МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
14
VAFO FAYZULLOH SHE’RIYATIDA TASHXIS SAN’ATI
Elnur Niyozmatov Husin o‘g‘li
Urganch innovatsion universiteti o‘zbek va xorijiy filologiyasi
fakulteti o‘qituvchisi
elnurniyozmatov@urgiu.uz
https://doi.org/10.5281/zenodo.14608809
Annotatsiya:
Ushbu maqolada iste’dodli shoir va mohir tarjimon Vafo
Fayzulloh she’rlarida badiiy san’atlardan tashxish san’atining keng qo‘llanilishi
vositasida ijodkor mahorati va o‘ziga xos uslubi haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
badiiy san’atlar, jonlantirish, tashxis, intoq, tashbeh, poetik
obraz, manzara-lavha.
Hozirgi o‘zbek she’riyatining yorqin vakillaridan biri Vafo Fayzulloh
she’rlari o‘ziga xos ohang, uslub va tasvir vositalariga boyligi bilan ajralib turadi.
Shoir she’rlarini o‘qish asnosida deyarli har bir misrada poetik tasvir
vositalariga duch kelamiz. Shu bilan birga she’rlardagi ritmning o‘zgachaligi,
she’riy san’atlarning mahorat bilan qo‘llanilib, jozibadorlik kashf etishi har
qanday o‘quvchi qalbini zabt etib, o‘z hissiyotlariga, betakror kechinmalariga
oshno etadi. Shoirning ayrim she’rlarida Sergey Yesenin she’riyatiga xos
chizgilar, ohang seziladiki, buni ijodkormning Yesenin she’rlarini tarjima
qilganligi natijasi deya izohlash mumkin.
Tashxis – arabcha shaxs so‘zidan olingan bo‘lib, “shaxslantirish” degan
ma’noni anglatadi. Jonli va jonsiz narsalarga, inson tuyg‘u va a‘zolariga, samoviy
jismlarga xuddi insonlar bajaradigan harakat hamda faoliyatlarni yuqtirib ularni
shaxslantirib tasvirlash usuli. Masalan:
osmonning yig‘lashi, gullarning kulishi,
umidning tug‘ilishi, daraxtlar va qushlarning suhbati, kuylashi
kabilarni
ko‘rsatish mumkin.
Vafo Fayzullohning tevarak-atrofni, nabotot va hayvonot olamini teran
nigoh bilan kuzatishi uning she’rlarida tashxis san’atining betakror va
hayratlanarli namunalarining paydo bo‘lishiga turtki bo‘lganligi bilan katta
ahamiyat kasb etadi. Jumladan, quyidagi misralarda shoirning daraxt va
qushlarni do‘stga, jo‘raga qiyoslangan poetik obrazi o‘ziga xosligi bilan ajralib
turadi.
Ko‘zingni och, tegrangga qara.
Har bir daraxt, har bir qush
jo‘ralar.
Lirik qahramon nazdida dardkash ham, do‘st ham daraxtlar va qushlar.
Demak, ularga bemalol ishonish va dardlarni aytish mumkin. Nima uchun
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
15
tepang
ga qara, deyilyapti? Chunki daraxt tepasida qushlar chug‘urlashib, unga
taskin berayotganday manzara tasvirlangan.
Mumtoz adabiyotimiz an’analaridan ozuqa olgan bugungi kun she’riyati
namunalarida badiiy san’atlar qaysidir ma’noda mukammallik kasb etgan, desak
xato bo‘lmaydi. Jumladan Vafo Fayzullohning “Oq laylak” to‘plamidan keltirilgan
she’rlar va she’riy parchalari fikrimizni yaqqol dalillaydi.
Yuragimning sahrosida chopdim yana,
Shahid ketgan lolalarni
topdim yana,
O‘z qalbimni o‘z dardim-la yopdim yana,
Bahor ketdi, bahor ketdi…
Shoir bahorning ketishini lirik qahramon uchun fojia darajasiga olib
chiqqan. Lolalarning qovjirab qurib qolishi, yurakning sahroga qiyoslanishi lirik
qahramon dardlarining yopilishi – mana shu uchta birikma orqali istiora,
tashbeh va tashxis san’ati imkohiyatlarini mahorat bilan ko‘rsata olgan.
