CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
151
MIF VA AFSONALARDA XAYOLIY OBRAZLARNING TAHLILI
Nazimova Himmatoy Komilovna
Sharof rashidov nomidagi Samarqand
davlat universiteti, Filologiya fakulteti,
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14762291
Annotatsiya
Turkiy xalqlar fol’klori bilan urf-odatlarida izlari saqlanib qolgan animistik
va totemistik qarashlar qadimiy tasavvurlar sistemasini tashkil etadi. Ma’lumki,
ibtidoiy inson o‘ziga noma’lum bo‘lib ko‘ringan tabiat kuchlaridan talvasaga
tushar ekan, ayni paytda ularni yengishga harakat qilgan. Buning uddasidan
chiqa olmay, ilojsiz qolish tabiatga sig‘inish, notabiiy ko‘ringan hodisalarga
topinish, ularni madaniyat darajasiga ko‘tarishga olib kelgan. Bu hol tabiat va
jamiyat hodisalariga qarashda g‘ayri ilmiy (ibtidoiy inson nazarida haqiqiy)
animistik va totemistik tasavvurlarni tug‘dirgan. Ushbu maqolamizda xalq
og‘zaki ijodining qadimiy janrlaridan bo‘lgan mif hamda afsonalarda keltirilgan
pari, dev, yalmog‘iz, ajdarho
kabi xayoliy obrazlarning xarakter-xususiyatlarini
tahlil qildik. Animistik hamda totemistik obrazlarning insonlar hayotidagi
o‘rniga alohida e’tibor qaratdik.
Kalit so‘zlar:
afsona, mif, animisti qarashlar, totemistik qarashlar, ertak.
Ibtidoiy
odam tabiat haqidagi tasavvurida o‘zini tabiat kuchlari va
hodisalari bilan aynan bir narsa deb hisoblaydi, jonsiz narsalarga jonli deb
qaraydi. Bu xildagi ibtidoiy tushunchalar kompleksi animizm nomini olgan.
Uning yorqin namunasi ertaklarning qadimiy motivlarida o‘z ifodasini topgan.
“Oq bilakxon” ertagida yigitning toshga aylanib qolishi, “Ochil, ochil,
qamishlar”da qizning qamish orasiga kirib ketishi, “Yoriltosh”da toshning
yorilish mo‘jizasi, qizni bag‘riga olib yana yopilishi, “Yalmog‘iz kampir” ertagida
odamlarning toshga aylanib yotishi, “Qilich botir”da esa qahramonning joni
qilichida ekanligi kabilar ana shu animistik tushunchalar natijasidir. “Yoril, yoril,
toshlar-ay”, “Ochil, ochil, qamishlar”, “Sangil sopol tosh, sen menga yo‘ldosh”,
“Sim-sim, och eshigingni” kabi iltijo qilib yolvorishlar o‘sha narsada jon bor
degan tushunchaning obrazli ifodasidir. Yaqin kunlargacha to‘y va boshqa
marosimlarda gulxan yoqish, uning atrofida aylanish, quyosh, oy tutilganda
qozon, chelak, jom kabilarni chalish hollari mavjud ediki, bu, o‘sha yo‘qolib
borayotgan qadimiy tasavvurlarning izlaridir.
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
152
Ertaklarda berilgan obrazlarning tashqi qiyofasini tasvirlash barcha
xalqalar og‘zaki ijodida keng tarqalgan usullardan biridir. O‘zbek xalq og‘zaki
ijodida ham bu usuldan keng foydalanilgan.
Masalan, “Ozadachehra”, “Guloyim”, “Farhod va Shirin” kabi ertaklarda
qizlarning ta’rifi juda borttitir, “go‘zalligi oyga teng, yuzlarining yorug‘ligi kunga
teng” deb ta’riflangan. Bundan tashqari “Suv qizi”, “So‘nmas gul yoki vafodor
xotin” “Kambag‘al qiz” kabi ertaklarda ham “qiz o‘z husni-jamoli bilan to‘lin oyni
ham uyaltiradi” deb qizlar to‘lin oyga qiyoslangan. Bizningcha, ertaklarda
berilgan bunday ta’riflar “pari” obrazi hisoblanadi. Chunki parilar,asosan, go‘zal
ayol timsolida tasvirlangan.
Xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan ishlagan olima A.Mo‘minovaning
aytishicha, qadimgi mifologiyada parilar insonlarni har xil yovuz kuchlardan
qutqaruvchi afsonaviy xaloskor sifatida tasvirlangan. Yillar davomida “pari”
obrazi hyotga yaqinlashgan. Ular ham oddiy odamlarga xos xarakterlarni
o‘zlarida mujassam etib brogan go‘zallik timsolida tasvirlangan.
Totemizm odamning ko‘pincha bir hayvon yoki o‘simlik, ba’zan jonsiz
narsa yoki tabiat hodisalari bilan aloqasi borligi haqidagi ishonch-e’tiqoddan
kelib chiqqan. Turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek urug‘larining ota-bobolari
quyosh, suv, olovga topinganlar, keyinchalik esa ot, ho‘kiz, ilon, bo‘ri, it va
boshqa hayvonlarga e’tiqod qo‘yganlar. Bo‘rini balo, ofatlardan saqlovchi,
himoya qiluvchi kuch, urug‘ kabilarning ajdodlari deb bilganlar. Shu tariqa
totemlar yuzaga kelgan. Totem – u yoki bu urug‘ning e’tiqod qo‘ygan
himoyachisidir. Totemlar bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha afsonalar ham
mavjudki, ularda ko‘proq ot va bo‘ri madaniyati hikoya qilingan.
Bo‘ri qadimgi o‘zbek urug‘lari orasida totem hisoblangan. Qadimiy
manbalarda keltirilgan turk afsonalarida bo‘ri turk urug‘ining ajdodi sifatida
namoyon bo‘ladi. Afsonada tasvirlanishicha, qadimgi turklar ona bo‘ridan va
dushman tomonidan qirilgan urug‘ ichida tirik qolgan o‘n yoshli o‘g‘il boladan
tarqalgan. Bu bolani ona bo‘ri qo‘l-oyoqlari qirqilgan holda topib olgan va uni
go‘sht berib boqqan. Shundan so‘ng tog‘larning biriga kirib ketgan va u erda
o‘nta bola tuqqan. Ularning har biri turk urug‘larining asoschilari bo‘lgan. Hatto
Ashina ismli turk urug‘larining birida bo‘ri kallasi tasvirlangan bayroq ham
bo‘lgan. Ibtidoiy kishilar og‘ir va ayanchli turmushni yaxshilashga intilganda
ham bo‘riga yolvorgan va sig‘ingan.
Bo‘ri bilan bog‘liq bo‘lgan e’tiqod yangi tug‘ilgan bolani salomat saqlash,
yaxshi hayot kechirish, qo‘y va qoramol podalarini ehtiyotlash, dehqonchilik
ekinlarini yovuz kuch ta’siridan saqlab qolishdan iborat bo‘lgan. Bo‘ri totemiga
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
153
aloqador ba’zi ertak (“Cho‘loq bo‘ri”, “Bo‘ri qiz”, ‘Bo‘ri”) va afsonalar hozirgi
kunga qadar xalq orasida yashab kelgan.
Ot madaniyati qadimgi kishilarning turmush-tirikchiligi bilan bevosita
bog‘liq bo‘lib, otlarni ish hayvoni sifatida xo‘jalikda foydalanish, xonakilashtirish
davomida yuzaga kelgan. Arxeologiya qazilmalarida aniqlangan yarmi ot, yarmi
odam sifat ishlangan rasmlar, hali-haligacha ekin maydonlari, polizlarda otning
kala suyagining qo‘riqchi sifatida qo‘yilishi va boshqalar ibtidoiy inson ongida
mavjud bo‘lgan ot madaniyati haqidagi e’tiqodning timsoli hisoblanadi. Qadimgi
Baktriyadagi Zariasp, Xorazmdagi Hazorasp singari geografik joy nomlari aslida
ot madaniyatiga aloqador bo‘lgan urug‘ nomlari bilan bog‘lanadi. O‘zbek xalq
dostonlarida G‘irot, Boychibor, Jiyronqush, Majnunko‘k kabi epik ot
obrazlarining g‘oyat katta o‘rin tutishi ham bejiz emas. Demak, tabiat va hayot
haqida yuzaga kelgan ibtidoiy tushuncha va e’tiqodlar animistik va totemistik
qarashlarni vujudga keltirdi. Bu qarashlar o‘z navbatida ilk bor to‘qilgan ertak va
afsonalarning motiv va syujetlarini tashkil etdi.
