Авторы

  • Iroda Boltayeva
    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti 2-kurs talabasi

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.canrms.98274

Ключевые слова:

Qays arab qizi Layli Omir qabilasi arshi a’zam ishq dardi dasht visol maktub Majnun.

Аннотация

Ushbu maqolada Alisher Navoiyning Layli va Majnun dostoni misolida xat motivining badiiy-falsafiy ahamiyati tahlil qilinadi. Xat obrazining nafaqat muhabbat kechinmalarini ifodalovchi vosita, balki ijtimoiy ziddiyatlarni ochib beruvchi, shuningdek, tasavvufiy tafakkurni aks ettiruvchi ramziy timsol sifatida ishlatilganiga e’tibor qaratiladi. Muallif Majnunning xatlari orqali insoniy muhabbatning ilohiy mohiyatga ko‘tarilishi, qalb izhorining so‘z orqali emas, ma’naviy tuyg‘ular orqali yetkazilishi kabi jihatlarni badiiy tahlil qiladi. Xat motivi vositasida Navoiyning obrazlar olami yanada chuqurlashadi, dramatik ziddiyat kuchayadi va dostonning ruhiy-falsafiy qatlamlari ochiladi.


background image

CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN

MODERN SCIENCES

International scientific-online conference

63

ALISHER NAVOIY ASARLARIDA XAT MOTIVI (“LAYLI VA MAJNUN”

DOSTONI MISOLIDA)

Boltayeva Iroda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti

o‘zbek tili va adabiyoti 2-kurs talabasi

https://doi.org/10.5281/zenodo.15526638

Annotatsiya

: Ushbu maqolada Alisher Navoiyning Layli va Majnun dostoni

misolida xat motivining badiiy-falsafiy ahamiyati tahlil qilinadi. Xat obrazining
nafaqat muhabbat kechinmalarini ifodalovchi vosita, balki ijtimoiy ziddiyatlarni
ochib beruvchi, shuningdek, tasavvufiy tafakkurni aks ettiruvchi ramziy timsol
sifatida ishlatilganiga e’tibor qaratiladi. Muallif Majnunning xatlari orqali insoniy
muhabbatning ilohiy mohiyatga ko‘tarilishi, qalb izhorining so‘z orqali emas,
ma’naviy tuyg‘ular orqali yetkazilishi kabi jihatlarni badiiy tahlil qiladi. Xat motivi
vositasida Navoiyning obrazlar olami yanada chuqurlashadi, dramatik ziddiyat
kuchayadi va dostonning ruhiy-falsafiy qatlamlari ochiladi.

Kalit so‘zlar:

Qays, arab qizi Layli, Omir qabilasi, arshi a’zam, ishq dardi,

dasht, visol, maktub, Majnun.

Abstract:

This article analyzes the artistic and philosophical significance of

the letter motif on the example of Alisher Navoi's epic poem Layli and Majnun.
Attention is drawn to the fact that the image of the letter is used not only as a
means of expressing love experiences, but also as a symbolic symbol that reveals
social contradictions, as well as reflecting mystical thinking. The author
artistically analyzes such aspects as the elevation of human love to the divine
essence through Majnun's letters, the expression of the soul not through words,
but through spiritual feelings. Through the letter motif, Navoi's world of images
deepens, the dramatic conflict intensifies, and the spiritual and philosophical
layers of the epic are revealed.

Keywords:

Qays, Arab girl Layli, Amir's tribe, the great throne, the pain of

love, steppe, farewell, letter, Majnun.

Sharq adabiyoti tarixida ishqiy dostonlar muhim o‘rin tutadi. Ular nafaqat

muhabbat kechinmalarini tasvirlaydi, balki jamiyat, axloq, tasavvuf, ma’naviyat va
ruhiy tarbiyaning asosiy g‘oyalarini ham o‘z ichiga oladi. Bu borada Alisher Navoiy
yaratgan “Xamsa” turkumidagi dostonlar, xususan, “Layli va Majnun” asari,
o‘zining g‘oyaviy-falsafiy chuqurligi, badiiy yuksakligi va obrazlar ichki
dunyosining nozik tasviri bilan ajralib turadi. Alisher Navoiy ushbu dostonni
Nizomiy Ganjaviyning shu nomli asari asosida yaratgan bo‘lsa-da, o‘zining yuksak
poetik mahorati va tasavvufiy tafakkuri bilan uni yangi badiiy bosqichga olib
chiqdi. Dostonning markazida Majnun va Layli o‘rtasidagi sof, pok, lekin ayanchli


background image

CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN

MODERN SCIENCES

International scientific-online conference

64

muhabbat voqeasi turadi. Bu muhabbat sadoqat, iztirob, ijtimoiy to‘siqlar, iymon
va ruhiy komillik bilan chambarchas bog‘langan.

