Page 125
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
NUTQIY MEXANIZMLARDA ICHKI NUTQNING O‘RNI
Nabiyeva Diloro Abduxamidovna
Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi
Yuldashboyeva Sarvinozbonu
Andijon davlat universiteti
O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori
https://doi.org/10.5281/zenodo.15656606
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 01-June 2025 yil
Ma’qullandi: 07- June 2025 yil
Nashr qilindi: 13- June 2025 yil
Ushbu maqolada hozirgi kunda shaxs bilan bog‘liq lisoniy
hodisalar jadal rivojlanayotgan, antroposentrizmning
asosiy sohalaridan bo‘lgan psixolingvistikaning obyekti –
nutqiy mexanizmlar sohaga oid ilmiy-nazariy qarashlar
tahlili asosida yoritib berilgan. Nutqiy faoliyatning bir
qismi bo‘lgan ichki nutq va uning muloqot jarayonidagi
o‘rni ochib berilgan.
KEYWORDS
nutqiy
faoliyat,
nutq
mexanizmi,
psixolingvistika,
ruhiyat, ichki nutq, tashqi nutq,
lison,
psixologizm,
nutqiy
modellar..
Insonning olamni anglash, idrok etish va qabul qilish salohiyati beqiyos. Shuning uchun
tashqi olam uning ichki olamiga bemalol jo bo‘ladi. Ammo har bir hodisa shu insonning ong va
qalb prizmasidan qanday o‘tadi va qayta akslanish qay tarzda sodir bo‘lishini hech kim, hech
qachon ayta olmaydi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda insonning ichki olami tashqi
olamdan ko‘ra kengroq, rang-barangroq deyishga to‘la haqlimiz. Inson haqida gap ketganda
“inson olami”, “insonning ichki dunyosi” kabi birikmalar bejiz qo‘llanmaydi. Zotan, har bir
inson alohida bir olam va uning ma’naviyati, axloqiy darajasi, fe’l-atvori va xatti-harakati
bevosita ana shu ichki dunyo qiyofasi, ichki olam ko‘rinishi orqali baholanadi.
1
Shiddatli XXI asrda insonlarni biror-bir yangilik bilan hayratga solish mushkul. Ammo
olamshumul texnika mo‘jizasiga beparvo odamni bir qarashda arzimas ko‘ringan o‘zaro
munosabatlar, muloqotlar larzaga solishi mumkin. Sababi, inson – tabiatan murakkab jonzot.
Odamlar imkon qadar bir-birining fikrini rad etish, o‘zining fikrini mutlaq haqiqat deb bilish
kayfiyati bilan yashaydilar. Ana shu holatning o‘zi insonlarning bir-birini tushunmasligiga,
qabul qilmasligiga sabab bo‘ladi.
2
Demak, insonning nutqi uning ichki olami, ruhiyati, tafakkur
darajasini bor bo‘y-basti bilan ko‘rsatib beruvchi asosiy omil hisoblanadi.
Nutqiy faoliyat jarayon sifatida qadimdan faylasuflarning tadqiqot obyektiga aylangan.
Qadimgi Misr obidalarida qayd etilgan “Til yurakdagi fikrni takrorlaydi”
iborasini tilning
ruhiyat bilan chambarchas bog‘liqligi va uning mahsuli sifatida nutqda reallashishi haqidagi
ilk ta’rif deyish mumkin.
3
Shuning uchun nutqiy faoliyat jiddiy tadqiq etilishi muhim bo‘lgan
hodisalardan biridir. Nutq yaratish va uni qabul qilish jarayoni juda ko‘plab tilshunoslarni
qiziqtirib kelgan. Insonning nutqiy muloqoti uning ruhiyati bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi
Page 126
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
qarashlar 1953-yilda “psixolingvistika” atamasi ostida maxsus fan sohasi shakllanishidan
avval ham dunyo tilshunosligida u yoki bu g‘oyalar oqimida mavjud bo‘lgan. Agar bunday
qarashlarning tarixiy ildizlariga nazar tashlasak, ular bizni to‘ppa-to‘g‘ri Hazrat Navoiy
dargohlariga olib boradi. Dunyo tan olgan mashhur tilshunos va faylasuflar tajribalaridan
ancha ilgari buyuk bobomiz Alisher Navoiy o‘z asarlarida ana shu mohiyatni aytib o‘tadi.
