ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
105
ABDULLA QAHHOR HIKOYALARIDA XALQ MAQOLLARINI
QOʻLLANILISHI
Abdullayeva Nasiba Kuralovna
Urganch Davlat Pedagogika Instituti
akademik litseyi ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14737204
Annotatsiya.
Maqolada xalq badiiy san'atining namunasi bo 'lgan maqol va
matallarning o'zaro farqli jihatlari, badiiy asarlarda qo 'llanishi maqsad-
vazifalari, asarni ma'nodor qilishdagi ahamiyati va ularning o'quvchiga qanday
yetkazib berilishi haqida Abdulla Qahhor asarlari misolida o'rganib chiqiladi.
Kalit so'zlar:
ibora, maqol, matal, ko'chma ma'no, epigraf, mavzu,
munosabat, antonimiya, sinonim, sodda gap, sintaksis, millat, Abdulla Qahhor,
fosh qilmoq.
Yozuvchi yoki shoir mehnati asosida dunyoga kelgan har bir ijod
mahsulining o‘qishliligini ta’minlaydigan narsa –undagi so‘zlar jilosi. Shuning
uchun bo‘lsa kerak “ adabiyotning quroli –so‘z ” deb ta’riflanadi. Ya’niki, biron
bir asar yaratayotgan ijodkor “adabiyot quroli” yordamida shu asarning o‘ziga
xos til xususiyatlarini ko‘rsatib beradi. “Adabiyotning birinchi elementi – tildir.
Til – adabiyotning asosiy qurolidir, hayot hodisalari faktlar bilan birga uning
materialidir”.
Har qanday milliy til kabi o‘zbek tili ham o‘zbek millatini birlashtiruvchi,
uning milliy ruhini ifodalovchi vositadir. Badiiy asar tilida keng qamrovli til
birliklari fonetik, leksik, grammatik va majoziy vositalarni kuzatish mumkin. Shu
bilan birga ijodkorning so‘z boyligidan o‘ziga xos tarzda foydalanishi, morfologik
shakllar va sintaktik qurilmalarni tanlashi va boshqa jihatlarida yozuvchining
individual uslubi ham yuzaga chiqadi.
Muayyan biror til stilistikasining rivojlanishida milliy badiiy adabiyot
tilining ahamiyati katta ekanligi badiiy asarlar tilini o‘rganish va tahlil qilishning
ham nazariy, ham amaliy masalalari tadqiqotchilarni o‘ziga jalb qilib kelayotgani
ma‘lum. Badiiy asar tili haqida so‘z borar ekan, dastavval, tilning bevosita bir-
biriga aloqador uch tomonini qayd etish zarur bo‘ladi: badiiy til, adabiy til, jonli
so‘zlashuv tili. Bu tushunchalar bir-birini to‘ldirib, ayni paytda birbiridan ozuqa
olib yashaydi. Nazariy manbalarda ularning quyidagi xususiyatlari qayd etiladi:
1) adabiy til grammatik me‘yorlarga bo‘ysundirilgan, qat‘iy talaffuz
normalariga ega bo‘lgan, jonli xalq tilidagi har xilliklarni bir xillikka olib kelgan
tildir; 2) jonli so‘zlashuv tili yoki umumxalq tilida grammatika va orfoepiya
qoidalariga doim ham amal qilinavermaydi, emotsional leksika va frazeologiya,
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
106
sheva elementlari, kasb-hunar leksikasi, jargonlar va boshqalardan keng
foydalaniladi; 3) badiiy til esa jonli so‘zlashuv tiliga asoslangan, adabiy til bilan
chambarchas bog‘langan, hammaga tushunarli bo‘lgan, «so‘z ustalari tomonidan
pardozlangan, sayqal berilgan poetik tildir».
