Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
244
7. Хасанов А.Х. Народные движения в Киргизии в период Кокандского
ханства. – М., 1977. – С.19.
8. Чотонов У История Отечества – Б., 2018 – С.113.
QO‘QON XONI MUHAMMAD ALIXON VA AMIR NASRULLOXONNING
SIYOSIY KURASHI TARIXIDAN
Qosimov X.K.
NamDU tarix mutaxassisligi magistranti,
Pop tumani 16-sonli DIMI tarix fani o’qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada Qo‘qon-Buxoro o‘rtasidagi ziddiyatlar, ularni keltirib
chiqargan sabablar, Qo‘qon xoni Muhammad Alixon va Buxoro amiri Nasrulloxonning siyosiy
kurashi, Qo‘qon xonligini egallanishi va uning salbiy oqibatlari haqida ma’lumotlar berilgan.
Kalit so‘z va iboralar: Muhammad Alixon, amir Nasrulloxon, Amir Umarxon, Ismoil
Hoji, O‘ratepa, Xo’jand, Podshohxon oyim, Muhammad Halil Sohibzoda
Аннотация: В данной статье представлена информация о конфликтах между
Коканд и Бухарой, их причины, политическая борьба Кокандского хана Мухаммада
Алихана и Бухарского эмира Насрулла-хана, оккупации Кокандского ханства и ее
негативные последствия.
Ключевые слова и фразы: Мухаммад Алиxан, эмир Насруллахан, эмир Умархан,
Исмаил Хаджи, Ура-тюбе, Ходжент, Подшаххан, Мухаммад Халил Сахибзаде
Annotation: This article provides information about the conflicts between Kokand and
Bukhara, the reasons of those conflicts, the political struggle of the Khan of Kokand Muhammad
Ali Khan and the Emir of Bukhara Nasrullah Khan, the occupation of the Khanate of Kokand
and its negative consequences.
Key words and phrases: Muhammad Ali Khan, Nasrullah Khan, Amir Umar Khan,
Ismail Haji, Uratepa, Khojand, Podshah Khan, Muhammad Halil Sahibzada
O‘zbekiston tarixi fanida ziddiyatlarga boy, manbalar tahlili keng qamrovli,
teran mulohaza orqali yondashuvni talab qiladigan Markaziy Osiyo xonliklari
davri muhim ahamiyatga ega. Tarixdan ma’lumki, ba’zi vaqtlarda xonliklar
o‘rtasida do‘stona, ittifoqchilik munosabatlari hukm surgan bo‘lsada, XIX asrlarda
birinchi yarmiga kelganda Buxoro amirligining O‘rta Osiyoda yetakchilik qilishga
intilishi, Qo‘qon xonligi bilan munosabatini keskinlashuviga olib kelgan.
Qo‘qon xonligi taxtini Muhammad Alixon (1822-1842) egallagan davrda
Buxoro amirligi taxtini Amir Haydar (1820-1826) va Amir Nasrulloxon (1827-
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
245
1860) boshqargan. Muhammad Alixon hukmronligi davrida Qo‘qon xonligi
siyosiy va iqtisodiy hayotida Buxoro amirligi muhim ahamiyat kasb etgan. Bu
davrda ikki xonlik O‘rta Osiyodagi yetakchilik mavqeni egallash uchun o‘zaro
kurash olib borgan. Amir Haydar Buxoro taxtini boshqargan davrda Qo‘qon
xonlari Olimxon (1798-1810), Umarxon (1810-1822) va Muhammad Alixonlar
tashqi siyosatda Buxoro amirligidan ancha ustunlikka ega bo‘lganlar. Ikki xonlik
o‘rtasidagi talash – Toshkent, O‘ratepa, Xo‘jand, Jizzax, Turkiston kabi
hududlarda Qo‘qon xonligining ustunligi kuzatilgan.
O‘z navbatida Qo‘qon xonlari Norbo‘tabiy, Olimxon, Umarxon va
Muhammad Alixonlar Buxoro amirligidan mustaqil bo‘lishga intilayotgan
Shahrisabz kenagaslari, Miyonqoldagi xitoy-qipchoqlar va Hisor bekliklarini
doimo qo‘llab quvvatlab turgan. Qo‘qon xonlari va Shahrisabz beklari o‘rtasida
qarindoshlik aloqalari mavjud bo‘lib, bu aloqalar xonlik tashkil topgan dastlabki
davrdayoq o‘rnatilgan edi. Ma’lumki, Qo‘qon xoni Abdurahimbiy (1721-1734)
1732-yilda Buxoro xonligi ustiga yurish qilgan va Samarqandni egallagan. So‘ngra
Shahrisabzga hujum qilgan. Shahrisabz hokimi Abdurahimbiy bilan bitim tuzgan
va qizi Oychuchukni unga nikohlab bergan. Qozoq tarixchisi T.K.Beysimbiyev
bo‘lg‘usi Qo‘qon xoni Norbo‘tabiyning buvisi va Abdurahimbiyning xotini
Oychuchuk Shahrisabz hokimi Ibrohim otaliqning qizi ekanligini ta’kidlagan
[6:
38].
