RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA SUN’IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH VA
ZAMONAVIY MATEMATIKANI O‘QITISH MUAMMOLARI VA YECHIMLARI
547
DIALEKTAL BIRLIKLARNI O‘QUV LUG‘ATIGA TANLASH MASALASI
KAMOLA SAIDOVA
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti
Annotasiya.
O‘quv lug‘ati uchun dialektizm
xalq og‘zaki nutqida faol qo‘llanilishi, adabiy til
leksikasida mavjud bo‘lmagan tushunchani ifodalashi, madaniy-etnografik mazmun yuklamasiga
ega bo‘lishi va adabiy matnda uchrashi
kabi mezonlarga ko‘ra tanlanadi. Shevaga xos so‘zning
maktab lug‘atida
rasmiylashtirilishi didaktik yondashuv asosida amalga oshiriladi, bu esa
o‘quvchining til boyligini oshirish, lingvomadaniy kompetensiyasini rivojlantirish va adabiy matnni
chuqurroq anglashiga xizmat qiladi. Maqolada, shuningdek, DARE (Dictionary of American
Regional English) loyihasining metodologiyasi tahlil qilinib, o‘zbek tilidagi o‘quv lug‘atini
boyitishda bu tajribadan foydalanish imkoniyati muhokama qilinadi.
Kalit so‘zlar
:
dialektizm, o‘quv lug‘ati, lingvomadaniy kompetensiya, adabiy til, DARE, leksik
bo‘shliq.
Kirish.
Dialektal birlik tilning tirik manbasi sifatida xalq og‘zaki nutqidagi xilma-xillikni,
mintaqaviy leksikani, etnik tafovutni ifodalaydi. Adabiy til me’yoriga to‘la mos kelmaydigan, biroq
xalq tilida faol qo‘llanadigan bu so‘zlar:
tilning ichki semantik mazmunini boyitadi;
uslubiy vosita sifatida ko‘p qirrali ifoda imkoniyatini yaratadi;
yangi tushunchani xalqona ifodalash imkonini beradi.
Shu bois dialektizm — chegaralangan deb baholansa-da, izohli lug‘at tarkibida o‘z o‘rniga
ega. Uni izohli lug‘atda aks ettirish — til boyligini saqlash va o‘quvchiga yetkazishning muhim
vositasi. Bu jarayonda o‘quv lug‘atining o‘rni muhim.
O‘quv lug‘ati — o‘quvchiga me’yoriy til birligini taqdim etish bilan birga leksik birlikni
hayotiy kontekstda o‘rganish, semantik mazmunini anglash imkonini beradi.
O‘quvchi badiiy matnda, xalq og‘zaki ijodida, tarixiy asarlarda yoki o‘z hududidan
tashqaridagi muloqotda ko‘plab dialektizmga duch keladi, biroq ularni tushunishda qiyinchilikka
yuzlanadi. O‘quv lug‘atida bu birliklarning:
izohlab berilishi – semantik anglashni yengillashtiradi;
adabiy til bilan taqqoslanishi – tahliliy fikrlashni rivojlantiradi;
madaniy va tarixiy manbalar bilan bog‘lanishi – lingvomadaniy kompetensiyani
shakllantiradi.
Demak, dialektizmni o‘quv lug‘atida tizimlashtirish — adabiy til va xalq tili o‘rtasidagi
tafovutni tahliliy asosda bartaraf etish, tilning tarixiy qatlamlarini zamonaviy avlodga yetkazish,
hamda semantik tafakkurni boyitishning ishonchli yo‘li. Bu jarayonda o‘quv lug‘ati uchun
dialektizmni
tanlash va qanday me’yorlashtirish
masalasi kun tartibida turadi.
Adabiyotlar tahlili va metodologiya.
Dialektizmlar tadqiqiga daxldor izlanishlarning
aksarida dialektal birlik adabiy til qatlamini boyituvchi manba sifatida qaralgan. Jumladan, olim R.
