CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
128
SIFAT- OT TURKUMIDAGI ORALIQ SO‘ZLARNING IZOHLI
LUG‘ATDAGI1 IFODASI
Asadov To‘lqin Hamroyevich
Buxoro davlat universiteti,
O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika
kafedrasi dotsenti, f.f.n.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14936542
Annotatsiya:
Mazkur maqolada so‘z turkumlari borasida tadqiqotlar olib
borgan olimlar e’tirof etilib, ikki va undan ortiq so‘z turkumida ham tadqiq
etiladigan oraliq so‘zlar, jumladan, sifat-ot so‘zlarning funksional-semantik
tabiati, ushbu so‘zlarning “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi ifodasi, sifat-ot
orasidagi so‘zlarning turkumlilikka munosabati borasida fikr-mulohazalar
bayon etilgan. Keltirilgan nazariy ma’lumotlar lug‘atdan olingan misollar bilan
izohlangan.
Kalit so‘zlar:
so‘z turkumi, semantik, morfologik, sintaktik mezon, oraliq so‘z,
sifat-ot so‘z, predmetlik va belgi-xususiyat, ko‘pma’nolilik, polifuksiyanallik,
omonimiya.
Ma’lumki, barcha tillar so‘zlari o‘zining grammatik tabiati, semantik
xususiyatiga qarab turlicha guruhlarga (kategoriyalarga) bo‘linadi. Grammatik
qurilishi har xil bo‘lgan tillardagi so‘zlar semantik, grammatik, qo‘llanish doirasi,
o‘zaro birikishi doim ham uyg‘un bo‘lavermaydi. Asosiysi, so‘zlarni turkumlarga
ajratishda tillar uchun umumiy sanalgan yagona bir qonuniyat ham mavjud
emas. Muayyan bir tilda so‘zlarni turkumlash shu tildagi so‘zlarning o‘ziga xos
ma’nosi, grammatik xususiyati, so‘z yasash tizimi va so‘zlarning o‘zaro birikish
qobiliyati asosida ishlab chiqilishi lozimki, hatto qardosh tillar oilasida ham
so‘zlarni turkumlashda qandaydir farqlanishlar sezilishi mumkin holat
sanaladi[1,5].
Ma’lumki,
tilshunoslik
nazariyasida
so‘zlarni
turkumlashtirish
(kategoriyalashtirish) da semantik, morfologik, sintaktik mezonga amal qilish
ommalashgan. Jahon tilshunosligi, turkologiya, o‘zbek tilshunosligida so‘zlarni
turkumlashda ayrim tilshunoslar so‘zning leksik ma’nosini yetakchi qilib olsa,
boshqalari so‘zning shakli va o‘zgarishini yoki so‘zning gap tarkibidagi vazifasini
yetakchi omil sifatida baholashadi. Ta’kidlash o‘rinliki, so‘z turkumlarini
belgilashda antik tilshunoslikda, asosan, semantik mezonga tayanib ish
ko‘rilgan. Morfologik va sintaktik xususiyatlar esa qo‘shimcha – ikkilamchi, ya’ni
1
Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5 жилдли. – Т.: Ўз.мил.энц., 2006-2008.
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
129
so‘zning ma’no xususiyatidan kelib chiqadigan belgi sifatida qabul
qilingan[3;5;6].
Professor J.Eltazarov rahbarligida yuzaga kelgan A.Botirovaning “O‘zbek tilida
so‘z turkumlarining birlamchi va ikkilamchi vazifasining funksional-sintaktik
tahlili” nomli dissertatsiyasida lug‘at qatlamidagi ayrim so‘zlarning ikki
paradigma (so‘z turkumi)dan ham o‘rin egallay olishi (oraliq so‘z ekanligi)
so‘zlarni turkumlashda uch asosli mezonga soya solishi haqida haqli shunday
fikr kuzatiladi: “Bu mezonlar tilning paydo bo‘lishi, shakllanishi va tarqqiyoti
kesimida so‘zning rivoji muammosi bilan bir tomondan, so‘zlarning
polifunksionallik xususiyatlari bilan ikkinchi tomondan bog‘lanib ketadi.