Xususan, “Muhokamat ul-lug‘otayn” asarida shoir so‘zni durga mengzaydi.
Durning joylashish
o‘rni dengiz tubi bo‘lsa, so‘zning joylanish o‘rni ko‘nguldir. Dur g‘avvos yordamida dengiz
tubidan tashqariga chiqarilib jilvalantirilsa va g‘avvosning qiymati javharni jilvalantira olish
qobiliyatiga qarab belgilansa, so‘z sohibi ixtisos tomonidan ko‘ngildan tashqariga olib chiqiladi
va notiqning qiymati so‘z qo‘llash mahoratiga, uni jilvalantirish qobiliyatiga qarab belgilanadi.
Dengiz qa’rida harakatsiz imkoniyat tarzida turgan durlar g‘avvos yordamida harakatga
keltirilsa, ko‘ngil tubidagi imkoniyat tarzidagi so‘zlar ham so‘zlovchi tomonidan nutq jarayonida
o‘z jilvasini topadi.
4
Birgina shu jumlalarning o‘zida ongimizda imkoniyat sifatida mavjud
bo‘lgan lisoniy tizim, uning nutqda turli ko‘rinishlarda reallashishi va shu reallashish
jarayonida ruhiy holatning o‘rni katta ekanligini yaqqol ko‘rsatib beradi. Keyinchalik g‘arb
tilshunosi V.fon Gumboldt tilning ruhiyat bilan uzviy bog‘liqligi to‘g‘risidagi konsepsiyani
ilgari suradi. U tilni xalq ruhi ekanligini takror-takror aytadi
. Olim xalq ruhi deganda, uning
ruhiy o‘ziga xosligi, intellektual qadriyatlari, milliy madaniyat tushunchalari o‘z ifodasini
topadi
.
5
Undan so‘ng mashhur slavyan tilshunosi A.A Potebnya
til faktlarini individ ongida ro‘y
beradigan ruhiy jarayonlar sifatida talqin qilib, rus tilshunosligiga psixologik yondashuvni olib
kiradi.
6
Uning lingvistik qarashlarida Gumboldt falsafasining o‘rni sezilarlidir. Bunday
psixologik oqim vakillari
G. Shteyntal, A. Potebnya, Boduen de Kurtenelar hisoblanadi.
Ulardan psixologizmning eng yirik vakili G. Shteyntaldir.
Uning ta’limotidagi eng muhim g‘oya
nutqning individual akti insonning faoliyatidan, ijtimoiy jarayondan ajralganligidir.
7
Mana shunday psixologik qarashlar keyinchalik Blumingtonda, bir qancha psixolog va
tilshunoslar yig‘ilgan seminarda rasman fan sifatida maqom oldi. O‘sha maqom tilshunoslik va
psixologiya kesishgan nuqta – psixolingvistika bo‘ldi. Ushbu seminar tashkilotchilari
psixologlar
J. Keroll va Ch. Osgud
hamda tilshunos va etnograf
T. Sebeok
bo‘ldi. Ulardan Ch.
Osgud psixolingvistikaga shunday ta’rif beradi: “psixolingvistika”
so‘zlovchilarning tezligi shu
kodi madaniyatida qabul qilingan signallarda hosil qilinadigan jarayonlarni o‘rganadi va bu
signallar tinglovchilarning sharhlarida qayta ishlanadi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda,
psixolingvistika kodlash va kodlarni ochish jarayonlari bilan ish ko‘radi.
8
Demak,
psixolingvistika inson ongida ro‘y beradigan kodlash va dekodlash jarayonlarini o‘rganadi. Bu
fanning obyekti sifatida esa:
1)
nutqning vujudga kelish mexanizmi;
2)
bolalar nutqining shakllanish jarayoni;
3)
turli nutqiy vaziyatda nutqni so‘zlovchi bilan tinglovchi o‘rtasidagi munosabatni
hisobga olgan holda o‘rganish;
4)
nutqning axborot tashish funksiyasini o‘rganish
va shu kabi boshqa jarayonlarni ham olishimiz mumkin.
