International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
316
EKOLOGIK PEDAGOGIKADA EKOLOGIK ONGNI
SHAKLLANTIRISHNING O’ZIGA XOS JIHATLARI
Avazov SH
Toshkent davlat pedagogika universiteti professori
Utebaeva A.D
Nukus davlat pedagogika instituti o’qituvchisi
Annotatsiya.
Ekologik pedagogika nuqtai nazaridan ekologik ma’rifatning
maqsadi ekologiy shaxsni, keng ma’noda, ekologik madaniyatli shaxs va jamiyatni
shakllantirishdan iborat. Ekologiy shaxs - ekologik ongning antropotsentrik emas,
balki ekotsentrik turiga ega bo’lgan shaxsdir. Maqolada ekologik ong
shakllanishining ayrim o’ziga xos xususiyatlari ochib berilgan.
Kalit so‘zlar:
tabiat, ekologiya, atrof-muhit, odam, shaxs, ekologik pedagogika,
ekologik fafakkur, ekologik ong, ekologik ong tuzilmasi, ekologik ongning tarkibiy
qismlari, ekologik ongning antropotsentrik turi, ekologik ongning ekotsentrik turi,
ekotsentrik ekologik ongning o'ziga xos xususiyatlari, ekologik madaniyat.
СПЕЦИФИЧЕСКИЕ АСПЕКТЫ ФОРМИРОВАНИЯ
ЭКОЛОГИЧЕСКОГО СОЗНАНИЯ В ЭКОЛОГИЧЕСКОЙ ПЕДАГОГИКЕ
Авазов Ш
Профессор Ташкентского государственного педагогического университета
Утебаева А.Д.
преподаватель Нукусского государственного педагогического института
Аннотация
. С позиции экологической педагогики целью экологического
образования является формирование экологичной личности, в широком смысле,
экологически культурного человека и общества. Экологичный человек - это
человек, обладающий экоцентрическим, а не антропоцентрическим типом
экологического сознания. В статье раскрываются некоторые особенности
формирования экологического сознания.
Ключевые слова:
природа, экология, окружающая среда, человек,
личность, экологическая педагогика, экологическое мышление, экологическое
сознание, структура экологического сознания, компоненты экологического
сознания, антропоцентрический тип экологического сознания, экоцентрический
тип экологического сознания, специфические черты экоцентрического
экологического сознания, экологическая культура.
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
317
SPECIFIC ASPECTS OF THE FORMATION OF ECOLOGICAL
CONSCIOUSNESS IN ECOLOGICAL PEDAGOGY
Avazov Sh
professor of Tashkent state pedagogical university
Utebaeva A.D
teacher of Nukus state pedagogical institute
Annotation.
From the point of view of ecological pedagogy, the goal of
ecological education is to form an eco-friendly personality, in a broad sense, an
ecologically cultured person and society. An eco-friendly person is a person who has
an ecocentric, rather than an anthropocentric, type of ecological consciousness. The
article reveals some features of the formation of ecological consciousness.
Key words:
nature, ecology, environment, human, personality, ecological
pedagogy, ecological thinking, ecological consciousness, structure of ecological
consciousness, components of ecological consciousness, anthropocentric type of
ecological consciousness, ecocentric type of ecological consciousness, specific
features of ecocentric ecological consciousness, ecological culture.
Ma’lumki, ekologik pedagogika uchta ilmiy fan: odam ekologiyasi, ekologik
psixologiya va pedagogika tutashgan joyda paydo bo’lgan. “Ekologik pedagogika -
ekologik tarbiyalanganligi, ekologik dunyoqarashi, ekologik ongi, ekologik tafakkuri
va ekologik madaniyati bilan tavsiflanadigan ekologiy (beziyon) shaxsni
shakllantirish qonuniyatlarini o’rganadigan pedagogika fanining tarmog’i” [1, 77-b.].