Boshqacha aytganda, diaxronik jihatdan ayrim so‘zlarning o‘z turkumlarini tark
etib, boshqa turkumlarga ko‘chishi hodisasi bilan birga, tilning muayyan bir
sinxronik holatida kamida ikki paradigmaga kirish imkoniyatining saqlanib
turishi bu mezonlarning har doim ham birday amal qila olmasligini ko‘rsatadi.
Chunki til dalillari so‘zni turkumlarga aratishning semantik, sintaktik,
morfologik mezoni istalgan so‘zni biror turkumga kiritish uchun yetarli
bo‘lavermaydi”[2,7]. Bundan xulosa chiqadiki, so‘z turkumlari va ularni farqlash
bilan bog‘liq muammolarning yuzaga kela borishiga ba’zida tilning ijtimoiyligi
ham sabab bo‘ladi. Umuman, tining ijtimoiyligi evazi o‘laroq ayrim so‘zlar
polifunksionallik kasb eta boradi. Bu esa ularda ikki va undan ortiq paradigmada
ham o‘rin topa olish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Lekin so‘zdagi
polifunksionallik doim ham bir turkumdagi so‘zni boshqa turkumga o‘tib
ketishiga yo‘l ochavermaydi.
Polifunksionallik, ya’ni bu kabi so‘zlarning so‘z turkumlariga munosabati
masalasida fanda uzoq yillardan beri ikki xil qarash mavjud. Ayrim
tadqiqotchilar bu borada: “Bir so‘z turkumi vazifasida ikkinchisining kelishi bu
so‘zning bora-bora tamoman boshqasiga o‘tib olishi, ya’ni boshqa turkumga
aylanishi bilan tugashi”ni ta’kidlasalar[4,27], boshqa tadqiqotchilar fikriga ko‘ra
“barcha so‘zlarning gapda funksional o‘zgarish jarayoni doimo bir so‘z
turkumining, albatta, boshqasiga aylanishi bilan tugallanganda edi so‘z
turkumlari o‘z barqarorligini allaqachon yo‘qotgan bo‘lib, bugungi kunda
tilshunoslikda so‘z turkumlari tushunchasi va u bilan bog‘liq terminlar ham
bo‘lmas edi[7,210]”. Keyingi fikrga qo‘shilgan holda ayta olamizki, albatta,
nutqiy kontekst so‘zlarni turkumlash uchun asos bo‘la ololmaydi, ya’ni til sathi
qonuniyatlari bilan hisoblashish so‘zlarni turkumlashdagi chalkashliklarga bir
qadar yechim bo‘la oladi. To‘g‘ri, ayrim so‘zlarning polifunksionallik xususiyati
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
130
bu so‘zda bora-bora ikki va undan ortiq paradigmada ham o‘rin topa olish
imkoniyatini yaratgan.