Page 127
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
Bu borada, sovet psixologi Aleksey Nikolayevich Leontyev o‘zining “Psixolingvistika”
nomli asarida unga aloqador bo‘lgan bir qancha muammolarni ham aytib o‘tgan. Jumladan:
a)
keng ma’noda nutq patalogiyasi (normal, tabiiy holatni yo‘qotish, o‘zgarib,
aynib, xunuklashib ketish; g‘ayritabiiylik), birinchi navbatda, afaziya
so‘zlash yoki tushunish
qobiliyatini yo‘qotish)larni o‘rganish bilan bog‘liq muammolar;
b)
tilni o‘zlashtirish bilan bog‘liq muammolar – bunga birinchi (ona tili) va ikkinchi
(masalan, xorijiy), shuningdek, tarjima qilish, (bilingvizm orqali va h.k) o‘zlashtirishlar;
c)
tilning tarixiy o‘zgarish mexanizmi muammolari.
9
Eng avvalo, nutqning hosil bo‘lishi tafakkurda sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham til va
tafakkur uzviy bog‘liq. Nutqning vujudga kelishini esa nutqiy tafakkur nomi bilan atasak,
o‘rinli bo‘ladi. Chunki nutq – tafakkurning mahsuli. U og‘zaki va yozma, ichki va tashqi
nutqdan iborat. Biz psixolingvistik nuqtai nazardan nutqiy faoliyatning bir qismi bo‘lgan
ichki
nutqqa
to‘xtalamiz. Bizningcha, doimo so‘zlar vositasida ifodalangan, tashqariga chiqarilgan
nutqdan ko‘ra, insonning ichki, botiniy olamida paydo bo‘luvchi nutq ancha sirli va qiziqarli
jarayondir. Zero, insonning obyektiv borliqqa nisbatan jamiki subyektiv munosabati eng avval
ichki nutqda namoyon bo‘ladi. Undan so‘ng esa nutqiy vaziyatga ko‘ra makon va zamonda o‘z
ifodasini topadi. Nutq faoliyatini chuqur tadqiq etgan Sovet psixologi L.S.Vigotskiy ichki
nutqqa shunday ta’rif beradi:
Ichki nutq – tashqi nutqning ichki tomoni emas, bu o‘ziga xos funksiya bo‘lib, so‘zlar
bilan bo‘g‘liqdir, ammo tashqi so‘zlar so‘zda ifodalangan bo‘lsa-da, ichki nutqda so‘zlar “o‘lib
qoladi”. Ichki nutq sof ma’noda o‘ylashdir, u so‘z va fikr o‘rtasida chayqaladigan dinamik,
o‘zgaruvchan, beqaror narsa.
Shuningdek u ichki nutqni tafakkur va so‘z o‘rtasidagi ko‘prik
deb ataydi: “Ichki nutq tabiatini tushunish uchun uni nafaqat tashqi nutqdan, balki sof fikrlash
jarayonidan ham farqlashimiz kerak. Ichki nutq nafaqat tashqi nutqning ichki shakliga
aylanishi, balki inson tafakkurining ifodasi sifatida ham shakllanadi.”
Olim ichki nutqning quyidagi xususiyatlarini qayd qiladi:
-
u fonatsiyadan holi;
-
u predikativ (ega tushiriladi va unda har doim kesim mavjud) bo‘ladi;
-
u qisqartirilgan (so‘zsiz) nutqdir.
10
Nutq yaratilish ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, olimlar bu jarayon modellarini turlicha
keltiradilar. Jumladan, A.А.Leontyev modeli ancha ahamiyatlidir:
Motiv
Fikr
Ichki dasturlash
Leksik izlanish (so‘z tanlash)
Grammatik konstruksiya tanlash (loyihalash)
Motor reallashuv (tashqi nutq)
Ushbu modeldan ko‘rinib turibdiki, Leontyev ham ichki nutqni nutq mexanizmining bir
qismi sifatida emas, balki mustaqil faoliyat sifatida baholaydi.
