132
OTMLARDA XXI ASR BO‘LAJAK PEDAGOGLARNING KASBIY IMIDJI HAMDA
MAHORATI
M.X.Baybayeva
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti,
“Pedagogika” kafedrasi professori, p.f.d.
Y.F.Egamberdiyeva
“Pedagogika” mutaxassisligi 1- bosqich magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15076524
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada XXI asr oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va
pedagogik mahoratini shakllantirish muammolari yoritilgan. Pedagoglarning zamonaviy jamiyat
talablariga mos holda rivojlanishi, ularning kasbiy kompetensiyalari va shaxsiy fazilatlari tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
kasbiy imidj, pedagogik mahorat, oliy ta’lim, zamonaviy ta’lim, kompetensiya.
АННОТАЦИЯ
В данной статье рассматриваются вопросы формирования профессионального имиджа и
педагогического мастерства будущих педагогов в высших учебных заведениях XXI века.
Анализируются профессиональные компетенции и личностные качества педагогов в
соответствии с требованиями современного общества.
Ключевые слова:
профессиональный имидж, педагогическое мастерство, высшее
образование, современное образование, компетенция.
ABSTRACT
This article explores the issues of developing the professional image and pedagogical skills of future
teachers in higher education institutions of the 21st century. It analyzes the professional competencies
and personal qualities of teachers in accordance with the demands of modern society.
Keywords:
professional image, pedagogical skills, higher education, modern education,
competence.
Kirish
Kelajakning tahdid va imkoniyatlariga tayyor yangi avlodni samarali tarbiyalash va rivojlantirish
uchun pedagog qanday bo‘lishi kerak? Mazkur maqolada ilg‘or mamlakatlar tajribasini tahlil qilib, XXI asr
pedagogi qiyofasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashmiz. Zamonaviy dunyoda ta’lim jarayoni
doimiy o‘zgarishlar va rivojlanish bilan ajralib turadi. XXI asrda ta’lim sohasi oldida turgan eng muhim
vazifalardan biri – bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va pedagogik mahoratini shakllantirishdir. Bu
jarayon nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki jamiyatning turli qatlamlari uchun ham dolzarb
masalalardan biri sanaladi. Zero, o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi shaxs, balki yosh avlodni tarbiyalovchi,
ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi murabbiy hamdir. Shu boisdan pedagogning kasbiy imidji va pedagogik
mahorati uning samarali faoliyat yuritishida asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Kasbiy imidj – bu pedagogning tashqi ko‘rinishi, nutqi, xulq-atvori, kasbiy malakasi va shaxsiy
fazilatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ijobiy obrazidir. XXI asr pedagogi nafaqat o‘z kasbining mohir ustasi, balki
innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirgan, kreativ fikrlay oladigan, jamiyat talablariga mos keladigan
shaxs bo‘lishi kerak. Shuningdek, pedagogik mahorat ham muhim omillardan biri bo‘lib, u o‘qituvchining
nazariy va amaliy bilimlari, didaktik qobiliyatlari, ta’lim jarayonini samarali boshqarish ko‘nikmalarini o‘z
ichiga oladi.
Hozirgi globallashuv davrida pedagoglarning kasbiy imidji va mahoratini shakllantirishda bir qator
yangi yondashuvlar va innovatsion usullar joriy etilmoqda. Jumladan, interaktiv o‘qitish metodlari,
raqamli ta’lim texnologiyalari, ijodiy yondashuv va psixologik tayyorgarlik pedagoglarning kasbiy
133
mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, zamonaviy pedagogdan talab qilinadigan muhim
jihatlardan biri – bu doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yangilab borishdir.
Asosiy qism
XXI asr pedagogi qanday bo‘lishi kerak? Bu savol bugungi kunda ta’lim tizimi oldida turgan eng
dolzarb masalalardan biri bo‘lib, unga javob topish uchun pedagogik jarayonga chuqur yondashish lozim.
Zamonaviy pedagog ta’lim jarayonining markaziy figuralaridan biri bo‘lib, uning kasbiy imidji va
pedagogik mahorati bevosita ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Shu boisdan oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak
o‘qituvchilarning kasbiy imidji va pedagogik mahoratini shakllantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratish
zarur.