Bu pedagogika ko’pincha axloqiy pedagogika deb ham ataladi, chunki uning asosini
shaxsning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi tashkil qiladi. Odam o’zini Yer sayyorasida tur
sifatida saqlab qolish, hayvonot va o’simlik dunyosi uchun ma’naviy javobgarlikni
o’z zimmasiga olgan. U yer yuzida o’ziga xos “ma’naviy-axloqiy uyushmalar”
yaratishga qodir va shunga undalgan. Ekologik pedagogika yangi ekologik axloqni
yuzaga keltiradi. Bu zo’ravonlik qilmaslik, inson salomatligini saqlash va
mustahkamlash, sog’lom turmush tarzini shakllantirish pedagogikasidir. Ekologik
pedagogika XX asrning ikkinchi yarmida ekologik inqirozlar va halokatlarga,
sayyoramiz resurslari cheklanganligiga, inson va tabiatning begonalashuviga javoban
vujudga kelgan.
Ekologik pedagogikaning ob’ekti ekologik ma’rifat jarayonidir.
Ekologik pedagogikaning predmeti - bu inson va o’zgaruvchan tabiiy muhit
o’rtasidagi optimal o’zaro ta’sir sifatida koevolyutsion (birgalikda) rivojlanish
qonuniga asoslangan ekologik bilim, ko’nikma, kompetentsiya va munosabatlarga
ega bo’lgan ekologiy shaxsni shakllantirishning dalillari, mexanizmlari va
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
318
qonuniyatlari hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ekologik pedagogikaning predmeti -
ekologik ma’rifat (ekologik ta’lim, ekologik tarbiya) hamda ekologik madaniyatni
shakllantirishning nazariy va amaliy vazifalarini hal etuvchi ilmiy tadqiqotlar
majmuidir.
Ekologik pedagogikaning vazifalari quyidagilardan iborat:
1) ekologik ma’rifat va ekologik madaniyatning kelgusi holatini bashorat qilish
imkonini beradigan qonunlar va qonuniyatlarni aniqlash;
2) uzluksiz ekologik ma’rifiy tizimni rivojlantirish uchun ob’ektiv tadqiqot
metodlarini ishlab chiqish, o’quv-metodik bazani yaratish;
3) ekologik ma’rifatni va ekologiy shaxsni rivojlantirishning metodologik
yondashuvlari va tamoyillarini ishlab chiqish, shuningdek ekologik ma’rifatning
yaxlit birlashtiruvchi va tizim yaratuvchi sifatida tutgan o’rnini belgilash;
4) ta’lim tashkilotlari muhitini ekologiyalashtirish qonuniyatlarini aniqlash.
Ekologik ma’rifatning vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Ekologik bilimlar tizimini shakllantirish. Aniq tabiiy ob’ektlar majmui
sifatida megaolam, makroolam va mikrolam haqidagi tasavvurlar tizimi. Jamiyatning
moddiy va ma’naviy quvvat manbai sifatida tabiatning ko’p qirrali qadriyatlarini
tushunish.
2. Tabiatga, atrof-muhitga ijobiy, ehtiyotkor va mas’uliyatli ekologik
munosabatni shakllantirish. Tabiat, atrof-muhit bilan muloqotda bo’lish ehtiyojlarini
shakllantirish.
3. Ekologik (atrof-muhitni muhofaza qilish) faoliyat ko’nikmalarini
shakllantirish. Atrofdagi tabiiy va ijtimoiy muhit bilan o’zaro munosabat
strategiyalari va texnologiyalarini o’zlashtirish.
4. Tabiatdagi tabiiy obektlar va faoliyatni tahlil qilishda muqobil va bashoratli
tafakkurni, ekologik ong, ekologik mentalitet va ekologik madaniyatni rivojlantirish.
Ekologik pedagogika nuqtai nazaridan ekologik ma’rifatning, ya’ni ekologik
ta’lim va ekologik tarbiyaning maqsadi ekologiy shaxsni, keng ma’noda, ekologik
madaniyatli shaxs va jamiyatni shakllantirishdan iborat. Mazkur gapda ikkita termin:
“ekologiy” va “ekologik” so’zlari ishtirok etmoqda. Bu terminlar o’rtasida farq bor.
Manbalarda keltirilgan dalillar tahliliga ko’ra, “ekologik" termini (inglizcha
ecological - ekologik) ma’no jihatidan atrof-muhitga (ekotizimga) ta’sir qiluvchi
jarayonlar va hodisalarni, uning tabiiy sifati va odamlar hayotida tutgan o’rni hamda
ahamiyatini o’rganadigan ekologiya fani bilan bog’liqdir. Standartlar, o’quv
materiallari, darslar, tadbirlar, o’yinlar va shu kabilar ekologik bo’lishi mumkin.