Jo‘monovning
“Ўзбек тилининг изоҳли луғати учун диалектизмлардан сўз танлаш
принциплари ва уларнинг берилиши” nomli dissertatsiyasini dialektologiya va leksikografiya
doirasida kesishgan ilk izlanish deyish mumkin. Dissertatsiyada dialektizmni tanlashda lug‘at
tuzishda tanlov prinsiplari va metodik yondashuvlarni tavsiya qiladi. Olim dialektizmni tanlashda
uning faollik darajasi, madaniy-etnografik mazmun yuklamasi, uslubiy boyligi kabi mezonlarga
asoslanib, “o‘zbek xalq shevalarida o‘zining nozik, nafis ma’nolari, ma’no nozikliklari bilan
boyitadigan, boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarning o‘rnida qo‘llana oladigan ko‘pgina so‘zlar
mavjud”, degan xulosaga keladi. Shuningdek, dialektizmni izohli lug‘atga kiritishda asosiy mezon
so‘zning adabiy til tarkibida ifoda vositasi bo‘la olishi-olmasligi, ya’ni til leksik tarkibida ma’lum
RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA SUN’IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH VA
ZAMONAVIY MATEMATIKANI O‘QITISH MUAMMOLARI VA YECHIMLARI
548
roli bor-yo‘qligi nazarda tutiladi. Bu mezonga ko‘ra, dialektal birlikni lug‘at tarkibiga kiritishda
“mahalliy rang-baranglik” qiymati bilan birga, mazmun va ifoda jihatidan adabiy tilga xizmat
qiladigan funksional yuklamasi ham e’tiborga olishini kerak. Bu holatda shevaga xos so‘zning
adabiy til uchun zarurligi, ya’ni mavjud leksik bo‘shliqni to‘ldirish imkoniyati dolzarb. Shu sabab
mazkur yo‘nalishda qimmatli tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, adabiy til leksikasida mavjud
bo‘lgan bo‘shliqlarni aniqlash va ularni dialektal birliklar orqali to‘ldirish masalasiga bag‘ishlangan
tadqiqotchi A. Hasanovning izlanishlari ahamiyatga molik. Tadqiqotchi kundalik turmush, inson
xususiyatlari, chorvachilik, dehqonchilik va boshqa kasb-hunar sohasiga oid, ayni paytda adabiy til
leksikasida mavjud bo‘lmagan, lekin xalq tilida faol ishlatiladigan birliklarni tahlil qiladi. Mazkur
so‘zlarni leksik bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiluvchi muqobil birlik sifatida tavsiya etadi. A.
Hasanov adabiy til leksikasida mavjud bo‘lgan semantik bo‘shliqni aniqlash va ularni dialektal
birlik bilan to‘ldirish masalasini nazariy va amaliy asoslarini tadqiq qilib xalq tiliga xos so‘zning
leksik bo‘shliqni to‘ldirishdagi ustunligi adabiy, tarixiy va boshqa yozma manbalarda qo‘llanganligi,
farqlanishi zarur bo‘lgan tushunchani nomlay olishi, shuningdek, adabiy til paradigmadoshining
muhim va betakror jufti bo‘la olishi kabi omillarda ko‘rinadi degan xulosaga keladi.