Oliy ta’lim muassasalarida pedagogik kadrlarni tayyorlash jarayonida pedagogning kasbiy imidji va
mahoratini rivojlantirish uchun maxsus dasturlar, innovatsion metodlar va psixologik-pedagogik
tayyorgarlik tizimlari joriy etilmoqda. Bu esa o‘z navbatida pedagoglarning o‘quvchilarga ta’sir o‘tkazish
qobiliyatini oshirishga, ularning motivatsiyasi va ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, pedagogning shaxsiy va kasbiy fazilatlari ham uning imidjini shakllantirishda muhim
rol o‘ynaydi. Masalan, o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi, nutq madaniyati, pedagogik etiketga rioya qilishi,
psixologik barqarorligi va zamonaviy texnologiyalarni egallaganligi uning kasbiy imidjini belgilovchi
asosiy omillardan hisoblanadi. Shu boisdan, oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash
jarayonida ularga nafaqat fan bo‘yicha chuqur bilim berish, balki kasbiy imidjini shakllantirishga ham
katta e’tibor qaratish lozim.
Bugungi kunda pedagogik kadrlarning kasbiy imidji nafaqat o‘qitish jarayoniga, balki ta’lim
muassasasining nufuziga ham bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak
pedagoglarni tayyorlashda ularning shaxsiy va kasbiy fazilatlarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb
etadi. Pedagogik jarayonda samarali natijalarga erishish uchun o‘qituvchilar nafaqat o‘z fanini chuqur
bilishi, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ham puxta egallashi lozim.
So‘ngi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirish, zamonaviy, malakali, raqobatbardosh
pedagog kadrlarni tayyorlash, shuningdek, pedagogika sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini
ta’minlash keng isloh qilinmoqda. Uzluksiz ta’lim tizimini amalga oshirish jarayoni g‘oyat murakkab
jarayondir. Yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalashda ko‘p qirrali vazifani faqat yuksak malaka va pedagogik
mahoratga ega bo‘lgan pedagoglar bilangina amalga oshirish mumkinligini ta’kidlash lozim. Shunday
ekan, o‘qituvchilik bu san’atdir. Bu san’atga osongina erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy vatanparvar va
mehnatsevar, salohiyatli, bilimli, zamonaviy mahoratga ega, mustaqillik g‘oyasi va mafkurasi bilan puxta
qurollantirilgan kishilargina erisha oladilar. Pedagogik mahorat bo‘lish bu tug‘ma talant yoki nasldan-
naslga o‘tuvchi xususiyat emas, balki uning negizida izlanish va ijodiy mehnat, mashaqqat yotadi.
Ko‘plab mamlakatlarda maktab o‘quvchilarining ta’lim ko‘rsatkichlari pasayishi kuzatilgan bunday
beqaror davrda Yaponiya, Janubiy Koreya, Litva va Tayvan o‘z natijalarini saqlab qolishga yoki
yaxshilashga erishdi. Matematika bo‘yicha dunyo jadvalida Singapur yetakchilik qilmoqda, undan keyingi
o‘rinlarni Makao (Xitoy), Tayvan, Gonkong (Xitoy), Yaponiya va Janubiy Koreya egallagan.
Ular bunday muvaffaqiyatlarga qanday erishdi? Ulardagi ta’lim tizimining siri nimada? Bunday
natija pedagoglarning xizmatimi?
IHTT Ta’lim va ko‘nikmalar bo‘yicha departamenti rahbari, PISA dasturi kuratori Andris Shlyayxer
o‘zining “Jahon darajasidagi ta’lim. XXI asrda maktab tizimini qanday qurish kerak?” kitobi alohida bobini
yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega maktab tizimlari bir-biridan nimasi bilan farq qilishi, eng yaxshi
o‘qituvchilarni qanday topish va ushlab turish masalalariga bag‘ishlagan.
Lekin, shu o‘rinda savol tug‘iladi — eng yaxshi o‘qituvchi o‘zi kim? XXI asr pedagogi — bu nimani va
nima uchun o‘qitayotganini chuqur va keng anglaydigan; yuqori akademik natijalarga olib keluvchi ta’lim
muhitini yaratadigan; tadqiqotchilik ko‘nikmalariga ega, o‘z-o‘zini doimiy rivojlantiradigan va
134
o‘quvchilarga a’lo darajadagi namuna bo‘lib xizmat qiladigan mutaxassisdir. Ayniqsa, XXI asr pedagogi
hamkorlik, rejalashtirish va refleksiya ko‘nikmalariga ega bo‘lishini ta’kidlab o‘tish zarur.