“Ekologiy” termini (inglizcha harmless – bezarar) esa tabiatga yoki atrof-muhitga
zararli ta’sir ko’rsatmaydigan va ekologik standartlarga mos keladigan, deb
tushuniladi. Transport (mashina, avtomobilь, samolyot), ishlab chiqarish, energetika,
asbob-uskuna, yoqilg’i va shu kabilar ekologiy bo’lishi mumkin. Shunga asosan,
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
319
ekologiy shaxs - ekologik ongning antropotsentrik emas, balki ekotsentrik turiga
mansub bo’lgan shaxsdir.
Ta’kidlash joizki, antropotsentrik ekologik ong quyida keltirilgan xususiyatlarga
egaligi bilan tavsiflanadi:
1. Odam - eng oliy qadriyat; tabiatdagi qolgan hamma narsa odam uchun foydali
bo’lsagina, qadr-qimmatga ega bo’ladi. Tabiat insoniyat mulki deb e’tirof qilinadi va
unga insonning huquqi bor, deb hisoblanadi.
2. Olamning ierarxik manzarasi: piramidaning tepasida odam turadi, bir oz
pastda - odam tomonidan va odam uchun yaratilgan narsalar va undan ham pastda -
tabiatning turli xil ob’ektlari joylashgan bo’lib, ularning o’rni odamga foydaliligi
bilan belgilanadi.
3. Tabiat bilan o’zaro munosabatda bo’lishdan maqsad u yoki bu foydaga
asoslangan ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa ehtiyojlarni qondirish, ma’lum bir
foydali mahsulotni olish hisoblanadi.
4. Tabiat bilan o’zaro munosabatlarning tabiati “pragmatik imperativ” (foyda
ko’zlangan talab) bilan belgilanadi: odam va insoniyat uchun foydali bo’lgan barcha
narsaga ruxsat etilgan.
5. Tabiat faqat inson manipulyatsiyasi (turli xil taktikalar yordamida harakatlarni
amalga oshirish va undan foyda ko’rish) ob’ekti sifatida idrok etiladi.
6. Axloqiy me’yorlar va qoidalar faqat inson olamida amal qiladi va tabiat olami
bilan o’zaro munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
7. Tabiat taraqqiyoti inson taraqqiyotiga bo’ysunishi (xizmat qilishi) kerak
bo’lgan jarayon sifatida tasavvur qilinadi [2].
Yuqorida qayd etilganlardan farqli ravishda, ekotsentrik ekologik ong quyida
xususiyatlari bilan ajralib turadi:
1. Inson va tabiatning uyg’un taraqqiyoti eng oliy qadriyat hisoblanadi. Tabiatda
odam ishtiroki yoki ta’sirisiz hosil yoki sodir bo’lgan tabiiy mavjudlik foydali yoki
foydasiz va hatto odamlar uchun zararli bo’lishidan qat’i nazar, "xuddi shunday"
mavjud bo’lish huquqiga ega bo’lgan tabiatan qadr-qimmatli deb tan olinadi. Odam
tabiatning egasi (xo’jayini) emas, balki tabiiy uyushma a’zolaridan biridir.
2. Olamning ierarxik manzarasini inkor qilish (rad etish). Insonning aql-idrokka
egaligi qandaydir maxsus imtiyozlarga egalik sifatida e’tirof etilmaydi, aksincha,
uning aql-idrokka (mulohaza yuritish qobiliyatiga) ega bo’lishi unga atrofidagi
tabiatga nisbatan qo’shimcha vazifalarni yuklaydi. Odamlar (insonlar) olami tabiat
olamiga qarama-qarshi emas, ular ikkalasi ham yagona tizimning yaxlit unsurlari
hisoblanadi.
3. Tabiat bilan o’zaro munosabatda bo’lishning bosh maqsadi ham inson
ehtiyojlarini, ham tabiiy uyushmalar ehtiyojlarini eng yuqori darajada qondirishdir.
“Tabiatga ta’sir” tushunchasi “o’zaro ta’sir” tushunchasi bilan almashtiriladi.
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
320
4. Tabiat bilan o’zaro munosabatlarning xususiyati o’ziga xos “ekologik
imperativ" (ekologik talab) bilan belgilanadi: tabiatda mavjud bo’lgan ekologik
muvozanatni buzmaydigan narsalarga ruxsat etiladi.