Shuningdek, Shahrisabz kenagaslaridan bo‘lgan eshon Hakimto‘ra ham
Qo‘qon xonlari bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Eshon Hakimto‘ra ikki o‘g‘li
Ma’sumxonto‘ra va Eshonxonto‘ralarga Qo‘qon xoni Norbo‘tabiyning ikki qizini
olib bergan. XIX asr tarixchisi Muhammad Hakimxon to‘ra (1802-yilda tug’ilgan)
Ma’sumxonto‘raning katta o‘g‘li, Norbo‘tabiyning nabirasi, Olimxon va
Umarxonlarning jiyani edi. Qo‘qon xoni Muhammad Alixon Muhammad
Hakimxonto‘rani avval To‘raqo‘rg‘onga, so‘ng Namangan va Kosonga hokim etib
tayinlagan. Keyinchalik esa, ular orasidagi munosabat buzilib, Muhammad
Hakimxon to‘ra Qo‘qon xonligidan quvg‘in qilingan. Tohirjon Xo‘jandiyning
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
246
fikricha, bu oilaning xon g‘azabiga uchrashi sababi Umarxon o‘limidan keyin
Muhammad Hakimxonning onasi Oftob oyim taxtga davogar bo‘ladi va o‘g‘li
Chinni to‘rani (bu shaxs haqida “Muntaxab at-tavorix”da biror ma’lumot
keltirilmagan. Chinni to‘ra Muhammad Hakimxonning o‘zi bo‘lishi mumkin,
chunki uning nomi bobosi Hakimxonto‘ra sharafiga shunday qo‘yilgani haqida
asarda ta’kidlab o‘tadi va bunday kishilarni ikki nom bilan atash hozirda ham
an’ana bo‘lib kelmoqda) xon etib ko‘tarishga harakat qilishadi
[4: 210].
Buxoro amirligi taxtini amir Nasrulloxon egallagan davrdan boshlab ikki
mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashgan. Tarixiy manbalarda
qayd etilishicha, quyidagi voqea sababli ikki davlat munosabatlari yanada
yomonlashgan: Buxoro hukmdori Amir Haydar vafot etgandan so‘ng, dastlab,
Buxoro amirligi taxtiga to‘ng‘ich farzand va valiahd sifatida vasiyatga binoan
Husayn to‘ra (1797 –1826) o‘tirgan va u Amir Husayn nomi bilan 78 kun amirlik
qilgan. Uning amirlik davri 1826-yil 9-oktyabrdan – o‘sha yilning 22-dekabrigacha
davom etgan. Amir Husayn to‘satdan xastalanib qolgach, 1826-yilning kech
kuzida kichik ukasi Umarxonning zudlik bilan Karmanadan poytaxt Buxoroga
yetib kelishini so‘ragan va uni o‘z o‘rniga amir qilib ko‘tarishlarini vasiyat qiladi.
Amir Husayn vafot etgach, ba’zi saroy a’yonlari va qo‘shin sarkardalarining
yordami bilan Sayyid Mir Umar 1826-yil 23-dekabrda Buxoro amirliga taxtiga
o‘tirgan. Amir Umarxon mang’itlar sulolasining oltinchi amiri sifatida atigi bir
oyga yaqin hukmronlik qilgan
[15: 7-8].
Saroy a’yonlari va amaldorlarning
ko‘pchiligi amir Umarxonning akasi hisoblangan Qarshi hokimi Nasrulloxonni
qo‘llab-quvvatlagan va taxtni egallashga da’vat qilgan
.
Nasrulloxon Nasaf,
Samarqand va Miyonqolda turgan lashkarlar bilan birga Buxoroga hujum qiladi. U
70 kun Buxoroni qamal qiladi. Amir Haydarning vaziri Muhammad Hakim
qo‘shbegi Nasrullo bilan til biriktirib, unga shahar darvozalarini ochib beradi.