Kuzatishlar ko‘rsatadiki, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da morfologik belgisi
ham sifat, ham ot tarzida ko‘rsatilagan bir qator so‘zlar uchraydi
[9;10;11;12;13]. Bular: ajnabiy, aylanma, aylanmachoq, ayri, ayyor, beldor,
biqtirma, botiq, burma, burushiq, darveshona, dilorom, dilrabo, dimlama,
dudama, faol, gigant, jazirama, jingalak, kasofat, keksa, kelajak, loyqa, malla,
mudroq, murdor, mushkul, oq, parhez, peshqadam, poraxo‘r, qo‘shimcha,
qovurma, qo‘shoq, qorong‘i, reza, rost, siniq, taajjub, terma, to‘qima, xilvat,
yig‘inchoq, yolg‘on, yoriq, zax, o‘ksik, shilt.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da sifat-ot tarzida izohlanadigan mazkur
so‘zlarni polisemiya, polifuksiya, omonimiya hodisasi nuqtayi nazardan uch
guruhga bo‘lib tavsiflash mumkin: 1-guruh (polisemantik so‘zlar) sirasida faol,
gigant, mudroq, parhez, qo‘shoq, qorong‘i, reza, siniq, yig‘inchoq kabi; 2-guruh
(polifuksional so‘zlar) sirasida ayyor, biqdirma, burma, burushiq, dilorom,
dilrabo, dimlama, dudama, jazirama, jingala(k), kasofat, keksa, kelajak, loyqa,
mushkul, peshqadam, poraxo‘r, qovurma, rost, xilvat, yolg‘on kabi; 3-guruh
(omonimik so‘zlar) sirasida ajnabiy, ayri, aylanma, aylanmachoq, beldor, botiq,
darveshona, malla, murdor, oq, qo‘shimcha, taajjub, terma, to‘qima, yoriq kabilar
mansub.
Nutqiy vaziyati, semantik tabiatidan kelib chiqib turkumligi belgilangan 1-
guruh so‘zlaridan ayrimlarini kuzatamiz: GIGANT [yun. gigantos – ulkan, juda
katta] 1 sft. Juda katta, ulkan; buyuk. Gigant qurilish. Odimlovchi gigant
ekskavator, Shaxdam yurib borar, misli pahlavon. F.Zohid, Tuyamo‘min qo‘shig‘i.
2 ot O‘z ishi, ajoyib xislatlari bilan biror sohada salmoqli o‘rin egallagan
shaxs, buyuk siymo. Navoiy kabi gigant san’atkorlar ijodida, masalan,
didaktikada ham katta o‘rin berilgan. Gazetadan. [10, 497]
SINIQ 1 sft. Singan, parchalangan, biror yeri uchgan yoki darz ketgan,
yorilgan. Siniq payola. Ana shu “bog‘i eram” endi egasiz uyday huvillab yotibdi,
Siniq derazalardan qushlar uchib kirib-chiqib turibdi. S.Siyoyev. Otliq ayol.
2 sft. Sinib ishdan chiqqan, yaroqsiz holga kelgan. Siniq arava. To‘tibu
allaqayerda chang bosib yotgan dutorni olib chiqib artayotganida, Tojiboy kirib
keldi. S.Zunnunova, Gulxan.
3. ot ko‘chma Singan narsaning bo‘laklari. Jasura yig‘lamsiragancha payola
siniqlarini tera boshladi. E.A’zam, Javob.
4 ot ko‘chma Odam a’zosining shikastlanib singan qismi, singan qo‘l, oyoq va
sh.k. Xirurglar keng gulzor o‘rtasiga stol qo‘yib, siniqlarni gipslashmoqda,
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
131
yaradorlarni bintlashmoqda. “Sharq yulduzi”. Shuningdek, lug‘atda siniq
so‘zining 5-, 6-, 7-, 8- ma’nolari ham izohlangan [11,511-512].
Ma’lum bo‘ladiki, siniq so‘zining dastlabki ma’nosidan tashqari qolgan
barchasi (ikkilamchi vazifasi) bosh ma’nodan o‘sib chiqqan. Yana shuni
aytmoqchimizki, 2- hamda 3- ma’nolarni, nazarimizda, alohida-alohida ta’kidlab
izohlashga hojat yo‘q. Har ikkala (piyolaning sinig‘i va suyakning sinig‘i) sharh
ham bir ma’no ostida baholansa, maqsadli bo‘lardi.
Lug‘atda gigant so‘zining ikkinchi ma’nosini sharhlashda ham, nazarimizda,
ko‘chma ma’no (ko‘chma) tarzidagi izoh keltirilsa, o’rinli bo‘lar edi.
