobi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mirzo Ulug‘bek
nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan allomaning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini
o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilinishi belgilab olindi. Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy-
ma’rifiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkazilishi,
Sharqshunoslik institutida Mirzo Ulug‘bek davriga oid asarlar, qo‘lyozmalarning ko‘rgazmasi
tashkil etilishi hamda Ulug‘bek haqida yaratilgan “Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli
hujjatli film taqdimoti o‘tkazilishi, Mirzo Ulug‘bek hayotiga, uning ilmiy merosiga katta qiziqish
va kuchli e’tibordan dalolatdir. Darhaqiqat, Davlatshoh Samarqandiy ta’kidlaganidek:
“Ulug’bek… adolatli, qudratli va muruvvatli shoh – olim bo‘lgan edi. U olimlikning yuqori
darajasiga erishdi hamda narsalarning mohiyatini chuqur anglay oldi… Geometriyada u
Yevklid, astronomiyada Ptolemey kabi edi” [4.50-b]. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, biz uchun
Muhammad Tarag‘ay hamma davrda, har jabhada, buyuk olimlar orasida ulug‘ va buyuk bo‘lib
qolaveradi.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Ahmedov B. Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. T.: “O‘qituvchi” 1996. –
312 b.
2.
Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. T.: “Ma’naviyat”, 2010. – 176 b.
3.
Sadriddin Salim Buxoriy. Tabarruk ziyoratgohlar. T.: “Yozuvchi”, 1993. – 30 b.
4.
Temur va Ulug‘bek davri tarixi. Toshkent. Qomuslar bosh tahririyati.1996. – 264 b.
5.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”
Davlat ilmiy nashriyoti. 2005. – 116 b.
6.
Мухторова, М. (2022). ИСАМАТ ЭРГАШЕВ КИНОКОМЕДИЯЛАРИ. Science and
innovation in the education system, 1(5), 20-26.
7.
Мухторова, М. (2022). “ЧИНОР ТАГИДАГИ ДУЭЛ” ФИЛЬМИДА ХАРАКТЕР МАСАЛАСИ.
Oriental Journal of Social Sciences, 2(1), 84-90.
8.
Muxtorova, M. (2023). УЗБЕКСКОЙ КИНОКОМЕДИИ–80 ЛЕТ! Жанровий
тематический обзор узбекской кинокомедии. Modern Science and Research, 2(10), 190-
197.