Zotan, Vigotskiy
ham ichki nutqni shunday ta’riflagan edi:
“Jonli nutqiy tafakkur dasturida harakat motivdan boshlanib, fikrdan fikr shakllanib
ichki so‘zga, keyin tashqi so‘zga, vanihoyat so‘zlarga aylanadi”
11
Vigotskiy yondashuvining
Page 128
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
mohiyati shundaki, ichki nutq, umuman, “nutq minus tovush” emas, amalga oshish fazasidan
oldin axborot shakllanadigan eksperimental poligon, ichki rejalashtirilgan qurol sifatida
namoyon bo‘ladi. U fikr va nutq orasidagi dinamik munosabatni bevosita ifodalaydigan nutq
tafakkurining alohida ichki rejasidir. Ichki nutqdan tashqi nutqqa o‘tish – o‘zida tovush
tomonidan kamgap nutqqa oddiy birikishni, ichki nutqning oddiy vokalizatsiyasini emas, balki
nutqni qayta qurish, mutlaqo mustaqil va o‘ziga xos sintaksisga aylantirish, ichki nutqning
ma’no va tovush tarkibi va tashqi nutqqa taalluqli boshqa struktura shakllarini aks ettiradi.
12
Taniqli rus neyropsixologi, L. S . Vigotskiyning shogirdi A. R. Luriya ustozining nutq
yaratilishi haqidagi g‘oyalarini rivojlantirdi. Uning talqinicha, jarayonning boshida
motiv
turadi. Undan so‘ng
fikr
paydo bo‘ladi va u keyinroq ifodaga aylanadi. So‘ng jarayonga
ichki
nutq
qo‘shiladi va u botiniy sintaktik strukturalarning shakllanishiga olib keladi. Vanihoyat,
zohiriy sintaktik strukturalarga asoslangan tashqi yoyiq nutqiy ifodalar yuzaga keladi.
13
Luriyaning fikrlaridan ko‘rishimiz mumkinki, ichki nutq nutqiy faoliyatning bir qismi. U
sintaktik strukturalarning shakllanishiga xizmat qiluvchi asosiy omil hisoblanadi. Ularni
quyidagi sxemada ko‘rsatishimiz mumkin:
Motiv
Fikr
Botiniy ifoda
Ichki nutq
Tashqi nutq
Ch. Osgudning til darajasi nazariyasida nutqning yaratilish jarayonida quyidagi to‘rtta
boshqich mavjud ekanligini aytadi:
Motivatsiya bosqichi
Semantik bosqich
Ketma-ketlik bosqichi
Integratsion bosqich
Ch. Osgudning nazariyasi bu boradagi dastlabki urinishlardan biri bo‘lgan. Shuning
uchun ham uning modeli boshqa modellardan farq qiladi. Xususan:
1.
Motivatsiya bosqichida keng nogrammatik tushunchadagi umumiy qarorlar
qabul qilinadi:
a)
gapirish yoki gapirmaslik;
b)
agar gapiriladigan bo‘lsa, qanday shaklda – darak, so‘roq yoki buyruq shaklida;
c)
shaklni gapda ifodalash uchun vositalarni tanlash, masalan – faol yoki nofaol;
d)
mantiqiy urg‘uda nima ajratiladi, intonatsiyaning qanday modeli tanlanadi.
2.
Semantik
bosqichda so‘zlovchi gapdagi muayyan ketma-ketlikdagi so‘zlarni
tartib bilan ajratadi.
3.
Ketma-ketlik
bosqichining birligi semantik birlik emas, balki so‘z, fonetik
so‘zdir. Kodlash jarayonining bu bosqichida ketma-ketlik sifatida quyidagi mexanizmlar
ishtirok etadi:
a)
Tovushlar ketma-ketligini aniqlash;
b)
“katta segmentlar” bilan ish ko‘radigan grammatik ketma-ketliklar mexanizmi
Page 129
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
4.
Integratsion
bosqichning birligi sifatida bo‘g‘in ishtirok etadi. Bu bosqichda
kodlashning motor mexanizmlari faoliyat ko‘rsatadi va o‘rganib chiqilgan ifodaning tovush
tomoni shakllanadi.
