Obraz-kechinma lirikaning negizini tashkil qiladi. O‘z navbatida bu kechinma badiiy ifoda uchun to‘g‘ridan to‘gri maqsad bo‘la olmaydi,u ma’lum vaziyatlarda yuzaga kelgan ma’lum kayfiyatlarni aks ettiradi va ularni umumlashtiradi. Ijodkorning yaratuvchanlik qobiliyati asosida qator sifat o‘zgarishlariga uchraydi, yoki butunlay yangidan tug‘ilib, kishini maftun etarli darajada mukammallashgan tasavvurlar olamidan dunyoga keladi. Poetik obraz yaratish uchun so‘zning asl ma’nosiga nisbatan ko‘chma ma’nosini, ma’lum va oddiy belgilariga nisbatan noma’lum va hatto favqulodda belgilarini tadqiq etish, so‘zni mumkin qadar yangi qirralari va yangi jilolari bilan, xamelion ko‘rinishda tasvirlash taqozo qilinadi. So‘zga bunday o‘zgacha ma’no, ko‘rinish berish obrazlilikni yuzaga keltiradi. Zero, obrazlilik lirikaning muhim sharti bo‘lib, har qanday kechinma obraz bo‘lib shakllanmas ekan, she’rning oddiy bayondan farqi qolmaydi. Maqolada Abdulla Oripov she’riyati misolida obraz va obrazlilik xususida so’z yuritiladi.