Nasrullo 1827-yil aprel oyining boshlarida (Hakimxon To‘raning yozishicha,
1827-yil 18-martda, G.Vamberining fikricha, 22-martda) Buxoro taxtiga yettinchi
mang‘it amiri sifatida o‘tiradi. Amir Nasrullo Buxoro taxtiga chiqqach, ukasi
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
247
Umarxonni hakimu hukamolarning eng odili bo‘lmish Mavlaviy Sharifhoji
iltimosiga ko‘ra Buxorodan chiqarib yuboradi. Umarxon dastlab Hirotdagi
Komronshoh ibn Mahmudshoh huzurida bir muddat yashagan, so’ngra Qo‘qonga
kelib, bu shaharda istiqomat qilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Qo‘qon xoni
Muhammad Alixon unga o‘z singlisini nikohlab bergan. Umarxonning keyingi
hayoti qanday kechganligi va bevaqt o‘limi to‘g‘risida turli manbalarda bir-biriga
zid ma’lumotlar mavjud. G.Vamberining yozishicha, Umarxon oradan ko‘p o‘tmay
Qo‘qonda vabo kasalligi natijasida vafot etgan. Bu voqea hijriy 1245-(milodiy
1829-yili) bo‘lgan. Ost-Indiya kompaniyasining siyosiy vakili A.Byornsning
yozishicha, Umarxonning vafotidan so‘ng, uning xoki Qo‘qondan Buxoroga
keltirilib, dafn etilgan. Tarixchi Mirzo Olim Maxdum Hoji bu fikrlarni yanada
oydinlashtirib, Umarxon hijriy 1245-yili vabo kasali bilan vafot etganligini, uning
jasadi Buxoroga keltirilib, bobosi Muhammad Doniyolbiy qabri oldida dafn
etilganligini alohida ta’kidlaydi. Biroq ba’zi tarixchilar Umarxon o‘z akasi Amir
Nasrullo tomonidan o‘ldirilgan, degan fikrlarni ham qayd etishgan. Masalan,
tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy o zining “Ta’rixi salotini mang’itiya” (1906 –
1907) asarida yozishicha, Umarxon Qo‘qonga jo‘natilgach, Amir Nasrullo o‘z
tarafdorlarining qistovi bilan birodari Umarxonni o‘ldirish uchun Xayrullohbek
ismli qotilni Qo‘qonga yuborgan. Xayrullohbek Qo‘qonga kelib, Umarxonni
o‘ldiradi va uning boshini Buxoroga keltirib, Nasrulloxonga ko‘rsatadi. Umuman
olganda, ukasi Umarxonga yordam berganligi, uni qo’llab quvatlagani uchun ham
amir Nasrullo Qo‘qon xoni Muhammad Alixondan qattiq g‘azablanadi.
Qo‘qon xoni Muhammad Alixon va Buxoro amiri Nasrullo o‘rtasidagi
munosabatlarni rus sharqshunoslari P.I.Demezon va I.V.Vitkevich quyidagicha
ta’riflaydi: “Qo‘qon xoni Muhammad Alixon Xiva xonligi, Qunduz, Shahrisabz va
Hisor beklari bilan Buxoro amirligiga qarshi ittifoq tuzadi. 1834-yil yanvar oyida
Qo‘qon xoni elchisi Buxoroga keladi va Buxoro amiri Nasrullodan Shahrisabz
otalig‘ining qizini Muhammad Alixonga unashtirilganini, uni olib ketish uchun 2
minglik qo‘qonlik sarbozni chegaradan o‘tishi uchun ruxsat so‘raydi. Ammo
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
248
Nasrulloxon kelinni olib ketish uchun 200 sarboz yetishini, agarda, qo‘qonlik
sarbozlar belgilangan vaqtda qaytib ketmasa oqibati yomon bo‘lishi bilan
ogohlantiradi. Chunki, bu davrda Amir Nasrullo o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan
Shahrisabz bekligini bo‘ysindirish uchun harakat qilayotgan edi. Shuning uchun
ham Qo‘qon xonligi tomonidan Shahrisabzni qo’llab-quvvatlashga urinishi Buxoro
uchun katta xavf bo‘lishi mumkinligidan cho‘chir edi”
[12: 33-34].
P.I.Demezon va Vitkevichlarning Muhammad Alixon hukmronligi davrida
Qo‘qon-Buxoro munosabatlari to‘g‘risida quyidagi ma’lumoti ham e’tiborga loyiq.