Ba’zi ilmiy manbalarda Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasidagi
qushlar(masalan kabutar), hayvonlar demonologik obrazlar hisoblangan. Bu
obrazlar insoniy (antromorfik) qiyofada tasavvur qilingan.
Qadimgi mifologiyada yovuz qhramonning g‘ayrioddiy ko‘rinishi,
bir obrazda bir necha jonzot xususiyatining birlshtirilishi ham qadimiy tarixiy
asosga egadir. Obrazlardagi yarim odam, yarim hayvon tasviri, ya’ni duragaylik
o‘sha obrazning bu olam emas, o‘zga dunyodan ekanligi haqidagi tasavvurlarni
dalillaydi. Ertaklar va afsonalarda keltirilgan bunday obrazlarning tashqi
qiyofasini ta’riflash orqali tinglovchini yanada g‘aroyibroq hodisalarga ,
tasvirlangan qahramonning abablanarli xislatlarini mantiq nuqtayi nazaridan
qabul qilishga ruhan tayyorlaydi. Masalan: “Olmos botir” degan o‘zbek xalq
ertagida “agar slaloming bo‘lmaganda, ikki yamlab yutar edim” deb aytadi.
Mutaxassislarning fikricha bu obraz Yalmog‘iz kampir obrazidir. Yalmog‘iz
so‘zining lug‘aviy ma’nasi “yamlab yutadigan og‘iz” deb manbalarda keltirilgan.
Afsona – o‘zbek xalq og‘zaki ijodining eng qadimgi, an’anaviy va keng
tarqalgan janrlaridan biri. Hayotiy voqelikni xayoliy uydirmalar orqali bayon
etadigan, biror ma’lumot haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya
qilinadigan og‘zaki nasriy asarlar
afsona deyiladi.
Afsona professional ijrochilikka asoslanmaydi. Uni bilgan kishi o‘zi
istagan shaklda aytaveradi. Demak, afsona keng ommaviy ijro etiluvchi janrdir.
Afsona sof axborot beruvchilik vazifasini bajaradi. U ko‘pincha biror-bir voqea-
hodisaga kishilarni ishontirish maqsadida aytiladi. Shuning uchun ko‘pchilik
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
154
afsonada bayon qilingan voqelikni haqiqat sifatida qabul qiladi. Aristotel
afsonalarni “Haqiqatdan xabar beruvchi yolg`on hikoyalardir” deb ko‘rsatadi.
Mifologik afsonalarda, asosan, yer va osmon xudolari, homiy kuchlar,
pirlar, avliyolarning g‘ayritabiiy ishlari, insonlarga ko‘magi, mifologik
pahlavonlar, yer yuzida odamning paydo bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.
Ularning epizodlarida islomga qadar amal qilgan qadimgi dinlarga aloqador
talqinlar uchraydi. Ibtidoiy insonlarning dunyoqarashi, tasavvur-tushunchalari,
diniy e’tiqodlari namoyon bo`ladi.
Tarixiy voqea va tarixiy shaxslar haqidagi afsonalarlarda o‘tmishda yashab
o‘tgan dono kishilarning sarguzashtlari, mo‘jizakor ishlari, ajdodlarimizning
bunyodkorlik faoliyati, shahar va qo‘rg‘onlarning barpo etilishi haqida hikoya
qilinadi. Bunga Buxoro Arki, Xiva qal’asi, Minorai Kalon qurilishi haqidagi
afsonalar misol bo‘la oladi.
Kasb-hunarlar haqidagi afsonalarda u yoki bu kasb-hunarning kelib
chiqishi, ularning piri haqida hikoya qilinadi. Aytaylik, bo‘yoqchilik kasbining
kelib chiqishi Hazrati Ayub, temirchilik kasbining kelib chiqishi Dovud
payg‘ambar nomi bilan bog‘lab talqin qilingan afsonalar shu siraga kiradi.