5. Tabiat va barcha tabiiy narsalar odam bilan o’zaro munosabatlarning to’liq
huquqli sub’ekti sifatida qabul qilinadi.
6. Axloqiy me’yorlar va qoidalar nafaqat odamlar o’rtasidagi, balki tabiat olami
bilan o’zaro munosabatlarga ham birdek qo’llaniladi.
7. Tabiat va inson taraqqiyoti koevolyutsiya (birgalikdagi evolyutsiya) jarayoni,
o’zaro manfaatli birlik sifatida tasavvur qilinadi [2].
Bundan kelib chiqadiki, ekologik tafakkur va ongga ega inson tabiat qonunlarini
biladi, tabiiy resurslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’ladi va zararli
ta’sirlardan qochib, boshqalarga nisbatan o’z harakatlarini nazorat qila oladi.
Tahlillar shuni ko’rsatdiki, keyingi o’n yilliklarda ekologik ongni shakllantirish,
ekologik ta’lim va tarbiyaning psixologik asoslari bo’yicha qator tadqiqotlar olib
borilgan
(A.L.Vernik,
S.D.Deryabo,
M.M.Zabrotskiy,
E.G.Kobernik,
V.S.Krisachenko, I.V.Kryaj, A.M.Levochkina, V.A.Skrebets, M.M.Filonenko,
V.A.Yasvin va boshqalar). Respublikamizda ekologik ongni shakllantirishning
psixologik va pedagogik jihatlari ma’lum darajada tatqiq qilingan (M.R.Akramov,
B.Mahkamov va boshqalar) [3; 4]. Biroq amalga oshirilgan tadqiqotlarda o’quvchi va
talaba yoshlarda ekotsentrik ekologik ongni shakllantirish vazifasi qo’yilmagan.
Ekologik ongni uning tuzilmasi va tuzilmaviy tarkibiy qismlarini aniqlamasdan
shakllantirish mumkin emas. Ilmiy adabiyotlarda ekologik ongning tarkibiy
qismlarini aniqlashga bir necha yondashuvlar mavjud. Xususan, xorijiy mualliflar
ekologik ong tuzilmasida quyidagi tarkibiy qismlarni ajratib ko’rsatganlar [5, 303-b.]:
1) affektiv (asabiy, hayajonli) tarkibiy qism – sub’ektning tabiiy muhit holati
haqidagi hissiy-emotsional kechinmasini o’z ichiga oladi;
2) dispozitsional (ma’lum bir vaziyatlardagi xulqiy hatti-harakatlarga oldindan
shakllangan tayyorlik, moyillik) tarkibiy qism – sub’ektning proekologik (atrof-
muhitga zararni kamaytirishga qaratilgan yoki unga foydali ta’sir ko’rsatadigan)
xatti-harakatlar doirasida o’z samaradorligi haqidagi shaxsiy tasavvurlari majmuini
o’z ichiga oladi;
3) kognitiv (aqliy, bilish bilan bog’liq) tarkibiy qism – sub’ektning ekologik
bilimlari, dunyoqarashi va ekoqadriyatlar tizimini birlashtiradi;
4) faol (intensiv) tarkibiy qism – sub’ektning ekologik harakat va atrof-muhitni
muhofaza qilish faoliyati doirasidagi aniq harakatlarini o’z ichiga oladi.
Demak, shaxs ekologik ongining ekotsentrik turi quyidagi uchta asosiy
xususiyati bilan tavsiflanadi:
1) insonning tabiat olamiga psixologik aralashuvi;
2) tabiiy ob’ektlarni idrok etishning sub’ektiv tabiati;
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
321
3) tabiat olami bilan nopragmatik (foydali natijaga asoslanmagan) o’zaro
munosabatga intilishi.
Mos ravishda, xuddi shu xususiyatlar ekologiy shaxsga ham xosdir.