Unga ko‘ra, “1831-yili Konstantinopolga (Istambulga) Xiva orqali yo‘lga chiqqan
Qo‘qon xoni elchisi, qaytishda Buxoro orqali keladi. Elchi va uning sheriklarini
ko‘pi Eronda vabo yuqtirib olamdan o‘tadi. Elchining o‘g‘li va 5-6 nafar
hamrohlari bilan Buxoro orqali vataniga qaytmoqchi bo‘ladi va 1834-yili yanvar
oyida Buxoroga kirib keladi va Ismoil Hoji karvonsaroyiga joylashadi. Ular o‘zlari
bilan Sulton tomonidan Qo‘qon xoni Muhammad Alixonga sovg‘a sifatida
yuborilgan ajoyib qilichni olib kelayotgan edi. Bundan xabar topgan Buxoro amiri
Nasrullo qilichni ko‘rmoqchi bo‘ladi va elchining o‘g‘lidan uni olib kelishni talab
qiladi. Biroq elchining o‘g‘li qilich g‘ilofda ekanligini, g‘ilof esa sulton muhri
bilan muhrlanganligini va muhrni buza olmasligini aytadi. Rad javobini eshitgan
amir Nasrullo g‘azablanib, elchilarni shahardan haydab chiqaradi va orqasiga
qaytarib yuboradi. Natijada, Qo‘qon elchilari orqasiga qaytib Xiva xonligi hududi
orqali Qo‘qonga qaytadi. 1834-yil 10-martda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon
tomonidan Buxoroga elchi yuboriladi va unga o‘tgan yozda Buxoro qo‘shinlari
tomonidan egallab olingan qal’alarini qaytarib berishini va Qo‘qon xoni
elchisining Buxorodan haydab chiqarilishi sabablarini so‘rash vazifasi yuklatiladi.
Dastlab kelgan elchilar Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan qabul qilinmadi,
keyinchalik, qushbegi maslaxati bilan 15-aprel kuni elchilar qabul qilinib, uzoq
kutilgan javob: Qo‘qon xoni qaytarilishini talab qilgan qal’alar qaytariladi,
Buxorodan haydalgan elchilar uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ladi
[8: 68-70].
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
249
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Muhammad Alixon
hukmronlik qilgan XIX asr 30-yillarining o‘rtalarida ham Qo‘qon xonligi Buxoro
amirligiga nisbatan o‘z ustunlik mavqeini saqlab qolgan.
Amir Nasrullo 1833-yildan – 1856-yilgacha Shahrisabz va Kitobga 32 marta
harbiy yurish qilgan. Va nihoyat 1856-yildagina u Shahrisabz va Kitobni o‘ziga
bo‘sundirishga muvaffaq bo‘ladi. U dastlabki yurishlari muvaffaqiyatsiz
chiqqanidan so‘ng Shahrisabzning ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘qon xonligini
bo‘ysindirishga yoki kuchsizlantirishga harakat qilgan.
Buxoro amirligi Shahrisabz va Hisor bekliklarini bosib olishga urinayotgan
davrda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon bu ikki beklikni qo‘llab-quvvatlash bilan
birga, amirlikka qarshi harbiy harakatlar ham olib borgan. Xususan, 1834-yil
Muhammad Alixon xonlik hududidan chiqib ketgan O‘ratepani yana qaytarib
olgan.
Yuqoridagi voqealardan so‘ng amir Nasrullo Qo‘qon xonidan norozi bo‘lgan
kuchlarni o‘z atrofiga to‘play boshlagan. O‘z navbatida Muhammad Alixon ham
Amir Nasrullodan norozi bo‘lganlarini Qo‘qonga chorlagan. Voqealarning bunday
rivojlanishi natijasida, Qo‘qon – Buxoro munosabatlari juda keskinlashib ketgan.
Buni tarixiy manbalardagi Muhammad Alixon o’z hukmronligining so’nggi
yillarida davlatni boshqaruvning mutloq, yakka hokimlik uslubida boshqarishga
harakat qilgani, hukumat ishlarini hal qilishda amaldorlar va ulamolar fikri bilan
hisoblashmaganligi
haqidagi
ma`lumotlar
tasdiqlaydi.