Ta’lim tadqiqotchilari Tomas L.Gud va Elison Lavin davrimiz pedagoglariga xos ba’zi muhim
xususiyatlarni umumlashtirib, quyidagilarni ta’kidlaydi: samarali o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarining
o‘rganishga va o‘zlarining dars berishga qodir ekanligiga ishonadi; ular sinfda o‘tkazayotgan vaqtining
ko‘p qismini o‘qitishga sarflaydi; kichik qadamlarni bajarishga asoslangan o‘quv dasturining jadal
sur’atidan foydalanadi; o‘qitishning faol usullarini qo‘llaydi; o‘quvchilarni o‘rganilayotgan fanni to‘liq
o‘zlashtirguniga qadar o‘qitadi.
Jon Hetti “O‘qituvchilar uchun ko‘rinadigan ta’lim” kitobida zamonaviy o‘qituvchilar ega bo‘lishi
kerak bo‘lgan sakkizta mental yo‘nalishni ajratib ko‘rsatgan:
1. Muvaffaqiyatli chiqqan taqdirda, foydalanishda davom etish, muvaffaqiyatsiz bo‘lsa — boshqasini
qo‘llash. Ushbu yo‘nalish quyidagi savollarga javob topishga yordam beradi: “Bu usulning samarali
ekanligini qanday bilaman?”, “Bu usulni boshqasi bilan qanday taqqoslash mumkin?”, “O‘qitishga ta’sir
qiluvchi ushbu omilning afzalliklari va ahamiyati qanday?”, “Ta’siri qanchalik katta?”, “Qanday dalillarga
tayanib ishonch hosil qilishim mumkin?”
2. Pedagog “Barcha o‘quvchilar yetarlicha murakkab maqsadlarga erisha oladi”, “O‘quvchilar
o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish ta’limni yaxshilashga yordam beradi”, “Tanqidiy fikrlash qobiliyatini
rivojlantirish ta’limni takomillashtiradi” kabi ijobiy qarashlarga amal qilishi kerak.
3. O‘qituvchilar ta’limni moslashtirish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, o‘qitish va o‘rganishning turli
strategiyalari hamda usullarini biladi, o‘z faoliyatida kouchingdan foydalanadi.
4. Teskari aloqa ta’limga, shu jumladan, pedagoglar ta’limiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan
biridir.
5. O‘qituvchilar va rahbarlar o‘zaro muloqotdan foydalanadilar.
6. Ular qiyinchiliklarni yengib o‘tishdan qoniqish hosil qiladilar va “Qo‘limizdan kelganini qilamiz”
tamoyili bilan kifoyalanib qolmaydilar.
7. Ularda empatiya hissi ustunlik qiladi.
8. Ular ota-onalarga pedagogika tilini o‘zlashtirishga yordam beradilar.
Jahon tajribasi
Finlyandiya. Pasi Salberg “Fin saboqlari” kitobida yozishicha, maktab o‘qituvchisi kasbi keng
ommalashgan kasblardan bo‘lib, bu kasbni faqat eng yaxshi va maqsadga intiluvchan yoshlargina
egallashlari mumkin. Pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘rta maktabni bitirib,
imtihon topshirishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun iqtidorli, kreativ, shijoatli, ko‘tarinki ruh, a’lo
darajadagi muloqot qobiliyatiga ega va o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan bo‘lish lozim. O‘qituvchilarni
tayyorlash tadqiqotchilik yondashuviga asoslanadi. Bu esa Finlyandiyada o‘qituvchilarni tayyorlash
dasturlarida pedagogika nazariyasi, tadqiqot usullari va amaliyotning uyg‘unligi muhim rol o‘ynashini
anglatadi. Bu keyinchalik o‘qitish uslubiga, shuningdek, o‘quvchilarda tegishli ko‘nikmalarni
rivojlantirishga ham ta’sir ko‘rsatadi.
