DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
77
ERIX FROMM EKZISTENSIAL FALSAFASIDA INSON
QALBI TAHLILI
Asatulloev Inomjon Abobakir o‘g‘li
Farg‘ona davlat universiteti dotsenti,
Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)
ORCID 0009-0007-3333-6626
https://doi.org/10.5281/zenodo.14921134
Annotatsiya:
Erix Fromm ekzistensial falsafasida inson qalbining
yaratuvchilik va buzg‘unchilikka moyilligi, insonlardagi hukmronlikka intilishni
yoki bo‘ysunishga moyillik, hayotga muhabbat va nafratning mazmuni va
ijtimoiy ahamiyati tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
yaratuvchilik, buzg‘unchilik, hukmronlikka intilish,
bo‘ysunishga moyillik, qalb, ijtimoiy qaramlik, begonalashuv.
Erix Fromm falsafasida inson qalbining hukmronlik istagi, boshqalarni
ezish va kamsitish orqali lazzatlanish mayli sadizm deyiladi. Mazoxistik
xususiyatga qarama-qarshi xolat sadizm hissoblanadi.
Erix Fromm sadistik tendensiyani 3 tipini ko‘rsatadi: «birinchisi, boshqa
odamlarni o‘ziga qaram qilish va ularni xohlagancha boshqarish; ikkinchisi,
odamlar ustidan mutloq hukmronlik o‘rnatibgina qolmay, ularni eksplutatsiya
qilish va ulardan foydalanish hisoblanadi. Egalik qilish hissi boshqalarni moddiy
boyliklarinigina emas, axloqiy va intellektual sifatlariga ham qaratilgan bo‘ladi;
uchinchisi, boshqa odamlarni azoblash va ularni qiynalayotganligini ko‘rishda
namoyon bo‘ladi»[4]. Faylasuf sadizmning kelib chiqishi jinsiy munosabatlarni
buzilishi bilan bog‘liq emasligini ilgari suradi. Bu moyillikni nafaqat jinsiy
aloqada, balki boshqa tabiiy aloqalarda ham kuzatish mumkin. Inson boshqa bir
mavjudotni nazorat qilishni, azoblashni istaydi va bu uning yashirin xohishi
hisoblanadi. «Sadizmning mohiyati tirik mavjudot ustidan chinakam va cheksiz
hukmronlikka ega bo‘lishdir. Birov o‘zini himoya qilish qobiliyatiga ega
bo‘lmasa, unga og‘riq va tahqir etkazish mutlaq ustunlikka ega bo‘ladi»[14].
Frommgacha sadizm va mazoxizm jinsiy aloqa anamaliyalari fenomeni sifatida
ko‘rilgan. Olim xulosa qiladiki, «sadizm (va mazoxizm) jinsiy zo‘ravonlik sifatida
bu ulkan sohaning faqat kichik qismini ifodalaydi, bu hodisalar jinsiy aloqa bilan
bog‘liq emas. Jinsiy bo‘lmagan sadistlikda odam - ojiz va himoyasiz mavjudotni
(insonni yoki hayvonni) topadi va unga jismoniy azob beradi, hatto uni hayotdan
mahrum qilishga urinadi»[14;61]. Jamiyatda o‘z o‘rnini topaolmagan yoki
bolalikdan istaklari bostirilgan inson oila a’zolariga yoki boshqalarga sadistik
munosabatda bo‘ladi.
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
78
Mazoxistik va sadistik moyilliklar boshqalar to‘g‘risida xaddan tashqari
g‘amxo‘rlik qilish va mehribonlik qilish kabi niqoblar bilan yashiringan bo‘ladi.
Mazoxistning qaramligi ochiq oydin ko‘rinsa, sadistga o‘ziga tegishli odam kerak,
zero, u o‘zining kuchli deb his etishi uning kimnidir xo‘jayini ekanligiga
asoslanadi. Aslida odamlar o‘z hukmronligi ostidagi insonlarga hamma narsani -
mehr-muhabbat, e’tibor, hurmatni berishi mumkin, faqat bir narasani bermaydi
- ozodlik va mustaqillik huquqini bermaydi. Ushbu holatlarni ota-onalarning
farzandlari bilan bo‘lgan munosbatlarida ham uchratish mumkin.