Ma’lumki, hududlar ekologik manzarasini anglash yoki atrof-muhitga ekologik
qarash bolalikdan, maktab davridan shakllanib, butun umrga amal qiladi. Odam
o’zida allaqachon shakllangan ekologik qarashlarga kamdan-kam shubhalanadi,
tabiiyki, unga ishonadi. Afsuski, aksariyat odamlar o’zining ekologik fikrini, o’zi
bilib-bilmagan holda, o’ziga qarshi ishlatadi. Agar odam o’z ekologik fikrlarini
diqqat bilan tahlil qilsa, ularning aksariyati noto’g’ri yoki cheklangan ekologik
qarashlaridan kelib chiqqanligini anglaydi. SHu bois, odam tabiat bilan o’zaro
munosabatlarga kirishishga qiynalsa, o’z ekologik qarashlarini qayta ko’rib chiqishi
talab etiladi. Xususan, kimdir o’z hayotiy faoliyatida tuproq (er), suv, havo, o’simlik
yoki hayvonot dunyosi bilan bog’liq muammolarga to’qnash kelaversa, demak,
o’zining ular haqida qanday fikrda ekanligini qayta o’ylab ko’rishi kerak. Masalan,
qoraqalpog’istonlik fermer suv taqchilligi sharoitida o’z xo’jaligida suv resursidan
amal-taqal foydalanib, shartnoma rejasini arang bajarib, oilasi va o’zini mablag’ bilan
ta’minlay oladi, ammo bundan ortig’iga qurbi yetmaydi, deylik. Bunday vaziyatda
uning ongiga “mening dalamda hech qachon yetarlicha suv bo’lmaydi”, “suv
bo’lmasa, hech qachon yetarlicha pul ham bo’lmaydi” qabilidagi ikki salbiy fikr
chuqur o’rnashib olib, unga doimiy ta’sir etadi va oxir-oqibat, u o’ziga-o’zi shu
fikrlariga mos bo’lgan hayotiy faoliyatni yaratib oladi va ko’nikadi.
Tajribadan ma’lumki, aksariyat salbiy fikrlar o’ziga o’xshash qarash va
xayollarni ergashtirib yuradi. Agar bu fermerning fikrlari obdan tahlil etilsa, unda
dalaga suv keltirish va pul topishga to’sqinlik qiluvchi bir qator buzg’unchi fikrlar
shakllanganligi ma’lum bo’ladi: “mening dalam kanalning eng oxirida joylashgan,
suv kelsa - sug’oraman, bo’lmasa - yo’q”, “suv bemalol keladigan dalalarning bari
boshqa fermerlar tomonidan egallab olingan”, “omadli fermerlar xudbin (egoist), men
bunday bo’lishni xohlamayman”. Endi bu fikrlar ma’nosiga e’tibor bering: fermerni
qanchalik chegaralovchi va kamsituvchi qarashlar! Bunda fermerning omadsizligi
yoki dalasiga suv kelishi haqidagi fikrlari ajablanarli emas, balki boy yoki omadli
fermer bo’lsam, men ham xudbin bo’lib bo’laman, boshqalarga halaqit beraman,
degan fikri bilan o’z ongiga o’zi ta’sir ko’rsatishi mumkin. Boshqa bir misol: boshi
kasallikdan chiqmaydigan kishida “hamma joyim og’riydi”, “atrof-muhit ham, ichim
ham viruslarga, mikroblarga to’la”, “kasalligim sog’ligimdan kuchli” kabi fikrlar
shakllanib, doimo o’z ongiga o’zi ta’sir ko’rsatadi.
Shu sababli har bir kishi o’z botiniy (ichki) ongining maqsadidan doimiy
boxabar bo’lishi, unga g’amxo’rlik qilib turishi kerak. Yuqorida ta’kidlangan
fikrlardan shunday xulosa chiqarish mumkin: agar odamning ekologik ongida
qandaydir noto’g’ri, notinch, salbiy, chegaralangan g’oya o’rnashib qolsa, ekologik
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
322
ong uni haqiqat deb qabul qiladi va shunga moslashib ishlayveradi, ya’ni odam o’z
hayotiy faoliyatida aynan shu ekologik qarashni amalga oshirish choralarini izlaydi.
Masalan, agar fermer suv taqchilligiga, omadsizlik va kambag’allik muqarrarligiga
ishonsa, uning botiniy ongi butun kuchi va xilma-xil usullar yordamida bu ishonchni
ro’yobga chiqarishga harakat qiladi. Boshqacha aytganda, odam asossiz ekologik
fikrlarni ongiga singdirib, noqulay holatga tushib qoladiki, bu holat toki uning teskari
ishonch hosil qilishiga qadar unga ta’sir o’tkazaveradi.
