161
NUTQ AKTLAR NAZARIYASI: TILNING PRAGMATIK FUNKSIYASI VA
KOMMUNIKATIV HARAKATLAR MEXANIZMI
Axmadjonov Nurbek Zokirjon o‘g‘li
Farg‘ona davlat universiteti, nemis va fransuz tillari kafedrasi v.b. dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Yaminjonova Sabinabonu Yaminjon qizi
Farg‘ona davlat universiteti,
Filologiya va tillarni o‘qitish: Ingliz tili 3-kurs talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15342849
Annotatsiya:
Nutqiy aktlar nazariyasini anglash til vositalarining ijtimoiy hayotdagi roli va
ta’sir doirasini chuqurroq tushunishga xizmat qiladi. So‘zlar nafaqat tovushlar majmuasi yoki
yozuv belgilarining ketma-ketligi, balki ular inson tafakkuri, ijtimoiy ong va kommunikativ
maqsadlarni amalga oshirish vositasidir. Har bir nutqiy akt orqali shaxs mavjud munosabatlarni
mustahkamlashi, o‘zgartirishi yoki yangidan vujudga keltirishi mumkin. Shu bois, nutqiy aktlar
tilning faqatgina axborot uzatuvchi emas, balki ijtimoiy harakatni amalga oshiruvchi mexanizm
sifatidagi funksiyasini ochib beradi. Bu esa insonni til orqali o‘z irodasini ifoda etish, boshqalarga
ta’sir o‘tkazish va ijtimoiy muhitga faol tarzda aralashish imkoniyati bilan ta’minlaydi.
Kalit so‘zlar:
Nutq akt, direktiv, komissiv, deklarativ, assertivlar, ekspressiv, illokutsion akt,
perlokutsion akt, lokutsion akt.
KIRISH
Til insonning ijtimoiy ongini ifodalovchi va muloqot muhitini shakllantiruvchi asosiy
vositadir. So‘zlar yordamida nafaqat axborot almashiladi, balki amaliy harakatlar amalga
oshiriladi, ijtimoiy pozitsiyalar ifodalanadi va o‘zgaradi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, nutqiy
akt nazariyasi tilning kommunikativ, ijtimoiy va psixologik jihatlarini chuqur tahlil qilish
imkonini beradi. Tadqiqotning asosiy maqsadi — nutq aktlari nazariyasining amaliy jihatlarini
hozirgi interaktiv va raqamli muloqot kontekstida aniqlab, uning pragmatik imkoniyatlarini
ochib berishdan iborat. Tadqiqotning ilmiy ahamiyati shundaki, u tilni faqat tahlil obyekt emas,
balki ijtimoiy faoliyat vositasi sifatida o‘rganishga zamin yaratadi.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Nutq akti nazariyasi — bu gaplar orqali inson qanday amaliy harakatlarni amalga
oshirishini o‘rganuvchi konsepsiyadir. Bu nazariya tilshunoslik, falsafa va muloqotshunoslik
sohalarini o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim nazariy asosdir. Dastlab John L. Ostin tomonidan ilgari
surilgan bu g‘oya keyinchalik John Searle tomonidan takomillashtirildi va izchil rivojlanib bordi.