Shu qatorda D. Xudayberganovaning dialektal birlik va nofaol leksik qatlam tadqiqiga
asoslangan monografiyasida dostonlar tilida uchraydigan, ammo eski o‘zbek tili, hozirgi adabiy til
yoki sheva lug‘atlariga kirmay qolgan, poetik va diskursiv jihatdan muhim leksik birliklar
o‘rganiladi. Bu so‘zlarni yig‘ish, tahlil qilish va tizimlashtirish zarurati ta’kidlanadi. Shu kabi
shevaga xos so‘z va uni izohli lug‘at uchun tanlash masalasiga doir tadqiqotlarni o‘rganish
natijasida izohli lug‘at uchun tavsiya qilinadigan dialektal birlik:
–
adabiy tilda nomlanmagan yoki noaniq ifodalangan tushunchani xalqona va tabiiy ifoda qila
olishi;
–
xalq og‘zaki nutqida faol qo‘llanilayotgan, yashab turgan leksik birlik bo‘lishi;
–
o‘zida urf- odat, qadriyat, yashash tarzidan nishona beruvchi ma’naviy boylikni ifodalashi;
–
adabiy til sinonimlari orasida ma’no nozikligi, obrazliligi yoki uslubiy boyligi bilan ajralib
turishi;
–
adabiy, tarixiy, etnografik manba, badiiy asar matnlarida uchrashi;
–
talaffuz jihatdan qulay, fonetik jihatdan tabiiy bo‘lishi kerakligini xulosalash mumkin.
O‘quv lug‘atining ommaviy foydalanishga mo‘ljallangan umumiy izohli lug‘atdan farqi aniq
adresat – ma’lum sinf, ta’lim bosqichi yoki yo‘nalishdagi o‘quvchi ehtiyojidan kelib chiqqan tanlov
tamoyiliga asoslanishda ko‘rinadi. Mazkur tamoyilga ko‘ra, o‘quv izohli lug‘atida til leksik
qatlamini to‘liq qamrab olish imkoniyati mavjud bo‘lmaydi. Demak, o‘quv lug‘ati uchun so‘z
tanlovi o‘quv jarayonining ehtiyoji, o‘quv dasturining mazmuni, darslik kontekstida uchraydigan
leksik birliklar asosida amalga oshirilishi lozim. O‘quv lug‘atchiligi lingvistik asoslarini keng
ko‘lamda monografik tarzda o‘rgangan olima B. Bahriddinovaning ta’kidlashicha, o‘quv lug‘ati
hajman cheklangan bo‘lsa-da, katta didaktik maqsadlarni ko‘zlaydi;
leksik tarkibi o‘quv
jarayonining real ehtiyojiga tayanuvchi tanlov mezonlariga asoslangan ilmiy-metodik vosita
hisoblanadi.
Yuqoridagi dialektizm va o‘quv lug‘ati haqidagi fikrlardan maktab lug‘ati uchun tanlangan
dialektizm, avvalo, o‘quv jarayoni ehtiyojiga asoslanib darslik kontekstida uchrash ehtimoli yuqori
bo‘lishi kerakligi kelib chiqadi. Shuningdek, adabiy til bo‘shliqlarini to‘ldirish imkoni, madaniy
xilma-xillikni ifodalovchi xalq tiliga xos so‘zlar ham tanlanishi maqsadga muvofiq. Bunday
dialektik birliklar o‘quv dasturida tavsiya qilingan adabiyot matnidan statistik tahlil asosida
tanlanadi. Shuningdek, shevashunoslik tadqiqiga doir ko‘plab ishda adabiy tilga o‘tish ehtimoli
asosida tavsiya qilingan dialektik birliklarni ham kiritish mumkin.
Natija va muhokama.
Badiiy asar matnida uchraydigan dialektizmlarni tanlab o‘quv
lug‘atiga kiritish o‘quvchining til boyligini oshirish, lingvomadaniy kompetensiyasini rivojlantirish
va adabiy matnni chuqurroq anglashiga xizmat qiladi. O‘quvchi ta’lim jarayonida A. Qodiriy,
G‘.G‘ulom, Mirtemir, S. Ahmad, T. Murod kabi yozuvchilarning ijodini o‘rganishda asar matnida
RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA SUN’IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH VA
ZAMONAVIY MATEMATIKANI O‘QITISH MUAMMOLARI VA YECHIMLARI
549
shevaga xos so‘zlarga duch keladi. Dialektizmning hududiy xoslanishi uning o‘quvchi tomonidan
tushunilishini murakkablashtiradi. Bunday holatda mazkur so‘zlar izoh talab qiladi. Jumladan, G‘.