PISA 2022 tadqiqoti natijalariga ko‘ra, finlyandiyalik o‘quvchilar matematika, o‘qish va tabiiy fanlar
bo‘yicha IHTT o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ball to‘pladi. Bundan tashqari, Finlyandiyada IHTT
mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan ko‘proq o‘quvchilar kamida bitta fan bo‘yicha eng yuqori
natijani (5 yoki 6-darajani) qayd etgan. Shu bilan birga, IHTT mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichiga
nisbatan ko‘proq o‘quvchilar barcha uchta fan bo‘yicha til ko‘nikmalaridan minimal daraja (2-daraja yoki
undan yuqorisi)ni qayd etgan.
Singapur. Singapur ham PISA natijalarida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biriga ega. Andreas
Shlyayxer “Jahon darajasidagi ta’lim” asarida ta’kidlaganidek, o‘qituvchilar har doim Singapur
muvaffaqiyatining asosiy omili sifatida e’tirof etilgan. U yerda o‘qituvchilar malakasini oshirishga katta
e’tibor qaratiladi — ular o‘z kompetensiyalarini doimiy ravishda yangilab turishlari lozim. Buning uchun
135
ularga 100 soat ajratiladi. Hukumat nomzodlarni sinchkovlik bilan tanlaydi, ularga har oylik stipendiya
taklif qiladi. Bunda bo‘lajak o‘qituvchilar universitetni tugatgandan so‘ng kamida uch yil dars berishi
shart. O‘qituvchilar o‘rtasida muntazam ilg‘or tajriba almashishni ta’minlash maqsadida 2010-yilda
O‘qituvchilar akademiyasi tashkil etilgan. O‘z samaradorligiga ishongan o‘qituvchi hamkasblarining
darslarida qatnashadi, birgalikdagi kasbiy rivojlanish va o‘qitish jarayonlarida ishtirok etadi.
Shunday qilib, o‘qituvchilar o‘zaro hamkorlik qilish asnosida, bu ko‘nikmani o‘quvchilarga ham
singdiradi. Milliy ta’lim instituti xodimi Devid Xun o‘qituvchilar dunyoqarashini o‘zgartirish ta’limdagi
o‘zgarishlar yo‘lida hal qiluvchi qadam ekanini ta’kidlaydi.
Yaponiya. Yaponiya ham PISA tadqiqotlari natijalari bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri
hisoblanadi. Bu yerda pedagogning kasbiy mahorati nafaqat jamiyat oldidagi, balki o‘zi oldidagi burch va
majburiyat hissi bilan belgilanadi. Yaponiyadagi o‘qituvchilar har bir o‘quvchi uchun optimal sharoit
yaratishga intiladi. Ayni vaqtda, Yaponiyada pedagog unvonini olish juda qiyin.
Sensey — ustoz nafaqat murakkab imtihondan o‘tishi, balki qalam va mo‘yqalamni ham mohirona
ishlatishi, musiqiy ma’lumotga, sport razryadiga ega bo‘lishi kerak. Kasbiy ko‘nikmalardan tashqari,
sensey o‘quvchilarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalari, mustaqil ta’lim olish, o‘zaro yordam berish
va o‘z-o‘zini tahlil qilish qobiliyatini shakllantiradi.
Kanada. Kanadalik o‘quvchilar matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha IHTT o‘rtacha
ko‘rsatkichidan yuqori ball to‘pladi, shuningdek, IHTT mamlakatlari o‘rtasida eng yaxshi natijalar (5 yoki
6-daraja)ni qayd etdi. Ta’kidlash joizki, Kanada maktablarida muhojir oilalarning farzandlari ko‘pchilikni
tashkil qiladi va ularning natijalari mahalliy bolalarniki bilan bir xil. Bularning bariga ta’lim tizimi turli
madaniyat elementlarini o‘z ichiga olgani va o‘quvchilar dunyoga turli nuqtai nazardan qarashni
o‘rgangani sharofati bilan erishilgan. O‘qituvchilar xilma-xillikka ijobiy munosabatni rivojlantiradi va har
bir bolaning muvaffaqiyatga erishishiga ko‘maklashadi. O‘qituvchining o‘zi ham davlatdan xuddi shunday
yordam oladi. Ayniqsa, faoliyatining boshlanishida:
o‘qituvchini qo‘llab - quvvatlaydigan va uning shakllanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadigan dasturlar
ishlab chiqiladi;
boshqaruv va moliyalashtirish provinsiya (viloyat) darajasida amalga oshiriladi, bu esa dasturlar
orasida xilma-xillikni ta’minlaydi;
uslubiy ta’minot ishlab chiqiladi;
o‘qituvchining kompetentligi uning ham shaxsiy, ham kasbiy sifatlarini rivojlantirish orqali
oshiriladi.