Keyingi yillarda til va madaniyat o‘zaro kesishgan ilmiy yondashuvlar natijasida bu nazariya
yangi semantik va pragmatik tahlillar bilan boyidi. Kundalik nutqda gaplar faqatgina ma'lumot
berish uchun emas, balki turli xil maqsadlarda ishlatiladi. Shu nuqtai nazardan, J.L. Ostin o'zining
"How to Do Things with Words" asarida nutqiy aktlari nazariyasini taqdim etdi
1
. Ostin nutq
aktini faqatgina gapning ma'nosi emas, balki uning nutq vaziyatidagi maqsadi va ta'siri bilan
birgalikda o'rganish kerakligini ta'kidladi. U gaplarni: 1. Illokutsion akt (gapiruvchining
maqsadini bildiruvchi bosqich. Bu bosqichda faqatgina aytilayotgan gapning ma’nosi emas, balki
uning ortida yotgan kommunikativ niyat ham inobatga olinadi);2. Lokutsion akt (to‘g‘ridan-
to‘g‘ri nutq birligini yaratish jarayoni. Lokutsion akt asosan ifodaning ma’nosi va referensiyasi
bilan bog‘liq bo‘lib, gapning kognitiv mazmunini bildiradi); 3. Perlokutsion akt (aytilgan gapning
1
Austin, J.L. How to Do Things with Words. Cambridge, MA: Harvard University Press, 1962, b. 101.
162
tinglovchiga ko‘rsatgan real ta’siri, ya’ni u orqali qanday o‘zgarish ro‘y berishini anglatadi. Gap
orqali tinglovchining fikri, hissiyoti yoki harakatiga ta’sir etiladi. Masalan, biror gapdan so‘ng
kimningdir ishga kirishishi yoki fikrini o‘zgartirishi perlokutsion natijadir) kabi uchta o'lchamda
tahlil qildi.Ostinning g'oyalari til falsafasida katta ta'sir ko'rsatdi.
Zamonaviy lingvistikada nutq aktlari nazariyasi tilning ijtimoiy-kommunikativ
funksiyalarini tahlil qilishda muhim metodologik asoslardan biri hisoblanadi. Uning fikricha, har
qanday gap faqat semantik ma’no bilan emas, balki uni aytishdagi niyat (illokutsion komponent)
va bu gapning tinglovchiga ko‘rsatgan real ta’siri (perlokutsion komponent) bilan ham to‘liq
tushunilishi lozim. Ostin nutq aktini uch bosqichda tahlil qilishni taklif etadi. Mazkur nazariyani
zamonaviy kommunikatsion muhitda, xususan, raqamli muloqot kontekstida tahlil qilsak, uning
dolzarbligi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi “Sen bu vazifani
bugun tugatishing kerak” tarzidagi yozishma yuzaki ko‘rinishda deklarativ gap bo‘lishiga
qaramay, illokutsion jihatdan bu gap buyruq xususiyatini kasb etadi. Agar ushbu gap natijasida
foydalanuvchi o‘z harakatini o‘zgartirib, vazifani bajarishga kirishsa, bu holat perlokutsion natija
bo‘ladi. Yoki korporativ muhitdagi onlayn yig‘ilishlarda rahbar tomonidan aytilgan “Bu loyihani
kim zimmasiga oladi?” degan jumla lokutsion akt sifatida so‘roq shaklida ifodalansa-da, uning
illokutsion xususiyati vazifa yuklash niyatini bildiradi. Natijada, ishtirokchilardan biri
javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi – bu esa perlokutsion ta’sirning yaqqol ko‘rinishidir. J.L.
Ostinning nutq aktlari nazariyasi tilni ijtimoiy faoliyat sifatida tahlil qilishga asos solgan muhim
ilmiy yondashuvdir. U tilni faqat struktural ma’noda emas, balki kommunikativ jarayonning faol
elementi sifatida ko‘rib chiqdi. Ostinning bu nazariyasi pragmatika fanining shakllanishiga zamin
yaratdi va tilni faol ijtimoiy vosita sifatida o‘rganishga imkon berdi.
Xususan, bugungi interaktiv va ko‘pkanalli muloqot vositalarining rivojlanishi fonida nutq
aktlari nazariyasining amaliy ahamiyati yanada ortmoqda. Shu jihatdan qaralganda, Ostinning
ishlari til falsafasi va amaliy lingvistikada chuqur iz qoldirgan fundamental tadqiqotlar sirasiga
kiradi.