Shuningdek,
bu
hukmdorning markaziy boshqaruvda yuqori mavqega ega bo‘lgan ayrim
mansabdorlarni qatl ettirishi va mamlakatdan badarg‘a qilishi hokimiyatning
zaiflashuviga, muxolifat kuchlarning mamlakat tashqarisida birlashib harakat
qilishiga imkon yaratdi. Xususan, bu hukmdorning so‘nggi yillardagi faoliyati
haqida Is’hoqxon to‘ra Ibratning “Tarixi Farg‘ona” asarida “Muhammad Alixon
fuqarolarga beparvo bo‘lib, musohiblari ulamo va fuzalolardan bo‘lmay, pandu
nasihat eshitmay, eshitsa ham quloq solmay, xususan, keyingi asrida lahvu la’ab
ilan bo‘lib, ulamoyu fuzalo va a’yonlardan pandu nasihat qilsalar ba’zilarini
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
250
o‘ldurub va ba’zilarini Farg‘onadan chiqarib, Buxoroga badarg‘a qilib, nasihat
olmay qolgan ekan”, – deb qayd etiladi
[11: 105].
Muhammad
Alixon
hukmronligining
so‘nggi davrlarida xonlikda
g‘alayonlar kuchayadi, xondan norozi bo‘lganlar unga qarshi ochiq kurashish
uchun yetarli kuchga ega bo‘lmaganligi sababli Buxoro bilan yaqinlashish
siyosatini tutadi
.
Qo‘qon xonligi markaziy hokimiyatida vujudga kelgan bunday vaziyatdan
muxolif kuchlar foydalanib, Buxoro amiri Nasrulloxonni gij-gijlab, unga maktub
yo‘llab, uni Qo‘qonga qarshi qo‘shin tortishiga muvaffaq bo‘ladilar
[13: 20].
Amir Nasrulloning Qo‘qon xonligiga yurishi to‘g‘risida turli xil, bir-biriga
qarama-qarshi fiklar mavjud. Ma’lumki, amir Nasrulloxon Xiva va Qo‘qon
xonliklarini Buxoro atrofida birlashtirishga uringan siyosatchi sifatida Turkiston
tarixida muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatning hududiy yaxlitligini tiklash
uchun u Qo’qon xonlari tomonidan tortib olingan Bashog‘ir, Xo‘jand, O‘ratepa,
Toshkent, Jizzax va Zominni 1840 – 1842-yillar o‘rtasida Buxoro amirligiga
qaytardi. Bu paytda Qo‘qon xonligida ichki vaziyat keskinlashib, yuqori tabaqalar
va xalqning xondan noroziligi kuchaygan edi. 1841-yilda Qo’qon xoni Muhammad
Alixon o‘zini Buxoro amiri Nasrulloxonning noibi sifatida tan olib, o‘z ukasi
Sulton Mahmudxon foydasiga taxtdan voz kechgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, amir
Nasrulloxonning Qo‘qon ustiga ushbu yurishiga Qo‘qon xoni Muhammad Alixon
(u Madalixon sifatida mashhur edi)ning axloqsizligi va ichkilikka mukkasidan
ketganligi asosiy bahona bo‘lgan. Xususan, etnograf va sharqshunos V.P. Nalivkin
(1852 – 1918) Muhammad Alixon haqida aytgan quyidagi fikrlarini keltirib o’tadi:
“U o‘jar, injiq, tantiq qilib o’stirilgan, serxarxasha, badjahl, axloqan va jismonan
buzilgan. Saroy amaldorlariga may, sharob va ayollar bilan unga xushomadgo‘ylik
qiladi”
[5: 29]
. Lekin ba’zi bir Qo‘qon tarixchilari Muhammad Alixonga berilgan
bu ta’riflar aslida noto‘g‘ri ekanligini qayd etgan. Muhammad Alixon shaxsiga
berilgan salbiy fikrlar tarixchi Muhammad Hakimxon to‘raga tegishli bo‘lgan.
Chunki, birinchidan, Muhammad Alixon hokimiyatni egallagan dastlabki
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
251
kunidanoq turli yomon niyatli shaxslar Ma’sumxon va Muhammad Hakimxonni
yomonlab tuhmat toshlarini yog‘dirishlari natijasida ularni haj safari bahonasida
mamlakatdan chiqarib yuboradi, ikkinchidan Xonposhsha oyim masalasida
Muhammad Alixon va Muhammad Hakimxonlar o‘rtasidagi munosabat
keskinlashgan. Natijada, Hakimxon To‘ra “Muntaxab at-tavorix” (“Tarixlar
to‘plami”) asarida Muhammad Alixon haqida salbiy fikrlarni bildirgan va uning
ma‘lumotlari boshqa ko‘plab tarixchilarga manba bo‘lib xizmat qilgan degan
fikrlar ham mavjud.
