ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
96
MUMTOZ BADIIY ADABIYOTDA FITONIMIK NOMLARNING
QO‘LLANILISHI (“TA’VIZ UL-OSHIQIN” DEVONI MISOLIDA)
Jumaboyeva Dilfuza Alisherovna
O‘zMU Lingvistika: o‘zbek tili yo‘nalishi
2-kurs magistranti
Dilfuzajumaboyeva2@gmail.com
+998881268090
https://doi.org/10.5281/zenodo.16779011
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada onomastik birliklar sirasiga kiradigan fitonimik birliklar
tadqiqi amalga oshirilgan. Bunda XVIII-XIX asrlarda muomalada bo‘lgan o‘simlik
nomlari sanab o‘tilgan va bugungi kunda qanday ko ‘rinishga kelganligi va
dastlabki turkiy manbalarda qanday shaklda uchraganligi tahlil qilingan. Misollar
Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devoni tarkibidagi g‘azallardan olindi. Bundan
tashqari, diaxronik aspektdan foydalangan holda fitonimik birliklar Alisher
Navoiy asarlari, “Qissasi Rabg‘uziy”, “Devoni lug‘otit-turk” kabi asarlar tarkibidagi
o‘simlik nomlari bilan taqqoslandi.
Kalit so‘zlar:
rummon, gandum, sarv, ispand, chilonjiyda, nargis, nastaran,
arg‘uvon.
ANNOTATION
This article studiesphytonymic units, which are onomastic units. In the
article, plant names that where in circulation in the 18
th
-19
th
centuries are listed
and their current form and the form in which they appear in early Turkic sources
are analyzed. Examples are takenfrom ghazals included in Ogahiy’s “Taviz ul-
ashikin” divan. In addition, using the diachronic aspect, phytonymic units are
compared with plant names included in the works of Alisher Navoi, such as
“Kissasi Rabguziy”, “Devoni lugotit-turk”.
Keywords:
rummon, gandum, cypress, ispand, chilanjiyda, narcissus,
nastaran, arguvon.
Onomastikaning o‘simlik nomlarini o‘rganadigan bo‘limi fitonimiya yoki
fitonimika deb ataladi. Har bir xalq o‘zining lingvomadaniy qatlamiga ega, bunda
ushbu hududda hayot kechiradigan barcha tirik mavjudotlarning – o‘simlik,
hayvonot dunyosining ham nomlanishi bevosita ushbu xalq til xususiyatlari, urf-
odat, an’analari va turmush tarziga bog‘liq bo‘ladi. Biz fikr yuritayotgan
fitonimlar, ya’ni o‘simliklar nomlari ham ma’lum bir metaforik o‘xshatishlar
orqali, tarkibiy xususiyatlari jihatidan, maza-ta’m belgilari yoki biror joy , kishi,
predmet nomlari bilan atash orqali nomlanadi. Masalan, Kampirchopon (qovun),
Axroriy (o‘rik), Shirin ( tarvuz) kabi. Fitonimlarni, ayniqsa, gul va daraxt
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
97
nomlarini badiiy adabiyotda qo‘llash orqali o‘ziga xos metaforik o‘xshatishlarni
amalga oshirganlar. Mumtoz adabiyotimiz vakillari – Alisher Navoiy hamda
Ogahiylar she’riyatida bunday o‘xshatishlar salmoqli o‘rin egallagan. Umuman,
barcha gul navlari ma’nosida “gul” so‘zini qo‘llash ancha faol hisoblanadi va yorga
qiyoslanadi:
Gul kebi yuzungda ter fard etti hushumdin meni,
Garchi behush elga hush uchun muqavviydur gulob.
(“G‘aroyib us-sig‘ar”)
“Qissasi Rabg‘uziy”da gul so‘zi o‘rnida čečäk so‘zi qo‘llangan. Ogahiy
devonida gul so‘zi ko‘p o‘rinlarda g‘uncha so‘zi bilan birga keladi:
G‘uncha yanglig‘ tangi dilliklar chekib giryon edim,
Ko‘rgizib ruxsorin etti gul kibi xandon kebi.
[5.68]
Devonda gul asosli yasama so‘zlardan ancha faol foydalangan va , asosan, ot
va sifat so‘z turkumlariga oid so‘zlar ancha salmoqli: gulqand, guliston, gulgun,
gulandom, gulzor, gulshab, gulbarg, gulro‘, guljab, gulchehra, gulfom, gulbodom
va boshqalar:
Xunfishon ko‘zim ichra mardumak xayol etma,
Darding ayladi gulgun qasri ichra mehmon ko‘z.
[5.130]
Ogahiy she’riyatining asosi ishq mavzusiga qaratilgani uchun unda lirik
qahramon yor tasvirini keltirishga, uning go‘zalligini, albatta, go‘zal timsollar
bilan tasvirlashga harakat qiladilar. Bunday maqsadga erishishda shoir fitonimik
birliklardan, ya’ni gul va o‘simlik nomlarida ancha faol foydalanadi.