Ostin g‘oyalarini yanada rivojlantirgan John Searle (1969) esa “Nutq aktlari” asarida
nutqning amaliy xususiyatlarini ijtimoiy va madaniy kontekstda qanday ishlashini chuqurroq
tahlil qilgan
2
. U tilning qanday ijtimoiy qoidalarga asoslanib ishlashini aniqlashga uringan va
nutq aktlarining har xil turlarini (assertivlar, direktivlar, komissivlar, ekspressivlar va
deklarativlar) tasnifladi. Bu nazariyaga ko‘ra, insonlar “va’da beraman”, “ishdan bo‘shatildingiz”
yoki “kechirasiz” kabi iboralarni ishlatganda, ular shunchaki axborot bermaydi, balki amaliy
harakatni amalga oshiradi. Searle modeli hozirgi tilshunoslikdagi nazariy va amaliy
tadqiqotlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. J.L. Ostin va keyinchalik John Searle tomonidan
rivojlantirilgan ushbu yondashuv, tilni ijtimoiy institut sifatida tushunishga olib keldi. Bu
nazariyaning amaliy ahamiyatini bugungi axborot maydonida, ayniqsa huquq, siyosat va
kommunikatsiya sohalarida ko‘rish mumkin. Masalan, diplomatik sohada “Biz sizni tan olamiz”
degan bayonot nafaqat siyosiy pozitsiyani bildiradi, balki xalqaro huquqiy maqomga ega bo‘lgan
real natijani yuzaga keltiradi. Yoki sud jarayonida ayblovchi sudyadan “Aybdor deb topildingiz”
degan ibora faqat til birligi emas — u real ijtimoiy-huquqiy oqibatga ega. Shu kabi, universitet
diplomini topshirishda aytiladigan “Endilikda siz bakalavr darajasiga egasiz” degan ibora ham
2
Searle, J.R. Speech Acts: An Essay in the Philosophy of Language. Cambridge: Cambridge University Press, 1969, b. 16–
19.
163
ijtimoiy maqomning o‘zgarishini bildiradi. Bu kabi nutq aktlari, til vositasida ijtimoiy reallikni
yaratish va uni boshqarish imkonini beradi.
Vittgenshteynning keyingi ishlari ham nutqiy aktlari nazariyasiga mos keladi. U tilni "til
o'yinlari" sifatida tushuntirdi, bu esa tilning turli xil kontekstlarda turli xil vazifalarni bajarishini
anglatadi
3
. Bu nazariya tilni tahlil qilishda yangi yo'nalishlarni ochdi va tilning inson hayotidagi
muhim rolini ko'rsatdi. Ludwig Wittgensteinning keyingi falsafiy qarashlari, xususan,
Philosophical Investigations (1953) asarida taqdim etilgan “til o‘yinlari” (language games)
tushunchasi, J.L. Ostin tomonidan ilgari surilgan nutqiy aktlar nazariyasi bilan konseptual
jihatdan yaqinlik kasb etadi. Ikkala yondashuv ham tilni mustaqil, formal tizim sifatida emas,
balki ijtimoiy kontekstda amalga oshiriladigan faoliyat shaklida tahlil qiladi. Wittgensteinning “til
o‘yinlari” tushunchasi tilning turli hayotiy kontekstlarda o‘ziga xos maqsadlar va qoidalar
asosida ishlatilishini anglatadi. Bu qarashga ko‘ra, tilning ma’nosi uning qo‘llanilish shakllaridan
kelib chiqadi: “Ma’no – bu ishlatilishdir” (Meaning is use). Masalan, “Iltimos, eshikni yoping”
jumlasi o‘z semantik shakli bilan birga, aniq kontekstda buyruq, iltimos yoki ogohlantirish
bo‘lishi mumkin. Bu esa tilning kontekstga muvofiq va ijtimoiy rollarga asoslangan tarzda
ishlashini ko‘rsatadi.
