DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
125
JINOYAT PROTSESSIDA MUTAXASSIS ISHTIROKINI
TA’MINLASHGA BILAN BOG‘LIQ AYRIM MUAMMOLAR
Abduvahobov Sherzodbek Abduvahobovich
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi mustaqil izlanuvchisi
E-mail: sherzodbekabduvahobov01@gmail.com
Orcid: 0009-0008-4580-3540
https://doi.org/10.5281/zenodo.12623996
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 69-moddasiga
muvofiq, dalillarni topish va mustahkamlashda surishtiruvchiga, tergovchiga,
prokurorga va sudga yordam berish uchun mutaxassis har qanday tergov va
boshqa protsessual harakatlarga jalb qilinishi mumkin. Ba’zi hollarda, xususan,
taftish tayinlashda mutaxassis jalb qilinmayotganligi [1, B.5] kelgusida iqtisodiy
jinoyatlarni fosh etishda dalillar yetarli bo‘lmasligiga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, bir qator tergov va boshqa protsessual harakatlarda
mutaxassis ishtirok etishi shart: sud-tibbiyot eksperti yoki shifokor – murdani
ko‘zdan kechirish va eksgumatsiya qilishda (JPK 138, 148-moddalari); pedagog –
16 yoshgacha bo‘lgan jabrlanuvchi va guvohni so‘roq qilishda (JPK 121-
moddasi); shifokor – tergovchiga qarama-qarshi jinsdagi shaxsni
guvohlantirishda, agar guvohlantirish ushbu shaxsning badanini yalong‘ochlash
bilan kechadigan bo‘lsa (JPK 146-moddasi). Bunday tartibga solish, jinoyat
protsessida mutaxassisning maxsus bilimlaridan foydalanish doirasini
kengaytiradi [2].
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tergov amaliyotida shaxsni yechintirib
yalong‘ochlash bilan bog‘liq guvohlantirish tergov harakati, guvohlantirilayotgan
shaxsdan o‘zga jinsdagi shifokor yoki boshqa mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi
kuzatilmoqda. Albatta, bu qonun bilan ta’qiqlanmagan, lekin ekspertiza
tekshiruvlari uchun namunalar olish (JPK 196-modda 2-qismi) yoki shaxsiy
tintuv va olib qo‘yish (JPK 162-modda 4-qismi) bir jinsdagi shifokor yoki boshqa
mutaxassis hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.
Bizningcha, guvohlantirishda shifokor yoki boshqa mutaxassisning
guvohlantirilayotgan shaxs bilan bir jinsda bo‘lishi talab etilmaganligi maqsadga
muvofiq emas deb o‘ylaymiz. Chunki, ekspertiza tekshiruvlari uchun namunalar
olish, shaxsiy tintuv va olib qo‘yishda shaxsni yechintirib yalong‘ochlash bilan
bog‘liq holatlarda bir jinsdagi shifokor hamda mutaxassis ishtiroki lozimligi
qayd etilib, guvohlantirishda o‘zga jinsdagi shifokor yoki boshqa mutaxassis
tomonidan o‘tkazilishi munozarali holat.
Shu sababli, JPKning 146-moddasi ikkinchi qismiga guvohlantirilayotgan
shaxs bilan bir jinsdagi shifokor yoki boshqa mutaxassis ishtirokida
DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
126
guvohlantirish tergov harakati o‘tkazilishi bo‘yicha qonunchilikka taklif kiritish
maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.
JPK 86-moddasi uchinchi qismiga binoan, tergovchi tergov harakatiga
mutaxassisni jalb qilish huquqiga ega. JPK normalariga muvofiq, jinoyat
protsessining tergovchidan boshqa ishtirokchilari ham tergov harakatlarini
o‘tkazishga haqlidirlar: tergov organining rahbari (JPK 37-moddasi ikkinchi
qismi), surishtiruvchi (JPK 38
1
-moddasi), surishtiruv bo‘linmasining boshlig‘i va
uning o‘rinbosari (JPK 39-moddasi). Dastlabki tergov yoki surishtiruv jarayonida
ular tegishlicha tergovchi yoki surishtiruvchining vakolatlaridan foydalanadilar,
shuning uchun ham tergov harakatida ishtirok etish uchun mutaxassisni jalb
qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston
Respublikasi
“Advokatura
to‘g‘risida”gi
qonunining
6-moddasi birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq [3], advokat kasbiy
faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur
bo‘lgan
masalalar
yuzasidan
ekspertlarning
yozma
xulosalarini,
mutaxassislarning ma’lumotnoma-maslahatlarini ishonch bildiruvchi shaxsning
(himoya ostidagi shaxsning) roziligi bilan so‘rash va olish huquqiga ega. Mazkur
holatda himoyachi o‘z himoyasida bo‘lgan shaxsga huquqiy jihatdan yordam
ko‘rsatish va holatga oydinlik kiritish uchun mutaxassisni o‘zaro ikki tomonlama
tuzilgan shartnomaga muvofiq jalb qiladi. Ushbu jarayonda mutaxassis
himoyachi tomonidan qo‘yilgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda
taqdim etadi. Shuningdek, himoyachi mutaxassis fikrini kelgusida jinoyat ishi
hujjatlariga dalil sifatida ilova qilishi hamda o‘z himoyasi ostidagi shaxsning
manfaatlari doirasida oqlov dalillari qatorida foydalanish bo‘yicha iltimosnoma
bildirishi mumkin.
Huquqshunos E.X.Narbutaev, dalillarni to‘plash imkonidan himoyachi
foydalanish mumkinligini, ammo mazmun va shakl jihatidan himoyachi amalga
oshiradigan harakatlar dalillarni to‘plashga doir talabga javob bermaydi, deb fikr
bildirgan [4, B.48]. Bu borada E.X.Narbutaevning fikriga qo‘shilish mumkin.