Ayrim tarixiy manbalarga ko‘ra, Muhammad Alixon marhum otasi
Umarxonning kanizagiga uylangan va undan farzand ko‘rgan. Tarixchi va
ma’rifatparvar Is’hoqxon to‘ra Ibrat (1861 – 1937) o‘zining “Tarixi Farg‘ona”
(“Farg‘ona tarixi”) asarida keltirib o‘tishicha, bu ayolning ismi Podshohxon oyim
[10: 104]
bo‘lib, u Farg‘ona beklaridan Mahmudbekning qizi hisoblangan va juda
husnli juvon bo‘lgan. Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, bu kanizakning ismi
Xonposhsha bo‘lib, u juda go‘zal va ilmli ayol bo‘lgan
[17: 175].
Tarixiy manbalardan ma’lumki, amir Nasrullo o‘z bosqinchilik yurishini
oqlash uchun go‘yo Muhammad Alixon otasi uylanmoqchi bo‘lgan kanizakni
nikohga olib, shariatga xilof ish tutdi, degan da’vo bilan chiqqan. Is’hoqxon to‘ra
Ibrat “Tarixi Farg‘ona” asarida amir Nasrulloning bu ishiga aslida nimalar sabab
bo‘lgani xususida quyidagicha yozadi: “Muhammad Alixon anosini oldi, degan
so‘z rost bo‘lmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilg‘an qabihalarini
tavjihiga chiqarilmish so‘zlari ekan. Asl muddao bo‘lak ekan. Chunonchi,
Umarxon: “olaman”, degan Podshohxon oyimni husnini eshitub, g‘oyibona
maftuni jamol bo‘lub, muni anga sabab qilib kelgan ekan... Muhammad Alixonni
xalqni ko‘ziga osiyu gunohkor ko‘rsatib, shariatni poymol qildi, tanbeh darkor, deb
kelib, qancha xonzodayu mazluma oyimlarni qatli bag‘ayri haq qilib, oxirulamr
murod o‘shal oyim ekan, olub, muddaosig‘a yetib, Buxorog‘a olib ketdi”
[9: 101].
Mirzoolim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin”ida esa
amir Nasrullo bosqinining boshqa bir sababiga urg‘u beriladi. “1252-sanada
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
252
(milodiy 1836-1837-yillar) Farg‘ona xoni Muhammad Alixon birla amir Nasrullo
oralarida Bashog‘ir nom qal’a ta’miri xususida munozaat (nizo) bo‘ldi... Bashog‘ir
qal‘asi munoze’i va ham boshqa sabablar ila amir Nasrullo Bahodirxon qo‘shin
jamlab, Farg‘ona o‘lkasiga yurush qilib, nizomiy askarlari birla osonlik bilan
Bashog‘irg‘a istilo qilib, andin O‘ratepa va Xo‘jand shaharlarig‘a doxil bo‘lub,
andin dorulmulki Farg‘ona bo‘lub turgan Ho‘qand ustiga kelib, qatl aylab
Buxoroga jo‘nadi”
[2].
O‘sha davrdagi boshqa muarrixlarning asarlarida ham amir Nasrullo
Qo‘qonga qilgan bu bosqin sabablari xususida hamfikrlik ko‘zga tashlanadi. Ular
barchasi bosqin sababini, avvalo, Muhammad Alixon Qo‘qon xonligi sarhadlarini
mustahkamlash uchun amirlikka chegaradosh Bashog‘ir qal’asini yangilaganida,
qolaversa, Muhammad Alixon nikohiga olgan kanizak Podshohxonning husn-
jamoli ta’rifini eshitgan amir unga g‘oyibona “oshiq” bo‘lib qolganida ko‘radilar.
Oqibatda, Muhammad Alixonning shariatga zid ishlarni yana davom
ettirishi, ikkinchi tomondan, Qo‘qon xonligi hududini uzil-kesil Buxoro amirligiga
qo‘shib olish niyati Nasrulloxonni 1842-yil bahorida Qo‘qon ustiga yangi yurish
qilishga undaydi. Buning ustiga, Qo‘qon xonligida yangi Qo‘qon xoni Sulton
Murodxon va sobiq xon Muhammad Alixonga nisbatan muxolifat va norozilik
jiddiy ravishda kuchaygan edi.