Amerikalik olim xarakterning mazoxistik belgilari va tegishli buzuqlik
qaerdan kelib chiqadi, degan savol qo‘yadi. Ya’ni, ham mazoxistik, ham sadistik
mayllarning umumiy belgilari nimalardan iborat? Uning fikricha, ham
mazoxistik, ham sadistik intilishlar individga yolg‘izlik va kuchsizlikning chidab
bo‘lmaydigan uqubatlaridan halos bo‘lishga ko‘maklashadi. Mazoxistlar ustida
olib borilgan psixonalitik kuzatishlar ularda yolg‘izlik dahshati va o‘z ojizligini
his etish kuchayib borishini namoyon qiladi. Erix Fromm fikriga ko‘ra,
«mazoxizmda individ yolg‘izlik va xaqirlik (hechlik)ning chidab bo‘lmas hissi
tufayli harakatga keladi. U psixologik ma’nodagi o‘z «men»idan voz kechib bu
hisni bartaraf etmoqchi bo‘ladi; buning uchun o‘zini kamsitadi, azob chekadi va
o‘zini haddan tashqari xaqirlikka olib boradi. Biroq og‘riq va iztirob-aslo u
intilayotgan narsa emas; og‘riq va iztirob - bu baho bo‘lib, u ana shu bahoni
anglanmagan umidda, anglanmagan maqsadga erishish uchun to‘laydi. Bu juda
og‘ir baho; o‘zini azobga tiqayotgan bu to‘lovchiga yana va yana ko‘proq
to‘lashga to‘g‘ri keladi; u hech qachon to‘laganlari evaziga ichki olami va
xotirjamlikka erisha olmaydi»[4;131-132]. Demak, inson qalbidagi siqilgan
istaklar va uning tadrijiy davomi insonda yangicha xarakterni shakllantiradi.
Shuni ta’kidlash joizki, psixologik nuqtai nazardan mazoxistik va sadistik
tendensiya ham faqat bitta sababdan - yolg‘izlik uqubatlariga chiday olmaslik va
o‘z shaxsining kuchsizligidan kelib chiqadi. Ular bir biri bilan shunday dialektik
bog‘liqki, birini ikkinchisi to‘ldiradi. Sirtdan qaraganda ular bir-birini istesno
etadi, biroq ularning asosida ayni bir ehtiyoj yotadi. Sadizm va buzg‘unchilik
garchi bir-biri bilan bog‘langan bo‘lsa-da, bir xil hodisa emas. Buzg‘unchi shaxs
ob’ektni yo‘q qilishga, ya’ni undan qutulishga intiladi, sadist esa ob’ekt ustidan
hukmronlik qilishga intiladi va uni yo‘qotganida iztirob chekadi.
Ko‘pchilik, mazoxistik hodisani muhabbatning namoyon bo‘lishi, deb
hisoblaydi. Boshqalar uchun o‘zidan to‘la voz kechish, uning manfaatlari yo‘lida
o‘z huquq va istaklaridan voz kechish-ana shularning hammasini «buyuk
muhabbat»ning namunasi qilib ko‘rsatadilar; muhabbat uchun eng yaxshi isbot
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
79
o‘zing sevgan odam uchun o‘zingni qurbon qilish va o‘zligingdan voz kechishga
tayyor turish, deb hisoblaydilar. Bizningcha bu fikr noto‘g‘ri. Chunki muhabbat
ikki insonning mustaqilligi va mukammalligi asosidagi ittifoq bo‘lib, u tenglik va
ozodlikka asoslanadi. Bunday vaziyatda mazoxizm va muhabbatni bir-biriga
qarama-qarshi ekanligi kelib chiqadi.
Mazoxist sifat insonlar boshqa insonga, tuzilmaga, Xudoga bo‘ysunishga
intiladi, bu bilan yolg‘izlikdan qutulishni istaydi. Sadist, aksincha, hukmronlikka
intilib, o‘z hukmi va irodasini boshqaga o‘tkazishni istaydi. Bunday
nosog‘lomlikning yaqqol namoyoni o‘ziga mahliyolikka olib keladi, bunda
odamlarga qo‘shilish o‘rniga, aksincha, ichki sub’ektiv dunyoga beriladi.