14
Bu borada o‘zbek tilshunosligidagi tadqiqotlardan
Sh.
Alpanovaning “O‘zbek tilida ruhiy
holatning aks etishi” nomli monografiyasida nutqiy faoliyat modeli quyidagicha keltiriladi:
Ichki nutq
Maqsad
Fikr
Ichki dasturlash
Fonetik izlanishlar
Leksik izlanishlar
Grammatik konstruksiyalash
Tashqi nutq
Olima bunday modellashtirish jarayonida ichki nutq amalga oshmay, nutq to‘g‘ridan
to‘g‘ri reallashadigan holatlarni ham keltirib o‘tgan. Nutq hosil bo‘lishining
affekt holatida
ichki nutq tashlab ketiladi, ya’ni inson mast yoki gipnoz holatida bo‘lsa, xushyorlikni yo‘qotsa,
ong ostiga yashirilgan gaplar ham bevosita tashqi nutqda namoyon bo‘ladi. Bunday holatga
quyidagi jadval keltiriladi:
Ichki nutq=0
***
Tashqi nutq
15
Bunga misol tariqasida “O‘tkan kunlar” romanidagi oshiq Otabekning uyqudagi holatini
keltirishimiz mumkin:
... Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham turib
ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirag‘an kabi tovush eshitdi:
-
“...qora ko‘zlari, kamon qoshlari...”
-
A-a-a, - dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishga olib bordi. Endi uning butun
borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi. O‘rtadan
ko‘p fursat o‘tmadi, boyagi tovush yana takrorlandi:
-
“Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff”.
Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan yeshildi.
Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan, boshini chayqab
o‘zicha so‘zlandi:
-
Bek oshiq!
16
Bunday holatda o‘z-o‘zidan ong ostida birinchi planda turgan fikr vaziyat paydo
bo‘lganda (ya’ni affekt holat nazarda tutilyapti) o‘zini namoyon etadi.
Muloqot davomida kommunikantlardan biri subyektiv sabablarga ko‘ra
(kayfiyati
yo‘qligi, suhbatdoshini mensimasligi, jismoniy xastaligi va h.k tufayli)
suhbatni davom ettirishni
istamasa tashqi nutq reallashmaydi. Bunda nutq bilan bog‘liq barcha jarayonlar sodir bo‘ladi,
faqat so‘zlovchining istagiga ko‘ra bu holat amalga oshmaydi:
Ichki nutq
Page 130
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
***
Tashqi nutq=0
17
Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romanidan olingan parcha shunday holatga, misol bo‘la
oladi:
-
Mendan-chi, qarzingiz yo‘qmi bobo? “Uylantiraman, to‘yingda o‘ynayman”, degansiz!
Shunchalar nomardmisiz otangizga o‘xshab?
-
Sen g‘alatisan, bolam. Sen uylanish va bola tug‘dirish uchun kelmagansan! – uning ko‘zlaridan
o‘lim oqadi – so‘nggi issiq tomchi!
-
Nima uchun ovora qilgan onamni Xudo? Gapiring bobo!
-
...
18
Nutq mexanizmlari va miya bilan bog‘liq jarayonlar, asosan, psixologiyada keng tahlil qilingan.
Jumladan, Maxsudovaning “Muloqot psixologiyasi” asarida ham ifoda tuzishning ixcham
ko‘rinishi beriladi:
“Nutqni dasturlashtirish – nutqiy ifodaning, ya’ni kishi bildirmoqchi bo‘lgan fikrning ma’naviy
o‘zagini tuzish – birinchi bosqich hisoblanadi. Ikkinchi bosqich – jumlaning sintaktik tarkibini
tuzishdan iborat. Nihoyat, jumla ovoz chiqarib aytiladi, ya’ni nutq real tarzda ro‘yobga chiqadi.
Shunday qilib, “gapirish” jarayoni boshlanadi
19
.