Ushbu dasturda ishtirok etish barcha “yangi” pedagoglar uchun majburiy. Ular mazkur dasturdan
murabbiy nazorati ostida o‘tadi. Dastur yakunida ularga tegishli sertifikat beriladi.
XXI asr pedagogi portreti
Xalqaro tadqiqotlarda yetakchi o‘rinlarni egallagan xorijiy mamlakatlar tajribasi va ekspertlarning
fikrlarini tahlil qilib, XXI asr o‘qituvchisining portretini quyidagicha shakllantirish mumkin:
ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda ham, ishga qabul qilinishda ham sinchkovlik bilan
saralashdan o‘tkaziladi.
Shaxsiy fazilatlar
XXI asr ko‘nikmalariga ega;
kasbini ongli ravishda tanlagan;
doimiy rivojlanishda;
yetakchilik qobiliyatiga ega;
o‘z faoliyatini rejalashtira oladi;
keng dunyoqarashga ega;
o‘z-o‘zini tahlil qila oladi;
sog‘lom turmush tarzini olib boradi;
136
stressga chidamli;
empatiya tuyg‘usiga ega;
o‘quvchilarning ota-onalari bilan faol hamkorlik qiladi va ularga pedagogika tilini o‘zlashtirishda
yordam beradi.
Kasbiy ko‘nikmalar
nimani va nima uchun o‘rgatayotganini tushunadi;
nafaqat bilim olishga, balki ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘qitishning faol usullaridan
foydalanadi;
har bir o‘quvchining o‘z yo‘nalishi bo‘yicha rivojlanishiga yordam beradigan o‘quv muhitini
yaratadi;
hamkasblari bilan uchrashuvlar tashkil etadi;
tadqiqot faoliyatida faol ishtirok etadi;
bolalarda XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘quvchilarni o‘qitish va har tomonlama rivojlantirishda pedagog hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Faqat
zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoggina kelajakning tahdid va imkoniyatlariga tayyor yangi
avlodni samarali tarbiyalash va rivojlantirishga qodir.
Oliy ta’lim muassasalarida XXI asr bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji hamda pedagogik mahorati
zamonaviy ta’lim jarayonida muhim masalalardan biri hisoblanadi. Har qanday jamiyat taraqqiyoti
bevosita ta’lim tizimining sifati va pedagoglarning kasbiy salohiyatiga bog‘liq bo‘lib, ushbu jihatlar yosh
avlodni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. XXI asrda ta’limning modernizatsiyasi, innovatsion
texnologiyalarning keng joriy etilishi va o‘quv jarayonining takomillashtirilishi pedagoglarga
qo‘yilayotgan talablarni oshirmoqda. Shu sababli, bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va pedagogik
mahoratini shakllantirish muhim ilmiy-amaliy masala sifatida dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Kasbiy imidj tushunchasi pedagogning tashqi ko‘rinishi, nutq madaniyati, o‘zini tutishi, shaxsiy
fazilatlari va kasbiy kompetensiyalarining majmui sifatida qaraladi. Zamonaviy jamiyatda pedagogning
imidji uning kasbiy faoliyatining muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiladi. O‘quvchilar va ularning ota-onalari
pedagogga bo‘lgan ishonchini shakllantirishda imidj muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek,
pedagogning imidji uning mehnat jamoasidagi obro‘si va ta’lim tizimidagi mavqeini belgilaydi. Shuning
uchun, oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash jarayonida ularning kasbiy imidjini
shakllantirishga katta e’tibor qaratilishi lozim.
Bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidjini shakllantirishda bir necha muhim omillar mavjud.