Alisher Navoiy ushbu dostonda obrazlar ruhiy holatlarini tasvirlashda turli

san’at vositalaridan — ramz, timsol, tazod, istiora, tashbeh va albatta, motivlardan
keng foydalanadi. Shulardan biri — xat motivi — dostonda alohida poetik
yuklama kasb etadi. Xat bu yerda oddiy aloqa vositasi bo‘lishdan ko‘ra, ko‘proq
ruhiy holatlarning yozma in’ikosi, so‘zga aylangan dard, so‘zsiz nolalarning harfiy
shakli sifatida talqin qilinadi. Sharq adabiyotida xat motivi o‘tmishdan buyon
mavjud bo‘lib, u ko‘p hollarda sevgi, ayriliq, sog‘inch yoki sadoqat ramzi sifatida
qo‘llanilgan. Xat — ikki yurak o‘rtasidagi ko‘prik, ikki dunyo o‘rtasidagi rishta
sifatida tasvirlangan. Navoiyning “Layli va Majnun” dostonida esa bu motiv orqali
Majnunning Layliga yetolmagan, lekin doimo unga intilgan yuragi, umidsizligi-yu
sadoqati, aytishga til ojiz bo‘lgan iztirobi bayon etiladi. Shunday qilib, “Layli va
Majnun” dostonidagi xat motivi orqali Navoiy nafaqat Majnunning individual
kechinmalarini, balki butun bir insoniyatning sevgi va iztirob borasidagi
umuminsoniy holatini badiiy talqin etadi. Ushbu maqolada aynan shu motiv
asosida asar tahlil qilinadi, uning ma’naviy-badiiy yuklamasi ochib beriladi.

Har bir asarda xatlar qaysidir vositachi orqali yetkazib beriladi. Ba’zilarida

kabutar, musicha, mayna hamda eng ko‘p tarqalgan - daryo qushlari (bu qushlar
boshqa tillarda “massage birds”, “mail carriers”, “massage birds” yoki “carrier
birds” kabi turli xil tarjimalarga ega) kabi qushlar asosiy xat tashuvchi qushlar
bo‘lib xizmat qilishgan. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida
Farhodning do‘sti Shopur vositachilik qilganidek, “Layli va Majnun” dostonida
Zayd vositachilik qiladi. U Laylining Majnun haqidagi habarni Layliga yetkazgach
Layli uning so‘zlarini eshitib “So‘zlaring jonimga jon, jismimga ruh bag‘ishladi. Sen
jonim dardiga malham bo‘lding. Sen odam emas, farishrasan!”- deb aytadi.
Bundan ayon bo‘ladiki, Zayd o‘z vazifasini a’lo darajada bajargan. Layli uni
xushxabar keltirgani uchun taqdirlab, Majnun uchun xat yozib beradi. Xat
quyidagicha:

Ushbu raqamki naqshi Chindur,
Bir xastag‘a bir shikastadindir.
Ya’ni meni zori mubtalodin,
Sengaki qutulmading balodin.

1

1. “Ushbu raqamki naqshi Chindur,” Bu yozilgan maktubdagi naqsh (ya’ni

satrlar, harflar, bitiklar) — Chin naqshidir, ya’ni haqiqatdan bo‘lgan, samimiy, rost
yurakdan chiqqan yozuvdir. Bu yerda “Chin” so‘zi “haqiqiy” ma’nosida kelmoqda,

1

Layli va Majnun dostoni 244-bet


background image

CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN

MODERN SCIENCES

International scientific-online conference

65

shuningdek, u Sharq adabiyotida ko‘pincha haqiqat va rostlik timsoli sifatida
ishlatiladi. Layli bu baytda maktubining riyosiz (soxtalikdan xoli) ekani, yozuvlar
yuragining tubidan chiqqanini ta’kidlaydi. 2. “Bir xastag‘a bir shikastadindir.” Bu
naqsh, ya’ni maktub, bir bemorning boshqa bir xasta hol ahvolga tushgan kishiga
yozgan murojaatidir. Ya’ni Laylining o‘zi ham “xasta” – u muhabbatda
qiynalmoqda, iztirob ichida. 3. “Ya’ni meni zori mubtalodin,” Bu — “Men, mubtalo
bo‘lgan, iztirob chekkan, zor holimda bo‘lgan kimsaman” degani. “Zor” —
muhabbat iztirobida yongan, ojiz, bechorahol inson; “mubtalo” — baloga giriftor,
muhabbat dardiga chalingan ma’nolarida. Layli o‘zini muhabbat balosiga mubtalo
bo‘lgan kishidek tasvirlaydi. 4. “Sengaki qutulmading balodin.” Bu yerda esa Layli
Majnunni murojaat qilmoqda: “Ey, senki, hanuzgacha muhabbat balosidan najot
topmading, hali ham azobda yuribsan” degan ma’no bor. Bu jumla orqali Layli
Majnunni tushunishini, uning holini bilishini va unga hamdardligini ifoda
etmoqda. Shuningdek, bu bayt Laylining hamon Majnunga mehr bilan
qarayotganini, uni yodidan chiqarmaganini ko‘rsatadi.