Lola
– (forscha)
هللا
loladoshlar oilasiga mansub, yirik, chiroyli gulli ko‘pyillik
o‘simlik; manzarali ekma gul va uning qizil, sariq yoki targ‘il guli
[1.47]
. Lola guli
devonning juda ko‘p o‘rinlarida keladi, shoir hech bir ijodkorda uchramaydigan
metaforik o‘xshatishlar qilishga erishadi, ya’ni yorning yuzidagi xolini lolaning
qora, doirasimon xollariga o‘xshatadi:
Bo‘ldi ko‘nglumda ayon ishqing o‘tidin dog‘lar,
Lola yanglig‘ yuzda anbar bo‘y xolingni ko‘rub.
[5.61]
Shuningdek, shoir lola asosli yasama so‘zlardan ham foydalanadi: lolazor.
Kokili tushib har yon lolazor uzorig‘a,
Gul yuzida sunbulni qildi sharmisor o‘ynab
.
[5.64]
Ogahiy “Lola dog‘ o‘lur” nomli g‘azalida lirik qahramonning ayni paytdagi
ruhiy holatini ifodalar ekan, bunda badiiy tasvir vositasi sifatida lola so‘zidan
foydalanadi:
Loladek g‘amu hajring ko‘ksung uzra qo‘ymish dog‘…
Sarv
– (forscha) badiiy adabiyotda yorning qaddi-qomatini tasvirlashda juda
keng qo‘llaniladigan tasvir vositasi hisoblanadi. Ushbu fitonimik birlikni deyarli
barcha shoirlar ijodida uchratamiz. “Qissasi Rabg‘uziy”dagi artuch so‘zi sarv
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
98
daraxti ma’nosini bildiradi: Artuch yig‘ochdan bir surat qildi
[2.49]
. Ogahiyning
yor tasviri aks ettirilgan g‘azallarida sarv so‘zi faol qo‘llanilgan:
Birov husn ichra topdi sarvdek oroyishi qomat,
Birov ishq ichra qildi qumri oso larzu tab paydo.
[5.26]
Devonda boshoqli ekimlardan bo‘lgan bug‘doy nomi
gandum
shaklida keladi.
Bug‘doy
– g‘alladoshlar oilasiga mansub o‘tsimon o‘simlik va uning doni, g‘allasi
[1.675]
. “Devoni lug‘otit-turk”da ashlїq, tarїg‘, budg‘aj, bug‘daj, “Qissasi
Rabg‘uziy’’da bug‘day, “Qutadg‘u bilig’’da buyday, Ogahiy devonida esa g‘alo va
gandum tarzida uchraydi:
Ulusg‘a olam ichra hosil etmoq non emas oson,
Ki, bois chiqqoli firdavsdin odamg‘a gandumdur
.
[5.104]
Qamish
– boshoqdoshlarga mabsub, suvda, botqoqlikda, to‘qayzorda
o‘sadigan, bo‘g‘im-bo‘g‘im uzun poyali o‘simlik
[1.106]
. “Qissasi Rabg‘uziy”da
ekan ko‘rinishida qo‘llangan: Aymishlar, ularning yiyimi xart otlig‘ ekan turur
[2.92].
“Devoni lug’otit-turk”da qamїsh, Ogahiy devonida qamish tarzida keladi:
Sarv qomatlar kiyib egniga xafton to‘-bato‘,
Tuzmay oning birla ham titrarlar andoqkim qamish
.
[5.152]
Isiriq
– isiriqdoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t, o‘simlik
[3.546].
“Devoni
lug‘otit-turk”da isiriq so‘zining bir nechta variantlari uchraydi: eldruk, їsrїq, їlruk
(uch qabilasi tilida), jїzig, juzärlik kabi. Bu so‘zning bir nechta variantlari
shakllarga ega ekanligi turli turkiy qabilalar tilida o‘zgacha nomlanishga ega
ekanligidan dalolat beradi. “Ta’viz ul-oshiqin” devonida isiriq so‘zi ispand, sipand
tarzida qo‘llangan:
Dedim: Jonim kuyar har lahza o‘t uzra sipandoso,
Dedi: Fikr aylama la’limni xoli anbari birla
.
[5.267]
Baytda lirik qahramon jonining kuyishini cho‘g‘ ustidagi kuyayotgan isiriqqa
o‘xshatmoqda.
Nargis
– (forscha)
سگرن
, (yunoncha) nargisos – yunon mifologiyasida: o‘z
husniga oshiq bo‘lib, shu ishqdan halok bo‘lgan va ma’budlar tomonidan shu
nomdagi gulga aylantirilgan yosh yigit; oq yoki sariq gulli ko‘p yillik o‘t va uning
chiroyli guli. Nargis ko‘plab leksikografik manbalarda fors tiliga oid so‘z sifatida
talqin qilinsa ham, uning asli yunoncha nargisosdir. Nafaqat devonda, balki
Ogahiyning boshqa tarixiy asarlarida ham bu fitonim ancha faol qo‘llangan. Nargis
bir qarashda odamning ko‘zini eslatadi. Shuning uchun mumtoz adabiyotda
mahbuba ko‘zi nargisga qiyoslangan:
Dema har tarafda nargis ochilur chamanda har subh,
Ochar intizor ila ko‘z nazar etkali sanga gul.