Wittgenstein tilni shaxmat o‘yiniga qiyoslab, har bir nutq akti tildagi o‘ziga xos “harakat”
ekanligini ta’kidlaydi. Harakatlarning ma’nosi esa o‘yin (ya’ni kommunikatsiya) ichidagi roli va
funktsiyasiga bog‘liq. Shu jihatdan, Wittgenstein tilni tushunishni, uni qanday “o‘ynash”ni bilish
bilan tenglashtiradi. J.L. Ostinning nutq aktlari nazariyasida til faqatgina obyektiv axborotni
ifodalovchi vosita emas, balki bajarilayotgan harakat (speech as action) sifatida ko‘riladi. Ostin
nutq aktlarini uch komponent asosida tahlil qiladi. Wittgensteinning “til o‘yinlari” tushunchasi
aynan shu uch bosqichli tahlilni ijtimoiy va kontekstual qoidalar bilan to‘ldiradi. Til o‘yinida har
bir akt muayyan konvensiyalar va interaktiv kelishuvlar asosida bajariladi. Shunday qilib, nutq
aktlarining yasalishi, qabul qilinishi va anglanishi bu o‘yin ichidagi qoidalarga bog‘liq bo‘ladi.
Misol uchun, tibbiyot muassasasida shifokorning “Qon bosimingizni o‘lchaymiz” degan iborasi
diagnostik jarayonning boshlanishi sifatida qabul qilinadi. Bu jumla lokutsion jihatdan oddiy
bayon bo‘lsa-da, illokutsion jihatdan tibbiy protsedurani boshlashga signal beradi, perlokutsion
jihatdan esa bemorda tayyorgarlik, ehtimoliy xavotir yoki ishonch hissini uyg‘otadi. Bu jarayon
esa faqatgina til emas, balki institutning ijtimoiy “til o‘yini” doirasida tushuniladi.
Wittgenstein va Ostin qarashlari o‘rtasidagi aloqa – bu tilning faqat sintaktik yoki semantik
tizim sifatida emas, balki faoliyat, harakat va ijtimoiy tajriba sifatida o‘rganilishidadir.
Wittgenstein tilning ishlatilishiga e’tibor qaratgan holda, har bir nutq birligi muayyan o‘yin –
ya’ni ijtimoiy va kommunikativ kontekst – doirasida ma’no kasb etishini ta’kidlaydi. Ostin esa bu
faoliyatni nutqiy aktlar orqali tushuntirib, har bir gap faqat aytilmaydi, balki bajariladi degan
g‘oyani ilgari suradi. Shu sababli, Wittgensteinning “til o‘yinlari” tushunchasi nutqiy aktlar
nazariyasiga nazariy asos va kontekstual chuqurlik bag‘ishlaydi. U tilning faol ijtimoiy mexanizm
sifatidagi mohiyatini ochib beradi, bu esa tilshunoslik, sotsiolingvistika, psixolingvistika va hatto
sun’iy intellektda tilni modellash bo‘yicha tadqiqotlarda muhim ahamiyatga ega.
Bertrand Rassellning ta’riflar nazariyasi XX asr mantiqiy analiz va til falsafasining
shakllanishida muhim burilish yasagan nazariyalardan biridir
4
. Bu nazariya, eng avvalo, tilning
3
Wittgenstein, L. Philosophical Investigations. Oxford: Blackwell Publishing, 1953, bo‘lim 2–5.
4
Russell, B. “On Denoting” // Mind, Vol. 14, No. 56, 1905, b. 480–482.
164
grammatik shakli bilan uning mantiqiy tuzilmasi o‘rtasidagi farqni aniqlashga qaratilgan.
Rassellga ko‘ra, ayrim gaplar yuzaki grammatik ko‘rinishida ma’lum bir narsaga ishora
qilayotgandek tuyuladi, biroq chuqur tahlilda bu gaplar real mavjudlikni talab qilmaydi. Bunday
aniqlik bizga shuni ko‘rsatadiki, gap noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin u baribir ma’nisiz emas. Bu
esa, mavjudlikni nazarda tutmaydigan iboralarning mantiqiy qiymatini tahlil qilish imkonini
beradi.