Botiniy ekologik ong qandaydir bir fikrni qabul qildimi, bas, uning to’g’ri-
noto’g’riligidan qat’iy nazar, shu ishonchni oqlovchi fikrlarni ishlab chiqaraveradi.
Agar biror odam tabiat yoki uning tarkibiy qismlaridan biri (masalan, tuproq, suv,
o’simlik yoki hayvonot turlari) bilan o’zaro munosabat o’rnatish oson ish emas, deb
o’ylasa, uning ongga o’rnashgan bu ishonch miyasini mana bunday fikrlar bilan
to’ldira boshlaydi: “men hech qachon tabiat bilan o’zaro munosabatga kirisha
olmayman”, “o’simlik yoki hayvon bilan munosabat o’rnatish mumkin emas” va
hokazo. Hatto odam o’ziga juda yoqadigan birorta o’simlik yoki hayvonga duch kelib
qolsa ham uning miyasi: ”bu o’simlik / hayvon men o’ylagandek yaxshi bo’lmasa
kerak”, “ovora bo’lishimga arzimaydi, baribir u bilan chiqisha olmayman” kabi
asossiz fikrlarni qalashtirib tashlaydi. Boshqacha aytganda, salbiy fikrga qattiq
ishongan ekologik ong bu fikrni isbotlovchi, mustahkamlovchi hayotiy misollarni
o’ylab, to’plab, barcha ijobiy fikrlarni inkor etaveradi. Demak, miya o’z egasining
ekologik qarashlarini tasdiqlab, unga moslashib, atrof-muhitdagi haqiqiy ekologik
vaziyatni to’g’ri yoki noto’g’ri aks ettirish qobiliyatiga egadir. Bunday hollarda odam
miyasi bu fikrlarni inkor eta olmaydigan isbotlarni topadi va uning butun faoliyati
mana shu fikrni isbotlashga qaratiladi. Ikkinchi tomondan, agar odam tabiat bilan
o’zaro munosabatga kirishish mumkinligiga yoki sog’ligi tiklanishiga ishonsa, shu
zahoti uning miyasi bu fikrlarni isbotlovchi hayotiy dalillarni topa oladi.
Demak, odam qandaydir ekologik muammoga duch kelsa, bunday vaziyatda
muammo ham, uning yechimi ham odamning o’zida bo’ladi. Bu gap biroz g’alati
tuyulishi mumkin, vaholanki, ichki ziddiyat tashqaridan emas, odamning o’zidan,
uning nimaga ishonishidan boshlanadi. Agar odam o’zida shakllangan qat’iy
ekologik fikrni, ishonchni o’zgartira olsa, bu shaxs uchun butunlay yangi ekologik
qarashlar eshigi ochiladi. Zero, odam tabiat bilan yaqinlashish qiyin ish deb o’ylasa,
bu uning tabiat bilan do’stlashishni istamayotganligi, bunga tayyor emasligining
tasdig’idir.
Har qanday odamda tabiat bilan yaqinlashish qiyin emasligiga qat’iy ishonch
paydo bo’lgach, uning tabiat bilan o’zaro muloqoti, munosabati albatta tiklanadi;
balki munosabatlar uyg’unlik darajasida shakllanmas, biroq eng muhimi - odam
muammoga o’z munosabatini o’zgartira oladi. Shunda u muammo yo’qligini, uni o’zi
keltirib chiqarganligini birdan anglaydi. Nihoyat, odam o’zi yashayotgan muhitda
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
323
vujudga kelayotgan noqulay ekologik vaziyat uchun o’zi javobgar ekanligini anglab,
unga tahliliy yondashadi, o’z ekologik qarashini o’zgartirishi shart ekanligini tan
oladi. Demak, odam tabiat bilan maqbul munosabat o’rnatish qiyin masala
emasligiga ishonsa, bu iqrorni tasdiqlovchi ko’plab hayotiy dalillarni topadi va
ulardan har qanday ekologik vaziyatda o’z maqsadini amalga oshirish uchun unumli
foydalanishga urinadi. Bunday urinishlar odam miyasida ijobiy ma’nodagi ekologik
e’tiqodni hosil qiladi. Odam o’zining botiniy ekologik ongiga birorta ekologik fikr
yoki g’oyani puxta o’rnashtirib, uni barqarorlashtirishga qodir ekanligini tez-tez
eslatib turishi kerak. Miya buni uzluksiz qabul qilib turadi, faqat bu fikr yoki g’oyani
chuqur his qilgan holda bir necha marta takrorlash talab etiladi.