G‘ulom ijodida:
lippa, kapgir, xo‘qa, yakanchi, dakana, sallot, entak- tentak, bo‘yinchado‘z,
sho‘rdanak, guzar kabi;
Mirtemir ijodida
: satil, karson, umoch, go‘ja, ko‘moch, adog
‘ kabi ,
umuman, badiiy matnda uchraydigan hududiy xoslagan so‘zlar o‘quv lug‘atida tizimlashtirilishi
lozim. Shuningdek, dialektik tadqiqotlar orqali aniqlangan adabiy til bo‘shlig‘ini to‘ldirish
imkoniga ega xalq tiliga xos so‘zning o‘quv lug‘atida berilishi lingvomadaniy kompetensiyani
rivojlantiradi. Quyidagi jadvalda tadqiqotlar orqali aniqlangan leksik bo‘shliqni to‘ldirish imkoniga
ega bo‘lgan, badiiy matnda tez-tez uchraydigan shevaga xos so‘zlarni keltiramiz:
1-jadval
Tr
Dialektizm
Izohi
1
Adag‘arava
Yosh bolalarni yurishga o‘rgatish uchun mo‘ljallangan uch
oyoqli aravacha, g‘ovarava
2
Achqimtil
Nordonroq, sho‘rtang
3
Bo‘yinsa
Tengdosh, tengqur
4
Girdixona
Xonaning cheti bo‘ylab to‘shaladigan, uzun ensiz
ko‘rpacha
5
Daxsar
Erkak chumchuq
6
Laqqoq
Gap ta’sir qilmaydigan
7
Otashak
Mevaning pishmasdan va uzilmasdan oldin quyosh issig‘i
ta’sirida suvi qochib, so‘lib qolishi
8
Kurmak
Arqonni tugish usuli
9
Kiyit
To‘yda sovg‘a qilinadigan kiyim-bosh
10
Qumquloq
Gapni tez ilib oladigan, zehli
Odatda, leksikograf oldida leksik birlik tanlash va uni qanday rasmiylashtirish masalasi turadi.
Texnologiya davrida onlayn lug‘at foydalanuvchi ehtiyojini an’anaviy bosma lug‘atga
nisbatan samaraliroq tarzda qondirmoqda. Buning sababi, avvalo, uning doimiy yangilanib borishi,
foydalanuvchiga moslashuvchan interfeys asosida ishlashi, izlanayotgan birlikni tezkor topish
imkonini beruvchi qidiruv tizimi va filtirlash funksiyasining mavjudligida. Shuningdek, so‘zning
semantik tavsifini kontekstual, interaktiv va ko‘p qirrali tarzda taqdim etish imkoniyati ham onlayn
lug‘atning afzalliklaridan. An’naviy bosma lug‘atda hajm cheklovi, yangilanish va
moslashuvchanlikning til taraqqiyotidan ortda qolishi kabi sabablar samaradorlikka ta’sir
ko‘rsatyapti, ammo mazkur lug‘at, ta’lim jarayonida hanuz dolzarb.
Dialektal birliklar tizimlashtirilgan online lug‘atlardan biri
Dictionary of American Regional
English (DARE)
Amerika ingliz tilining mintaqaviy so‘z boyligini hujjatlashtiruvchi yirik
leksikografik loyiha. Lug‘atning leksik tarkibi 1847 ta savoldan iborat maxsus so‘rovnoma asosida
1965–1970 yillarda o‘tkazilgan keng qamrovli dala tadqiqotlariga asosan shakllantirilgan.
DARE lug‘atidagi har bir maqola bosh so‘z, talaffuzi, grammatik belgisi, talaffuzi, boshqa
shakllari, etimologik belgisi, hududiy va ijtimoiy-sohaviy tarqalishi, ta’rifi, real matnlarda
qo‘llanishi tarzda rasmiylashgan. Shuningdek, mazkur lug‘at foydalanuvchiga interaktiv xarita
orqali so‘zning geografik tarqalishini ko‘rish, asl suhbatlardan olingan audio yozuvni tinglash
imkonini beradi.