Bertrand Rassell XX asr boshidagi analitik falsafa rivojiga asos solgan eng muhim
shaxslardan biridir. Uning ta’riflar nazariyasi (Theory of Descriptions), ayniqsa “On Denoting”
(1905) maqolasida bayon etilgan, tilning sintaktik va semantik tuzilishini aniq va formal uslubda
tahlil qilish imkonini bergan. Bu nazariya ayniqsa “yo‘q obyektlar” bilan bog‘liq iboralarni
mantiqiy tahlil qilishda asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Masalan, “Shahanshohning
maslahatchisi uzoq safarda” degan gapni tahlil qilishda, Rassell ushbu ibora faqat real mavjud
bo‘lgan obyektga ishora qilgandagina mazmunga ega bo‘lishini ko‘rsatadi. Rassellning ishlari,
shubhasiz, tilni rasmiy-mantiqiy tuzilma sifatida tahlil qilishda katta yutuqlarga erishgan. Biroq
uning modeli, ayniqsa, referensial ifodalar mavjud bo‘lmagan holatlarda, tilning faoliyatiy,
pragmatik jihatlarini yetarlicha yoritmaydi. Tilshunoslikning zamonaviy rivojida tilga faqat
mantikiy tizim emas, balki ijtimoiy faoliyat sifatida qarash kuchaymoqda. Nutqiy aktlar
nazariyasi bu bo‘shliqni to‘ldiradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqdagi “Endi biz jim turmaymiz” kabi
bayonot, formal analizda oddiy deklaratsiya sifatida baholanishi mumkin. Biroq nutqiy aktlar
nazariyasiga ko‘ra bu bayonot ijtimoiy harakatga chorlovchi illokutsion xususiyatga ega va
ommani uyg‘otishga qaratilgan perlokutsion ta’sirga egadir. Rassell modeli bu funksional
ko‘lamni tushuntirishda ojizlik qiladi.
Rassellning ta’riflar nazariyasi til mantiqiy strukturasi, ayniqsa, referensial iboralarni tahlil
qilishda katta ilmiy ahamiyatga ega. Biroq nutqiy aktlar nazariyasi bilan birga qaralgandagina
tilning to‘liq ijtimoiy va kommunikativ funksiyasi ochiladi. Til nafaqat haqiqatni ifodalaydi, balki
harakatga undaydi, hissiyot uyg‘otadi va ijtimoiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Rassellning ishlari
bu jihatni to‘liq qamrab ololmaydi, ammo u til falsafasida muhim poydevor bo‘lib, nutqiy aktlar
nazariyasining shakllanishiga bevosita zamin yaratdi.
METODOLOGIYA
Tadqiqotda qo‘llanilgan metodologik asoslar turli fanlar kesishmasida shakllangan. Birinchi
navbatda, analitik-falsafiy yondashuv asosida J.L. Austin va J. Searle tomonidan ishlab chiqilgan
nutq aktlari tasnifi tahlil qilindi. Bu uslub, tilning semantik va pragmatik o‘lchamlarini ajratishga
yordam berdi. Ikkinchidan, kontekstual tahlil metodi orqali nutq birligining ijtimoiy va
kommunikativ sharoitlarda qanday funktsiya bajarishi o‘rganildi. Bu metod yordamida real
muloqot namunalarida illokutsion va perlokutsion xususiyatlar aniqlanib, ularning ijtimoiy
ta’siri baholandi. Uchinchi yondashuv sifatida interdisiplinar metodika tanlandi: tilshunoslik,
falsafa, psixologiya va kommunikatsiya sohalaridagi g‘oyalar birlashtirilib, nazariy va amaliy
jihatlar uyg‘unlashtirildi. Shuningdek, qiyosiy tahlil orqali Austin va Wittgenstein, shuningdek
Rassell qarashlari solishtirilib, ularning nutq aktlari nazariyasiga tutgan o‘rni ochib berildi.