Odamning miyasi o’zi hosil qilgan odatlari bo’yicha ishlaydi. Agar odam o’z
miyasiga cheklangan yoki nomaqbul ekologik qarashlar ildiz otishiga imkon bergan
bo’lsa, qa’tiyatlik bilan qilingan sa’y-harakatlar tufayli ularni bartaraf qilishi
mumkin. Buning uchun ongdan eski ekologik fikrlar batamom siqib chiqarilishiga
qadar yangi ijobiy ekologik fikrlar tez-tez takrorlab turilishi shart. Shu tariqa odam
o’z miyasida o’ziga xos ekologik “tozalash” ishlarini o’tkazib, o’zida salbiy ekologik
fikrlar bor-yo’qligini doimiy tahlil qilib, aniqlab borishi kerak. Barcha buzgunchi va
nomaqbul ekologik fikrlarni, ular ongda chuqur ildiz otib ketgan bo’lsa ham, chiqarib
tashlab, yangilariga almashtirish taqozo etiladi,
Yangi ekologik ongning paydo bo’lishi – bu eski, salbiy ekologik fikrlarni
miyadan chiqarib tashlashga kuch topish degani. Millionlab odamlar noqulay
ekologik vaziyatlarda o’zining hozirgi hayot-faoliyatidan qoniqib yashaydilar, hatto
uni qisman o’zgartirishga urinib ham ko’rmaydilar. Shu sababli, har bir kishi o’zida
shakllangan, biroq cheklangan ekologik fikrlarga qarshi yangi ijobiy qarashlarni
ko’ndalang qo’yib, ularni tez-tez takrorlab, o’z ekologik ongiga qat’iy singdirib
borishi lozim. Bu borada birdaniga ko’p narsaga, muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi,
biroq odam vaqt o’tishi bilan o’zida juda kuchli ekologik e’tiqod (ishonch) paydo
bo’lganligini, tabiat manfaatlariga xizmat qilayotganligini anglaydi.
Turli xil ekologik g’oyalar yosh avlodga ota-onasi, tarbiyachi va o’qituvchi,
vaqtli matbuot va televidenie, internet orqali ba’zan to’g’ri, ba’zan boshqacha talqin
etilib, uzluksiz qayta-qayta uqtiriladi va ekologik ongda joylashib oladi. Natijada
odam o’ziga kerak bo’lgan yoki bo’lmagan juda ko’plab ekologik ma’lumotlar, yo’l-
yo’riqlarga ega bo’ladi va ularning mazmuni qanday bo’lsa, ekologik faoliyat ham
shundayligicha amalga oshadi.
Xulosa qilib aytganda, ekologik pedagogika uzluksiz ta’lim tizimida ekologiy
shaxsni shakllantirishga xizmat qiladigan ekologik ma’rifiy (ta’limiy, tarbiyaviy)
jarayonlarni ilmiy-metodik asosda samarali tashkil qilish imkoniyatini yaratadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
International scientific journal
“Interpretation and researches”
Volume 1 issue 1 (47) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
324
1. Моисеева Л.В. Экологическая педагогика – теоретическая основа
уральской научной школы экологического образования // Педагогическое
образование в России. – 2015. – № 12. – С. 76-82.
2. Дерябо С.Д., Ясвин В.А. Экологическая педагогика и психология.
Ростов н/Д: Феникс, 1996. - 480 с.
3. Акрамов М.Р. (2023). Экологик онг шаклланиши пcихологик феномен
cифатида: Образование и инновационные исследования / Международный
научно-методический журнал, (1), 319-323.
4. Маҳкамов Б. Меҳнат таълими жараёнида интерфаол усуллар воситасида
ўқувчиларда экологик онгни шакллантириш. Пед. фан. номз... дисс. – Т., 2009.
-174 с.
5. Никитин Н.А. Модель формирования экологического сознания
студентов вуза в рамках внеурочной деятельности: структура, особенности
внедрения в педагогический процесс // Самарский научный вестник. 2022. Т.
11, № 2.- С. 302–309.