Birinchidan, pedagogning tashqi qiyofasi va xulq-atvori ta’lim jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Tashqi
ko‘rinish pedagogning jiddiyligini, intizomini va mas’uliyatini aks ettirishi kerak. Ikkinchidan,
pedagogning nutq madaniyati va muloqot qobiliyati uning ta’lim jarayonidagi samaradorligini belgilovchi
asosiy omillardan biri hisoblanadi. Aniq, ravon va ta’sirchan nutq o‘quvchilarga bilimlarni samarali
yetkazishga xizmat qiladi. Uchinchidan, kasbiy kompetensiyalar, ya’ni pedagogik mahorat, metodik
bilimlar, fan bo‘yicha chuqur bilim va zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalari
pedagogning kasbiy imidjining ajralmas qismi hisoblanadi.
Pedagogik mahorat tushunchasi esa pedagogning kasbiy faoliyatida eng muhim jihatlardan biri
bo‘lib, u o‘qituvchining o‘quvchilar bilan ishlash uslubi, dars o‘tish samaradorligi, innovatsion
yondashuvlari, ta’lim jarayonini tashkil etish qobiliyati va o‘quvchilarning qiziqishlarini uyg‘ota olish
mahorati bilan bog‘liq. Pedagogik mahorat pedagogning shaxsiy xususiyatlari, kasbiy tajribasi, psixologik-
pedagogik bilimlari va dars o‘tish jarayonidagi ijodkorlik qobiliyatiga bog‘liq holda shakllanadi.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi pedagoglarning
o‘z ustida tinimsiz ishlashini talab etmoqda. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirish va
ulardan samarali foydalanish pedagogik mahoratning ajralmas qismiga aylangan. Oliy ta’lim
muassasalarida bo‘lajak pedagoglarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan
137
foydalanish, interfaol dars o‘tish metodlarini o‘zlashtirish, shaxsiy rivojlanish va kasbiy
kompetensiyalarni doimiy ravishda oshirish bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalar berilishi lozim.
Shuningdek, pedagogik mahoratning muhim jihatlaridan biri bu – didaktik mahoratdir. Didaktik
mahorat pedagogning o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, darsning mazmuni va metodikasini to‘g‘ri
tanlash, o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olish va ularga mos uslublarni qo‘llash
qobiliyatidan iborat. Didaktik mahoratni shakllantirish uchun bo‘lajak pedagoglar ta’lim jarayonida
amaliy tajribaga ega bo‘lishlari, metodik tajriba orttirishlari va zamonaviy pedagogik yondashuvlarni
o‘zlashtirishlari lozim.
Bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va pedagogik mahoratini rivojlantirish uchun oliy ta’lim
muassasalarida turli metodik va amaliy mashg‘ulotlar, seminar-treninglar, psixologik treninglar,
pedagogik mahorat darslari tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, pedagogik amaliyot
jarayoni ham bo‘lajak pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Pedagogik amaliyot davomida bo‘lajak o‘qituvchilar nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishlari,
pedagogik faoliyatning muhim jihatlarini o‘rganishlari va o‘zlarini haqiqiy pedagog sifatida sinovdan
o‘tkazishlari mumkin.
Bo‘lajak pedagogning kasbiy imidji va mahoratini shakllantirishda quyidagi omillar muhim rol
o‘ynaydi:
1.
Nazariy va amaliy tayyorgarlik: Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika va psixologiya fanlarini
o‘qitish sifati yuqori bo‘lishi, amaliy mashg‘ulotlar va pedagogik amaliyotga alohida e’tibor qaratilishi
lozim.
2.
Innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish: XXI asr o‘qituvchisi zamonaviy texnologiyalar
bilan ishlay olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Raqamli ta’lim platformalaridan foydalanish, masofaviy
ta’lim metodlarini qo‘llash pedagogning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
3.
Shaxsiy fazilatlar va liderlik qobiliyatlari: O‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki lider ham bo‘lishi
lozim. U o‘quvchilarni o‘z fikrlarini erkin ifoda etishga, kreativ bo‘lishga va mustaqil fikrlashga o‘rgatishi
kerak.
4.
Muloqot va pedagogik etika: Pedagogning o‘quvchilar, hamkasblar va ota-onalar bilan samarali
muloqot qila olishi uning kasbiy imidjiga ijobiy ta’sir qiladi. Pedagogik etiket qoidalariga rioya qilish,
empatiya va bag‘rikenglik muhim fazilatlar hisoblanadi.