1842-yil aprel oyida amir qo‘shini tomonidan xonlik poytaxti Qo‘qon shahri
egallanganidan so‘ng Muhammad Alixon taqdiri haqida Mirzoolim Mushrif
o‘zining “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin” asarida quyidagilarni bayon
etgan: Muhammad Alixon ukasi Sulton Mahmudxon bilan Yormazor hududiga
borib, u yerda iloj topmay, aka-uka Boturxon huzuriga kelib shavqat so‘raydilar
desa, ba’zilar Andijonga yaqin Oyimqishloqqa borib, Oyimqishloqda tong
otguncha aylanib, qorni och va tashna bo‘lib, bir kampirning uyiga kirib u yerda
uxlab qoladi. Erta tongda amir sarbozlari ularni ushlab keladi va Nasrulloxon
farmoni bilan Qo‘qon xoni Sulton Mahmudxon, akasi Muhammad Alixon, uning
o‘g‘li Muhammadaminbek uchchalasi Qo‘qondagi Zarrin degan xos imoratga olib
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
253
kelinib qatl qilinadi. Shuningdek onasi Mohlaroyim (Nodirabegim), Xushxolbibi
va Norbibi, 4 nafar ayolni va boshqa bekzodalarni ham o‘ldirtiradi
[14: 20-21].
Xonposhshoning taqdiri haqida Muhammad Hakimxonning xabar berishicha,
Xonposhsho amir Nasrullo bilan ikki oy yashab, o’ttiz sakkiz yoshida dunyodan
o‘tgan
[18: 177].
Bu davrda xonliklar o‘rtasidagi urushlar Rossiya imperiyasini manfaatlariga
xizmat qilar edi. Ular O‘rta Osiyo xonliklarini bir-biriga gij-gijlab
kuchsizlantirishga harakat qilar edilar. Bu diplomatiyaning namunalaridan biri –
1842-yil bahorida Qo‘qon xonligi amir Nasrullo tomonidan bosib olingach, tez
orada Rossiya imperatori Nikolay I (1825-1855) ning amirga yo‘llagan maktubi
edi. Ikki xonlik o‘rtasidagi bu adolatsiz urushning bosh sababchisi amir Nasrullo
ekanligini yaxshi bilgan imperator amirning Qo‘qondagi g‘alabasidan mamnun
ekanini bildiradi. Unga go‘yo iltifot ko‘rsatayotgandek bunday deb yozgan edi:
“Qo‘qondagi taxt uchun kurashlarni bartaraf qilish zarur. Shundan keyin Turkiston
va Toshkent bilan Sirdaryo bo‘yigacha bo‘lgan yerlar, Jizzaxdan boshlab O‘ratepa,
Xo‘jand, Qo‘qon, Marg‘ilon va Qashg‘ar chegarasigacha bo‘lgan yerlar Siz
Hazrati oliylarining qo‘llarida bo‘lib, hukmronlik qilishingizni istaymiz”.
Vaholanki, bu maktubdan atigi uch oy chamasi avval, 1842-yil 25-fevralda
Qo‘qon xonligi elchisi Muhammad Halil Sohibzoda orqali Muhammad Alixonga
yo‘llangan maktubida Nikolay I ning o‘zi: “Sizning qudratli Rossiya davlati bilan
muntazam ravishda do‘stona aloqalarda bo‘lish istagingizni bilish biz uchun g‘oyat
yoqimli bo‘ldi. Sizning bu yaxshi niyatlaringizni o‘z tomonimizdan kamoli
ehtirom ila qabul etamiz. Ishonamizki, sizning o‘zaro do‘stona qo‘shnichilik
aloqalarini yo‘lga qo‘yish haqidagi samimiy g‘amxo‘rligingiz kelgusida
muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi. Sizga barcha ezguliklarni tilab qolamiz” deb
yozgandi
[1 : 67].
Xullas, Amir Nasrullo 1842-yil 26- aprelda Qo‘qon xonligi hududining katta
qismini Buxoro amirligi tarkibiga qo‘shib oldi. Amir Nasrulloxon tomonidan
Qo‘qonga Samarqand voliysi (hokimi) lavozimida ishlayotgan Ibrohim parvonachi
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
254
mang‘itning (Qo‘qon tarixchilari uni Ibrohim hayol deb tilga olishadi) noib qilib
qoldirilishi salbiy oqibatlarga olib kelgan. Noib mahalliy aholiga zulm o‘tkazib,
soliqlarni ko‘paytirgan
[3: 108].
Natijada, tez orada Qo‘qon qo‘ldan ketadi. 1842-
yilning yozida, oradan atigi 3 oy o‘tgach, qo‘qonliklar qo‘zg‘alon ko‘tarib,
qipchoqlar yordamida shaharda turgan buxoroliklar qo‘shinini tor-mor qilishadi va
Sheralixon (1842-1845)ni Qo’qon xonligi taxtiga o‘tqazishadi. Mahalliy
tarixchining iborasi bidan aytganda, “..shul vaqtlarda Amir Nasrulloning soqoliga
oq paydo bo‘lub, uning Xo‘qand qartayturdi, degan so‘zini xalq so‘zlar edilar”
[16:
25].