Yozuvchi hayotiy voqea-hodisalarni tasvirlab, obraz yaratar ekan, u
so‘zlashuv tili boyliklaridan, jonli tildagi sheva va kasb-hunarga oid til
birliklaridan ham, adabiy til normalaridan ham keng foydalanadi. Ijodkorning til
birliklaridan o‘ziga xos tarzda foydalanishi, morfologik shakllar va sintaktik
qurilmalarni tanlashi va boshqa jihatlarida yozuvchining individual uslubi ham
yuzaga chiqadi.
Ma’lumki, A.Qahhor o‘z asarlarida eng ko‘p xalq donishmandlik
namunalariga murojaat qilgan yozuvchi. U asar nomi, epigrafi, dastlabki abzasi,
tarkibi yoki xulosa qismida maqollarni ishlatib, asar mazmundorligini oshirgan
hamda ular asar tarkibining mustahkam ajralmas qismiga aylanishiga xissa
qo‘shgan.
Abdulla Qahhor hikoyalarini tahlil qilganda, asardagi maqollarni
hikoyalarning qaysi o‘rnida ishlatgani, maqollardan foydalanishdagi maqsadi
nima, maqollar gapda qanday vazifani bajarishi hamda ular sintaktik jihatdan
o‘zgartirilganligi ko‘rib chiqiladi.
Abdulla Qahhor “O‘g‘ri” hikoyasining epigrafida “Otning o‘limi, itning
bayrami” deb yozadi. Epigrafni o‘qiboq o‘quvchi hikoyaning mavzusi kimningdir
qiyin vaziyatga tushib qolishi boshqa birovga xursandchilik olib kelishi
mumkinligini anglab yetadi. Bunda o‘lim va bayram so‘zlari antonim sifatida
qo‘llangan. Ot va it ham salbiy qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi. Maqolning
tuzilishiga hech qanday o‘zgarish kiritilmagan va asl holicha qoldirilgan.
Shuningdek, hikoyada “Begim deguncha belim sinadi”, “Tekinga mushuk oftobga
chiqmaydi”, “Berganga bitta ham ko‘p, olganga o‘nta ham oz”, “Quruq qoshiq
og‘iz yirtadi”, “O‘ynashmagil arbob bilan – seni urar har bob bilan” kabi maqollar
asar bosh qahramonining nochor holda qolgan bo‘lsada, yakkayu yagona
boquvchi sigirini topish uchun qo‘lidan kelganicha yuqori mansabdagi
shaxslarga sovg‘a-salomlar ulashib, bor-budini sovirishi nazarda tutiladi va bu
holat hikoya oxirigacha davom etadi.
“Bemor” hikoyasi epigrafida Qahhor uslubiga xos bo‘lgan qisqa va lo‘nda
“Osmon yiroq, yer qattiq” maqoli qo‘llanadi. Bunda osmon va yer o‘zaro
qaramaqarshi tushunchalar bo‘lib, kambag‘al va omi kishining vaziyatdan chiqib
keta olmasligi, hech qanday imkoni yo‘qligini ta’riflaydi. Ushbu hikoyada
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
107
bemorga qarashga mablag‘i bo‘lmagan turmush o‘rtog‘ining holatiga nisbatan
“Bunday paytlarda yo‘g‘on cho ‘ziladi, ingichka uziladi” maqolidan foydalanilgan.
Yo‘g‘on va ingichka o‘zaro zid ma’noda ishlatilib, bosh qahramon misolida
mablag‘i bor odam vaziyatdan chiqa oladi, qashshoq esa uziladi, ya’ni
vaziyatning qurboni bo‘ladi, degan natijani izohlashga xizmat qiladi.