She’rning dastlabki uch misrasi 4 + 4 + 4 = 12 shaklida turoqlanib, to‘rtinchi
misra 4 + 4 = 8 shaklida yozilgan. Shoir nazarida bahorni uch marta ketdi deb
aytish shart emas. Lekin ko‘p nuqta orqali yana bir marta to’rt bo‘g‘inli
bahor
ketdi
ning borligiga ishora qilingan. Bir misrada hech qanday o‘zgarishsiz so‘z
yoki birikma yoki gap takrorlanishi mumtoz adabiyotimizda
mukarrar
san’atini yuzaga keltiradi. Bandda lolalarning insonga qiyoslanib, shahid ketgan
holatda topilishi, bizningcha, qalb sahrosidagi muhabbat zavoli shu taxlit
betakror shaklda tasvirlangan. Quyidagi she’riy parchada o‘z uyida ketib
darbadarlikda kun kechirayotgan kishi holatiga tushgan lirik qahramon
qizg’aldoq bilan sirdosh do‘st tutinishi aks etgan.
Darbadarga qish juda azob,
Omadsizga tobutdir xazon.
Nechun bergum nokasga hisob,
Nechun olgum pastlardan ehson?
Meni qiynar ming bitta so‘roq,
Qizg‘aldog‘im, jonim qizg‘aldoq.
Qizg‘aldoqni dardkash do‘st timsolida ko‘rish Muhammad Yusuf ijodida
ham uchraydi. Nima uchun qizg‘aldoq? Qizg‘aldoqning qon rangiga o‘xshash
ekanligi e’tibor markazidami yoki umri juda qisqaligimi? Vafo Fayzulloh ham
xuddi Muhammad Yusuf kabi qizg‘aldoqqa murojaat qilib, uni jonlantirib tashxis
hamda nido san’atlarining betakror namunasini yaratgan. Muhammad Yusuf
4+4+4=12 shaklidagi to‘rt band, o‘n ikki bo‘g‘inli barmoq vaznida “Qizg‘aldoq”
she’rini yozgan bo‘lsa, Vafo Fayzulloh she’ri 4+5=9 vaznidagi olti misralik olti
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
16
bandli barmoqda shu she’rini yaratgan. U har bandning oxirida qizg‘aldoqqa
murojaat etsa, Muhammad Yusuf faqat she’r boshida bir martagina qizg‘aldoq
so‘zini qo‘llaydi. Har ikki shoir o‘ziga sirdosh, dardkash sifatida nima uchun
aynan qizg‘aldoqni tanlashgan. Ularning nazdida bu gul bag‘ri qon gul. U o‘z
alamlarini go‘yo rangi orqali ko‘rsatayotganga o‘xshaydi va ular ham o‘z
holatlariga hamohang deb boshqa gullardan ajralib gulzorda emas, balki qir-
adirlarni o‘ziga maskan qilgan qizg‘aldoqlar yoniga borib, ularga qalb
tug‘yonlarini bayon etishadi hamda go‘yo ularning ham dardlariga hamdardlik
bildirishayotganga o‘xshaydi. Haqiqatan ham, siqilgan kishi tinchroq, odamlarda
holi joyda yolg‘iz qolib, kim bilandir dardlashgisi keladi. Bu tabiiy holni shoirlar
gullar vositasida amalga oshirishib, qizg‘aldoq obrazini sirdosh do‘st kabi o‘z
dardlarini tinglovchisi sifatida jonlantirishgan. Olamga o‘z go‘zalligini namoyon
etgach, ya’ni to‘liq ochilib bo‘lgach, qizg‘aldoqlar tezda qovjirab so‘lib qoladi. Bu
yerda hayot zarbalariga duch kelgan, turli nohaqliklarga uchragan, aldovlar
qurshovida qolgan lirik qahramon o‘z taqdiri bilan ana shu qismatga achinish
hissi uyg‘unligini ko‘rsatish vositasida o‘z kechinmalarini shu tarzda bayon
etadi. Bugungi kun lirikasida
gul
istiorasi orqali
do‘st, farzand, singil, mulozim,
dardkash
kabi bir qator poetik timsollar yaratilmoqdaki, bu she’riyatimiz
yuksalayotganidan ko‘rsatadi.