Bosma lug‘at, jumladan, o‘quv lug‘ati didaktik vazifasi, cheklangan hajmi va texnik
imkonsizlik tufayli onlayn lug‘at kabi interaktivlikka ega bo‘lmasa-da, dialektal birlikni samarali
rasmiylashtirish imkoniyatiga ega. Lug‘at maqolasi bosh so‘z, tushunarli ta’rif, grammatik belgi,
semantik belgi, badiiy matn asosida illyustrativ misol tarzida rasmiylashtirlishi mumkin.
Xulosa.
Demak, dialektal birlikni o‘quv lug‘atiga kiritish o‘quvchining lingvomadaniy
kompetensiyasini rivojlantirishda ahamiyatli. Bu jarayonda quyidagi mezonlarga asoslanish
zarur:
RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA SUN’IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH VA
ZAMONAVIY MATEMATIKANI O‘QITISH MUAMMOLARI VA YECHIMLARI
550
1)
shevaga xos so‘z umumxalq nutqida faol bo‘lishi;
2)
adabiy til leksikasida mavjud bo‘lmagan tushunchalarni ifodalashi;
3)
adabiy matnlarda uchrashi kabi.
Har bir dialektal birlikning rasmiylashtirilishi didaktik yondashuv asosida amalga oshirilishi
kerak. Lug‘at maqolalarida bosh so‘z, grammatik belgi, qisqa va tushunarli ta’rif, adabiy til bilan
taqqoslanadigan sinonim yoki muqobil so‘z, badiiy matndan olingan misol va hududiy taalluqlilik
keltirilishi lozim.
Shunday qilib, shevaga xos so‘zlarni o‘quv lug‘atiga kiritish tilning tarixiy qatlamlarini
zamonaviy avlodga yetkazish, adabiy til va xalq tili o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish va semantik
tafakkurni boyitishning ishonchli yo‘li hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Баҳриддинова Б.М. Ўзбекистонда ўқув луғатчилиги: лингвистик асослари,
тарихи ва истиқболлари: Филол.фан... доктори (DSc) дисс. − Самарқанд. 2020., − 252 б. –
202B
2.
Жўмонов, Р. Ўзбек тилининг изоҳли луғати учун диалектизмлардан сўз танлаш
принциплари ва уларнинг берилиши: Филология фанлари номзоди илмий даражасини олиш
учун ёзилган диссертация. – Тошкент:– 1991. – 188б.
3. Ибрагимов Ж.Ё., Тил ва ижтимоий буюртма. Лингвист. Илмий мақолалар тўплами. –
Тошкент: Академнашр. 2014, – № 5. – Б.109-112.
4.
Оруджев А.А. Теоретическое обоснование к "Толковому словарю
азербайджанского язка". Автореф. дисс. … докт. филол. наук. – Баку, 1962. – 45 с.
5.
Ibragimov J.Y. Linguistic graduonym as the private methodology of substantic-
pragmatic research of uzbek language. Культурология, искусствоведение и филология:
современные взгляды и научные исследования: Сборник статей по материалам XVI
международной научно-практической конференции - 10 (14). - Москва, 2018. - С.58-62.
6.
Ҳасанов Абдуманнон Мажидович.
Ўзбек адабий тилидаги лексик
бўшлиқларни тўлдиришнинг диалектал асослари [Maтн]: монография / А.М. Ҳасанов. –
Тошкент: Bookmany print, 2022. – 130 б.
7.
Xudayberganova Dildora. Dostonlar tilidagi nofaol qatlamga oid leksik birliklarning
lisoniy tahlili. Monografiya. – Toshkent: “Firdavs - Shoh” nashriyoti, 2023. – 150 b.