Bizningcha, yuqoridagi modellarni umumlashtirib nutqning yuzaga kelish jarayonini
quyidagicha ifodalash mumkin:
Motiv (niyat)
Semantika
Konstruksiyalash
Leksik izlanish
Grammatik modellashtirish
Ichki nutq
Tashqi nutq
Dastlab, insonda biror fikrni aytish niyati paydo bo‘ladi. U ongda motiv shaklida
namoyon bo‘ladi. Keyin fikrning umumiy semantikasi shakllantiriladi (gap nima haqida
ekanligi, qanday mazmunda bo‘lishi). Keyingi bosqichda fikr uchun ma’lum konstruksiya
tanlanadi (til birliklarining joylashish o‘rni, gapning qanday shaklda bo‘lishi xomaki
belgilanadi). Undan so‘ng bu konstruksiyani shakllantirish uchun leksik fonddan unga mos
so‘zlar tanlab olinadi. Keyingi bosqichda bu so‘zlar ma’lum grammatik shakllar orqali birikib
yaxlit gapni hosil qiladi. Bu gap ichki nutqda qayta tekshiriladi va motor tarzida reallashadi.
Ichki nutq ba’zi nutqiy vaziyatlarda qatnashmasligi ham mumkin. Ayrim holatlarda tashqi
nutq reallashmaydi. (Bu haqida yuqorida keltirib o‘tdik.) Nutqiy kontekstga qarab ushbu
modellar o‘zgarishi mumkin.
Aslida, ichki nutq tashqi nutqni tayyorlash uchun kerak. Biz avval nima demoqchi
ekanligimiz to‘g‘risida o‘ylaymiz, uni ichki shakllantiramiz va keyin nutqqa chiqaramiz. Bu
borada Kubryakova o‘z asarlaridan birida:
“Odam avval o‘ylab gapiradimi yoki bu faoliyat bir
vaqtning o‘zida amalga oshadimi,”
degan muammoni o‘rtaga tashlaydi. Olimaning fikricha,
ayrim holatlarda odam o‘z nutqini avval o‘ylab, keyin tuzadi (masalan, maqola yozganda).
Page 131
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
Ayrim hollarda esa fikrlash va so‘zlash jarayoni ayni bir vaqtning o‘zida amal qiladi (masalan,
suhbat chog‘ida).
20
Biz esa, ichki nutqni ham nutqiy faoliyatning bir qismi sifatida, ham mustaqil jarayon
sifatida funksiya bajara olishini e’tirof etamiz. Chunki, ichki nutq Vigotskiy ta’kidlaganidek,
“sof ma’noda o‘ylashdir”. Bu o‘ylash jarayoni tovushsiz artikulyatsiya holatida bo‘ladi. Biz uni
istagan paytimizda tovushlar yordamida reallashtirishimiz mumkin.
Agar ichki nutqqa psixologik nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, birinchi navbatda
ichki nutq insonning o‘z-o‘zini anglab, nazorat qilishi uchun juda muhim. Har bir shaxs
ijtimoiy va hayotiy faoliyatida ichki nutq (o‘zi bilan o‘ylash, o‘zi bilan gaplashish, ichki
ovoz)dan foydalanadi. Ichki nutq bu – insonning o‘zi bilan bo‘ladigan dialogi bo‘lib, bunda
shaxs o‘zi bilan mulohaza yuritadi. Bu jarayon shaxsning o‘ziga qaratilgan nutqi, o‘ziga
murojaati hisoblanadi.
21
Bizningcha, inson o‘z-o‘zi bilan gaplashishining juda ko‘p foydali
tomonlari bor:
1.
Muammolarni hal qilishni osonlashtiradi.
O‘z-o‘zi bilan gaplashish orqali inson muammolarni yaxshiroq tahlil qiladi va ularga
yechim topish yo‘llarini osonlashtiradi. Bu jarayon ongimizdagi chalkash fikrlarni tartibga
soladi va qaror qabul qilishni tezlashtiradi.
2.
O‘z-o‘ziga motivatsiya berish
.
O‘zimizga ovoz chiqarib gapirish, ya’ni ichki nutqni reallashtirish orqali o‘zimizni
ruhlantira olamiz. Ovozimizni eshitish o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yanada orttiradi. Masalan,
“Men buni qila olaman”
yoki
“Hech narsa imkonsiz emas”
kabi.