«Havotir va ojizlik, qo‘rquv va tushkunlik holati birdaniga johillikka aylanib,
buzg‘unchilikni keltirib chiqaradi, ya’ni begona, dushman dunyoni yakson qilish
istagi tug‘iladi. Murosasoz inson to‘daga singib ketishni istaydi, shaxssizlikda
erib ketadi, shunday holda yolg‘izlik va yuqori havfning «noqulay» holatidan
qochadi»[3;112]. Demak, jamiyatimizdagi insonlarning hokimiyat istagi,
boshqaruvga o‘chlikda ham havotir va ojizlik holatidagi buzg‘unchilik aks etadi.
Erix Fromm azobdan huzurlanishning tez-tez uchraydigan shakli, - bu
shaxsiy to‘liqsizlik, ojizlik, tubanlik hissiyoti, deb hisoblaydi. Bu hissiyotlar – o‘z
kamchiligi va ojizligini oddiygina anglashning o‘zi emas. Bunday insonlar doimo
tashqi dunyoga muhtojliklarini yaqqol namoyon qiladi. «Ular faollikni
xohlamaydi, ya’ni o‘zlari istagan narsani qilmaydi, balki haqiqiy yoki hayotiy
bo‘lgan tashqi kuchlarning buyrug‘iga bo‘ysunadi, odatda, odamlar «men
xohlayman» yoki o‘z shaxsiy «men»ining hissiyotini sinab ko‘rishga qodir emas.
Ular, umuman, hayotni engib bo‘lmaydigan boshqarib bo‘lmaydigan, og‘ir kuch
sifatida his qiladi»[3;113]. Bunday mazoxistik xarakterni shakllantiruvchi muhit
shaxsiy «men» ni o‘ldiradi va shaxsiy to‘liqsizlikni yuzaga keltiradi.
«Mazoxistcha an’analar mazmunsiz bo‘lib, g‘ayriaqliy xususiyatga ega. Lekin
ko‘p hollarda bu aqlga muvofiq deb qabul qilinadi, shunda mazoxistcha odatlar
muhabbat yoki sadoqat niqobida ro‘yobga chiqadi, nomukammallik kompleksi
haqiqiy kamchiliklarni anglash o‘rnini qoplaydi, iztirob chekish o‘zgarmas
sharoitga yuklanadi. Mazoxistcha an’ananing qarama-qarshi tomoni – sadistlik
(shafqatsiz)dir. U kuchli yoki kuchsiz tarzda namoyon bo‘ladi, to‘liq yoki qisman
anglanadi, lekin bu holning umuman bo‘lmasligi juda kam uchraydi. Iztirob
chekish jismoniy bo‘lishi mumkin, lekin ko‘p holda – bu ruhiy holatdir. Olim
fikricha, kamsitish, qo‘rqitish yashirin holda birovning kamsitilganini, qo‘rquvini
kuzatish»[15;197], - bu intilishning maqsadi hisoblanadi. Sadistik va mazoxistik
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
80
tendensiyalar insonning ruhiy holati hissoblanib, hayotda o‘z o‘rnini topishga
zo‘raki intilishni anglatadi.