Polifunksional tarzida baholaganimiz so‘zlarda, ya’ni ularning turkumligini
belgilashda, asosan, mazkur so‘zlarning sintaktik tabiati inobatga olinganligi
ko‘rinadi. Masalan, dimlama, qovurma so‘zlarini kuzatamiz:
DIMLAMA 1 sft. Dimlab pishirilgan. Dimlama somsa. Dimlama kotlet. Ovqat
vaqtida u o‘tirmadi, sirka-qalampirli yaxna kalla-pocha, dimlama jo‘ja, xullas,
topgan-tutganini qo‘yib, jon-dilidan xizmat qildi. A.Muxtor, Asarlar.
2 ot Go‘sht, yog‘ga piyoz, ko‘proq pomidor va savzavotlar so‘lib, shularning
bug‘ida (selida) dimlab pishirilgan taom. Dimlama uchun albatta qo‘y go‘shti
bo‘lishi kerak. K. Mahmudov. O‘zbek tansiq taomlari. Keltirilgan tugunni stol
ustiga qo‘yib ochgan edi, hamma xonani dimlama hidi tutib ketdi. M.M.Do‘st.
Lolazor. Lug‘atda, shuningdek, 3-ma’no sharhi ham mavjud [9, 620].
QOVURMA. 1 sft. Qovuriladigan, yog‘da qovurib pishiriladigan; qovurilgan.
Qovurma chuchvara. Momaga beringlar qovurma go‘shtni. “Shirin bilan shakar”.
2. ot Go‘sht hamda kartoshka, piyoz va b. sabzavotlardan qovurib, ozroq suv
qiyib, dimlab pishiriladigan quyuq taom; qovurdoq. Ikki katta tovoqda qovurma
olib chiqildi. Sh. Rizo, Qor yog‘di, izlar bosildi.
Har ikkala so‘z ham omonimiyaga yaqinroq hodisa hisoblanadi. Aslida, bu
so‘zlar izohidagi birinchi ma’nolar (1 raqami ostida sharhlangan so‘z) nutqiy
hosila sanalsa, ikkinchi ma’no ostdagi so‘z lisoniy birlikdir. Ular (dimlama – 1,
dimlama – 2; qovurma – 1, qovurma – 2) ning tarkiban tahlili ham (asos va
qo‘shimchalarga bo‘linishi) farqlanadi. Ikkinchi ma’no ostidagi so‘zlar esa
ixtisoslashish (yaxlitlanish) mahsuli sanaladi.
Uchinchi guruh so‘zlari (ajnabiy, ayri, beldor, botiq, darveshona, malla,
murdor, oq, taajjub, terma, yoriq v h.k.) kabilarni omonim so‘zlar sifatida
baholash mumkin. Lekin lug‘atda bu kabi so‘zlar atrofidagi ma’nolar negadir rim
raqamlari bilan emas, balki arab raqamlari bilan beriladi. Masalan, ayri so‘zi 4
ma’no ostida izohlanadi, shundan birinchi hamda to’rtinchi ma’nolarida
omonimiya yaqqol ko‘rinadi [9,57]. AYRI 1 sft. Biror joyidan ikkiga
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
132
tarmoqlangan. Ayri yo‘l. Ayri yog‘och. Ro‘pradagi baland terakning ayri shoxida
qag‘illab turgan ola hakkaga angrayib qolgan edi. N.Aminov, Yog‘onchi
farishtalar.
…4 ot Ikki shaxchali tayoq, yog‘och; tirgak. Shaftoli shoxlariga ayrilar qo‘yildi.
Ba’zi g‘o‘zalar ayri bilan tirab qoyilgan. I.Rahim, Hayot buloqlari [9, 57].
TERMA 1 sft. Saralab-saralab yig‘ib, birlashtirib tashkil etilgan, tuzilgan.
Terma futbol jamoasi…
2 ot folk. Baxshilar repertuarida dostondan keyin, ikkinchi o‘rinda turadigan,
band tuzilishi erkin, uch qatordan 100-150 misragacha bo‘ladigan folklor janri.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li turli mavzularda termalar va dostonlar aytar edi. “O‘zbek
adabiyoti”.