5.
Davomiy o‘z-o‘zini rivojlantirish: XXI asr o‘qituvchisi doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, malakasini
oshirishi va yangi bilimlarni o‘zlashtirishi zarur. Bu jarayonda doimiy o‘qish, ilmiy tadqiqotlar bilan
shug‘ullanish, tajribali pedagoglar bilan fikr almashish katta ahamiyatga ega.
Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va pedagogik mahoratini rivojlantirish
uchun quyidagi yo‘llar taklif etiladi:
1.
Ta’lim tizimiga amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvni joriy etish: Talabalar nazariy bilim bilan
cheklanmasligi, balki maktablarda va boshqa ta’lim muassasalarida pedagogik amaliyot o‘tashlari zarur.
2.
Mentorlik tizimini rivojlantirish: Tajribali pedagoglar yosh o‘qituvchilar bilan tajriba almashishlari,
ularga amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatishlari kerak.
3.
Treninglar va seminarlar tashkil etish: Pedagogik mahoratni oshirish uchun zamonaviy metodlar,
kommunikatsiya texnikalari va psixologik tayyorgarlikka bag‘ishlangan seminar va treninglar o‘tkazish
lozim.
4.
Raqamli va interaktiv ta’lim vositalaridan foydalanish: Zamonaviy o‘qituvchi elektron darsliklar,
virtual laboratoriyalar va boshqa texnologik vositalardan samarali foydalanishni o‘rganishi zarur.
5.
Shaxsiy rivojlanishga e’tibor qaratish: O‘qituvchilar o‘z kasbiy imidjini mustahkamlash uchun
jamoatchilik faoliyatida ishtirok etishlari, ilmiy izlanishlar olib borishlari va nufuzli ta’lim muassasalari
bilan hamkorlik qilishlari kerak.
Xulosa
138
XXI asrda pedagogik faoliyat tobora murakkablashib bormoqda va o‘qituvchilardan yangi
ko‘nikmalarni talab qilmoqda. Bo‘lajak pedagoglarning kasbiy imidji va pedagogik mahoratini
rivojlantirish zamonaviy ta’lim tizimining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Oliy ta’lim muassasalari
ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi, ta’lim dasturlarini takomillashtirishi va talabalar uchun
innovatsion pedagogik muhit yaratishi lozim.
Kasbiy imidj va pedagogik mahorat faqat nazariy bilimlar bilan shakllanmaydi, balki o‘qituvchining
shaxsiy fazilatlari, muloqot qobiliyatlari, ijodiy yondashuvi va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llay olish
qobiliyatiga ham bog‘liq. Shu sababli, bo‘lajak pedagoglarning tayyorgarligi nafaqat ularning kasbiy
rivojlanishiga, balki umuman ta’lim tizimining taraqqiyotiga ham bevosita ta’sir qiladi.
Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash jarayonida kasbiy imidjni shakllantirish
va pedagogik mahoratni rivojlantirish strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishda izchil chora-
tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Zamonaviy o‘qituvchi – bu nafaqat bilim beruvchi, balki jamiyatning
intellektual taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi ijodkor shaxs bo‘lishi kerak.
Shunday ekan, XXI asrda bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash jarayonida ularning kasbiy imidji va
pedagogik mahoratini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish, innovatsion ta’lim texnologiyalaridan
foydalanish va uzluksiz o‘z-o‘zini rivojlantirish tamoyillariga amal qilish zarur. Faqat shundagina
zamonaviy jamiyat talablariga mos keladigan yuqori malakali pedagoglarni yetishtirish mumkin bo‘ladi.
.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
To‘ldoshev O‘.J. Umumiy pedagogika. – T.: Fan va texnologiya, 2017. – 376 b.
2.
Xodjayev B.X. Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti: Darslik. – T.: Sano-standart,
2017. – 416 b.
3.
Xoliqov A.A. Pedagogik mahorat: Darslik. – T.: Iqtisod-moliya, 2011. – 420 b.
4.
Niyozov G., Axmedova M.E. Pedagogika tarixidan seminar mashg‘ulotlari: O‘quv qo‘llanma.
– T.: Noshir, 2011. – 140 b.
5.
Rufina Gridneva “XXI asr pedagogi qanday bo‘lishi kerak?” maqola