Xayoliy voqea va xayoliy qahramonlar haqida hikoya qiluvchi afsonalar
ibtidoiy dunyoqarash, u yoki bu kuchni muqaddas bilib, unga sig‘inish, e’tiqod
qo‘yish hamda sevgi-sadoqat kabi kechinmalar ta’sirida paydo bo‘lgan
“Devqal’a”, “Shirin qiz”, “Kalta minor”, “Ilon buzgan” singari to‘qima afsonalar
mazkur turkumga oiddir. Bu afsonalar O‘rta Osiyo xalqlari orasida keng
tarqalgan. Ular insonlarning beqiyos kuchi va go‘zalligini madh etadi. Bu
afsonalar fantastik uydirmalar zaminida naql etilgan bo‘lib, syujeti ko‘proq
xayoliy epizodlardan tashkil topadi va ma’lum bir tarixiy joylar, tepaliklar,
qal’alar bilan bog‘liq ravishda hikoya qilinadi. Qoraqum sahrosida “Yorbakir”,
“Shirvon”, “Shamaxa”, “Xalaf” nomi bilan mashhur bo‘lgan qal’alarning
xarobalari mavjud bo‘lib, ular “Shohsanam va G‘arib” afsonasi, “Devqal’a” esa,
Sharqda mashhur bo‘lgan “Farhod va Shirin” afsonasi bilan bog‘lanadi.
Qadimgi afsonalarda tasvirlangan ajdar obrazi o‘z mohiyatiga ko‘ra,
sinkretik obrazdir. Bu obraz kamida to‘qqiz xil ko‘rinishga egadir. Ajdarning
kallasi tuyaniki, bo‘yni ilonniki, tirnog‘I burgutniki, yelkasidagi tig‘simon
bo‘rtmasi karp baliqniki, oyoqlari yo‘lbarsniki, quloqlari sigirniki, shoxlari
kiyikniki, ko‘zlari shaytonniki, qorni chig‘anoqnikiga o‘xshash holda
tasvirlangan. Ajdarxo g‘ayritabiiy, ya’ni turli xil jonzotlar haqidagi xalq
qarashlarini o‘zida mujassamlashtirgan mifologik jonzot – ezgulik timsoli
sifatida tasvirlangan.
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
155
Porloq kelajakni orzu qilib, unga umid ko‘zi bilan boqqan uzoq o‘tmishdagi
avlod-ajdodlarimiz kishilarning qudratli rivojini oldindan sezib, ularning
qobiliyatini ideallashtirgan mifologik obrazlarni yaratgan. Ana shu mifologik
obrazlarning ilk bor namunalari ko‘hna mif, afsonalarda naql etildi. Qadimgi
davr fol’klor namunalari ichida mifologik tasavvurlar asosida yaratilgan
afsonalar va miflar alohida o‘rin tutadi.
Mif grekcha so‘z bo‘lib, xudolar va pahlavonlar haqidagi to‘qima afsonadir.
Mifologiya ibtidoiy insonning tabiatni bilishga intilishining natijasi hisoblanadi.
Darhaqiqat, insonning tabiatga qarshi kurashdagi ojizligi uni noma’lum
ko‘ringan hodisalarga javob topishga, qandaydir tushuncha va tasavvurlar
yaratishga majbur etgan. Bo‘ron, zilzila, suv toshqini, sel kabi g‘ayri -tabiiy
ko‘ringan kuchlar dahshatidan talvasaga tushgan inson yovuz kuchlarga qarshi
kurasha oluvchi homiy izlagan. Nihoyat, yaxshilik va yomonlik haqidagi
mifologik tasavvurlar paydo bo‘lgan.
Umuman olganda, mif, afsona, asotir, rivoyat va boshqa qadimgi asarlarda
insoniyatni yaxshilikka etaklash, ezgulik asosida tarbiyalash bosh mavzu qilib
tanlanganligini ko‘ramiz. Bir so‘z bilan aytganda, bu janrlar tom ma’nodagi
didaktik masalalarni qamrab olgan va asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib
kelgan. Hozir ham bu noyob asarlar o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Bu manbalar
yozma adabiyotga ham katta xizmat qilib kelmoqda.
Zaruriy adabiyotlar:
1.
O‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi (X.Razzoqov, T.Mirzaev, O.Sobirov,
K.Imomov). Toshkent: “O‘qituvchi” nashriyoti, 1980 yil.
2.
SH. Xolmatov. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. SamDU, 1980-yil.
3.
N.Mallaev. O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent: “O‘qituvchi” nashriyoti, 1976-
yil.
4.
A.Abdurahmonov. Turkiy xalqlar og’zaki ijodi. Toshkent: “Fan” nashriyoti,
2004-yil.
5.
O‘zbekiston xalqlar tarixi. Toshkent: “Fan” nashriyoti, 1992-yil.
6.
U.Jumanazarov. Tarix haqiqati va xalq ijodi badiiyati (ilmiy risola).
Toshkent: “Fan” nashriyoti, 2007-yil.