Sadistik va mazoxistik xarakter tahlil qilingandan so‘ng, avtoritar xarakter
tushunchasiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lekin avtoritar
xarakterni tahlilidan oldin «avtoritet», «hokimiyat» tushunchalariga aniqlik
kiritish kerak bo‘ladi. Erix Fromm hokimiyatni ichki va tashqi hokimiyatga
ajratib, ichki hokimiyat burch, vijdon sifatida namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi va
vijdon haqida shunday yozadi. «Vijdon tashqi hokimiyatga qaraganda
shafqatsizroq boshqaradi, yana buning ustiga, vijdon buyruqlarining mazmuni
ko‘pincha insoniy qadr-qimmatga nisbatan axloqiy normalarning talablariga
mutlaqo mos kelmaydi»[4;141-142]. Vijdon o‘zining qattiqqo‘lligi bilan tashqi
hokimiyatdan o‘zib ketishi mumkin: axir, inson vijdon buyruqlarini o‘zining
buyruqlari sifatida his etadi-ku! U qanday qilib o‘ziga qarshi bora oladi? Bugungi
kunga kelib, «vijdon» ko‘p jihatdan o‘z salmog‘ini yo‘qotdi. Har bir odam agar
boshqa odamlarning qonuniy huquqini buzmasa, mutlaqo erkin. U avtoritar
hokimiyatning muhim xususiyati sifatida hokimiyat va kuchga bo‘lgan
munosabatni keltiradi. Uning fikricha, kuch avtomatik ravishda muhabbatni
vijudga keltiradi. Kuch uni kuch ortida turgan qadriyatlar tufayli emas, balki o‘z-
o‘zidan, kuch bo‘lgani uchun jalb etadi. Erix Fromm fikricha, «hokimiyatga
tashnalik kuch bilan emas, balki ojizlik bilan bog‘liqdir. Hokimiyat kimnidir
ustidan hukmronlik qilish bo‘lsa, kuch o‘zgarishlar qilishga qodir bo‘lish
deganidir. Agar inson kuchli ekan, ya’ni o‘z shaxsining ozodligi va yaxlitligi
asosida o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qodir ekan, unga odamlar
ustidan hukmronlik qilishning keragi yo‘q va u hokimiyatga intilmaydi»[4;138].
SHunday ekan, jamiyatimiz insonlarida hokimiyatga egalikni emas, kuchga
egalikni qadrlashni o‘rgatishimiz kerak. Chunki hukumronlik ojizlik, kuch
qodirlikni anglatadi.
Адабиётлар рўйхати:
1.
Рузматова Г. Руҳият таҳлили фалсафаси. –Тошкент: Нишон-ношир,
2014. –Б.264; Алимасов В. Инсон таназзули (Эрих Фроммни ўқиб). –Б. 110-
122. // Фалсафа ёхуд фикрлаш чанқоғи. –Тошкент: Фалсафа ва ҳуқуқ
институти нашриёти, 2007. –278 б.
2.
Раҳмон Қўчқор. Қалб илми эгаси // Жаҳон адабиёти журнали -2013.
№ 3. –Б.177-179.
3.
Фромм Э. Бегство от свободы. –Москва: Прогресс, 1990. –С.280.
4.
Fromm E.Özgürlükten kaçiş. –Ankara: Teknografik Matbaası, 1996. –S.13.
5.
Добренькое В.И. Неофрейдизм в поисках «истины» (Иллюзия и
заблуждения Эриха Фромма). – Москва: Мысль, 1974. –С.144.
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
81
6.
Егорова И.В. Философская антропология Эриха Фромма. Москва.:
2002. –С.164.
7.
Жалолиддин Румий. Ичингдаги ичингдадир. Тошкент: Ёзувчи, 1997. -
Б.57.
8.
Фромм Э. Севги санъати. –Тошкент: Ўзбекистон, 2011. –Б. 124.
9.
Фромм Э. Здоровое общества догмат о Христе. – Москва: АСТ:
Транзиткнига, 2005. –С.571.
10.
Фромм Э. Психоанализ и этика. – Москва: Республика, 1999. –С.244.
11.
Фромм Э. Человек для самого себя. – Москва: АСТ: АСТ МОСКВА, 2009.
–С.763.
12.
Фромм Э. Искусство любить. – Москва: Педагогика, 1990. –С.157.
13.
Фромм Э. Иметь или быть? – Москва: Прогресс, 1990. –С.330.
14.
Фромм Э. Анатомия человеческой деструктивности / Э. Фромм. –
Москва: Республика, 1994. –С.58.
15.
Рузматова Г. Руҳият таҳлили фалсафаси. –Тошкент: Нишон-ношир,
2014. – Б.197.
16.
Fromm E. Sevginin ve şidetin kaynaği. –Istanbul: Payel yayınevi, 1990 -
S.50
17.
Агапов П.В. Эрих Фромм о человеческой агрессивности и
деструктивности: опыт философско-антропологического анализа. //
Вестник МГУКИ, 2012. № 6 (50) ноябрь–декабрь.-С.59.