Abdulla Qahhor hikoyalarida nafaqat o‘zbek tilidagi balki chet tillaridagi
maqollardan ham unumli foydalanadi. Misol tariqasida, “To‘yda aza”
hikoyasining epigrafida tojik tilidagi “Zori behuda miyon meshikanad” ya’ni
behuda zorlanish o‘rtasidan kesiladi/uziladi, maqolini aytish kerak. Maqolning
tojik tilidagi ko‘rinishi yaxlit holda olingan va hech qanday o‘zgartirish
kiritilmagan. Bu maqolda antonimlik hodisasi kuzatilmaydi lekin sabab (natija)
ergash gap bo‘lib, yozuvchi hikoya bosh qahramoni mahalladagi savlatli, obro‘li
universitet o‘qituvchisining turmush o‘rtog‘i vafot etgach, o‘zining yosh
talabasiga uylanish oqibatid a tashqi ko‘rinishini yoshlarday o‘zgartirib, qo‘ni-
qo‘shnilar orasida beobro‘ bo‘lishi hamda ikkita og‘ir chamadonni shoshib
mashinaga joylab, so‘ng kutilmaganda vafot etishligi sabab va natijalarini birgina
maqol orqali o‘quvchiga yetkazib beradi. “So‘ngan vulqon” hikoyasi nihoyasida
“Yer tepganni, el tepadi” maqolini bosh qahramon tili bilan aytadi. Ushbu
hikoyada Shermat aka yoshi o‘tib, mansabidan tushar ekan, bu holatni qabul qila
olmay, o‘ziga nisbatan baho berib shunday deydi. “Ikki yorti bir butun” hikoyasi
sarlavhasi maqol bo‘lib, asar mazmunini ochib berishga xizmat qiladi.
Hikoyadagi ikki erkak o‘zaro suxbatidan bir-biriga mos tushgan xarakterli
shaxslar ekanligi ushbu maqolda yoritib berilgan. Yorti va butun so‘zlari
qarama-qarshi so‘zlardir. Shuningdek, hikoya tarkibidagi “Eshakni yashirsangiz,
hangrab sharmanda qiladi ” deganida esa ko‘pincha ikkinchi shaxs birlik
ko‘rinishida mavjud bo‘lgan maqolni ko‘plik ya’ni hurmat ma’nosida ishlatgan.
“Bashorat” hikoyasida epigraf sifatida “Ola qarg‘a qag‘ etadi, o‘z ko‘nglini chog‘
etadi” maqolini har kim qandayligidan qat’iy nazar o‘z xursandchiligini
nishonlashini aytadi, “Sep” hikoyasida esa “Mashqda qiynalsang, urushda
qiynalmaysan” kabi maqollardan samarali va o‘z o‘rnida hikoya qahramonining
asl holatini tasvirlash maqsadida foydalanadi.
Abdulla Qahhor asarlarida kamdan-kam holatda maqolning sintaktik
tuzilishini o‘zgartirgan. Ya’ni, ega yoki kesimni shaxs va sonda o‘zgartiradi. Bu
o‘zgartirishda maqol kimning tilidan kimga qarata aytilayotganini inobatga
oladi.
Abdulla Qahhor asarlarida maqollardan tashqari matallarni ham unumli
ishlatadi. “Bemor” hikoyasidagi ko‘ngilga armon bo‘lmasin deb,chilyosin ham
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
108
qildirishga to‘g‘ri keldi, “To‘yda aza” hikoyasidagi:yaxshining yuzida zuluk ham
xol bo‘lib ko‘rinadi, “Nurli cho‘qqilar” hikoyasida: kesakdan o‘t chiqqaniga
xursandligini izhor qilib; Fotima qari qiz bo‘lib o‘tirib qoladi; tappi tappidan
yiroq tushmas ekan, “Mahalla” hikoyasida : mening bir oyog‘im go‘rda , sening
ikki oyog‘ing to‘rdami?, “So‘ngan vulqon” hikoyasida sendan ugina, mendan
bugina; Isoning alamini, Musodan oladi; sizlaganni xushlab, senlaganni
mushtlaydigan bo‘lib qoldilar; o‘t kech desa, o‘t kechganman, suv kech desa, suv
kechganman; “Dumli odamlar” hikoyasida: yo‘lovchi har bir xurgan itning
ortidan quvsa, manzilga qachon yetadi; bunga gap uqtirish, qorong‘u uyga kesak
otganday gap; “Ikki yorti bir butun” hikoyasida: eshakni yashirsang, hangrab
sharmanda qiladi; “Yillar” hikoyasida: birovning ishiga saratonda qo‘l sovqotadi
matallari asar ma’no mazmunini yanada yaqqol ochib berishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda Abdulla Qahhor o‘z asarlari tili ustida qunt bilan
ishlagan. Adabiyotning asosiy quroli so‘z va iboralar ekanligini ustuvor o‘ringa
qo‘ygan holda, personajlar tilini xususiylashtirish, nutqiy xarakteristikasini
berish, asar voqealari tasvirlanayotgan hudud va tarixiy davrni badiiy matnda
haqqoniy aks ettirish uslubiy maqsadlarida o‘zbek tilining barcha
imkoniyatlaridan ifoda tasvirning leksik vositalari sifatida san’atkorona
foydalangan.