[5.212]
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
99
Daraxt
– (daraxt)
تخرد
tana qo‘yib, shox va novdalar chiqarib, tomir otib
o‘sadigan ko‘pyillik o‘simlik
[4.766]
. “Devoni lug‘otit-turk”da jїg‘ach, a:vun,
“Qissasi Rabg‘uziy”da yig‘och, “Qutadg‘u bilig”da yiγač shaklida uchraydi. Ogahiy
ushbu so‘zni shajar tarzida qo‘llaydi:
Butun onda nihoyatsiz shajarlar,
Pishib har yon shajar uzra samarlar
.
[5.486]
Baytda samar – bu meva, hosil, ya’ni nihoyasiz bo‘lgan daraxtlarda mevalar
pishganligi aytilgan. Shuningdek, devonda mevalar ma’nosida favokih so‘zi
qo‘llangan:
Pishib har sori anvoi favokih,
Yemakdin komini olib gixmih
.
[5.472]
Anor
– (forscha)
رانا
anordoshlarga mansub, kichikroq daraxt yoki buta
shaklidagi subtropik o‘simlik; shu daraxtning ichi qizil donalar bilan liq to‘la
yumaloq mevasi; erkaklar va xotin-qizlar ismi. Devonda
rummon
shaklida
uchraydi, shuningdek, la’li rummoniy izofasi anor donasi ma’nosida keladi:
Ko‘zdin oqqan qatra qonlar demakim, atrofima
To‘kti bog‘i darddin unnob ila rummon ko‘zim.
[5.227]
Baytda
rummon
fitonimi bilan bir qatorda unnob so‘zi ham keltirilgan.
Unnob
so‘zi chilonjiyda ma’nosida kelgan.
Chilonjiyda
– (forscha)
اديجنلايچ
jiydaning qizg‘ish-jigarrang po‘stli, oq, shirin
etli, dumaloq yoki tuxumsimon mevasi bo‘lgan turi. Bundan tashqari, devonda ar-
ar, tok (raz), bodom, shamshod, to‘biy (tubo), tarong‘u, sadr (sadro), naxl,
nastaran, aras, arg‘uvon, sunbul kabi fitonimik birliklar ham keltiriladi:
Asosi qasringni marmar vayo fo‘lodkim qilsang,
Sutun koxingni ar-ar vayo
shamshod
kim qilsang
…
[5.324]
Qil tamosho gul yuzinkim, otashin may tobidin,
Bo‘lg‘usi gah
arg‘uvon
oso, gahi
nasrin
kibi.
[5.275]
Demang
rummon
ila
bodom
vasfin xasta ko‘nglumga,
Nigorim la’li rux afzosiyu dilkash qapoqi bas.
[5.145]
Havoga mayl aylab
tok
har yon,
Uzotib qo‘llarin bebok har yon.
[5.486]
Ham chok etib gul har yon giribon, ham
nastarin
g‘a yuz pora xafton,
Ham
sunbuli
tar a’zosi larzon, ham sar-basardur pajmurda
rayhon
.
[5.302]
Agar sarvi sihi ra’no qadi olida qad cheksa,
Onga o‘xsharki sarv o‘trusida chekkay tarong‘u qad.
[5.93]
Jilvagar bo‘lg‘an qadi zebosimu bamim aro,
Yo Eram bog‘i aro zebinda ar-armu ekan
.
[5.248]
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
100
Iki dilkash qapog‘imu ekan zebo qadi uzra,
Va yo bir naxl uzra iki bodomi muqashsharmu?
[5.254]
Xulosa qilib aytganda, til o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘lgan ijtimoiy
xodisadir. Ma’lum bir so‘z davrlar o‘tishi bilan ijtimoiy-siyosiy, madaniy omillar
sababli o‘zgarishga uchraydi, ya’ni ayrim so‘zlar shakliy o‘zgarishlarga uchrasa,
ayrimlari umuman muomaladan chiqib tarixiy so‘zga aylanib boradi. O‘z
navbatida fitonimlar ham davrlar o‘tishi bilan o‘zgarish, yangi shakliy ko‘rinishlar
kasb etadi. “Ta’viz ul-oshiqin” devoni ham o‘z davrining onomastik birliklaridan,
jumladan, fitonimik birliklar yuzasidan muhim ma’lumotlar
beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘TIL. Uchinchi jild. G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023.
–B. 47
2. Н.Рабғузий. Қисаси Рабғузий. 2-китоб. –Т.: Ëзувчи нашриёти, 1990 –Б. 49
3. O‘TIL. Ikkinchi jild. G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023.
–B. 54
4. O‘TIL. Birinchi jild. G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023.
–B. 766 6.
5. Муҳаммад Ризо Эрниёзбек ўғли Огаҳий. Таъвиз ул ошиқин девони. –Т.:
“Мумтоз сўз”, 2014. 561 б (Devondan keltirilgan baytlar ushbu nashrdan olindi)
6.Юсуф Хос Ҳожиб. Қутадғу билик. −Т.: F.Fулом номидаги бадиий адабиёт
нашриёти, 1971. 158 б