ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
168
MAHMUDXO’JA BEHBUDIY IJODIDA AXLOQ MASALASI
Quqonboyeva Moxlaroyim Elmurodjon qizi
O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2-bosqich talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14748615
Annotatsiya:
Axloq inson kamoloti va jamiyat rivojida muhim o’rin
egallaydi. Axloqiy tarbiya haqida so’z ketar ekan, bu borada Mahmudxo’ja
Behbudiy qarashlari alohida ahamiyatga ega. Jadidchilik harakatining asosiy
namoyandasi bo’lmish ushbu olim axloqiy tarbiyani ta’lim bilan chambarchas
bog’ladi. Mahmudxo’ja Behbudiy o’z faoliyati davomida bir necha asarlar yozgan
bo’lib, ularning dolzarbligi hali hamon o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Olim ularda
xalqni mustaqillikka, ilmga, shuningdek, axloqiy tarbiyaga qattiq e’tibor
qaratishga chaqirgan.
Kalit so’zlar:
axloq, tarbiya, ta’lim, taraqqiyot, jamiyat, millat, “ommaviy
madaniyat”, jadidchilik.
Ma’naviyatning asosiy va muhim o’zaklaridan biri bu axloq demakdir.
Inson kamolotida va uning chinakam shaxs bo’lib yetishishida axloq g’oyat o’rin
tutadi. Jamiyat taraqqiyotining asosi bo’lgan axloq insonlar o’rtasidagi o’zaro
munosabatlarni tartibga solib turuvchi me’yor vazifasini o’taydi. Hozirgi
globallashuv davrining “ommaviy madaniyat” deb atalmish asr balosi har
tomonga xavf solib turgan bir paytda, axloq dolzarb masalaga aylanadi. Nega
deganda, axloq insonning ichki dunyosini boshqaruvchi asosiy omillardan
biridir. Umuman olganda, axloq masalasi har qanday zamon va makonda o’z
ahamiyatini yo’qotmaydi.
Tarixga nazar solar ekanmiz, yurtimizdan yetishib chiqqan bir qancha ilm-
fan rivojiga hissa qo’shgan buyuk mutafakkir-u ulamolarni uchratamiz. Ularning
ijodini o’rganish, ayniqsa axloq va tarbiya borasidagi qarashlarini yoshlar va
butun jamiyat orasida keng targ’ib qilish, ayniqsa, ahamiyatlidir. XIX asr oxiri XX
asr boshida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining Abdulla
Avloniy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy,
Cho’lpon, Mahmudxo’ja Behbudiy kabi namoyandalari ham o’z oldiga qo’ygan
vazifalarni amalga oshirishda axloq masalasini markaziy o’ringa qo’yishdi. Ular
buyuk maqsad yo’lida birlashishdi hamda bu yo’lda qilinishi lozim bo’lgan
ishlarni sidqidildan ado etishdi. Shuningdek, o’zlarining nodir g’oyalari bilan
qorilgan asarlarini nafaqat o’sha davrdagi, balki kelajak avlod uchunham
dasturulamal qilib qoldirib ketishdi.
Xususan, ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo’ja Behbudiy millatni
uyg’otishda ularni axloqan tarbiyalash lozim degan fikrni ilgari surgan. Axloqiy
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
169
tarbiyani ta’lim bilan chambarchas bog’lagan jonkuyar bobomiz, yangi usuldagi
maktablar ochishda jonbozlik ko’rsatdi. Bir necha maktablar asoschisiga
aylanibgina qolmay, ziyo tarqatish maskani bo’lmish kutubxonalar tashkil
etishda ham alohida e’tibor qaratdi. Xossatan, yoshlarning kamolga yetishida
yana bir poydevor vazifasini o’tagan “Behbudiya” kutubxonasi va “Nashriyoti
Behbudiya” ham aynan Mahmudxo’ja Behbudiy sa’y-harakatlari tufayli qad
rostladi.
Uning asarlarida jamiyat rivojida axloqning asosiy o’rin tutishi borasida
ko’plab fikrlar mavjud. Jumladan, o’zining “Millatlar qanday taraqqiy qilar”
maqolasida shunday deydi: “Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin
bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosig‘a tobe ekan, bizni
ulamo bil’aks avomg‘a tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttuz sana
so‘ngra yana yomonroq bo‘lur, musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq,
fazl va hunar ila boqiy qolur.” Millatning yo’qolib ketmasligi va uning
taraqqiyotda bardavom bo’lishida birlamchi omillar sifatida axloq ham
ko’rsatilmoqda. Darhaqiqat, ta’limni axloqiy tarbiyasiz, albatta, tasavvur qilib
bo’lmaydi.
Mahmudxo’ja Behbudiyning “Padarkush” dramasida ham fojeaga ilmsizlik
bilan bir qatorda axloqiy tarbiyaning yo’qligi sabab qilib ko’rsatilgan.
Ma’rifatparvar olim tomonidan bu ikki jihatda oqsash oqibati qanchalar ayanchli
bo’lishi mahorat bilan ochib berilgan.
Behbudiy fikrlarini umumlashtirib xulosa qilinadigan bo'lsa, Turkiston
xalqining har bir a'zosini o'qimishli, milliy qadriyatlar jonkuyari, o'zligini
anglagan, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand, ular
istifodasiga qodir, milliy taraqqiyotga monelik qiluvchi illatlardan xalos bo'lgan
va ularga qarshi kurashuvchi shaxslardan iborat bir jamiyat, ya'ni yuksak
madaniyatli va ma'naviyatli jamiyat orzu qilingan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati:
1.
Jadidlar. Mahmudxo’ja Behbudiy. [Matn]: risola. \Z. Abdirashidov. –
Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2022. – 156 bet.
2.
Aliyev A. Mahmudxo’ja Behbudiy. – Toshkent: Yozuvchi. 1994-yil
3.
Xalqaro ijodiy to’plam. “Buyuk jadidchilar izdoshlari”. Ilmiy va ijodiy
to’plam. O’zbekiston: “Phoenix publication” nashriyoti, 2024. – 650 bet.