Abdulla Qahhorning tilda puxta va original faqat Qahhorgagina xos
obrazlilikka erishganining boisi, birinchidan, adibning xalq iboralaridan ijodiy
foydalanishi, ikkinchidan, umumtil frazeologiyasi qoliplari bo‘yicha yangi
iboralar yaratib, ulardan zargarona foydalanishidir.
Iboralarning ayni uslubiy qo‘llanishida A.Qahhor uslubining xalqona
ekanligi qator olimlar tomonidan diqqatga sazovor bo‘lgan omillardan biri
ekanligi alohida ta’kidlab o‘tilgan. Masalan, mashhur adabiyotshunos olim Ozod
Sharafiddinov: «Abdulla Qahhor asarlaridagi bu obrazlilik badiiy tasvir
vositalaridan keng va unumli foydalanish evaziga, shuningdek, xalq maqollari va
materiallaridan foydalanish evaziga maydonga keladi. Ko‘p o‘rinlarda
yozuvchining o‘zi ham shaklan ixcham, mazmunan tagdor iboralar qo‘llaydiki,
ular adibnikimi yo xalqnikimi ekanini ajratolmay qolasan kishi» Zero, «Ularni
xalq iboralaridan ajratish qiyin».
Tavsiflangan misollar A.Qahhorning xalq iboralari, maqollar, folklor
materiallarini shakl va ma’no tomondan o‘zgartirib, badiiy estetik maqsadlarda
mohirona qo‘llaganligini ko‘rsatadi. Bunday qo‘llash birinchidan, mavhum
hodisalarni aniq qilib ko‘rsatish uslubiy vazifasini bajargan, ikkinchidan, turli
his-hayajonni (emotsiyalarni) ifodalagan va nihoyat, tasvirlanayotgan
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
109
voqealarga yozuvchining munosabatini bildirish vazifasini bajargan.
Shuningdek, bular yozuvchi tilining soddaligi, usluban silliq, ixcham chiqishida
asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Doniyorov X. „ Qo‘shchinor chiroqlari“ romanining tili va stiliga doir. „ Adabiy
til va badiiy stil“. Toshkent, „Fan“, 1988 y.
2. Musaboyev Q. „Ayajonlarim“ komediyasining tiliga doir mulohazalar. „O‘zbek
tili va adabiyoti“ jurnali, 1987 y, 4-son.
3. Sharafidinov O. Xalq yozuvchisi . Toshkent, „Fan“ 1987 y.
4. A. Qahhor. Asarlar. Besh jildlik I, IV jild. G‘afur G‘ulom nomidagi „Adabiyot va
san’at“ nashriyoti Toshkent, 1987-1988 y.
5. Qo‘chqortoev I. Abdulla Qahhorning umumtil frazeologiyasi modellari
bo‘yicha yangi iboralar yaratishi. “ Tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid
tadqiqotlar“. Toshkent, 1965 y