Qo‘qondagi qo‘zg‘olondan darg‘azab bo‘lgan amir Nasrullo o‘zining son-
sanoqsiz qo‘shini bilan yana Qo‘qon sari yo’l oladi. Lekin bu safar xonlikni qayta
bo‘ysundirish iloji bo‘lmaydi. Amir Qo‘qon qal’asi devorlari yonida ikki oy
chamasi shaharni qamal qilsa ham o‘z maqsadiga erisha olmay turgan bir vaziyatda
26-sentyabrlar chamasida (ramazonning 2-kunida) Olloqulixonning o‘g‘li
Rahimqulixon boshchiligidagi qo‘shinlar Buxoro amirligi hududlariga bostirib
kiradi. Amir bu haqida xabar topib, Qo‘qonni tashlab 9-oktyabr (ramazon oyining
15-kuni)da Buxoroga keladi
[7: 32]
va o‘z qo‘shini bilan xivaliklarga qarshi
urushishga majbur bo‘ladi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. Sodiqov H, Jo‘rayev N. O‘zbekiston tarixi: (Turkiston Chorizm
mustamlakachiligi davrida) 1-kitob. – Т.: “Sharq”, 2011. 67-bet
2. Yusupov Sh. Mash’um xato yoki gap kanizakda edimi?
/
«O‘zbekiston
adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2005-yil, – №24. /
https://www.ziyouz.com/portal-
haqida/xarita/maqolalar/sharif-yusupov-mash-um-xato-yoki-gap-kanizakda-edimi
3. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydulayev O‘. Vatan tarixi. – №2. – T.:
Sharq, 2010.– B. 108.
4. Абдукаримов Ж. Муҳаммад Ҳакимхоннинг “Мунтахаб ат-таворих”
асаридаги мактублар ва уларнинг расмий ҳужжат сифатидаги аҳамияти //
Actual problems of the history of Uzbekistan / Актуальные проблемы истории Узбекистана
255
Марказий Осиё тарих расмий ҳужжатларида. VII – XIX асрлар халқаро
анжуман материаллари (2020 йил 23 октябрь) - Т.: “Фан” 2021. – Б. 210.
5. Бабабеков Х. Н. История Коканда. –Т.: Фан, 2006. – C. 29.
6. Бейсембиев Т. К. «Тарихи-Шахрухи» как исторический источник. –
Алма-ата: Наука, 1987. – С. 38.
7. Бобобеков Ҳ. Н. Қўқон тарихи. – Т.: Фан, 1996. – Б. 32.
8. Записки о Бухарском ханстве (Отчеты П. И. Демезона и Виткевича). –
Москва, 1983. – С. 68-70.
9. Исоқхон тўра Ибрат. Танланган асарлар. – Т.: Маънавият, 2020. – Б. 101.
10. Исоқхон тўра Ибрат. Танланган асарлар. – Т.: Маънавият, 2020. – Б.
104.
11. Исоқхон тўра Ибрат. Танланган асарлар. – Т.: Маънавият, 2020. – Б.
105.
12. Мадраҳимов З. Ш. Қўқон хонлигининг Бухоро ва Хива хонликлари
билан ўзаро алоқалари: магистрлик даражасини олиш учун ёзилган диц. –
Наманган, НамДУ, 2004. – Б. 33-34.
13. Мушриф Мирзоолим. Ансоб ус-салотин ва таворих ул-хавоқин:
«Султонлар насаби ва хоқонлар тарихи» (Қўқон хонлиги тарихи). – Т.:
F.Ғулом нашриёти, 1995. – Б. 20.
14. Мушриф Мирзоолим. Ансоб ус-салотин ва таворих ул-хавоқин:
«Султонлар насаби ва хоқонлар тарихи» (Қўқон хонлиги тарихи). – Т.:
F.Ғулом нашриёти, 1995. – Б. 20-21
15. Ражабов Қ. Насруллоҳхон. – Т.: Абу матбуот-консалт, 2011. – Б. 7-8.
16. Ражабов Қ. Насруллоҳхон. – Т.: Абу матбуот-консалт, 2011. –Б. 25.
17. Энвер Хуршут. Амир Умархоннинг канизи // Шарқ юлдузи. – Тошкент,
1989. – №9. – Б. 175.
18. Энвер Хуршут. Амир Умархоннинг канизи // Шарқ юлдузи. – Тошкент,
1989. – №9. – Б. 177.