3. ot Umuman, xalq og‘zaki ijodiga mansub, odatda to‘rt misradan iborat
qo‘shiq turi [12,73].
Har ikkala so‘zning izohi (ma’no zanjirining uzilganligi) ularning
omonimligidan dololat beradi. Faqatgina terma so‘zining birinchi ma’noda
nutqiy hosilaligi ([fe’l+ma] qolipi hosilasi), ikkinchi, ya’ni xalq termalari
ma’nosida ixtisoslashgan ma’noda kelishi (leksemalashganligi) uning
omonimligiga soya solishi mumkin, xolos.
Xullas, sifat-ot oraliq so‘zlarning lug‘atdagi ifodasi, sifat hamda otlikka
munosabati borasida quyidagi fikrlarni aytish mumkin. O‘zbek tilshunosligida
oraliq so‘z turkumlari va ular bilan bog‘liq nazariy fikrlar yetarlicha aytilgan
bo‘lsa-da, oraliq so‘zlarning lug‘atlardagi ifodasi, lug‘atda so‘z turkumlikka
munosabati masalasi bo‘yicha oz fikrlar mavjud. O‘zbek tilshunosligida ot
(predmetlik) va sifat (belgi-xususiyat) ma’nolarining o‘zaro munosabati
otlashish, sifatlashish, ravishlashish va h.k. doirasida ancha o‘rganildi, lekin
so‘zlarni turkumlash/kategoriyalashda til va nutq hodisasini farqlash (lisoniy
birliklardan nutqiy birliklarni farqlash) ga doim ham tadrijiy ahamiyat
qaratilmaydi, shu bois so‘zlarni turkumlashda bir qator ziddiyatlar uchraydi.
Tilshunoslikda so‘zlarning polifunksionalligi, omonimligi, bular natijasida so‘z
ma’nosi yoki ma’nolaridan biri bilan bir turkumdan ikkinchisiga o‘tish hollari,
so‘z turkumlarining bir-biri vazifasini bajarib turishi va h.k.lar so‘zlarni
turkumlashda qiyinchilik tug‘diradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Асадов Т.Ҳ. Сўз туркумлари тизимида равиш. Монография. –Т.:
Муҳаррир, 2010.
2. Ботирова А.Э. Ўзбек тилида сўз туркумларининг бирламчи ва иккиламчи
вазифасининг функционал-синтактик таҳлили: Филол.фанлари номзоди...
дис. –Қарши, 2018.
CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
133
3. Элтазаров Ж.Д. Сўз туркумлари ҳақида лингвистик назариялар.
Монография. – Самарқанд, 1996.
4. Фузаилов С. Ўзбек тилида равиш ва унинг сифат билан муносабати //
Совет мактаби. – Тошкент, 1956. №1. – Б. 25-29.
5. Потебня А.А. Из записах по русской грамматике. Об изменении
значения и заменах существительного. Т. III. – М.: Просвешение, 1968.
6. Суник О.П. Общая теория частей речи. –М. –Л., 1968.
7. Хўжаев Т. ”Яхши” типидаги сўзларнинг гапда ҳол вазифасида
қўлланишига
доир//
А.Навоий
номидаги
Самарқанд
давлат
университетининг асарлари. Янги серия. -№ 102. – Самарқанд, 1960.
8. Ўзбек тили грамматикаси. I том. –Т.: Фан, 1975.
9. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 1-жилд. – Т.: Ўз.мил.энц., 2006.
10. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 2-жилд. – Т.: Ўз.мил.энц., 2006.
11. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 3-жилд. – Т.: Ўз.мил.энц., 2007.
12. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 4-жилд. – Т.: Ўз.мил.энц., 2008.
13. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5-жилд. – Т.: Ўз.мил.энц., 2008.