Ey ishq o‘tida xasim, nechuksen,
Ey bedili bekasim, nechuksen?
… Holing nedurur firoqim ichra,
Fikring nedur ishtiyoqim ichra.
Sochingg‘a yopushsa xor-u xoshok,
Kim tortar ekin birin-birin pok?

2

Bu yerda Layli Majnundan hol-ahvol so‘rash uchun ishq o‘tida yonayotgan

kimsasiz oshiqim deb murojaat qiladi. Mendan ayrilgan holda holing qanday? –
deya o‘z maktubini boshlaydi. Hamda Layli Majnundan kam azob
chekmayotganini, U o‘tli oh chekayotgan bo‘lsa, o‘zini tutun chiqarmay o‘t
yoqayotganini aytadi. “Odamlardan eshitishimcha Navfal billan do‘stlashib, uning
qiziga uylanmoqchi emishsan. Bu gaplar rost esa, baxt senga yor bo‘lsin. Lekin
men bu so‘zlarga ishonmadim. Shuni bilki, sen nima tilasang menga ham shu
maqbuldir… meni unutib yuborma” – deb maktubini tugallaydi.

Majnun esa unga javoban quyidagicha yozadi:
… Ey kishvari husn podshosi,
Husn ahli chu kishvarning sipohi.
Ey lutf jahonining bahori,
Yuzung bu bahar lolazori.

3

deb boshlaydi. Majnun Layliga bor voqealarni

batafsul tushuntirgach “Men behad g‘am chekib, vafo qilib yurgan bo‘lsam-u, sen

2

Layli va Majnun dostoni 244-bet

3

Layli va Majnun dostoni 245-bet


background image

CURRENT APPROACHES AND NEW RESEARCH IN

MODERN SCIENCES

International scientific-online conference

66

bunday xayollarga borsang? Lekin yozganlaringni inkor qila olmayman… Sen
Nafval haqida yozar ekansan, men jinnilik holatida ekanimda yuz bergan
hodisalar, xususan, uylanish haqida menga ayb qo‘yding. Lekin bunday ishni o‘zing
qilgan eding. Ibni Salom sening visolingni tama qilganda, otang uning so‘zlariga
rozi bo‘ldi. Sen rozilik berdingmi yo‘qmi, bilmayman shuning uchun ham senga
tuhmat qila olmayman … Iqbol baxt yoring bo‘lsin, jonlar boyligi boshingga
sochilgan nisor bo‘lsin”

4

– deya maktubini tugallaydi. Layli bu maktubni

o‘qiganida ko‘p iztirob chekadi, o‘zini koyidi. O‘z maktubidan xijolat chekib, bu
nomadan ko‘ngli to‘ladi va Majnunga o‘xshab Laylining maktubini bo‘yniga tumor
qilib taqib oladi.

Xulosa:

Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostonida xat motivi orqali ikki

oshiq qalbining iztirobini, sog‘inchi va sadoqatini badiiy yuksaklikda ifodalagan.
Ayniqsa, Laylining Majnunga yozgan maktublari o‘z zamonasidagi ayol obrazining
ichki dunyosini, ruhiy kechinmalarini chuqur ochib beradi. Bu xatlar orqali Layli
shunchaki go‘zal ma’shuqa emas, balki sevgan insonining holidan
xavotirlanadigan, uning azobini yurakdan his etadigan, hatto uni himoya qilishga
ojiz bo‘lib, o‘zini aybdor his qiladigan sezgir, mehribon, aql va vafoga boy obraz
sifatida namoyon bo‘ladi. Laylining “Ey ishq o‘tida xasim” deb boshlanadigan
maktubi — Navoiyning sevgi, firoq, hamdardlik va insoniy tuyg‘ularni ayol tili
orqali qay darajada nozik tasvirlaganining yorqin namunasi. Demak, xat motivi
“Layli va Majnun” dostonida nafaqat siymolararo bog‘lovchi vosita, balki ikki
dardmand qalb o‘rtasidagi ruhiy aloqani ifodalovchi badiiy vosita sifatida katta
ahamiyat kasb etadi. Bu motiv orqali Navoiy ishqni jismoniy emas, balki ma’naviy,
ruhiy va axloqiy qadriyat sifatida talqin qiladi. Shu jihatdan ham dostonning xat
sahnalari o‘quvchini chuqur mushohadaga undaydi va Navoiyning badiiy dahosini
yana bir bor tasdiqlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

Layli va Majnun dostoni T-2022. Yoshlar matbuot uyi

2.

Alisher Navoiyning asarlari tilining izohli lug‘ati

3.

https://cyberleninka.ru/article/n/layli-va-majnun-syujeti

4

Layli va majnun dostoni 247-bet

Библиографические ссылки

Layli va Majnun dostoni T-2022. Yoshlar matbuot uyi

Alisher Navoiyning asarlari tilining izohli lug‘ati