Xiyonatni etdilar qatl,
Yig‘lab kuyga osil
Olapar.
Tverskoyda
bayta
llar xomush,
She’r yeydilar, ichadilar qon.
Tverskoy Moskva ko‘chalaridan biri. U yerda shoir she’r ohangiga mos
kuyning nolasidan shunday ta’sirlanadiki, natijada kuchukka so‘zlab yuboradi,
kuy nolasidan baytallarning xomush tortganini ko‘ra oladi. Nola shu darajada
mungliki, yig‘lamaslikning iloji yo‘q. Shaxslantirilgan so‘z – baytallarga e’tibor
qaratsak, shoiralarga ishora qilinayotganini sezish mumkin. Baytal (otning
urg‘ochisi)ga o‘xshatilgan shoiralar o‘z yurak qonlarini ichib, she’rlar bilan
oziqlanib, ijod bilan mashg‘ul bo‘lishayotgan holat ko‘z oldimizda gavdalanadi.
Tashxis vositasida yuzaga keltirilgan bunday betakror lavhalar ijodkor poetik
olamining kengligidan dalolat beradi.
Shivirlaydi terakning labi,
Qarg‘alar
beshikni tebratar.
Terakning yuqori qismidagi yaproqlarining shamolda tebranishidan
chiqayotgan ovoz go‘yo terak lablari shivirlayotganday, qarg‘alar inini tebratib
polaponlariga alla aytayotganday manzara-lavha xuddi kino kadriday ko‘z
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
17
oldimizda gavdalanadi. Ammo bizningcha, qarg‘alar yomonlar, yovuz niyatli
kishilar obrazi. Ular beshik—dunyoni tebratishga urinayotganliklaridan ezgulik,
insonparvarlik, hayotsevarlik g‘oyalari terak obrazi orqali, ya’ni haqparast,
duogo‘y shaxslarning Allohga qilayotgan duolari, iltijolari terakning shiviri
tasviriga qiyoslangan. Dunyoni buzayotgan kishilar tinch hayotiga raxna
solayotganlar qarg‘alarga mahorat bilan qiyoslangan.
Yo‘lga chiqqan kelin –
turnalar
,
Qaytmas endi, bir sevgi porloq.
Kuz kelishi bilan issiq o‘lkalarga uchib ketayotgan turnalar - qaytmas
kunlarga o‘xshatilib shaxslantirilgan. Inson qalbidagi otashin sevgi ham o‘tgan
kunlar kabi qaytmasligi lirik qahramonni iztirobga soladi.
Qushcham,
mendan oldin bahorni sezding,
Mungli kunlarimga yo‘llading navo.
Bahorni sog‘ingan lirik qahramonning mungli kunlariga navo
yo‘llayotgan qushcha sirdosh, darddosh do‘stga qiyoslab shaxslantirilgan.
Qushchaning ijodkordan oldin bahor kelishini sezishi xushovozidan, ya’ni unga
chiroyli xonish qilib sayrab, ko‘tarinki kayfiyat ulashishi o‘ziga xos tarzda
tasvirlangan. Qushchaning navosi zabun ko‘ngil hamda mungli kunlarni
kechirayotgan shoir ruhiyatiga yangilik, yengillik va quvonch bag‘ishlaydi.
Zag‘izg‘onlar
holimdan kular,
Chumchuqlar
tanirmi sho‘x boqib.
Boyo‘g‘li
, xotira o‘rtanar,
Marhumlarning uyiga sohib.
Yuqoridagi misrlarda nomlari keltirilgan qushlar ham insonlarga
qiyoslanib, shaxslantilgan. G‘amga botgan lirik qahramon ustidan, albatta,
do‘stlari kulmaydi. Uni ko‘rolmaydigan, xusumati borlar zag‘izg‘onga
o‘xshatilgan.
Daryolarning shoshqini boshqa,
Oq bulutlar
uyg‘otdi meni.
