ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
53
O‘ZBEK TILI TOYLOQ SHEVASINING AYRIM FONETIK
XUSUSIYATLARI
Jalilova Muxlisa Zafarjon qizi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat
universiteti magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.12697389
Annotatsiya.
Ushbu maqolada o‘zbek tili Toyloq shevasining, xususan
Sochak qishlog‘i shevasining ayrim fonetik jihatlari va o‘ziga xos xususiyatlari
haqida so‘z boradi.
Kalit so‘zlar:
dialekt, sheva, bilingvizm, ikki tillilik sharoiti, fonetika,
fonetik hodisalar, tillarning bir-biriga ta’siri.
O‘zbek tilining barcha lahja va shevalarida turkiy qabila tillariga xos
xususiyatlar bilan birga turkiy bo‘lmagan tillarda so‘zlashuvchi etnik
elementlarning ta’siri ham bor. Ayrim urug‘ va qabilalar orasidagi qardoshlik
aloqalarining mavjudligi, xalqlarning uzluksiz ravishda aralshib turishlari
murakkab etnik lingvistik taraqqiyotga va ayrim millatlar tili, birinchi navbatda
o‘zbek tilidagi dialektlarning turli-tuman bo‘lishiga olib keldi. Turkiy va turkiy
bo‘lmagan tillar orasidagi til aloqasining mavjudligi va uning kengayib borishini
va shu jarayon natijasida turkiy tillarda paydo bo‘lgan ba’zi bir fonetik
o‘zgarishlarni o‘z vaqtida qomusiy olim Mahmud Qoshg’ariy ham juda to‘g‘ri
ko‘rsatib o‘tgan. O’zbek shevalarining boshqa sistemadagi tillar bilan, ya’ni
qardosh bo‘lgan yoki qardosh bo‘lmagan tillar bilan xususan, tojik tili bilan
o’zaro munosabati juda ham muhim masalalardan biridir. Ma’lumki, metisatsiya
(qardosh bo‘lgan tillar aralashuvi) va gibridizatsiya (turli sistemadagi tillarning
chatishuvi) masalasi hozirgi tilshunoslikda yechimini kutayotgan, hali qo‘riq
bo‘lgan masalalardan biri deb hisoblasak, bu kabi muammolarni yechishda
o‘zbek tiliga tojik tilining ta’siri ya’ni uning shevalariga ta’siri masalasini chuqur
o‘rganish talab etiladi. Avvalo, o‘zbek tilining fonetikasi haqida gap ketganda,
turkiy tillar fonetikasiga xos bo’lgan belgilardan biri bo’lgan singarmonizm
hodisasi o’zbek tilining ko’pgina qipchoq shevalarida saqlangan. Biroq, o’zbek
adabiy tiliga qarluq lahjasi asos bo’lganligini hisobga olsak, ko’pgina shahar
shevalarida bu hodisa saqlanmagan. Toyloq shevasi qarluq lahjasida
so’zlashuvchilarning ko’pligi bilan ajralib turadi. Biroq, bu hududda qipchoq va
hatto, o‘g‘uz lahjasiga xos elementlarni ham kuzatishimiz mumkin. Toyloq
shevasida yuqorida aytib o’tilganidek, bilingvizm ya’ni ikki tillilik hodisasi
mavjud. Shevalarni klassifikatsiya qilgan olimlardan biri, V.Reshetov o’zbek
xalqi sostavida tarixiy-lingvistik jihatdan bir-biridan ajraladigan uch dialekt
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
54
borligini va bu dialektlar uch turkiy komponentning birikishi natijasida vujudga
kelganligini ta’kidlab: “ Qarluq-chigil-uyg’ur lahjasi hozirgi qardosh uyg’ur tiliga
yaqin bo’lib, tojik tili bilan yaqin etno-lingvistik munosabatda bo‘lgan”, - degan
fikrlarni aytgan. [S.Ashirboyev, 2016: 20-21].Demak, prof. Reshetov ham o’zbek
dialektlarida tojik tilining ta’siri yuqoriligi ta’kidlab o’tgan.