Metodologiyada zamonaviy raqamli muloqot — xususan ijtimoiy tarmoqlardagi lingvistik
hodisalar — ham tadqiqot obyekti sifatida qaraladi.
MUHOKAMA
Nutq aktlari nazariyasi hozirgi muloqot muhitida yanada dolzarb tus olgan. Ayniqsa,
ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rilgan illokutsion niyat va perlokutsion natijalarning kuchayishi bu
165
nazariyaning amaliy ahamiyatini oshiradi. Masalan, onlayn platformadagi "Biz jim turmaymiz"
kabi bayonotlar deklarativ shaklda bo‘lsa-da, ularning real ijtimoiy ta’siri bor — bu perlokutsion
ta’sirdir. Austin tomonidan ilgari surilgan uch bosqichli akt tahlili zamonaviy kommunikatsion
holatlarda ham ishlaydi: gap – bu faqat axborot emas, balki ijtimoiy harakatdir. Wittgensteinning
“til o‘yinlari” konsepsiyasi esa tilning ijtimoiy normalarga bog‘liq holda ishlashini ko‘rsatadi. Til
qoidalari — bu muloqot kontekstidagi kelishuvlar tizimi bo‘lib, ular orqali gaplarning ma’nosi
shakllanadi. Rassellning ta’riflar nazariyasi esa, aksincha, tilni mantiqiy strukturasi asosida tahlil
qilgan bo‘lsa-da, u tilning pragmatik va harakatga oid (performativ) funksiyalarini yoritishda
ojizlik qiladi. Bu jihatlar Rassell nazariyasini nutq aktlari nazariyasi bilan birgalikda o‘rganishni
zarur etadi. Demak, nutq aktlari — bu tilshunoslikning tor doirasidan chiqib, ko‘p sohalarda
qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan samarali yondashuvdir.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki,
tadqiqot natijalariga ko‘ra, nutqiy akt nazariyasi tilni
ijtimoiy reallikni shakllantiruvchi vosita sifatida talqin qilishga asos bo‘ladi. Har bir gap, ayniqsa
kommunikativ muhitda, faqat semantik mazmun bilan emas, balki ijtimoiy harakatni amalga
oshirish salohiyati bilan ham baholanadi. Shu bois, bu nazariya nafaqat lingvistika, balki
kommunikatsiya, siyosat, huquq va madaniyatshunoslik sohalarida ham keng qo‘llanishi
mumkin. Amaliyotga oid taklif sifatida: ta’lim tizimida pragmatik tahlil mashg‘ulotlariga e’tiborni
kuchaytirish, ijtimoiy tarmoqlardagi lingvistik jarayonlarni tahlil qilish bo‘yicha tadqiqotlar
sonini oshirish lozim. Shuningdek, sun’iy intellekt tizimlarida nutqiy aktlarning kontekstual
talqinini modellashtirish bu sohaning yangi rivoj yo‘nalishlaridan biri bo‘lib xizmat qilishi
mumkin. Nutq aktlari nazariyasi tilshunoslikda emas, balki jamiyatni tushunishda ham muhim
nazariy asos bo‘lib qolmoqda.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Austin, J.L. How to Do Things with Words. – Cambridge, MA: Harvard University Press,
1962, – 168 b.
2.
Searle, J.R. Speech Acts: An Essay in the Philosophy of Language. Cambridge: Cambridge
University Press, 1969, – 203 b.
3.
Wittgenstein, L. Philosophical Investigations. – Oxford: Blackwell Publishing, 1953, – 232 b.
4.
Russell, B. “On Denoting” // Mind. 1905. Vol. 14, No. 56.- 479–493b.