Himoyachilar mutaxassis fikrini olishi, undan qonunga muvofiq
foydalanishlari hamda o‘z himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan ish yuritayotgan
mansabdor shaxsga mutaxassis fikrini taqdim etish bilan bog‘liq holatlar
qonunda aks etmaganligi bois hamda yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqqan
holda, Advokatura to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasi birinchi qismi beshinchi
xatboshisini “mutaxassislarning fikrini yoki ma’lumotnoma-maslahatlarini
ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) roziligi bilan so‘rash
va olish” tahririda bayon etish, shuningdek, “shartnomaga asosan mutaxassislar
DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
127
fikrini olish va ish yuritayotgan mansabdor shaxsga taqdim etish” mazmunidagi
yangi o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etiladi.
Mutaxassisni tergov va sud muhokamasiga chaqirish, uning ishtirok etishi
JPK 69-moddasi birinchi qismi, 91, 92, 136–138, 146, 147, 149, 151, 156-
moddalari, 221-bobi va 193-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga
oshiriladi.
Ayrim huquqshunoslar, xususan N.D.Bababekov, mutaxassisni so‘roq qilish
tartibi belgilanmagan deya ta‘kidlab o‘tgan [5, B.80]. Bu borada N.D.Bababekov
tomonidan bildirilgan fikrlarga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki, ishga jalb qilingan
mutaxassis kelgusida so‘roq qilishning umumiy va maxsus qoidalariga asosan
guvoh tariqasida so‘roq qilinishi mumkin.
Mutaxassisning jinoyat-protsessual munosabatlarda ishtiroki tergov va
sud muhokamasiga chaqirish, ishtirok etishi tartibi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsada,
uni ishga jalb qilish bo‘yicha shakl mavjud emas.
Jumladan, JPK 86-moddasida isbot qilishni amalga oshiruvchi mansabdor
shaxslarning tergov harakatiga mutaxassisni jalb qilish huquqi nazarda tutilgan,
JPK 70-moddasi ikkinchi qismida esa ushbu huquqqa mos keladigan
mutaxassisga chaqiruv bo‘yicha kelishdan bo‘yin tovlamaslik majburiyati
yuklatilganligini ko‘rishimiz mumkin.
JPK 70-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, mutaxassisni chaqirish hamda
uning tergov va boshqa protsessual harakatlarda, sud majlislarida ishtirok etishi
mumkinligi belgilangan, ammo jinoyat protsessi ishtirokchilarini sudga
chaqirish tartibi belgilangan JPK 86 va 403, 418, 420, 424, 433, 437-moddalarida
mutaxassis ko‘rsatilmagan. Mazkur tartiblar mutaxassislarga nisbatan ham
qo‘llaniladi. Maxsus bilimlardan foydalanishning protsessual imkoniyatlarini
kengaytirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishda
muhim o‘rin tutadi [6, B.10].
JPK normalari tahlilidan ko‘rish mumkinki, mutaxassislarni sudga qadar ish
yuritish va sud muhokamasiga yetib kelishlari bo‘yicha aniq muddatlar
belgilanmagan. Axborot va telekommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi,
ulardan foydalanuvchilar o‘rtasida yangi imkoniyatlar ochdi [7, B.240].
Bizningcha, aynan mazkur muammolarni hal qilishda, xabar berishning
zamonaviy vositalari SMS xabar, elektron aloqa vositalari, ijtimoiy tarmoqlar
(telegramm, instagram va h.k), elektron pochta orqali yoki chaqiruv qog‘ozlarini
elektron (QR) imzo orqali tasdiqlangan nusxalarini pochta bo‘limlariga elektron
yuborish, chaqiruv qog‘ozlarini kuriyer orqali yetkazib berib, so‘ngra buni
telefon orqali tasdiqlash shakllarini qo‘llanishi muvofiq bo‘lar edi.
DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
128
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Баракаев Л.О. Далилларни тўплаш усули сифатида тафтиш ўтказишнинг
процессуал ва криминалистик жиҳатлари: Юридик фанлар бўйича фалсафа
доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертатсия
автореферати. – Т., 2023. – Б.5.
2. Ўзбекистон Республикаси Жиноят-процессуал кодекси, 1994 йил.
3. Ўзбекистон Республикаси “Адвокатура тўғрисида”ги 1996 йил 27
декабрдаги қонуни. №349-I-сон.
URL: https://www.lex.uz/acts/54503 (Электрон манбага мурожаат қилинган
сана: 28.02.2024).
4. Жиноят процесси (Умумий қисм): Маърузлар курси / Э.Х.Нарбутаев. – Т.:
Ўзбекистон Республикаси ИИВ Академияси, 2013. – Б.48.
5. Бабабеков Н.Д. Терговга қадар текширув жараёнида махсус билимлардан
фойдаланиш. — Юрист ахборотномаси ҳуқуқий,ижтимоий, илмий-амалий
журнал. 2023. (2-сон 3 жилд). 80 бет. ISSN 2181-9416. Doi Journal
10.26739/2181-9416
6. Мўминов Б.А. Судга қадар иш юритувида махсус иқтисодий
билимлардан фойдаланишни такомиллаштириш: Юридик фанлар бўйича
фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган
диссертатсия автореферати. – Т., Ўзбекистон Республикаси ИИВ
Академияси. – 2018. – Б.10.
7. Абдуллаев Р. Правовые вопросы сбора и использования цифровых
доказательств в уголовном судопроизводстве: Юридик фанлар
ахборотномаси, илмий-амалий ҳуқуқий журнал. Махсус сон III қисм. – Т.,
ТДЮУ. – 2020 (4-сон). – Б.240.