Oq bulutlar o‘z musaffoligi, go‘zalligi, parquligi bilan ijodkor dilidagi qotib
qolgan inja tuyg‘ularni, beg‘ubor orzularni uyg‘otgan. Qaysi shoir sohil bo‘yida
samodagi ilohiy go‘zallikdan ilhom olmasligi mumkin. G‘am – tashvishlardan,
hayot chigalliklaridan karaxt bo‘lib, uxlab qolayotgan lirik qahramonni oq
bulutlar uyg‘otadi. Oq bulutlar kelajakka ishonch, hayotga muhabbat, mudrab
yotgan tuyg‘ularini junbishga keltirgan umid obrazi sifatida tasvirlanadi. Umid
esa insonga yashash uchun kuch-quvvat, ishonch, shijoat bag‘ishlaydi.
Yashil tushlar bilan limmo-lim
buloq
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
18
Yo‘lidan qaytmaslarni kutyapti.
Ezguliklarga chulg‘angan, kelajakka ishonch tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan,
oldiga qo‘ygan ezgu niyatlariga, maqsadiga yetish ishtiyoqida yonayotgan qalb
hamda chaqnayotgan ko‘z buloqqa o‘xshatilgan. Bu ko‘z egasi o‘sha orzular
ro‘yobini kutyapti. Albatta, buloqning kutishi ham nodir topilma. Buloq obrazi
orqali shoir ko‘z oldimizda urushdan qaytmagan o‘g‘lini kutayotgan motamsaro
ona qiyofasini gavdalantiradi.
Oq kuylaklar kiygan tog‘lar
bor hamon,
Yelkasida cho‘g‘day hilpirar lola.
Turnalar olislardan qaytishdi omon,
Xayrlashuv chog‘i ko‘z ochgan nola.
Tog‘lar yelkasida bir dunyo tashvishlar bo‘lgan oq yaktak kiygan nuroniy
kishilarga qiyoslangan. Mantiqan asoslangan, o‘quvchi uchun tushunarli ifoda.
Turnalarning qaytishi va nolaning tug‘ilishi tasvirida ham tashxisning o‘xshatish
asosida yuzaga keltirilganini ko‘ramiz.
Go‘zal uxlar tunlar
Ryazan
,
Tushlarida juvonmarg farzand.
Bevaqt o‘lib ketgan o‘g‘lini tushida ko‘rayotgan chiroyli uxlayotgan ona
siymosiga qiyosan tasvirlangan bu misralar orqali ijodkor Ryazan shahrining
tungi manzarasi juda chiroyli va sokin ekanligi bilan o‘quvchini tanishtiradi.
Shaharning
tush ko‘rishi, go‘zal uxlashi
qiyoslari yordamida shaxlantirilgani esa
noyob topilma. Vatan uchun bo‘lgan janglarda shahid ketgan farzandlarini
bag‘riga olib uxlayotgan ona siymosi aks etgan manzara-lavha ijodkorning
mahoratini namoyon etadi.
Xulosa qilib aytganda, Vafo Fayzulloh she’rlarining aksariyatida badiiy
san’atlardan tashxisning betakror namunalarini ko‘rish mumkin. Bu shoir
ijodida badiiy tasvir vositalaridan o‘rinli va unumli qo‘llana olishini ko‘rsatadi.
Ijodkor badiiy olami imkoniyatlari kengligi hamda salohiyati, tafakkur va bilim
doirasi yuksakligidan darak beradi. Bunday she’rlar o‘quchi qalbiga tez kirib
borib, ularni she’riyatga, adabiyotshunoslikkka, badiiyatga bo‘lgan qiziqishlarini
kuchaytiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Vafo Fayzulloh. Oq laylak. – Toshkent. Muharrir, 2020.
2.
Yoqubjon Ishoqov. So‘z san’ati so‘zligi. – T.: Fan, 1916.
3.
Anvar Hojiahmedov. She’riy san’atlar va mumtoz qofiya. – T.: Sharq, 1998.
4.
Abdug‘ofur Rasulov. Tanqid. Talqin. Baholash. – T.: Fan, 2006.
5.
Hamidullo Boltaboyev. Badiiy san’atlar talqini. Sharq mumtoz poetikasi. –
T.: O‘zbekiston davlat ilmiy nashriyoti, 2006.