3.
Stress va xavotirni kamaytiradi
.
Insonni o‘zidan boshqa hech kim to‘liq tushunmaydi. Shunday ekan, unga eng yaxshi
daldani o‘zi bera oladi. O‘zi bilan suhbatlashish orqali ichki hissiyotlarini tahlil qilib,
muvozanatni saqlashga va stressni kamaytirishga yordam beradi.
4.
Xotirani yaxshiroq mustahkamlash
Yangi bilimlarni o‘zlashtirishda ovoz chiqarib takrorlash ma’lumotni yaxshiroq eslab
qolishga yordam beradi. Masalan, dars tayyorlash yoki kitob o‘qishda bu usul juda samarali
hisoblanadi.
5.
Ijodkorlikni oshiradi
Ichki suhbat insonning tasavvurini boyitadi. Doimiy o‘zi bilan gaplashib yuruvchi
insonlarning ichki olami rang-barang bo‘ladi. Fikrlarni qog‘ozga yozib tahlil qilish ham yangi
g‘oyalar paydo bo‘lishiga yordam beradi.
6.
O‘zlikni anglash va rivojlanish
Ichki suhbat insonning kuchli va zaif tomonlarini anglashga, o‘z-o‘zini tahlil qilishga
yordam beradi. Bu esa shaxsiy rivojlanishni tezlashtiradi.
7.
Ijtimoiy muloqotga tayyorgarlik
Muayyan mavzuni ovoz chiqarib tahlil qilish gapirishga tayyorgarlik ko‘rishda foydalidir.
Bu nutq mahoratini oshiradi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.
Page 132
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
IF = 5.441
Volume 3, Issue 06, June 2025
www.in-academy.uz
O‘z-o‘zi bilan gaplashish sog‘lom odamlardagi doimiy holatdir, lekin bu jarayon haddan
tashqari ko‘p va nazoratsiz bo‘lsa, psixologik muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Shu
sababli har narsada me’yorga amal qilish lozim.
Shunday qilib, ichki nutq – umuman, nutq faoliyatining o‘zi insonning ruhiyati bilan
uzviy bo‘g‘liqdir. Shuning uchun ham bunday hodisalar antroposentrik paradigmaning
yadrosi hisoblangan psixolingvistikaning asosiy tekshirish obyektlaridan biri hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Alpanova Sh. O‘zbek tilida ruhiy holatning aks etishi. – Toshkent: “Akademnashr”, 2019. -
160 b
2.
Boboxonova D. Psixolingvistika kursidan ma’ruzalar to‘plami. (ma’ruza matni) Namangan-
2019
3.
Eshanayeva G. Nutqiy faoliyatda ichki nutq va uning o‘ziga xosliklari.//
econferenceries.com
https://econferenceseries.com/index.php/icedh/article/download/1846/1805/1837
4.
Jovliyev J. Qo‘rqma. Toshkent: “Hilol nashr”, 2020 – 368 b
5.
Leontyev A. Psixolingvistika. “Nauka” nashriyotining Leningrad bo‘limi. Leningrad-1967.
(tarjima asar) Yo‘ldoshev R Urganch. 2009
6.
Maxsudova M. Muloqot psixologiyasi. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent, 2006. – 119 b
7.
Nurmonov A. O‘zbek tilshunosligi tarixi. Toshkent: “Akademnashr”, 2002
8.
Nurmonov A. Tanlangan asarlar III jildlik. Toshkent: “Akademnashr”, 2012.
9.
Qodiriy A. O‘tkan kunlar. – Toshkent: “Yangi nashr”, 2019 – 368 b
10.
Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. Toshkent, 2010.
11.
Xudoyberganova D. Matnning antropotsentrik tadqiqi. T., 2013. – 136 b
12.
Белянин В. П. Психолингвистика. –М., 2004
13.
Леонтьев А.А. Язык, реч, речевая деятельность. – М.: Наука, 1969.
14.
Ichki nutq. https://uz.eferrit.com/ichki-nutq/
15.
Nutqning yaratilishi. https://oefen.uz/uz/documents/referatlar/umumiy/nutqning-
yaratilishi