Toyloq shevasining ayrim hududlarida, xususan Sochak shevasida fonetik
hodisalardan singarmonizm ham uchraydi. Singarmonizmning labial
singarmonizm turi faoldir. Bu qonunga ko‘ra, so’zning dastlabki bo‘g‘inida old
qator lablangan unli qatnashsa, keyingi bo‘g‘inlarda ham old qator lablangan
unli ishtirok etadi, aksincha, so’zning dastlabki bo‘g‘inida lablangan orqa qator
unli ishtirok etsa, keyingi bo‘g‘inlarda ham orqa qator lablangan unli qatnashadi.
[V.V Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov 1978:32]. Shevada lab gormoniyasi qonuni
so‘zlarning dastlabki ikki bo‘g‘inida qayd qilinishi xarakterlidir, uchinchi va
to‘rtinchi bo‘g‘inlarda siyrak uchraydi: bo‘libdi –
bőluptu, bőlipti
tarzida
talaffuz qilinadi. Misol: Man sanga aytgan hamma narsani ko‘ropsanmi
bőluptu
.
Ravish so‘z turkumidagi u yerda, bu yerda kabi so‘zlar bizda aqqa, baqqa,
őshaqqa tarzida ifodalanadi. Hozirgi zamon fe’lining “yap” affiksi o‘zbek adabiy
tiliga asosiy morfologik belgi sifatida qabul qilingan bo‘lib, bu affiks shevamizda
“-op” undosh bilan tugagan fe’ldan so‘ng, unli bilan tugagan fe’ldan so‘ng “-yop”
shaklida bo‘ladi. Masalan,
bārāptü, kelāptü, äytāptü, sőräyāptü
kabi. Ü män
bilän
bārāptü
. Agar bu so‘zlarga shaxs-son qo‘shimchalari qo‘shilganda, fonetik
hodisa ro‘y beradi. Ya’ni, boryapman fe’li
bārāmmän
tarzida ifodalanadi. Man
maktabga har kun
bārāmmän
. -op va -yop affiksi tarkibidagi p tovushi -man
shaxs-son affiksidagi m tovushining ta’sirida assimilyatsiyaga uchrab, m bilan
talaffuz qilinadi. Bilamizki, o‘tgan zamon fe’lini yasovchi -di affiksi o‘zbek xalq
shevalarida di/ti/ kabi fonetik variantlari bor. Samarqand-Buxoro tip
shevalarida, xususan mening shevamda -di affiksi l undoshi bilan tugagan fe’l
o‘zagiga qo‘shilganda, d tovushi progressiv assimilyatsiyaga uchrab -l bilan
talaffuz qilinadi. ld>ll; -di >-li – keldi-kelli, oldi-olli kabi. Inägini
bāqqani kelli
.
O‘tgan zamon fe’li I shaxs ko‘plikda -k affiksi bilan yasalganda,-duk, -tuk tarzida
bo‘ladi. Masalan,
bārdük, keldük, äyttük
. Bizä siläni kőrgani bārdük.
0‘zbek tilining shevalari faqat dialektologlar uchungina emas, balki
folklorshunoslar uchun ham juda qiziqarli materiallar beradi. Avloddan-avlodga
o‘tib kelgan juda boy xalq og‘zaki ijodi, xususan, qahramonlik eposi o‘zbek
xalqining milliy g‘ururi hisoblanadi. [S.Ashirboyev, 2016:83]. Shevalar xalqning
xazinasidir. Ularda xalqning tarixi ufurib turadi. Shevalar xalq tarixini yoritishda
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
55
katta ilmiy-amaliy ahamiyatga ega va tarixiy grammatika hamda tarixiy
leksikografiyani yaratish uchun ham boy materiallar beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
V.V Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov, O‘zbek dialektologiyasi, Toshkent,
1978.
2.
S.Ashirboyev, O‘zbek dialektologiyasi, darslik. Toshkent, 2016
3.
O‘zbek xalq shevalari lug‘ati, Toshkent, 1972.